O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI OLIY TA’LIM MUASSASALARINING MODDIY-TEXNIKA BAZASINI RIVOJLANTIRISh JAMG‘ARMASINI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-sentabrdagi 740-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 20-maydagi PQ-1533-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Buyurtmachi funksiyasi:
oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-laboratoriya korpuslari, sport zallari va talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha — ushbu maqsadlar uchun tashkil etiladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmatiga, shuningdek tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga;
oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-laboratoriya korpuslari, sport zallari va talabalar turar joylarini, shu jumladan birgalikda foydalaniladigan oliy ta’lim muassasalariaro ilmiy-laboratoriya komplekslarini jihozlash bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga yuklansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan tegishli vazirliklar va idoralar:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda har yili 1-oktabrgacha navbatdagi yil uchun nazarda tutilgan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-laboratoriya korpuslari, sport zallari va talabalar turar joylarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash yuzasidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini hamda tender (tanlov) savdolari o‘tkazilishini ta’minlasinlar;
har yili 1-dekabrgacha oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-laboratoriya korpuslari, sport zallari va talabalar turar joylarini hamda birgalikda foydalaniladigan oliy ta’lim muassasalariaro ilmiy-laboratoriya komplekslarini jihozlash uchun zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari va ilmiy jihozlar, axborot-kommunikatsiya texnikasi, mebel va sport anjomlari xarid qilish yuzasidan tender (tanlov) savdolarini amalga oshiriladigan qurilish va ta’mirlash ishlari muddatlari bilan bog‘liq holda o‘tkazsinlar;
har chorakda ishlarning loyihalashtirish bilan aynan bir vaqtda amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratgan holda, shartnoma majburiyatlarining bajarilishi, loyihalash, qurish va ta’mirlash ishlari sifati monitoringi natijalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tegishli vazirliklar va idoralarni jalb etgan holda oliy ta’lim muassasalarining qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash obyektlarini shaharsozlik normalari va qoidalariga qat’iyan muvofiq holda qabul qilishni ta’minlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.N. Aripov va B.A. Xo‘jayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 13-iyun,
172-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-iyundagi 172-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish, shuningdek Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 20-maydagi PQ-1533-son qarori bilan tasdiqlangan 2011 — 2016-yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash Dasturini amalga oshirish uchun tashkil etilgan.
3. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi.
II. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari
4. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
zamonaviy texnologiya uskunalari bilan jihozlash uchun jalb etiladigan xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari;
xalqaro donorlar grantlari, vasiylar va mamlakatimizdagi homiylar mablag‘lari;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablag‘lar Jamg‘armaga har oyda, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-laboratoriya korpuslari, sport zallari va talabalar turar joylarini, shu jumladan birgalikda foydalaniladigan oliy ta’lim muassasalariaro ilmiy-laboratoriya komplekslarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish uchun mablag‘larga bo‘lgan ehtiyojga qarab ajratiladi.
6. Xalqaro moliya tashkilotlari hamda donorlarning grantlari va imtiyozli kreditlari, homiylarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari mablag‘lari Jamg‘armaning g‘aznachilik hisob raqamlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tushadi.
7. Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Bosh boshqarmasi hisob-kitob kassa markazida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan ochiladigan g‘aznachilik hisob raqamlarida jamlanadi.
III. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari
8. 2011 — 2016-yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash Dasturini amalga oshirish doirasida Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-laboratoriya korpuslari, sport zallari va talabalar turar joylarini hamda boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish;
oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-laboratoriya korpuslari, sport zallari va talabalar turar joylarini hamda birgalikda foydalaniladigan oliy ta’lim muassasalariaro ilmiy-laboratoriya komplekslarini mebellar, zamonaviy o‘quv-laboratoriya va ilmiy uskunalar, axborot-kommunikatsiya texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlashni (keyingi o‘rinlarda jihozlash deb ataladi) moliyalashtirish.
IV. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish
9. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar boshqarmasining Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar boshqarmasining Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish bo‘limi:
2011 — 2016-yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash Dasturini amalga oshirish bo‘yicha Maxsus komissiyaga (keyingi o‘rinlarda Maxsus komissiya deb ataladi) taqdim etish uchun Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari prognozini hamda choraklar va oylar bo‘yicha taqsimlagan holda uning bir yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tayyorlaydi;
Maxsus komissiyaga, moliyalashtirish manbalari bilan bog‘lagan holda, asosiy yo‘nalishlar (qurish, rekonstruksiya qilish mukammal ta’mirlash va jihozlash) bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishga doir takliflar kiritadi;
oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning aniq manzilli ro‘yxatlari bajarilishini tahlil qiladi va uning monitoringini olib boradi hamda tegishli materiallarni Maxsus komissiyaga kiritadi;
zaruriyat bo‘lganda, joylarga borgan holda, oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning har yilgi dasturlarini shakllantirishda qatnashadi;
Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarining oylar bo‘yicha ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rahbariyatiga tasdiqlash uchun kiritadi;
Jamg‘armaning oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash uchun nazarda tutilgan mablag‘lari hisobi yuritilishini ta’minlaydi.
V. Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari prognozini tayyorlash, ko‘rib chiqish va tasdiqlash
11. Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari prognozini tayyorlash, ko‘rib chiqish va tasdiqlash ushbu Nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi va Davlat budjeti loyihalarini tayyorlash bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi.
12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda har yili kelgusi yil uchun — Davlat budjetidan va boshqa manbalardan, shu jumladan xalqaro tashkilotlarning grantlari va kreditlari, homiylar va mamlakatimiz xayr-saxovat qiluvchilari mablag‘lari jalb etilishidan tushumlar prognozlarini tayyorlaydi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda har yili 1-iyulgacha Moliya vazirligiga kelgusi yil uchun Jamg‘armaning barcha yo‘nalishlar bo‘yicha xarajatlari prognozini hamda oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning aniq manzilli ro‘yxatlari loyihalarini taqdim etadi.
14. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jamg‘armaga tushadigan prognozlashtiriladigan mablag‘lar doirasida, Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda kelgusi yil uchun oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning aniq manzilli ro‘yxatlarining uzil-kesil parametrlarini shakllantiradi va 1-avgustgacha uni Maxsus komissiyaga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritadi.
15. Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarining yillik parametrlari tasdiqlangandan keyin O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jamg‘arma mablag‘larini oluvchilarga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga) kelgusi yil uchun ularga belgilangan xarajatlar hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni 5 kun mobaynida yetkazadi.
VI. Jamg‘arma mablag‘larini sarflash tartibi
16. Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ochiladigan Moliya vazirligining G‘aznachiligi shaxsiy hisob raqamlari orqali Jamg‘armaning g‘aznachilik hisob raqamidan sarflanadi.
17. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan tegishli xarajatlar smetalari asosida:
oliy ta’lim muassasalari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilgan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha tender (tanlov) savdolari natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati, shuningdek tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan;
oliy ta’lim muassasalari obyektlarini jihozlash bo‘yicha — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilgan tanlov savdolari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
18. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha shartnomalarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazadi hamda ular bo‘yicha qat’iyan xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida va oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha qurilishlarning tasdiqlangan aniq manzilli ro‘yxatlariga muvofiq xarajatlarni to‘laydi.
19. Oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha xarajatlarni to‘lash oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashning aniq manzilli ro‘yxatlari bo‘yicha belgilangan limitlar doirasida hamda tender (tanlov) savdolari natijalari hisobga olingan holda tuzilgan shartnomalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmatining, shuningdek tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning to‘lov topshiriqnomalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi tomonidan amalga oshiriladi. Shartnomalarda quyidagilar nazarda tutiladi:
qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashning dastlabki ikki oyi mobaynida qurishning prognozlashtirilayotgan yili uchun tender (tanlov) savdolari natijalari bo‘yicha aniqlangan ishlar qiymatining 30 foizigacha miqdorida avans to‘lovlarini teng ulushlarda amalga oshirish;
ajratilgan avansni proporsional ravishda ushlab qolishni hisobga olgan holda, bajarilgan ishlar qiymatining 95 foizi miqdorida har oyda joriy moliyalashtirish;
qolgan 5 foizni pudratchiga shartnomada qayd etilgan kafolat muddati tamom bo‘lgandan keyin to‘lash.
20. Oliy ta’lim muassasalarini jihozlash bo‘yicha xarajatlarni to‘lash nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida va Moliya vazirligining G‘aznachiligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning to‘lov topshiriqnomalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi tomonidan amalga oshiriladi. Shartnomalarda quyidagilar nazarda tutiladi:
shartnoma umumiy summasining 30 foizi miqdorida avans to‘lash;
ajratilgan avans to‘lovlarini ushlab qolgan holda, yetkazib berishning amaldagi hajmidan kelib chiqib, har oyda joriy moliyalashtirish.
21. Mablag‘larni (shu jumladan tovarlarni yetkazib beruvchilar, ishlarni bajaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi uchun jarima sanksiyalarini qo‘llashdan olingan mablag‘larni) xarajatlar smetasisiz, shuningdek Jamg‘arma xarajatlari prognozida nazarda tutilmagan tadbirlarga sarflash taqiqlanadi.
22. Qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning aniq manzilli ro‘yxatlarida nazarda tutilgan to‘liq moliyalashtirilmagan mablag‘lar joriy moliyaviy yil yakunlari bo‘yicha, Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari muvozanatliligini ta’minlashni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda navbatdagi moliyaviy yilda to‘lanadi.
23. Jamg‘arma hisob raqamlaridan mablag‘larni ushbu Nizomda nazarda tutilmagan maqsadlar uchun o‘tkazish va vaqtincha olib qo‘yish taqiqlanadi.
VII. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish hisobini yuritish, hisobot berish va nazorat
24. Jamg‘arma mablag‘lari tushumi va sarfi bo‘yicha buxgalteriya hisobini yuritish, shuningdek hisobot tuzish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
25. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan har oyda, hisobot davridan keyingi oyning 5-kunidan kechikmay O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan shakl bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash, shuningdek jihozlash uchun ajratilgan Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisobotlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
26. Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
27. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning oliy ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bo‘yicha bajarilgan ishlar va to‘langan mablag‘lar, amalda yetkazib berilgan mebellar, o‘quv-laboratoriya va ilmiy asbob-uskunalar, axborot-kommunikatsiya texnikasi va sport anjomlari, shu jumladan to‘langan mablag‘lar, shuningdek ularning boshlang‘ich hujjatlarga (schyot-fakturalarga) va amalda bajarilgan ishlarga (xizmatlarga) muvofiqligi to‘g‘risida taqdim etilgan hisobot ma’lumotlari asosida Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanilishi yuzasidan doimiy monitoring olib boradi.
28. Jamg‘arma mablag‘laridan tasdiqlangan xarajatlar smetalariga muvofiq qat’iyan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan javobgarlik Jamg‘arma mablag‘larini oluvchilarga — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar rahbarlariga yuklanadi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 24-son, 248-modda)