Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
IT VA MUShUKLARNI BAKTERIAL TERI KASALLIKLARINI MIGSTIM PREPARATI BILAN DAVOLASh BOʻYIChA QOʻLLANMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “It va mushuklarni bakterial teri kasalliklarini Migstim preparati bilan davolash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2007-yil 14-sentabrda tasdiqlangan “It va mushuklarni bakterial teri kasalliklarini Migstim preparati bilan davolash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
65-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 65-sonli buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
It va mushuklarni bakterial teri kasalliklarini Migstim preparati bilan davolash boʻyicha
Qoʻllanma
I Umumiy maʼlumot
1. Migstim (Migstim) — aralashmasi tarkibida, yuqori-aktiv kation modda — miramistin: 0,015% benzildimetil [ 3 — (miristoilimino) — propil] ammoniy xlorid monogidrat, 8,0% etil spirti, 2,0% romashka guli va barglarining spirt-suvli ekstrakti, 0,1 % suksinat xitozan, qoʻshimcha modda sifatida sorbitol, tvin-80 va distillangan suv boʻlgan taʼsir etuvchi davolovchi vosita.
2. Preparat sargʻich-yashil rangli tiniq suyuqlik.
3. Preparat polietilen idishlarga, shisha flakonlarga yoki polimer idishlarga 10, 15, 20 va 25 ml dan qopqogʻida ximoya qalpoqchasiga ega mexanik sochish moslamasi bilan qadoqlanadi. Har bir blister preparat nomi, ishlab chiqaruvchi korxona, seriya raqami va yaroqlilik muddati koʻrsatilib qadoqlanadi.
Har bir isteʼmol oʻrami birligida quyidagilar koʻrsatiladi; tayyorlovchi korxona nomi, uning tovar belgisi, manzili, preparat nomi, TSh belgisi, preparat tarkibi, miqdori, seriya raqami, nazorat raqami, tayyorlangan vaqti, yaroqlilik muddati (sana, oy, yil ), saqlash shartlari, qoʻllash usuli xamda quyidagi yozuvlar, “Zararsizlantirilgan”, “Hayvonlar uchun”.
Preparatni quyosh nuri tushmaydigan, salqin, quruq 0—30 °S dan yuqori boʻlmagan haroratda, bolalar va hayvonlar tega olmaydigan, oziq-ovqatlardan, isituvchi moslamalardan va ochiq alangalardan yiroq joyda saqlanadi.
Yaroqlilik muddati saqlash qoidalariga rioya qilgan xolda, ishlab chiqarilgan sanadan — 1 yil.
II. Farmakologik xususiyatlari
4. Migstim shamollashga qarshi antibakterial xususiyatlarga ega, reparativ faoliyat va immunokomponent xujayralar ishini faollashtiradi, patologik oʻchoqda immunomodul taʼsirni oʻtkazadi.
Preparat koʻpchilik grammanfiy, grammusbat yuqumli mikroorganizmlarga nisbatan faol taʼsirga ega, jumladan koʻk-yiringli tayoqcha, oltin-rang stafilakokk, kandidalar va xlamidiyalar.
Miramistinning tarkibiga kiruvchi preparat patogen mikroorganizmlarning xujayra qobigʻi tashqi strukturasi faoliyatini buzadi, natijada dezintegratsiya yuzaga kelib, miroorganizmlarni oʻldiradi.
Romashka guli va barglarining spirt-suvli ekstrakti shamollashga qarshi, antiseptik, ogʻriqsizlantiruvchi taʼsir koʻrsatib, xujayralarning qayta tiklanish xususiyatini tezlashtiradi.
Suksinat xitozana esa epidermis xujayralarni modda almashuvi va terining choʻziluvchanligini taʼminlovchi kollagen tolalar oʻsishini tiklash bilan, yaralangan va kuygan terining yuza qismini chandiqsiz bitishini tezlashtiradi.
5. Migstim organizmga taʼsir etish xususiyatiga koʻra, kam xavfli moddalar guruxiga kiradi (4-sinf), tavsiya qilingan dozada rezorbtiv-zaharlamaydi, terini yalligʻlantirmaydi va sensibil taʼsir koʻrsatmaydi. Koʻzga tushganda achishtirish taʼsiriga ega.
III. Qoʻllash tartibi
6. Migstim it va mushuklarni bakterial teri shamollashida, kuyganda, ekzemasida, shilinganda, yaralarga ishlov berishda, xirurgik operatsiyadan soʻnggi yaralarni, yangi tugʻilgan kuchuk va mushukchalarni kindigini davolashda ishlatiladi.
7. Preparatni qoʻllashdan oldin, yaraning ustki qismidagi kirlar, qotgan qon, ekssudat, nekrotik xujayra va yiringlardan tozalash lozim.
Migstimni jaroxatlangan teri yuzasiga zararsizlantirilgan marli salfetka yordamida qoʻshimcha 1-2 sm sogʻlom teriga qoʻshib surtiladi yoki 15—20 sm masofadan aerozolli preparat 2-3 soniya mobaynida qopqokdagi tugmachani bosish bilan sepiladi.
7—14 kun mobaynida kuniga ikki marotoba qoʻllaniladi. Zararlangan teri hayvonning bosh qismida boʻlsa, ishlov berishda preparatni koʻziga tushirmaslik choralarini koʻrish lozim.
8. Chuqur yaralarni davolashda, yarani ichiga yuborish uchun migstim bilan toʻydirilgan drenajdan foydalaniladi. Qoʻllanmaga muvofiq drenajni qoʻllash 6 kundan oshmaslik kerak.
Kindik yarasini bitishi uchun, operatsiyadan keyingi yaralarni tikishdan soʻng infeksiyani oldini olish maqsadida bir marta ishlov beriladi.
9. Preparat ushbu qoʻllanmaga muvofiq qoʻllanganda, qoʻshimcha asoratlar koʻrinmaydi. Preparatning qoʻshimcha komponentlariga yuqori sezuvchanlik, allergik holatlarda Migstimni qoʻllash toʻxtatiladi.
10. Preparatni qoʻllashda asoratlar yuzaga kelganda ushbu seriyani qoʻllash taʼqiqlanadi.
IV. Shaxsiy profilaktika choralari
11. Migstimni qoʻllashda veterinariya preparatlarini ishlatishda koʻzda tutilgan shaxsiy gigiyena va texnika xavfsizligiga rioya qilish lozim.
12. Hayvonlarga ishlov berishda ochiq alanga va isitish moslamalaridan aloxida yaxshi shamollatiladigan xonalarda oʻtkaziladi.
13. Muddati oʻtgan preparatdan foydalanish taʼqiqlanadi.
14. Migstimni bolalar va hayvonlardan extiyot qilgan xolda saqlanadi.
15. Boʻshagan idishlardan boshqa maqsadlarda foydalanish taʼqiqlanadi.
V. Noroziliklarni bayon etish tartibi
16. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1-a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: uzgnkl@rambler.ru. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.