G‘oyat muhim xalqaro turizm yo‘nalishi — Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklash, xorijiy sayyohlarni keng jalb etish, shuningdek mamlakatda zamonaviy turizm sanoatini vujudga keltirish maqsadida:
1. Buyuk Ipak yo‘lidagi shaharlar — Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentda xalqaro turizm bo‘yicha maxsus ochiq iqtisodiy mintaqalar tashkil qilinsin.
2. Mazkur shaharlarning aeroportlari va temir yo‘l vokzallarida xorijiy sayyohlar uchun bojxona rasm-rusumlarining xalqaro me’yorlarga mos soddalashtirilgan tartibi, shuningdek tranzit sayyohlar uchun maxsus bojxona zonalari joriy qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3 va 4-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 17-iyundagi PF-4116-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2009-y., 25-son, 282-modda)
5. Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddat ichida xorijiy sayyohlar uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan obyektlardan tashqari respublikaning butun hududida amal qiluvchi yagona vizani o‘rnatsin.
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga qarang.
6. Tijorat banklariga tadbirkorlar xususiy mehmonxonalarni va mehmonxona infrastrukturasi inshootlarini barpo etishlari chog‘ida ularga kamida besh yil muddat ichida to‘lash sharti bilan kreditlar berish tavsiya qilinsin.
7. “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birgalikda investitsiya banki — “O‘zsayohatinvestbank”ni tashkil qilsin va jamlanayotgan mablag‘lar qat’iyan aniq maqsad yo‘lida foydalanilishi ustidan nazoratni ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki va Moliya vazirligi 15 kun muddat ichida “O‘zsayohatinvestbank”ning ustav jamg‘armasini shakllantirish manbalari va uni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi takliflarni kiritsinlar.
8. Vazirlar Mahkamasi huzurida turizm bo‘yicha Idoralararo kengash tuzilsin va quyidagilar shu kengash faoliyatining asosiy vazifalari qilib belgilansin:
jahon andozalari darajasida kichik va o‘rta mehmonxonalar, motellar va kempinglar tarmog‘i shakllantirilishini muvofiqlashtirish;
sayr-tomoshalar zamonaviy industriyasini, madaniy va sport-sog‘lomlashtirish markazlarini barpo etishga ko‘maklashish;
noyob turizm imkoniyatlari va tarixiy-madaniy meros keng ko‘lamda targ‘ib qilinishi va saqlanishini tashkil etish;
9. “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Fanlar akademiyasi, yodgorliklarni muhofaza qilish Respublika jamiyati manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda Buyuk Ipak yo‘lidagi ko‘hna shaharlarda joylashgan me’moriy, arxeologik, tarixiy va madaniy yodgorliklarni qayta tiklash, obodonlashtirish hamda foydalanish bo‘yicha milliy “Meros” dasturi loyihasini ikki oy muddat ichida ishlab chiqsinlar va Idoralararo kengash muhokamasiga taqdim etsinlar.
10. Xalqaro turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq barcha masalalarning o‘z vaqtida hal etilishi uchun shaxsiy javobgarlik “O‘zbekturizm”, “O‘zbekiston havo yo‘llari”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyalarining, Ichki ishlar vazirligining, Tashqi ishlar vazirligining, chegara va bojxona xizmatlarining rahbarlari zimmasiga yuklansin.
11. Adliya vazirligi qonunlarga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, taqdim etsin.
12. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddat ichida ushbu Farmonni ijro etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilsin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-iyundagi 210-sonli “O‘zbekiston Respublikasida xalqaro turizmning zamonaviy infrastrukturasini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.