Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
PARRANDALARNING BAKTERIAL INFEKSIYALARIDA PERORAL QOʻLLANILUVChI ENROKSIM 10 % LI KUKUN PREPARATINI QOʻLLASh BOʻYIChA QOʻLLANMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “Parrandalarning bakterial infeksiyalarida peroral qoʻllaniluvchi enroksim 10 % li kukun preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2007-yil 14-avgustda tasdiqlangan “Parrandalarning bakterial infeksiyalarida peroral qoʻllaniluvchi enroksim 10 % li kukun preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
55-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 55-sonli buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Parrandalarning bakterial infeksiyalarida peroral qoʻllaniluvchi enroksim 10 % li preparat kukunini qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. Umumiy maʼlumotlar
1. Enroksim 10 % li kukuni (Pulvis Aenroxim 10%) — faol taʼsir etuvchi moddasi sifatida enrofloksatsin va toʻldiruvchilari boʻlgan mikroblarga qarshi preparat.
Sinonimlari: renrovet, enrofloks, kolmik E.
2. Preparat tashqi koʻrinishiga koʻra och sariq rangli kukun, 1,0 g kukun tarkibida taʼsir etuvchisi sifatida 100 mg enrofloksatsin mavjud.
3. Preparat shisha flakonlarga yoki polietilen idish va qopqoqli polietilen flakonlarga yoki folgali oʻramlarga 5,0, 10, 20, 50, 100, 200, 500 va 1000 grammdan qadoqlanadi.
Preparat quruq binoda, bolalar qoʻli yetmaydigan joyda, 25°S dan yuqori boʻlmagan haroratda, “B” roʻyxati boʻyicha saqlanadi.
Preparatning yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 3 yil.
II. Farmakologik xususiyatlari
4. Enroksim tarkibiga kiruvchi enrofloksatsin ftorxinolonlar guruhiga mansub va keng koʻlamdagi bakteriyalarga qarshi taʼsirga ega, grammusbat va grammanfiy mikroorganizmlar, shu jumladan esherixiyalar, salmonellalar, pasterellalar, stafilokokklar, kslebsiyellalar, psevdomonadlar, bordetellar, kampillobakteriyalar, koriyebakteriyalar, proteya va mikoplazmalarga nisbatan faol.
5. Enroksim parranda oshqozon-ichak traktidan yaxshi soʻriladi va organizmning barcha organ va toʻqimalariga tarqaladi. Preparatning qondagi maksimal konsentratsiyasiga 1,5-2 soatdan keyin erishiladi va u 6 soat davomida saqlanadi, terapevtik konsentratsiya esa 24 soat mobaynida saqlanib turadi.
6. Preparatning ogʻiz orqali yuborilgan asosiy qismi oʻzgarmagan holda siydik va safro orqali ajraladi.
III. Qoʻllash tartibi
7. Enroksim parrandalarga kolibakterioz, salmonellez, nekrotik enterit, streptokokkoz, gemofilez, kampilobakteriyali gepatit, mikoplazmoz, va boshqa qoʻzgʻatuvchilari enrofloksatsinga taʼsirchan boʻlgan kasalliklarida davolash va oldini olish maqsadida qoʻllaniladi.
8. Preparat parrandalarga ozuqaga qoʻshilgan holda 1 kg parranda vazniga 100 mg dozada (yoki 1 kg preparat 1000 kg ozuqaga) 3 — 5 kun davomida, salmonellyozda esa 5 — 7 kun davomida qoʻllaniladi.
9. Tavsiya etilgan dozalarda qoʻshimcha asoratlar kuzatilmaydi.
10. Preparat enrofloksatsin tuxum bilan ajralib chiqishi tufayli tuxum qoʻyuvchi tovuqlarga qoʻllanilmaydi, hamda antagonstik taʼsir paydo boʻlishi sababli levomitsetin, tetratsiklin va makrolidlar guruhiga mansub preparatlar bilan birgalikda qoʻllanilmaydi.
11. Parrandalarni soʻyishga preparat soʻnggi marta qoʻllanilgandan keyin 12 kun oʻtgach ruxsat etiladi. Belgilangan muddatdan avval soʻyilgan goʻshtdan, goʻshtxoʻr hayvonlarga yemish sifatida yoki goʻsht suyak uni ishlab chiqarishda foydalaniladi.
IV. Noroziliklarni bayon etish tartibi
12. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: uzgiikl@rambler.ru. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.