Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XUSUSIY TADBIRKORLAR YuRIDIK ShAXS TAShKIL ETMASDAN ShUGʻULLANIShI MUMKIN BOʻLGAN FAOLIYAT TURLARI ROʻYXATIGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Yuridik shaxs tashkil etmasdan xususiy tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishini yanada tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 1-son, 3-modda) bilan tasdiqlangan Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 10-iyun,
170-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 10-iyundagi 170-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. II boʻlim quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
|
II. |
Qonun hujjatlarida belgilangan roʻyxat boʻyicha hunarmandchilik faoliyati. |
2. 9-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
|
9. |
Tikuv, moʻyna, charm va trikotaj buyumlarni, bosh kiyimlarni, toʻqimachilik galantereyasidan tikilgan buyumlarni taʼmirlash va tikish, shu jumladan deraza va eshik pardalari tikish, trikotaj buyumlarni toʻqish. |
3. 18-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
|
18. |
Yogʻochdan (mebeldan tashqari) va alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash. |
4. III boʻlimga quyidagi mazmundagi 35-1-band qoʻshilsin:
| 35-1 | Xoʻjalik mollari va uy-roʻzgʻor buyumlarini (mebel, idish-tovoqlar, xoʻjalik, sport, baliqchilik anjomlari, maishiy texnika, priborlar va boshqalarni) ijaraga berish. |
5. 36-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
|
36. |
Milliy shirinliklar, non-bulka va qandolatchilik mahsulotlari, pop-korn, frezerda muzqaymoq, salatlar va tuzlamalar tayyorlash va sotish, shuningdek uy sharoitlarida yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan ajratilgan maxsus joylarda oʻtirish joylari tashkil etmasdan donalab sotiladigan taomlarning ayrim turlarini tayyorlash. |
6. 43-bandga “shuningdek rassomlik sanʼati” soʻzlari qoʻshilsin.
7. Quyidagi mazmundagi 68—74-bandlar qoʻshilsin:
| 68. | Jismoniy va yuridik shaxslarga maxsus texnikadan (traktorlar, avtokranlar, buldozerlar, ekskavatorlar va boshqalardan) foydalangan holda xizmatlar koʻrsatish. |
| 69. | Ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar uchun pudrat shartnomasi boʻyicha ishlarni bajarish. |
| 70. | Matritsali printerlar va alfavit-raqam yozadigan qurilmalar uchun boʻyovchi tasmalarni tayyorlash va qayta ishlash. |
| 71. | Qogʻozlar va skorosshivatellar uchun konvertlar, papkalar tayyorlash. |
| 72. | Telekommunikatsiyalar operatorlariga, provayderlariga vositachilik xizmatlari koʻrsatish (salohiyatli abonentlarni izlash, abonentlar yoki xizmatlar koʻrsatuvchilar bilan abonentlik shartnomalari tuzish va ularga maʼlumot-axborot xizmati koʻrsatish, xizmat koʻrsatuvchilarning xizmati uchun toʻlovlarni qabul qilish). |
| 73. | Tashkilotlar uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari (xom sut, sabzavotlar, mevalar, asal, teri va moʻyna) tayyorlash boʻyicha xizmatlar. |
| 74. | Paxta (ilgari isteʼmolda boʻlgan) va jun tozalash hamda titish xizmatlari. |
8. Izohga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Ushbu Roʻyxat doirasida oʻz faoliyatini amalga oshiradigan xususiy tadbirkorlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 414-modda)