Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
GIYOHVANDLIK VOSITALARI YOKI PSIXOTROP MODDALARNI NOTIBBIY ISTEʼMOL QILUVChI ShAXSLARNI, GIYOHVANDLIK YOKI ZAHARVANDLIK BILAN KASALLANGAN BEMORLARNI HISOBGA OLISh VA KUZATIB BORISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMAGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChA KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 3-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1494-1]
Oʻzbekiston Respublikasi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 210-modda) hamda “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 39-son, 341-modda) qonunlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2005-yil 15-iyundagi 278-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1494, 2005-yil 15-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 28-29-son, 212-modda) bilan tasdiqlangan Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni notibbiy isteʼmol qiluvchi shaxslarni, giyohvandlik yoki zaharvandlik bilan kasallangan bemorlarni hisobga olish va kuzatib borish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 27-may,
148-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2011-yil 27-maydagi 148-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni notibbiy isteʼmol qiluvchi shaxslarni, giyohvandlik yoki zaharvandlik bilan kasallangan bemorlarni hisobga olish va kuzatib borish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. Quyidagi mazmundagi 21-band bilan toʻldirilsin:
“21. Ushbu Yoʻriqnoma giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni notibbiy isteʼmol qiluvchi, shuningdek giyohvandlik yoki zaharvandlik bilan kasallangan voyaga yetmagan bemorlarni hisobga olish va kuzatib borishga tatbiq etilmaydi”.
2. 3-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “yoshi oʻn toʻrtga toʻlmagan voyaga yetmaganlarga esa — ularning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining iltimosiga yoxud ularning roziligiga koʻra” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
3. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimcha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
Bosh prokuror oʻrinbosari N. YOʻLDAShEV
2011-yil 4-may
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 28-aprel
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 22-23-son, 241-modda)