Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
HAYVON VA PARRANDALARNING BAKTERIAL KASALLIKLARINI DAVOLAShDA TILOZIN TARTRAT (ORAL KUKUNI) PREPARATINI QOʻLLASh BOʻYIChA QOʻLLANMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “Hayvon va parrandalarning bakterial kasalliklarini davolashda tilozin tartrat (oral kukuni) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2007-yil 14-sentabrda tasdiqlangan “Hayvon va parrandalarning bakterial kasalliklarini davolashda tilozin tartrat (oral kukuni) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
61-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 61-sonli buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Hayvon va parrandalarning bakterial kasalliklarini davolashda tilozin tartrat (oral kukuni) preparatini qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. Umumiy maʼlumotlar
1. Tilozin tartrat (Tylosin tartrate) — 1 g tarkibida 1000 mg tilozin tartrat boʻlgan preparat.
2. Tashqi koʻrinishiga koʻra shaffof sargʻish rangli suyuqlik.
3. Preparat alyuminiy qopqoqli rezina tiqinlar bilan mahkamlangan jigarrang shishali flakonlarga 100 ml dan qadoqlanadi (har bir qutiga 48 ta flakondan joylanadi).
4. Tilozin 200 B roʻyxati boʻyicha quruq, qorongʻi, bolalarning qoʻli yetmaydigan joyda, 8—15°S haroratda saqlanadi.
Preparatning yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 3 yil.
II. Farmakologik xususiyatlari
5. Tilozin — makrolidlar guruhiga mansub antibiotik, grammusbat bakteriyalarga, baʼzi grammanfiy bakteriyalarga: kokklar, spiroxetalar, leptospiralar, aktinomitsetlar, mikoplazmalar (plyevropnevmoniya sifat mikroorganizmlar), buqasimon moraksellalar va boshqalarga nisbatan faol.
6. Tilozin ribosomalar bosqichidagi oqsil sinteziga toʻsqinlik qilish orqali bakteriostatik taʼsir koʻrsatadi.
7. Parenteral ravishda qoʻllanganda tilozinning qondagi davolash konsentratsiyasiga 2 soat davomida erishiladi.
8. Tilozin organizmdan safro, siydik, axlat va sut bilan ajraladi.
III. Qoʻllash tartibi
9. Tilozin 200 hayvonlarning tilozinga taʼsirchan mikroorganizmlar qoʻzgʻatgan kasalliklari, masalan yirik va mayda shoxli mol, qoʻy, echki va choʻchqalarning nafas yoʻllari infeksiyalari, choʻchqalar dizenteriyasi, mikoplazmalar tomonidan qoʻzgʻatilgan dizenteriya va artritlar, mastitlar, endometritlarni davolashda qoʻllaniladi.
10. Tilozin 200 mushak orasiga yoki teri ostiga quyidagi dozalarda qoʻllaniladi:
yirik shoxli molga — 1 kg hayvon vazniga 0,5 — 1 ml, har kuni, 3 — 5 kun davomida;
qoʻy, echki, buzoq, toylarga — 50 kg hayvon vazniga 1,5 — 2 ml, har kuni, 3 kun davomida;
choʻchqalarga — 10 kg hayvon vazniga 0,5 — 0,75 ml, har 12 soatda, 3 kun davomida;
itlar, mushuklarga — 10 kg hayvon vazniga 0,5 — 2 ml, har kuni, 3 — 5 kun davomida qoʻllaniladi.
11. Qoʻshimcha asoratlar. Baʼzida emlash joyida lokal taʼsirlar kuzatilishi mumkin.
12. Qarshi koʻrsatmalar. Tilozinga va boshqa makrolidli antibiotiiklarga nisbatan individual oʻta taʼsirchanlik.
13. Hayvonlarni soʻyishga preparat qoʻllanilgandan keyin kamida 8 kun, sutni isteʼmol qilishga esa 4 kun oʻtgach ruxsat etiladi.
Belgilangan muddatdan avval soʻyilgan hayvonlarning goʻshtidan goʻshtxoʻr hayvonlarga yemish sifatida yoki goʻsht suyak uni ishlab chiqarishda foydalaniladi. Preparat qoʻllanilishi tugagandan soʻng, 4 kun ichida sogʻilgan sutni, qaynatilgandan soʻng hayvonlarga beriladi.
IV. Noroziliklarni bayon etish tartibi
14. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: uzgnkl@rambler.ru. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.