Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻining
Buyrugʻi
NEFTNI QAYTA ISHLASH KORXONALARI UCHUN SANOAT XAVFSIZLIGI QOIDALARINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2009-yil 23-apreldagi 20-15-133/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyul № 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, buyuraman:
1. Neftni qayta ishlash korxonalari uchun sanoat xavfsizligi qoidalari tasdiqlansin.
2. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingandan soʻng oʻn kun oʻtgach kuchga kiritilsin.
Inspeksiya boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 16-mart,
57-son
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2009-yil 16-martdagi 57-sonli buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
NEFTNI QAYTA ISHLASH KORXONALARI UCHUN SANOAT XAVFSIZLIGI QOIDALARI
I bob. UMUMIY QOIDALAR
1-§. Qoʻllanish jabhasi
1. Neftni qayta ishlash korxonalari uchun mazkur sanoat xavfsizligi qoidalari (quyida — Qoidalar)ga amal qilinishi sanoat xavfsizligini taʼminlashga, neftni qayta ishlash tarmogʻining xavfli ishlab chiqarish obyektlarida baxtsiz hodisa, avariyalarning oldini olishga yoʻnaltirilgan talablarni belgilaydi.
2. Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-sonli “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan ishlab chiqilgan.
3. Mazkur Qoidalar barcha ishlayotgan, loyihalashtirilayotgan va qayta qurilayotgan neftni qayta ishlash korxonalariga (NQK) taalluqli.
4. Bu holatda, shuningdek yongʻin va portlashdan xavfli, elektrxavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi va mehnat muhofazasi talablari, hamda tasdiqlangan tegishli normativ-texnik hujjatlarda bayon etilgan tabiat muhofazasi organlari talablarini ham inobatga olish lozim.
2-§. Umumiy talablar
5. Mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan 2009-yil 5-yanvarda 01-sonli buyruq bilan tasdiqlangan, “Portlash-yonish xavfi bor kimyo, neftkimyo va neftgazni qayta ishlash korxonalari uchun portlash xavfsizligining umumiy qoidalari” talablariga, tarmoqning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, qoʻshimcha sifatida qoʻllanadi.
6. Korxonaning har bir ishlab chiqarish boʻlinmasida ishlab chiqarish jarayonini xavfsiz bajarish, avariya holatlarida ishlovchilar harakatini va taʼmir ishlarini amalga oshirish tartibini aniqlovchi zarur normativ-texnik hujjatlar mavjud boʻlishi shart. Har bir ish joyi uchun qayd etilgan texnik hujjatlar roʻyxati korxona bosh muhandisi (texnik direktori) tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Mazkur hujjat har uch yilda, shuningdek ularni ishlab chiqishga asos boʻlgan normativ-texnik hujjatlar oʻzgarganda, sodir boʻlgan avariyalar, ishlab chiqarishdagi shikastlanish yoki baxtsiz hodisalarni tekshiruv natijalari boʻyicha qaytadan qoʻrib chiqiladi.
7. Mazkur qoidalar amalga kiritilishdan avval ishlab chiqilgan va bajarilgan, hamda uning talablariga toʻliq javob bermaydigan uskunalarni, texnologik jarayonlar, texnik moslama va asboblarni qoʻllash, amaldagi texnik hujjatlarga binoan “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hududiy organlari bilan kelishilgan, xavfsizlik boʻyicha qoʻshimcha choralar taʼminlanishi sharti bilan, ruxsat etiladi.
8. Qurilishi (qayta qurilishi) tugallangan obyektlarni ishga tushirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
9. NQKning xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlatiladigan texnik qurilmalar sertifikatlangan boʻlishi va xavfli ishlab chiqarish obyektlarida texnik qurilmalarni qoʻllash qoidalariga javob berishi lozim.
II bob. LOYIHALASH HUJJATLARIGA DOIR SANOAT XAVFSIZLIGI TALABLARI
1-§. Umumiy talablar
10. NQK loyihalash standartlar, normalar va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan mazkur Qoidalar, Oʻzbekiston Respublikasi neftgaz sanoatidagi xavfsizlik qoidalari va boshqa tegishli normativ huquqiy hujjatlariga asosan amalga oshirilishi kerak.
11. Loyihaviy yechimlar tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taminlashi va atrof muhitda qaytarib boʻlmaydigan texnogen oʻzgarishlar vujudga kelish ehtimolini, shu jumladan zararli moddalar avariyali otqinlarini yoʻq qilinishini taminlashi zarur.
12. Loyihaviy yechimlarga yaxshilab hisob-kitob qilib asoslangan ishlab chiqarish jarayonlari va uskunalarni ishonchliligi va avariyasizligining baholanishi, atrof muhitga zararli moddalarni otqini bilan bogʻliq avariya holatlarini vujudga kelishi va oqibatlari ehtimolini bashoratlab baholash, hamda avariyaning oldini olish, chegaralash, bartaraf etishga, hamda xavfli ishlab chiqarish omillaridan ishchilar va aholini himoyalashga yoʻnaltirilgan yechimlar kirishi kerak.
13. Loyihalash hujjati tarkibida gazdan xavfli obyektlar uchun qabul qilingan oʻlchamlarning hisob-kitobi va asoslanishi toʻliq hajmda taqdim etilishi lozim. Ulardan tashqari, har qanday iqlim sharoitida yer usti havo qatlamidagi zararli moddalardan zaharlanish meʼyori miqdorining oshib ketish ehtimoli yoʻq qilinishi darkor.
14. NQK loyihalash hujjatida ehtimoli mavjud avariya holatlarida, ishchilar va aholining xavfsizligini taʼminlovchi tashkiliy-texnikaviy yechimlar, shu jumladan, quyidagilar asoslanishi va aniqlanishi kerak:
a) ehtimoli bor avariyali holatlarda ishchilar va aholini himoyalash uchun, shuningdek qayd etilgan holatlarni tezkor chegaralash va bartaraf etish uchun moddiy-texnik taʼminlash, maxsus avariya-qutqarish xizmatini tashkil qilish;
b) qutqaruv va kechiktirib boʻlmaydigan avariyali tiklash ishlarini rejalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, shu jumladan, avariya hududidan ishlovchilar va aholini vaqtincha olib chiqish;
v) zarur boʻlgan texnik vositalar, ishchilar va aholini ehtimoli bor avariyadan tezkor xabarlashni taʼminlovchi avariyali aloqa va xabarlash avtonom tizimini yaratish va taʼmirlash;
g) xavfsiz mehnat sharoitini taʼminlash va ehtimoli bor avariyali otqinlarni barvaqt aniqlash maqsadida havo muhitini nazorat qiluvchi zarur avtomatlashtirilgan texnik vositalarini yaratish va taʼminlash;
d) ishchilarni zararli moddalardan himoyalovchi shaxsiy va jamoa vositalari bilan taʼminlash.
15. Ehtimoli bor avariyali holatlarda bufer zonadagi ishlovchilar va aholining xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan har bir asosiy tashkiliy-texnikaviy yechimlarga doir loyihaviy hujjatda kerakli asbob, material va uskunalarning aniq turlari va miqdori, shuningdek zarurat boʻlsa ularni joylashtirish, ishlatish va xizmat koʻrsatish uchun maxsus inshootlar asoslanishi va belgilanishi darkor.
2-§. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish
16. Ishlab chiqarish obyektlari, quvuroʻtkazgichlar va muhandislik tarmoqlarini joylashtirishda, mehnat muhofazasi boʻyicha meʼyoriy dalolatnomalarga, hamda tabiiy resurslarni qoʻriqlash va oqilona foydalanish borasidagi qarorlarga amal qilish lozim.
17. Hududning pastqam va tabiiy shamol tegmaydigan, hamda shamol tezligi asosan 1 m/s gacha boʻladigan, koʻpincha shtil, inversiya, tuman (yiliga 30 — 40% dan oshmaydigan, qish davrida 50 — 60% kundan ortiq) boʻladigan joylarda xavfli ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish mumkin emas.
18. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini iloji boricha, aholi turar joylariga, odamlar yigʻiladigan joylar va yondosh xalq-xoʻjaligi obyektlariga nisbatan shamol yoʻnalishini hisobga olib (yillik shamol esishi eng ustuvor yoʻnalishini) joylashtirish lozim.
19. NQK va sanoat bogʻlamlarning bosh rejalarini tuzishda qoʻshimcha quyidagilarni nazarga olish lozim:
a) sanitariya — himoyalash zonasini tashkil qilish va obodonlashtirish;
b) aholi yashaydigan punktlar, dam olish joylari va odamlar ommaviy yigʻilish joylarini (zarurat boʻlsa) sanitariya — himoyalash va bufer zonadan nariga chiqarish;
v) tabiatni muhofazalash inshootlari, shu jumladan shlamsaqlagich, shlamyigʻgich, sanoat oqova suvlarini mavsumiy tartibga keltirish sigʻimlarini tashkil qilish va jihozlash;.
g) avariya holatida ishchilarni yigʻish va himoyalash uchun maxsus ajratilgan joylar yaratish.
20. Atmosfera havosini zararlaydigan va zararli moddalar avariyali otqini ehtimoli bor manbali ishlab chiqarish xonalarini yordamchi, omborxona, hamda maishiy-xizmat xonalari bilan bir binoda birlashtirish mumkin emas.
21. NQK maydonlarida berk va yarim berk hovlilar tashkil qiluvchi binolardan foydalanish mumkin emas.
22. Atmosferaga zararli va yonuvchan moddalar ajratib chiqaruvchi jarayonli, shuningdek tarkibida mazkur moddalar avariyali otqini ehtimoli bor manbali bino va inshootlarni ishlab chiqarish maydonlarida boshqa bino va inshootlarga nisbatan shamol eng koʻp esadigan yoʻnalishini nazarga olib joylashtirish lozim.
23. Xavfli ishlab chiqarish obyekti maydoni, taraflarining oʻlchamidan qatʼiy nazar, yoʻnalishi boʻyicha kamida 90° bi tashkil qiluvchi, kamida ikkita asosiy transport kiradigan yoʻliga ega boʻlishi zarur.
24. Sanoat maydonchasiga transport kirish asosiy yoʻllari va temir yoʻllarini bir tekislikda kesishi mumkin emas.
25. NQK ishlab chiqarish hududida daraxt ekish mumkin emas. Alohida oʻsgan dekorativ daraxtlar va past oʻsuvchi butalar bundan istisno.
Piyodalar serqatnovligidan qatʼi nazar, magistral va tashish yoʻllari, avtomobil oʻtish yoʻllari boʻyicha piyodalar uchun yoʻllar nazarda tutilishi lozim.
3-§. Muhandislik tarmoqlarini joylashtirish
26. Kirish va chiqish manifoldlaridan toʻsiqlargacha boʻlgan uchastkalardan tashqari, ishlab chiqarish maydonchalarida zaharli moddalar haydaladigan yer osti quvuroʻtkazgichlarni oʻtkazish mumkin emas.
27. Bino va uning tagida zaharli suyuqlikli muhandislik tarmoqlarini joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Zaharli suyuqlikli yer usti muhandislik tarmoqlarini maydon rejasi belgisidan pastroqdagi ochiq lotok va transheyalarda, hamda yarim chuqurlashtirilgan turdagi kanal va tonnellarda joylashtirish taqiqlanadi.
29. Yer usti maydonlarda ichida zaharli suyuqlik haydaladigan tranzit quvuroʻtkazgichlarni, binoning oʻtga chidamliligidan qatʼi nazar devorlari va shiplarida joylashtirish mumkin emas.
30. Zaharli suyuqlikli quvuroʻtkazgichlarning temir yoʻl kirish yoʻllari bilan kesilishi mumkin emas, ikki tomonlama quyish-toʻkish temir yoʻl estakadalariga uzatilgan mahsulot oʻtkazgichlar bundan istisno.
III bob. KORXONA HUDUDI, BINO VA INSHOOTLAR TUZILISHI VA PARVARISHIGA DOIR TALABLAR
31. Korxona hududi va undagi bino va inshootlarning joylashtirilishi sanoat xavfsizligiga doir normativ hujjatlar, qurilish meʼyorlari va qoidalari, yongʻin xavfsizligi qoidalari talablarga javob berishi lozim.
32. Loyihalashtirilayotgan korxona va ishlab chiqarish hududlari ishlab chiqarish zonalari, tovar-xom ashyo, kimyoviy regentlar, ballonlar ombor zonalari, maʼmuriy maishiy zonalar va yordamchi obyektlarga boʻlinishi kerak. Ishlab chiqarish zonalarida ishlab chiqarish obyekti bilan texnologik bogʻliq, chuqurga joylashtirilgan oraliq stansiyalari va boshqa yordamchi vazifadagi obyektlar oʻrnatilishi mumkin.
33. Barcha yer osti kommunikatsiyalar va kabel yotqizilgan yoʻllar ularning joyi va joylanishi hamda vazifalarini aniqlovchi belgilar bilan jihozlanadi.
34. Har bir tashkilotda kommunikatsiyalar boʻyicha rejaning bajarilishi qayd qilib borilishi lozim. Obyektlarni qayta qurish, yangilarini joylashtirish va amaldagilarini yoʻq qilishda tashkilot loyihachiga kommunikatsiyalar bajarilishi rejasini va ijroiya bosh rejasini taqdim etadi.
35. Qurilish konstruksiyalarida nosozlik aniqlanganda (darz, armatura ochilib qolganda va h. k.), texnologik obyektni qayta qurish oldidan, bino yoki inshootning funksional vazifasi oʻzgarsa, shuningdek avariyali portlash yoki yongʻindan keyin bino tekshirilishi kerak.
36. Yer osti kommunikatsiyalari tasarrufida boʻlgan ishlab chiqarish xizmatlari bilan kelishib oʻtkazilishi moʻljallangan (yer-tuproq) ishlarni mazkur hudud tasarrufida boʻlgan ishlab chiqarish rahbari tomonidan berilgan naryad-ruxsatnomasiz bajarish mumkin emas.
37. Korxona hududida chekish uchun maxsus ajratilgan joylar jihozlanishi va belgilanishi zarur.
38. Ishlab chiqarish xonalariga kiradigan eshiklarda xonalarning portlash-yongʻin va yongʻindan xavfli turkumi va portlashdan xavfli zonalar sinflari belgilangan yozuvlar oʻrnatilishi kerak.
39. Ish jarayonida ishqor yoki kislotalar qoʻllaniladigan obyektlarda odam yuvinishga kirganda avtomatik ravishda ishlab ketadigan avariyali dushlar yoki oʻzi yordam beradigan rakovinalar oʻrnatilishi zarur. Avariyali dushlar va oʻzi yordam beradigan rakovinalarni oʻrnatish joylari va miqdori loyihada belgilanadi.
40. Boshqarish xonalari joylashgan binolar sanoat xavfsizligi talablari, qurilish meʼyorlari va qoidalari talablariga javob berishi kerak. Maydoni 60 m dan ortiq boʻlgan boshqarish xonalari asosiy chiqish yoʻliga qarama-qarshi tarafdan zaxira chiqish yoʻliga ega boʻlishi lozim. Asosiy kirish yoʻli tambur yoki koridor orqali oʻrnatilishi lozim, zaxiradagi chiqish eshigi binodan tashqariga ochilishi lozim, tamburga ega boʻlmasligi ham mumkin, eshik zichlangan va issiq saqlaydigan boʻlishi kerak. Agar boshqarish xonasi ikkinchi qavatda joylashgan boʻlsa, binodan tashqarida chiqish uchun zaxirali narvon oʻrnatilishi kerak.
41. Korxona hududida shamol yoʻnalishi va tezligini aniqlovchi asbob oʻrnatilishi lozim. Asbob koʻrsatmasi boshqarish xonasiga chiqarilishi lozim.
42. Tashkilot hududidagi avtomashina traktor va boshqa mexanizatsiyalashtirilgan transport vositalari yurishi mumkin boʻlmagan joylarda tegishli taqiqlovchi belgilar oʻrnatilishi kerak.
43. Yoʻlning transport qatnaydigan qismini berkitish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni yongʻinga qarshi xizmat bilan kelishilgan korxona texnik rahbarining yozma ruxsatnomasiga asosan amalga oshirish lozim.
IV bob. SANOAT XAVFSIZLIGINING UMUMIY TALABLARI
1-§. Xodimlarga boʻlgan talablar
44. Ishlarni bajarish uchun boshqa tashkilotlardan NQK hududlariga kelgan ishchilar, belgilangan tartibda kirish yoʻl-yoʻrigʻini olishlari kerak. Boshqa tashkilotlarning rahbar ishchi va mutaxassislari uchun ish joyidagi yoʻl-yoʻriqni obyekt rahbari berishi kerak. Boshqa tashkilotdan kelgan ishchilar NQK hududidagi ishlarni oʻz korxonalarining javobgar shaxslari rahbarligida bajarishlari lozim.
45. NQKda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyun dagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va ishchilar sogʻligʻi va boshqa shikastlanishlarni tekshirish toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibga koʻra tekshiriladi va qayd etiladi.
2-§. Ishlayotganlarning shaxsiy himoya vositalari
46. Tashkilot xodimlarni maxsus kiyim, poyabzal, himoya kaskalari (qishda — isitilgan shlem tagligi bilan) va boshqa shaxsiy himoyalash vositalari bilan taʼminlaydi. Portlash-yongʻindan xavfli obyektlarda foydalanishga moʻljallangan maxsus kiyim issiqbardosh materiallardan tikilishi kerak.
47. Koʻzlarga begona narsalar, zararli suyuqliklar, bugʻ va gazlar tegishi, kuchli chiroq nuri taʼsir qilish xavflari boʻlsa, ishchilar himoya koʻzoynaklaridan foydalanishlari zarur.
48. Oʻtkir ishqor yoki kislotalar bilan ishlaydigan ishchilar himoyalovchi koʻzoynaklar, qoʻlqoplar va tegishli maxsus kiyim, rezina etiklar va rezina fartuk bilan taʼminlanishlari lozim.
49. Oʻtkir ishqor va kislotalarni ishlatish bilan bogʻliq boʻlgan joylarda jarohatlanganlarga yordam koʻrsatish uchun borat kislota yoki soda eritmalari mavjudligi taʼminlanishi lozim.
50. Radioaktiv moddalar bilan ishlaydiganlar Radioaktiv moddalar va ionlantiruvchi nurlanish manbalari bilan ishlash sanitariya qoidalariga asosan shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi kerak.
51. Zararli gaz, bugʻlar va changning havodagi yigʻilishi yoʻl qoʻyilgan sanitariya meʼyorlaridan yuqori boʻlgan konsentratsiya hosil boʻlish ehtimoli bor joylarda ishlaydigan ishchilar tegishli nafas olish aʼzolarining shaxsiy himoya vositalari (NASHHV) bilan taʼminlanishi kerak.
Har bir xavfli ishlab chiqarish obyektida uning xususiyatlarini nazarga olib NASHHV turlari asoslanishi va loyihaviy hujjatda belgilanishi kerak.
NASHHV tanlashda va qoʻllashda sanoat gazniqoblarini qoʻllash boʻyicha amaldagi yoʻriqnomalarga amal qilish lozim.
52. Ish joylarida tegishli NASHHVlarni qoʻllash, ularning ayrim qismlarining sozligini aniqlash, shuningdek yaxshi tutish, saqlash va dezinfeksiyalashga oid yoʻriqnoma boʻlishi darkor.
53. NASHHVlarni tekshirish, taʼmirlash va brakka chiqarish ishlari ishlatish yoʻriqnomasiga asosan, gazdan qutqarish xizmati laboratoriyasida amalga oshirilishi lozim.
54. Chang chiqishi bilan bogʻliq ishlar bajarilayotganda ishchilar changga qarshi respiratorlar, himoyalash koʻzoynaklarida va kombinezonlarda boʻlishlari kerak.
55. Ishchilar NASHHVdan foydalanish, tekshirish va saqlash qoidalariga oʻrgatilishi zarur. Ularni qoʻllash va tekshirish qoidalari boʻyicha oʻquv mashgʻulotlar, NQK texnik rahbari tasdiqlagan jadvalga koʻra oʻtkazilishi lozim.
56. Har bir xavfli ishlab chiqarish obyektida tegishli tur va rusumdagi NASHHV avariyali zaxirasi mavjud boʻlishi lozim. Har bir obyekt uchun filtrlovchi avariyali gazniqoblar soni tegishli rusumdagi 3 — 5 komplekt (toʻplam) hisobidan butlanadi.
Har bir toʻplam barcha oʻlchamidagi shlem-maskalar bilan butlanishi kerak.
Avariyali shlangli gazniqoblar soni ikki toʻplamdan kam boʻlmasligi lozim.
57. Filtrlovchi gazniqoblarning avariyali zaxiralari plombalangan qutilarda, shlangli gazniqoblar esa, plombalangan chamadonlarda saqlanishi zarur.
Avariyali zaxiralardagi plombalarning butunligi, xizmat koʻrsatuvchi xodim tomonidan smena topshirish va qabul qilishda tekshiriladi.
Avariyali zaxiraning mavjud va sozligi, NQK texnik rahbari tasdiqlagan jadvalga binoan, gazdan qutqarish xizmati ishchisi tomonidan har oyda kamida bir marta tekshiriladi.
58. Obyektdagi xodim ishdagi va avariyali NASHHVlarni saqlanish joylarini bilishi zarur.
59. Shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim va maxsus poyabzallarning toʻgʻri saqlanishiga bevosita ishchilar va ish rahbarlari javobgardir.
3-§. Hudud va ishlab chiqarish xonalarining saqlanishi
60. NQK obyektlarining hududlari va ishlab chiqarish xonalari sanoat korxonalari sanitariya qoidalari va amaldagi meʼyorlar talablariga binoan saqlanishi kerak.
61. Qurilishi tegishli texnik hujjatlar bilan asoslangan lotok, transheya, kotlovan va chuqurliklar, shu jumladan vaqtincha qurilganlar ham, qorongʻi paytda yoritilishi, plitalar bilan yopilishi yoki kamida 1 m balandlikdagi panjaralar bilan toʻsilishi darkor.
62. NQKning hududida piyodalar uchun qattiq qoplamali yoʻlaklar qurilib, ularning joylashtirilishi va saqlanishi ehtimoli bor avariya holatlarida ham xodimlarning bemalol harakatlanishini taʼminlashi lozim.
63. Yoʻllar, koʻpriklar transport va piyodalar oʻtish yoʻllari toza va soz saqlanishi, quvuroʻtkazgich estakadalari tagidagi oʻtish yoʻllari kerakli yoʻl belgilariga ega boʻlishi va kunning qorongʻi paytida yoritilishi kerak.
64. NQK portlash-yongʻindan xavfli obyektlari boʻylab uchqunsoʻndirgichi boʻlmagan avtotraktor texnikasining yurishi mumkin emas.
65. Rels yoʻllari piyodalar yoʻllari bilan kesishgan joylarda rels kallaklari bilan bir tekisda yaxlit tagliklar oʻrnatilishi, hamda ogohlantiruvchi va taqiqlovchi belgilar oʻrnatish lozim.
66. Yoʻlning transport yuradigan qismini yopish bilan bogʻliq boʻlgan taʼmirlash ishlari yongʻindan saqlash xizmati bilan kelishib bajariladi.
67. Taʼmirlash — qurilish ishlari olib borilgan NQK hududi tekislanib qurilish axlatlaridan tozalanishi darkor. Belgilangan uchastkada rejalashtirish va qurilish axlatidan tozalash ishlari tamomlanmaguncha qurilmani ishga tushirish mumkin emas.
68. NQK hududida mehnat xavfsizligiga oid plakatlar, xavfsizlik belgilari va “Portlashdan xavfli!”, “Yongʻindan xavfli!”, “Chekish man etiladi!” degan va boshqa lavhalar osib qoʻyilishi kerak.
69. NQK hududida, bino va yongʻindan saqlash xizmati bilan kelishib, ajratilgan “Chekish joyi” degan lavha oʻrnatilgan joylardagina chekish mumkin.
70. NQK hududida, texnologik tartib yoki yoʻriqnomalarda belgilangan doimiy va vaqtincha olovli ishlar bajariladigan joylardan tashqari, ochiq olov koʻllanishi mumkin emas. Olovli ishlarni vaqtinchalik bajarish tartibi texnik rahbar tomonidan tasdiqlangan yoʻriqnomada belgilanadi.
71. NQK hududida neft mahsuloti va boshqa tez alangaluvchan suyuqliklar (TAS) toʻkilgan holda, yigʻilgan ifloslarni xavfsiz utillashtirish boʻyicha tezkor choralar qoʻllanishi shart.
72. Transport oʻtish va kelish yoʻllari, narvon maydonchalari, binodan chiqish va kirish joylari, yongʻinga qarshi uskunalarga, oʻt oʻchirish vositalariga, aloqa va signalizatsiyaga olib boruvchi yoʻllarni toʻsib qoʻyish va ifloslantirish mumkin emas.
73. NQK hududidagi piyodalarni quvuroʻtqazgichlardan, lotok va transheyalardan oʻtish yoʻllarida panjarasining balandligi eng kamida 1 m, uzunligi eng kamida 1 m keladigan, koʻprikchalar oʻrnatilishi lozim.
74. Quduq, lotoklar va chuqurliklardagi surma zulfinlar va boshqa armaturalar ularni yer yuzidan turib boshqaradigan moslamalarga ega boʻlishi, hamda taʼmirlash va oldini olish (profilaktika) ishlari uchun qulay joylanishi lozim.
75. Ishlab chiqarish xonalarini, zarurat boʻyicha, lekin smenada kamida bir marta hoʻl, nam yoki boshqa chang chiqarmaydigan usullar bilan tozalash lozim.
76. Artish uchun foydalangan latta-puttalar zich yopiladigan qopqoqli maxsus metall qutilarga yigʻilib, smena yakunida ishlab chiqarish xonalaridan maxsus ajratilgan joyga olib chiqilishi darkor.
77. Material va uskunalarni vaqtincha saqlash uchun belgilangan miqdorda va ularni saqlash qoidalariga amal qilgan holda, yongʻindan saqlash xizmati bilan kelishilgan maxsus ajratilgan xona yoki joylardan foydalanish lozim.
78. Ishlab chiqarish xonalarida yogʻ va moylarni berk qopqoqli metall idishda saqlash lozim.
79. Portlashdan xavfli har bir xona eshigining tashqi tarafiga uning portlashdan xavfli taʼriflari belgilangan yozuv osib qoʻyish kerak.
80. Tez alangalanuvchan, yonuvchan suyuqliklar, zararli modda va reagentlardan namunalar olishni maxsus ajratilgan joylarda bajarish darkor.
81. Issiq apparatlar, uskuna va quvuroʻtkazgichlarning izolyatsiyasi soz holda boʻlishi kerak. Xonalarda uning yuzasi harorati 45°S dan, ochiq maydonlarda esa 60°S dan oshmasligi kerak.
82. Elektr uskunalar, shu jumladan nazorat va avtomatika asboblari, elektr asboblar va payvandlash apparatlarining tuzilishi, xavfli ishlab chiqarish hududining yoritilishi, belgilangan tartibda, tasdiqlangan elektr qurilmalarining tuzilish qoidalari talablariga javob berishi kerak, ularning ishlatilishi esa, belgilangan tartibda tasdiqlangan, isteʼmolchilar elektr qurilmalarini texnik ishlatish qoidalari talablariga va isteʼmolchilar elektr qurilmalarni ishlatishdagi xavfsizlik texnikasi qoidalariga asosan amalga oshirilishi kerak.
83. Koʻchma yoritqichlar sifatida portlashdan himoyalangan yoritqichlar ishlatilishi lozim. Aloqa texnik vositalarining yasalishi va oʻrnatilishi portlashdan xavfli xonalardagi zonalar klassiga mos boʻlishi shart.
84. Havo bilan gaz va bugʻlarning portlashdan xavfli aralashmasi vujudga kelishi ehtimoli bor joylarda ishlaganda, urganda uchqun chiqarmaydigan metalldan yasalgan asbobdan foydalanish lozim.
85. NQK ishlab chiqarish obyektlari, yongʻin nazorati organlari bilan kelishilgan roʻyxat boʻyicha, oʻt oʻchirish vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
86. Yongʻinga qarshi ishlatiladigan inventar, yongʻindan saqlash xizmati bilan kelishilgan joylarda, belgilangan miqdorda va saqlash qoidalariga amal qilgan holda joylashtirilishi kerak.
87. NQK xavfli ishlab chiqarish obyektlari hududida va ishlab chiqarish xonalarida quyidagilar bajarilishi lozim:
a) xizmat koʻrsatuvchi xodim tomonidan smena mobaynida kamida bir marta yongʻinga qarshi uskunalar, oʻt oʻchirish tizimi holati va sozligini hamda tizimlarda kerakli suv va bugʻ bosimi mavjudligini tekshirish;
b) har gal smena boshlanishi oldidan xizmat koʻrsatuvchi xodim tomonidan shamollatish qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazib, ishga yaroqli ekanligini tekshirish;
v) smenada bir marta NOʻA, avtomatika va ehtiyot moslamalari holatini NUA ishchisi tomonidan koʻzdan kechirib tekshirish.
Tekshiruv natijalari jurnalda qayd etilishi lozim.
88. Ish joylaridagi aloqa vositalari signal berish, yongʻindan saqlash xizmatini tibbiy muassasa, gazdan qutqarish xizmatini va NQK dispetcherini chaqirish tartibiga doir jadval belgilangan joyga osib qoʻyilishi lozim.
4-§. Ishlab chiqarish xonalarini isitish va shamollatish
89. Isitish tizimi va shamollatish qurilmalari soz boʻlishi va amaldagi yoʻriqnomalar, hamda rejali-ogohlantiruvchi taʼmirlash (POT) jadvaliga asosan tekshirilishi, hamda taʼmirlanishi kerak.
90. Isitish tizimi, isitish asboblari va boshqa elementlarning tuzilishi, issiqlik tashuvchi sifati, shuningdek xizmat koʻrsatish davriyligi va turlari loyihaviy hujjat talablariga javob berishi shart. Xonalarni isitish uchun issiqlik tashuvchi sifatida yonuvchan va zararli moddalarni qoʻllash mumkin emas.
91. Isitish asboblari va isitish tizimining tuzilishi va joylashtirilishi ularni tekshirish va chang hamda ifloslardan tozalash uchun qulay boʻlishi darkor.
92. Portlash va yongʻindan xavfli xonalarning poli ostidan oʻtgan isituvchi quvuroʻtkazgichlarning lotoklari qum bilan koʻmilishi, ularning ichki va tashqi devorlardan oʻtish joylari obdan zichlangan va izolyatsiyalangan boʻlishi kerak.
93. Portlashdan xavfli xonalardagi shamollatgichlar kechayu-kunduz ishlashi zarur.
94. Ishlatilayotgan shamollatish qurilmalarining amaldagi samaradorligi loyiha talablariga mosligi, ishlatish tartibi tasdiqlangan jadval boʻyicha, asboblar yordamida tekshirilishi lozim.
95. Avtomatik ishga tushirgich bilan jihozlangan shamollatgichlarda “Diqqat! Avtomatik ravishda ishga tushiriladi” degan lavha osib qoʻyilishi kerak.
96. Shamollatgich kamerasida shamollatish qurilmasining sxemasini osib qoʻyish, kamera eshigiga esa — qurilmani ishlatishga javobgar shaxsning ismi-shariflari yozilgan lavha oʻrnatish kerak.
97. Texnologik qurilma, uskunalar, ishlab chiqarish korxonalarini taʼmirlash boʻyicha nuqsonlar qaydnomasida shamollatish qurilmalarini taʼmirlash va sozligini tekshirish nazarda tutilishi kerak. Shamollatish tizimi nosoz boʻlgan texnologik qurilma yoki obyektni taʼmirdan qabul qilish mumkin emas.
98. Shamollatgich kameralaridan omborxona sifatida foydalanish va u yerni begona predmetlar bilan toʻsib qoʻyish mumkin emas.
5-§. Suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya
99. Ishlab chiqarish obyektlarining suv bilan taʼminlash tizimi maxsus tayyorlangan xodim tomonidan loyiha va amaldagi sanitariya meʼyorlariga asosan saqlanishi va ishlatilishi lozim.
100. Texnologik obyektlarning aylanma suv bilan taʼmirlash tizimlari uchun suvga portlash-yongʻindan xavfli suyuqliklar, bugʻlar va gazlar tushish ehtimoli paydo boʻlganda ularni xavfsiz ishlashini taʼminlovchi choralar nazarda tutilishi kerak.
101. Texnologik reglamentlar va avariyani bartaraf qilish rejasida (ABR) nazarda tutilgan holatlardan tashqari, xoʻjalik — ichimlik suv oʻtkazgichlarni texnik maqsadlar uchun ishlatish mumkin emas.
102. Texnik suvni olish joylarida “Ichish uchun yaroqsiz” degan yozuv boʻlishi darkor.
103. Ishchilarni ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun favvoralanuvchi uchliklarga ega yopiq baklar va sanitariya meʼyorlariga javob beradigan boshqa moslamalar bilan jihozlash kerak.
104. Oqova suvlarni tashlanishi, ularning ifloslanish darajasi, hamda tozalash inshootlarining samarali ishlashi ustidan, sanitariya nazoratining mahalliy organi bilan kelishilgan jadvalga asosan, kunlik laboratoriya nazorati tashkil qilinishi kerak. Oqova suvlardagi neft mahsulotlari va zararli moddalar tarkibi belgilangan meʼyorlardan oshmasligi zarur.
105. Nosoz yoki notoʻgʻri yasalgan gidrotoʻsqichli kanalizatsiyani ishlatish mumkin emas. Har bir gidrotoʻsqichdagi toʻsiqni tashkil qiluvchi suv qatlamining balandligi 0,25 m dan kam boʻlmasligi lozim.
106. NQK hududi ichida undan tashqarida joylashgan sanoat kanalizatsiya quduqlari har doim yopiq boʻlishi kerak. Quduqlarning qopqoqlari poʻlat yoki temir-beton halqa ichida kamida 10 cm qalinlikda qum bilan koʻmilishi kerak.
107. Ichida ish olib borilayotgan quduqlar atrofi toʻsilishi va oldida “Ishlar bajarilyapti” degan ogohlantiruvchi lavha va belgilar oʻrnatilishi zarur.
108. Nosoz yoki ifloslangan, oqova suvlarni zarur darajada tozalanishini taʼminlay olmaydigan tozalash moslamali sanoat kanalizatsiyasini ishlatish mumkin emas.
109. Sanoat kanalizatsiyasining tutgich va tindirish hovuzlari kamida 1 m ga teng balandlikda toʻsilgan boʻlishi kerak.
6-§. Nazorat va avtomatika asboblari
110. NOʻA va A boshqaruv shchitida joylashtirilgan asboblarning aniqlanayotgan va ruxsat etilgan koʻrsatkichlar chegarasi belgilangan yozuvlari boʻlishi zarur.
111. Signal beruvchi lampalar va boshqa maxsus asboblarda signal mazmunini belgilovchi yozuvlari boʻlishi kerak.
112. NOʻA va A belgilangan tartibda majburiy tekshiruvdan oʻtishi va kalibrlanishi darkor.
113. Ogohlantiruvchi va avariyali signal berish tizimi doimiy ravishda ishlab turishi shart.
114. NUA va A vositalari taʼmirlashga, sozlashga yoki tekshirishga olingan boʻlsa, darhol barcha oʻlchamlar boʻyicha mos keladigan zaxira vositalarga almashtirilishi kerak.
115. Ishlab chiqarish yoʻriqnomalariga koʻra, smenadagi texnologik xodim ayrim asbob va avtomatika vositalarini faqat avariya vaziyatidagina oʻchirishi mumkin.
116. Har bir texnologik qurilma (obyekt)da, ishlab chiqarish yoʻriqnomada loyihalash instituti bilan kelishilgan, ulardan voz kechilsa, qurilma (obyekt) toʻxtalishi yoki xavfsiz ishlash tartibiga oʻtkazilishi kerak boʻlgan, himoyalash va jarayonni tartiblash vositalarining minimal miqdordagi roʻyxati mavjud boʻlishi lozim.
117. Nosoz NOʻA va A, shuningdek tekshiruv muddati oʻtgan asboblarni oʻrnatish va ishlatish mumkin emas.
118. Manometrning koʻrsatkichlari xizmat koʻrsatuvchi xodimga yaqqol koʻrinadigan qilib, oʻrnatilishi, shkalasi vertikal tekislikda yoki old tomoniga 30º ogʻgan boʻlishi, oʻlchov chegarasi shkalaning uchdan ikkinchi qismida boʻlishi lozim. Manometr siferblatida idishdagi ruxsat etilgan maksimal bosimga teng koʻrsatkich boʻyicha qizil chiziq yoki korpusida qizil rangli mil oʻrnatilishi kerak.
Xizmat koʻrsatish maydonchasi polidan 3 m dan yuqori boʻlgan joylarda manometr oʻrnatish mumkin emas.
119. NOʻA va A, muhosaralash va signal berish moslamalarini taftish qilish nazorat-oʻlchov asboblari va avtomatika vositalarini rejali-ogohlantiruvchi taʼmirlash nizomiga asosan tuzilgan jadval boʻyicha oʻtkazilishi, hamda maxsus jurnallarda qayd etilishi darkor.
120. NOʻA va A havo tizimini va texnik havo tizimlarini qoʻshish, hamda NOʻA va A havo tizimi yoʻllariga havoni boshqa maqsadlarda ishlatish uchun kesib ulash mumkin emas.
121. NOʻA va A sexlarida simobli asboblar boʻlsa, ularni taʼmirlash uchun ajratilgan alohida xonalarni nazarda tutish lozim.
122. Radioaktiv izotopli asboblarni ishlatganda radioaktiv moddalar va boshqa ionlanuvchi nurlanish manbalari bilan ishlashga oid sanitariya qoidalarni qoʻllash lozim.
7-§. Yashindan saqlash qurilmasi va statik elektrdan himoyalash
123. NQK obyektlaridagi yashindan himoyalash qurilmasi “Bino va yashindan himoyalash qurilmalarini loyihalash va qurish boʻyicha yoʻriqnoma” talablariga javob berishi kerak.
Yashindan himoyalash qurilmasi va statik elektrdan himoyalash “Elektr qurilmalar tuzilish qoidalari” (PUE)ning VII boʻlimi talablariga javob berishi kerak.
124. Statik elektr uchun moʻljallangan yertutash qurilmalari, odatda, elektr uskunalar uchun moʻljallangan yertutash bilan birlashtiriladi. Bunday yertutash qurilmalar PUE, GOST 21130 va SN 102 talablariga asosan bajarilishi kerak.
125. Statik elektrdan himoyalash uchun temir yoʻl sisternalariga quyish uchun moʻljallangan metall uchlik shlanglar diametri kamida 2 mm mis sim yoki kesimi kamida 4 mm boʻlgan mis quvurcha bilan oʻramalararo qadamni 100 mm dan oshirmay oʻralib yerga tutashtirilishi kerak. Sim yoki quvurchaning uchlari quvuroʻtkazgich qismlariga va uchlikka payvandlab yoki bolt bilan mahkamlab biriktirilishi lozim.
Shlanglardagi uchliklar, hamda neft mahsulotni quyish va toʻkin uchun moʻljallangan tez ajratiladigan moslamalar uchqun chiqarmaydigan materialdan yoki uchqun chiqarmaydigan qoplamali poʻlatdan yasalgan boʻlishi zarur.
126. Temir yoʻl sisternalarni toʻldirishda foydalanadigan quvur ustunlar yerga tutashtirilgan boʻlishi kerak.
127. Tez alangalanadigan va yonuvchi suyuqliklar (kondensatlar) quyish yoki toʻkish uchun qoʻyilgan avtotsisternalar, jarayon paytida yerga tutashtirilgan boʻlishi kerak. Avtotsisternalardagi statik elektr zaryadlarini bartaraf etish uchun, ularga yerga tegib turadigan metall zanjircha ulab qoʻyilishi lozim.
128. Rezervlardagi qabul qiluvchi quvuroʻtkazgichning joylanishi neft mahsulotni “oʻlik qoldiq” sathini nazarga olgan holda suyuqlik qatlami tagiga berilishini taʼminlash kerak.
129. Momaqaldiroq paytida yonuvchan suyuqliklardan namuna olish, shuningdek suyuqliklarni haydab kiritish yoki soʻrib chiqarish mumkin emas.
8-§. Ogʻir va sermehnat ishlarni mexanizatsiyalash
130. NQK hududidagi, qurilmalar va ishlab chiqarish xonalardagi uskuna va quvuroʻtkazgichlarni yigʻish, ajratish va taʼmirlash ishlarini bajarish uchun loyihaga binoan bajarilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan, yuk koʻtarish kranlarining tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalariga asosan ishlatiladigan, yuk koʻtarish-transport vositalari va mexanizmlarini qoʻllash lozim.
131. Takelaj ishlari kunning yorugʻ paytida bajarilishi kerak. Kunning qorongʻi paytida takelaj (ortish-tushirish) ishlarini yuklarni tashish (siljitish) ishlariga ruxsatnomasi boʻlgan mutaxassisning bevosita rahbarligi ostida bajarish kerak.
Katta oʻlchamli, ogʻir yuklarni ortish, tushirish, transportga tashish ishlarini ularni xavfsiz bajarish boʻyicha javobgar shaxs koʻrsatilgan, dastlab ishlab chiqilgan va NQK texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan ishlarni tashkil qilish rejasiga asosan bajarish kerak.
132. Yukkoʻtarish mexanizmining harakat doirasidagi joy toʻsilgan boʻlishi, xavfli zona chegarasida esa — ogohlantiruvchi belgilarni oʻrnatish zarur.
9-§. Elektr va pnevmoasbob bilan bajariladigan ishlar
133. Elektr asboblarning ishlatish elektr asboblar va moslamalarni ishlatishda xavfsizlik qoidalari talablarini qoniqtirishi kerak.
134. Qoʻl elektr asboblari bilan ishlashga “Isteʼmolchilar elektr qurilmalarini ishlatishdagi xavfsizlik texnikasi qoidalari” (IEQIXTQ) boʻyicha oʻqitishdan oʻtgan va elektr xavfsizligi boʻyicha kamida II malakaviy guruhga ega boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
135. Elektr asbobga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari elektr xavfsizligi boʻyicha, IEQIXTQ, IEQTIQ ga asosan kamida IV malakaviy guruhga ega elektr texnik xodimlar tomonidan bajarilishi kerak.
136. Pnevmatik asbobning shlangli tutashmalari zich va ishonchli boʻlishi kerak.
10-§. Balandlikdagi ishlar
137. Xizmat koʻrsatuvchi uskunalar 1,5 m dan yuqorida joylashgan boʻlsa (apparat, asboblar, lyuklar, surma zulfinlar va h. k) ular oldiga koʻchmas narvonlar va toʻsilgan maydonchalar oʻrnatilishi lozim.
3 m dan oshmagan balandlikda joylashgan kam xizmat koʻrsatiladigan uskuna oldiga 60° qiyalikda narvon oʻrnatishga ruxsat etiladi.
138. Balandlikda ishlarni bajarishga moʻljallangan havoza va boshqa moslamalar inventarlik talabiga javob beradigan boʻlishi va namunaviy loyihalarga asosan yasalishi darkor.
139. Quvuroʻtkazgichlarga mahkamlangan qoʻshimcha narvonlardan foydalanish va ularda taʼmirlash ishlarini oʻtkazish mumkin emas.
11-§. Tuproq (yer) ishlarini bajarish
140. NQK hududida tuproq ishlarini bajarishga mazkur ishlarni bajarish uchun ruxsatnoma — naryad, hamda bajarilayotgan ishlar hududidagi yerosti kommunikatsiyalar joylanish rejasi mavjudligida ruxsat etiladi.
141. Odamlar yoki avtotransport oʻtadigan joylarda transheyalar qazilsa, toʻsiqlar oʻrnatilishi lozim.Toʻsiqlarda ogohlantiruvchi belgi yoki yozuvlar, tungi paytda esa — signallovchi yoritqich oʻrnatish lozim.
V bob.TEXNOLOGIK JARAYONLARGA QOʻYILGAN UMUMIY XAVFSIZLIK TALABLARI
142. Texnologik jarayonlarni, sanoat xavfsizligini taʼminlashga qoʻyiladigan talablarga binoan, texnologik loyihalashda qoʻllanadigan dastlabki maʼlumotlarga asosan ishlab chiqish kerak.
143. Barcha ishlab turgan va ishga tushirilayotgan korxonalar sanoat tajriba, sinov qurilmalari va mini — NQZ uchun texnologik tartib ishlab chiqilib belgilangan tartibda ishlab tasdiqlanadi. Texnologik tartiblar (reglament) tarkibi va mazmuni neftni qayta ishlash korxonalarining mahsulot ishlab chiqarishiga qoʻyilgan texnologik reglamentdagi belgilangan talablarga javob berishi lozim.
144. Texnologik reglamentlar (tartiblar)da tashqi havo muhitining salbiy haroratida neftni qayta ishlash korxonalarini xavfsiz ishga tushirish sharoitlari ishlab chiqilishi lozim.
145. Texnologik uskunalar, nazorat vositalari boshqarish, signal berish, aloqa va avariyaga qarshi avtomatik himoya (AQAH) vositalari quyidagi davriylikda tashqi koʻrikdan oʻtkazilishi kerak:
a) texnologik uskunalar, quvuroʻtkazgichlar armaturasi, elektr uskunalar, himoya vositalari, texnologik quvuroʻtkazgichlar — har bir smena boshlanishi oldidan va smena mobaynida kamida har ikki soatda operator, mashinist, smena boshligʻi tomonidan;
b) nazorat, boshqarish vositalari, bajarish mexanizmlari, avariyaga qarshi himoyalash, signal berish va aloqa vositalari — sutkada kamida bir marta, metrologik xizmat ishchilari tomonidan;
v) shamollatish tizimlari — har bir smena boshlanishidan avval, smena boshligʻi tomonidan;
g) oʻt oʻchirish vositalari, shu jumladan avtomatik tizimlarni — har oyda kamida bir marta, yongʻindan himoyalash xizmati ishchilari bilan birgalikda maxsus tayinlangan shaxslar tomonidan.
Tekshirish natijalari smena qabul qilish va topshirish jurnalida qayd etilishi kerak.
146. Har bir portlash-yongʻindan xavfli obyekt uchun avariyani bartaraf qilish rejasi (ABR) ishlab chiqilishi va unda, boʻlinmani oʻziga xos sharoitini nazarga olib, avariya holatlari va avariyalarning oldini olish, ular sodir boʻlganda esa — bartaraf etish, zaharlanish, yongʻin yoki portlashni yoʻq qilish, ular oqibatini iloji boricha kamaytirish boʻyicha choralar va xodimlarning harakati nazarda tutilishi kerak.
147. ABR da tashkilot hududidagi barcha shaxslarni avariya toʻgʻrisida ogohlantirish va belgilangan zonalarda olov chiqish manbalar vujudga kelishini bartaraf qiluvchi choralar nazarda tutilishi lozim.
148. Avariya holatini bartaraf qilish rejalari tashkilot rahbari tomonidan aniqlanib tasdiqlangan korxona va ayrim obyektlar roʻyxatiga asosan ishlab chiqiladi.
149. ABR boʻyicha bilimlar attestatsiya sinovida tekshiriladi, amaliy malaka esa — bosh muhandis (texnik direktor) tasdiqlagan jadval boʻyicha xodim bilan oʻtkaziladigan oʻquv mashgʻulotlar paytida sinaladi.
150. ABR ishlab chiqish talab qilinmaydigan ishlab chiqarish uchastkalarida avariya holatida, xodim tashkilot bosh muhandisi (texnik direktor) tomonidan tasdiqlangan, tegishli ish joyiga taalluqli sanoat xavfsizligiga oid yoʻriqnomalarga amal qilishi kerak.
151. Portlash-yongʻindan xavfli korxonalar yoki qurilmalarda ularni ishlatish va tajriba ishlarini oʻtkazish xavfsizligini taʼminlovchi qoʻshimcha choralar ishlab chiqilmagan boʻlsa, yangi ish jarayonlarni yoki ayrim qismlarini sinash boʻyicha tajribali ishlar oʻtkazish, yangi ishlab chiqilayotgan uskunalarning asosiy nusxalarini sinash, tajribali vositalar va avtomatlashtirish tizimini tekshirish ishlarini amalga oshirish mumkin emas.
152. Portlashdan xavfli va zararli moddalar saqlanadigan idish va apparatlarda oʻrnatilgan ehtiyot klapanlarning gaz tashlamalari mashʼala tizimiga yuborilishi zarur.
153. Texnik apparatlarning neytral gaz va bugʻlari tashlamasini atmosferaning xavfsiz joyiga chetlatish kerak. Chiqindi gazlar uchun quvur ustunining (svecha) balandligi eng yuqori nuqtadan kamida 5 m baland boʻlishi lozim (bino yoki xizmat koʻrsatish maydonchaning tashqi apparaturasi chiqindi gaz ustunidan 15 m radiusida). Sham (svecha)ning minimal balandligi maydonchaning rejalashtirilgan belgisidan kamida 6 m teng boʻlishi kerak.
154. Bosim ostidagi suyultirilgan gazlar, tez alangalanuvchi suyuqliklar (TAS) omborlari bosim ostidagi suyultirilgan gazlar va TAS omborlari uchun oʻrnatilgan talablariga javob berishi lozim.
155. Portlash-yongʻindan xavfli obyektlarda oʻt oʻchirish tizimi turlari va ularni qoʻllash zarurati loyihalash tashkiloti tomonidan, neftni qayta ishlash va neft-kimyo sanoati korxonalari, bino va yongʻinga qarshi loyihalash boʻyicha belgilangan talablariga koʻra aniqlanadi.
156. Issiq suvda ishlovchi isituvchi sputnik (yoʻldosh)lar tizimining gidravlik barqarorlikda ishlashini taʼminlash uchun har bir yoʻldoshda chegaralovchi shaybalar oʻrnatish darkor.
Shaybalar teshiklarining diametri hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi.
157. Nasos yoki kompressorning haydovchi va soʻruvchi quvuroʻtkazgichlarida oʻrnatiladigan berkituvchi, kesuvchi va ehtiyot qurilmalar xizmat koʻrsatishga qulay zonada boʻlishi lozim.
158. Ehtiyot klapanlar oʻrnatilgan joylar maydonchalar bilan jihozlanishi zarur.
159. Ehtiyot qurilmalarni tanlash, oʻrnatish va ularga texnik xizmat koʻrsatish sanoat xavfsizligi sohasidagi normativ-texnikaviy hujjatlar talablariga javob berishi kerak.
160. Qurilmani ishga tushirilishi texnologik reglamentga asosan bajarilishi lozim. Qurilmani ishga tushirish uchun, ishga tushirish va rejimga chiqarish muddatlari belgilangan, hamda ishga tushirish ishlari boʻyicha javobgar shaxslar tayinlangan korxona boʻyicha chiqarilgan buyruq asos boʻladi. Ishga tushirish boʻyicha shaxslar zimmasiga barcha ishga tushirishdan oldingi ishlarni tashkil qilish va ularni xavfsiz oʻtkazish, hamda qurilmani ish rejimiga chiqarib, xavfsizlik choralarini taʼminlash ishlari yuklanadi.
161. Qurilmani ishga tushirishdan avval energiya bilan taʼminlash barcha tizimi (issiqlik, suv, elektr taʼminlash, inert gazlar bilan taʼminlash), isitish va shamollatish tizimlari ishga yaroqligi, hamda mazkur qurilmaga xizmat koʻrsatuvchi mashʼala tizimining ishga shayligini tekshirish zarur.
162. Qurilmani ishga tushirish va toʻxtatishdan soʻng, jarayonni oʻziga xosligini nazarga olib, inert gaz yoki suv bugʻi bilan puflanishi va albatta uning (puflash) samaradorligi tahlillar orqali nazorat qilinishi shart.
163. Uskuna va quvuroʻtkazgichlar puflangandan soʻng birinchi marta ishga tushirishdan avval, hamda uskuna va quvuroʻtkazgichni ochib bajarilgan taʼmirdan soʻnggi kislorod qoldigʻi, qoʻllanilayotgan yonuvchan moddalar bilan portlashdan xavfli konsentratsiyani vujudga keltirmasligi shart.
164. Apparat inert gazi bilan puflanib taʼmirga tayyorlanganda undagi yonuvchan moddalar ish zona havosidagi ruxsat etilgan konsentratsiyadan oshmasligi zarur.
165. Kislota va ishqor eritmalarini tayyorlash boʻyicha barcha operatsiyalar, odatda, reagent omborlarida, mexanizatsiyalashgan boʻlishi, qoʻl mehnati ishlatilmay, xodim texnologik muhit bilan aloqada boʻlmagan holda, texnologik tartibga asosan bajarilishi lozim.
166. Saqlanadigan ombordagi xavfliligi boʻyicha I va II sinfga mansub zararli moddalar bilan bogʻliq barcha ishlar shamollatish tizimi ishlaganda bajarilishi kerak.
167. Metanoldan foydalanish bilan bogʻliq ishlar, mazkur ishlarni tashkil qilishda talab qilinadigan xavfsizlik talablariga asosan amalga oshirilishi zarur.
168. Xavfliligi boʻyicha I, II va III sinfga mansub suyuq reagentlarni uzatuvchi, haydovchi quvuroʻtkazgichlarning flanetsli birikmalarida himoya gʻiloflari oʻrnatilishi darkor.
169. Reagentlarni apparatlarga qoʻyishda qoʻl mehnatidan foydalanish mumkin emas. Bu maqsadlar uchun nasos yoki inert gazi bilan siqib chiqarish tizimi nazarda tutilishi lozim.
170. Reagentlarni uzatishdan oldin vaqtincha ishlamagan apparat va quvuroʻtkazgichlar, zichligini va oʻtkazuvchanligini tekshirish lozim. Odamlar va transport oʻtish yoʻllari ustidan oʻtkazilgan reagentli quvuruzatgichlarda flanetslar oʻrnatish mumkin emas.
171. Nordon va kimyoviy ifloslangan va ishqorli suvlarni umumiy kanalizatsiyaga toʻkish mumkin emas.
172. Tarkibidagi vodorod 60% va undan ziyod boʻlgan yonuvchan yengil gazlarni ehtiyot klapanlardan xavfsiz joydagi mashʼala qurilmasiga tashlash mumkin.
173. Tarkibida vodorod boʻlgan muhitda ishlaydigan apparatlarning materiallarini vodoroddan yemirilish taʼsirini nazarga olgan holda tanlash lozim.
VI bob. AYRIM TEXNOLOGIK JARAYONLAR UCHUN ALOHIDA TALABLAR
1-§. Umumiy talablar
174. Qurilmani oʻrnatishdan oldin uskuna, quvuroʻtkazgichlar, armaturalar, yer tutashgichlar, nazorat-oʻlchov asboblari, yorugʻlik va ovozli signal, muhosaralash, shamollatish, oqova vositalari, shaxsiy himoya va oʻt oʻchirish vositalarining toʻgʻri montaj qilinganligini va ishga yaroqli ekanligini tekshirish lozim. Qurilma muhandis-texnik xodimlar rahbarligida ishga tushirilishi kerak.
175. Qurilmani oʻrnatishdan oldin apparatlar, idishlar va quvuroʻtkazgichlardan havoni siqib, umumzavod mashʼala tizimiga chiqarish taqiqlanadi.
176. Mashʼala hududidagi toʻsiq ortiga mashʼalaga javobgar sex boshligʻining ruxsatisiz ishchilarning kirishi taqiqlanadi.
177. Bevosita aloqasi yoʻq shaxslarning qurilmaga xizmat qilishlari taqiqlanadi.
178. Qurilmaning taʼmirlashga berilgan barcha apparatlari va ayrim boʻlaklarini ishga tushirishdan oldin, mashʼala tizimini qurilmadan uzib turib, zichlikka sinash zarur.
179. Qurilmaga bugʻni qabul qilishdan oldin bugʻoʻtkazgichlardagi barcha tashlamalarni ochish va tizimni qizdirish uchun bugʻ keladigan tarmoqdagi zulfinini ohista ochish lozim. Kichik tarmoqlari boʻlgan bugʻoʻtkazgichga bugʻni qabul qilishda avval markaziy magistralga, soʻngra har bir kichik tarmoqlarga yuborish zarur.
180. Qurilma ishlab turgan paytda apparatlardagi bosim va vakuumni kuzatib borish zarur. Operator xonasidagi shchitga oʻrnatilgan nazorat — oʻlchov asboblarining koʻrsatmalarini vaqti-vaqti bilan, bevosita apparatning oʻziga oʻrnatilgan, dublyor asboblar yordamida tekshirib turish darkor. Shkalasi yoʻq asboblarni shu joyning oʻzida nazorat asboblari vositasida tekshiriladi.
181. Uskunalarga quvuroʻtkazgichlar va apparaturalar ulangan joylarda nojipslik roʻy berganda, ularni ishlatish taqiqlanadi. Aniqlangan barcha nozichlik va sizib chiqish joylar zudlik bilan bartaraf etilishi zarur. Nosozlik haqidagi barcha mulohazalar vaxta jurnalga yozib qoʻyiladi.
182. Uskuna, avtomatika, muhosaralovchi va signal beruvchi qurilmalarni koʻrik va tekshiruvdan oʻtkazish quyidagi muddatlarda oʻtkaziladi:
a) yongʻinga qarshi uskunalar, gazniqoblar, oʻt oʻchirish tizimining sozligi holati, tizimdagi suv va bugʻ bosimining zarur oʻlchamlarda boʻlishini — smena boshligʻi tomonidan har safar smena boshlanishidan oldin;
b) shamollatish qurilmalarining sozligi va ishlashini — operator yoki smena boshligʻi tomonidan, har safar smena boshlanishidan oldin;
v) barcha suv oʻtkazgich qurilmalar (quduqlar, gidrantlar, zulfinlar, zaxira idishlar, nasos qurilmalari va sh. k.), koʻpik bilan oʻt oʻchirish qurilmalari — maxsus tayinlangan shaxslar tomonidan, yongʻin himoyasi xodimlari bilan birgalikda, har oyda kamida bir marta;
g) NOʻA va A, muhosaralovchi va signal beruvchi qurilmalar holati — NOʻA xizmati xodimlari tomonidan, har smenada kamida bir marta.
Koʻrik va tekshiruv natijalari maxsus jurnalga yozib boriladi.
183. Apparatlarda deformatsiya roʻy berishining oldini olish maqsadida, undagi harorat va bosimni asta-sekin va ravon ravishda oʻzgartirish zarur. Harorat va bosimni oʻzgartirish tezligi, korxona Bosh muhandisi tasdiqlagan, qurilmani ishga tushirish, toʻxtatishga doir yoʻriqnoma asosida belgilanadi.
184. Rektifikatsiya kolonnalari korpusida, bugʻlatgichlarda, issiqlik almashtirgichlarda va boshqa apparatlarda yoki niqobli quvurlarda neft mahsulotlari sizib chiqishi aniqlanganda, ular alangalanib ketishining oldini olish uchun, sizib chiqqan joyga zudlik bilan bugʻ yuborib, apparat ishini toʻxtatib qoʻyish lozim.
185. Qaynoq neft mahsuloti sovugandan keyingina undan namuna olish mumkin. Namuna toza va qopqoqli metall idishga olinadi. Namuna olayotganda himoya koʻzoynagi va qoʻlqoplardan foydalanishi zarur.
186. Texnologik apparaturalardan gazni atmosferaga chiqarish mumkin emas. Himoyalovchi klapanlar orqali, avariya sharoitida, gazlarning xavfsiz joyga chiqarish mumkin. Himoya klapanlardan chiqadigan dud boʻronlarning balandligi sex binosining eng yuqori nuqtasi yoki ochiq qurilmadagi eng baland ishchi maydonchasidan kamida 5 m ziyod boʻlishi kerak (dud boʻrondan 15 m radiusni hisoblab). Yer sathidan esa eng kamida 6 m baland boʻlishi zarur.
187. Oʻt oʻchirish tizimidagi nosoz qurilmani ishlatish mumkin emas.
188. Kondensator va sovutgichlardan chiqayotgan suvda neft mahsulotlari va boshqa boʻlmasligi kerak.
189. Tarkibida 8% (hajmiy) dan ziyod vodorod sulfidi boʻlgan gazlar uchun mashʼala quvuriga chiqaradigan maxsus tizim rejalashtirishi lozim. Mazkur tizim boʻlmagan holatlarda vodorod sulfidli gazlar boshqa obyektlardan kelayotgan uglevodorod gazi bilan suyultirilib turib korxonaning umum mashʼala tizimiga yuborilishi zarur.
190. Issiq pech nasoslarining ishlashi ustidan muntazam nazorat oʻrnatilishi lozim. Issiq pech nasoslarini oz miqdordagi neft mahsulotlari bilan taʼminlanganda ishni toʻxtatish kerak.
Apparatlarga kelayotgan neft mahsulotlardagi bosim pasayib yoki eng pastki chegaraga tushib qolganda ishlab ketadigan yorugʻlik yoki ovozli signal berish vositalarining boʻlishi shart.
191. Salniklar va nasoslarning issiq qismlarini sovutish tizimi nosoz boʻlgan nasoslarni, haddan tashqari qizib ketmasligi uchun ishlatish taqiqlanadi.
192. Zaxiradagi issiqlik nasoslarini ishga tushirishdan avval, ularga issiq neft mahsulotini yuborib asta-sekinlik bilan qizdirib olish lozim.
Oldindan isitmay turib issiqlik nasoslarini ishlatish taqiqlanadi.
193. Idishlardagi nam saqlagich suvlarni chiqarmay turib kolonnani namlash uchun suv sepish mumkin emas.
194. Qurilmalardan avariya vaziyatlarida ishlatiladigan idishlarga keladigan avariya quvuroʻtkazgichlarni doimiy bir yoʻnalishdagi nishablikka ega boʻlishi va butun uzunligi boʻylab zulfini boʻlmasligi (kesib, ajratadigan va boshqa.) kerak.
195. Avariya vaziyatlarida ishlatiladigan idishlarga oldindan avariya bugʻ quvuroʻtkazgichlarini ulamay turib, ularga issiq neft mahsulotlarini tashlash mumkin emas. Neft mahsulotini tashlash jarayoni tugagandan keyin avariya quvuroʻtkazgichni bugʻ bilan puflab tozalash zarur. Yopiq avariya rezervuardan har vaxtada suvni chiqarib yuborish kerak.
196. Gaz, bugʻ yoki suyuq mahsulotlari sizib chiqadigan uskunalar va quvuroʻtkazgichlarni ishlatish mumkin emas. Barcha nosozliklar bartaraf etilishi shart.
Agar nosoz apparat oʻrniga rezerv (zaxiradagi) apparat boʻlsa, ishlashni rezerv apparatga koʻchirib turib, sizib chiqish joylari (nosozliklar) apparatni uzib qoʻyib tuzatilishi kerak. Tayyorlangan apparatdagi taʼmir ishlarini tegishli yoʻriqnomalarga muvofiq amalga oshiriladi. Ishlab turgan quvuroʻtkazgich va uskunalardagi nosozlikni bartaraf etish taqiqlanadi.
197. Portlashdan xavfli bugʻ aralashmalari va gaz bilan havo aralashmalari bor joylarda ish olib borganda uchqun chiqib baxtsiz hodisa roʻy berishining oldini olish maqsadida poʻlatdan yasalgan qoʻl asboblarini qoʻllash taqiqlanadi. Mazkur maqsadlar uchun urganda uchqun chiqarmaydigan metall (mis, jiz, latun) yoki mis qoplamali qilib yasalgan asboblarni, kesuvchi poʻlat asboblarga esa konsistent moy (solidol, tavot va sh.k) surkab turib ishlatish lozim.
198. Barcha portlash — olovdan xavfli bino va qurilma joylashgan hududlarga ogohlantiruvchi “Portlashdan xavfli”, “Olovdan xavfli”, “Chekish taqiqlanadi” kabi lavhalar osib qoʻyish zarur. Vaqtincha gazlashgan zonalarni oʻrab (toʻsib) qoʻyib toʻsiqlarga ogohlantiruvchi “Gazlashgan” yozuvi yoki belgilari oʻrnatiladi.
199. Yongʻin va portlashdan xavfli joylarda temir mixli yoki metall nagʻalli oyoq kiyimlarida ishlash taqiqlanadi.
200. Barcha texnologik apparatlar, agregatlar va quvuroʻtkazgichlar bir-biridan farqlanuvchi boʻyoq (belgi)li boʻlishi lozim. Turli bino (xona)lardagi bir xil apparatlarning ayrim uchastkalari va boʻyi baland apparatlar qaysi qavat yoki xonada boʻlishidan qatʼi nazar bir xil markirovka (belgi)ga ega boʻlishi zarur.
201. Elektr qurilmalar, elektr apparaturalar, elektr tarmoqlari va yoritish armaturalarini “Elektr qurilmalarning tuzilish qoidalari”ga muvofiq ishlatish kerak.
Quvursimon isitish pechlariga xizmat koʻrsatishdagi xavfsizlik qoidalari
202. Pechlarda navbatchi (pilotli), pilikli moslama bilan jihozlangan yondirgichlar boʻlishi va ularga alohida yonilgʻi keladigan tizimli boʻlishi kerak.
203. Oʻchoq ichida portlash roʻy berganda pech konstruksiyasi buzilib ketishining oldini olish maqsadida uning radiant kameralaridagi yon devorlariga (oʻzi portlab ketadigan) himoyalovchi klapanlar oʻrnatiladi.
204. Pechni ishga tushirishdan oldin, uning ichida, oʻchogʻida, dud boʻronlarida taʼmirdan keyin biror predmet qolib ketmaganligiga amin boʻlish kerak. Oʻchoqqa (forsunkalarga) oʻt qalashdan oldin uning barcha lyuklari va tirqishlari berk boʻlishi lozim.
205. Tutun yoʻlini, loyiha koʻrsatmalariga muvofiqligini vaqti-vaqti bilan tekshirib turish zarur.
206. Pechni toʻxtatganda yoki avariya vaziyatlarida uning zmeyeviklarini puflash uchun qoʻllaniladigan inert gazli quvuroʻtkazgichlar va bugʻoʻtkazgichlarga teskari klapanlar va 2 tadan berkituvchi zulfinlar oʻrnatish joyiz.
Zulfinlar oʻrtasiga, zulfinlardagi zichlikni tekshirish va bugʻ kondensatlarni tashlab yuborish uchun sinov (puflovchi) joʻmrak joylashtirish lozim. Zmeyevikni bugʻ bilan puflovchi quvuroʻtkazgich doimo issiq holatda va kondensatsiz boʻlishi zarur.
Koʻp sonli zmeyeviklar mavjud boʻlganda, taqsimlagichdan oldin umum zulfinli aylanma (eshkakli) taqsimlagich oʻrnatish lozim. Zmeyevikni puflashni masofadan turib boshqarishni tashkil etilganda, zulfinni boshqarish posti pechdan eng kamida 5 m narida, bugʻ oʻchirgich armaturaning yonida joylashishi va unga yerdan turib xizmat koʻrsatish lozim.
207. Quvurdan yasalgan isitish pechlari bugʻ oʻchirish tizimi bilan jihozlanishi kerak.
208. Quvursimon isitish pechlari ularning forsunkalariga keladigan gazsimon yonilgʻining bosimi, belgilangan eng past chegaradan ham tushib ketganda yoki yonilgʻi kelmay qolganda oʻz-oʻzidan ishlab ketadigan signal berish moslamasi bilan jihozlanishi zarur.
Forsunkalarga gazsimon yonilgʻi beradigan quvuroʻtkazgichlarga bosim pasayib ketganda avtomatik tarzda berkitadigan yopuvchi (ajratib qoʻyadigan) klapan oʻrnatiladi. Gazsimon va suyuq yonilgʻilarda ishlaydigan forsunkalar quvuroʻtkazgichlariga berkitish (ajratuvchi) klapanlarini oʻrnatish talab qilinmaydi.
209. Pech quvurlari qizib kuygan holatlarida oʻchoq ichida zmeyeviklarga, radiant kameralarga va qoʻshaloq qutilarga suv bugʻini yuboruvchi, hamda zmeyevik tizimida avariya roʻy berganda, unga xomashyo va yonilgʻi berishni toʻxtatadigan avtomatik moslama oʻrnatiladi.
Bugʻ magistralidagi bosim 4 atm. atrofida boʻlishi kerak.
210. Oʻchoq ichini suv bugʻi bilan puflab tozalamay turib, forsunkalarni yoqish taqiqlanadi. Puflashni moʻridan bugʻ alomatlari chiqa boshlagandan boshlab 15 min davomida bajarish kerak. Koʻp kamerali pechlar uchun kameralarni puflash, eng oxirgi zulfinni ochgandan keyin 20 min davom etishi lozim.
Forsunkalarni faqat mashʼala yoki piliklar yordamida yoqishga ruxsat etiladi.
211. Suyuq yonilgʻida ishlaydigan forsunkalarni yoqish uchun, unga avval yonib turgan mashʼalani yaqinlashtirib turib, bugʻ va havo kelishiga erishib, soʻngra forsunkaga yonilgʻi keladigan quvuroʻtkazgichdagi joʻmrakni asta-sekin ochish lozim.
212. Mashʼalani shimdirish uchun tez alangalanadigan mahsulotlar (benzin, ligroin, kerosin va sh.k.)dan foydalanish taqiqlanadi. Yonib turgan mashʼala quti (yashik)dagi quruq qum yordamida oʻchiriladi.
213. Qurilmani ishga tushirishdan avval pechdagi barcha gaz oʻtadigan tarmoqlarni inert gaz bilan puflab, chiqindini mashʼala tizimiga tashlash lozim.
214. Barcha ishlamayotgan (jumladan, vaqtincha ishlamayotgan) forsunkalarga gaz boradigan quvuroʻtkazgichlar berkitilgan boʻlishi zarur.
215. Yonilgʻi quvuroʻtkazgichlarini toʻldirish paytida pech xonasida odamlar boʻlishi taqiqlanadi.
216. Forsunkalarga gaz kondensat bilan qoʻshilib kela boshlaganda, gaz keladigan joʻmrakni zudlik bilan berkitib, kondensatni “gaz mashʼala” tarmogʻiga tashlash lozim.
217. Gazda ishlaydigan forsunkalarni yoqishdan oldin quyidagilarni bajarish zarur:
a) barcha forsunkalardagi ishchi va nazorat (tekshiruv) joʻmraklari toʻliq va zich yopilganligi;
b) yonilgʻi tarmogʻidagi kondensat chiqarib yuborganligi;
v) pech oʻchogʻini bugʻ bilan puflanganligi.
218. Forsunkani yoqish paytida, alanga chiqib kuyib qolishdan saqlanish uchun, forsunka oynasining yon tarafida turish lozim. Biror sababga koʻra gaz yonmasa yoki yonish toʻxtab qolsa, ishchi joʻmrakni berkitib, oʻchoqni yana bir bor bugʻ bilan puflash, forsunkalarga kelayotgan oʻtkazgichlardagi gazni “svecha”ga chiqarib yuborish, hamda forsunkalarni qayta yoqish kerak.
219. Yonilgʻi quvuroʻtkazgichlaridagi gaz va suyuq yonilgʻining bosimi avtomatik tarzda tartibga solinadi.
220. Pech ishlayotgan paytda zmeyevik quvurlarining, quvur osmalarining va pech devorlarining holatini kuzatib turish taʼminlanishi lozim. Pechning quvurlarida shishib (boʻrtib) chiqish, devorlarida defomatsiya alomatlari, osma moslamalar uzilib ketish holatlari roʻy berishiga yoʻl qoʻyilmaslik kerak.
221. Zmeyevik quvurlarining pech gabaritlaridan tashqariga chiqib turgan, ulangan joylarini, qoʻl, badan tegib kuyib qolmaslik uchun izolyatsiyalash zarur.
222. Quvur pechlarining egizaklaridan (juftlaridan) mahsulot sizib chiqa boshlasa, bunday pechlarni ishlatish taqiqlanadi. Tiqinlarni mahkamlash uchun boltlarni mahkamlashni quvurlardagi bosimni pasaytirib, zmeyevikni mahsulotlardan boʻshatib turib bajarish kerak.
223. Pech oʻchogʻidagi yonish jarayoni meʼyoriy rejimda boʻlishga erishish lozim; barcha forsunkalar tekis (bir xil) yuklanib, mashʼala (olov)ning uzunligi bir xil oʻlchamli boʻlishi zarur.
224. Forsunkalar yonishini kuzatishda himoya koʻzoynagini taqib, qarash tirqishining yonida turish kerak.
225. Zmeyevik quvurlarining qizib-koʻpchib ketishi holatlari roʻy berganda, pechga mahsulot kelishini tezda toʻxtatib, yondirgich yoki forsunkalarni oʻchirish va oʻchoqqa bugʻ yuborish lozim.
226. Qizigan zmeyevik quvurlarini mahsulot yoʻnalishi boʻylab bugʻ yoki inert gaz bilan puflash kerak. Avariya vaziyatlari uchun moʻljallangan idish boʻlsa puflashni mahsulot yoʻli boʻylab yoki teskarisiga (kuygan joy holatiga qarab) bajarish lozim va oʻchoqqa iloji boricha mahsulot tushmasligiga erishish zarur.
227. Puflashni boshlashdan oldin zmeyevikdagi bosim puflanayotgan bugʻ yoki inert gaz bosimidan past boʻlishi kerakligiga eʼtibor berish kerak.
Zmeyevikka bugʻ yuborishdan oldin bugʻoʻtkazgichdagi kondensat toʻlasicha chiqarib tashlanishi lozim.
228. Pechni taʼmirlash uchun toʻxtatishdan oldin zmeyevik ichidagi mahsulot texnologik tartibga koʻra inert gaz yoki suv bugʻi bilan puflab chiqarib yuborilishi kerak.
229. Pech zmeyeviklari quvurlarida vaqti-vaqti bilan nazorat oʻlchovlari oʻtkazish zarur.
Quvurlar ruxsat etilgan meʼyordan ortiq darajada yeyilib (yupqalashib) ketganda, ularni almashtirish lozim.
2-§. Elektr tuzsizlantirish qurilmalari
230. Qurilmaning elektr qismiga 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr-qurilmalarida ishlashga huquqi bor elektrtexnik xodim, IEQIXTQ, IEQTIQ ga asosan xizmat koʻrsatadi.
231. Elektr degidratorga xizmat koʻrsatuvchi elektr texnik xodim ixtisosi boʻyicha kamida IV elektr xavfsizlik guruhiga mansub boʻlishi kerak.
232. Har bir elektr degidrator tanasida, narvonga yaqin joyda, hamda boshqaruv shchitining tegishli panelida (old va orqa tomonlarida) uning tartib raqami boʻlishi lozim.
233. Transformatorlar va reaktiv gʻaltaklar joylashgan yuqoridagi maydoncha toʻr yoki panjarali toʻsiqqa ega boʻlib, unga “Yuqori kuchlanish! Hayot uchun xavfli!” degan yozuv osib qoʻyish zarur.
234. Elektr degidrator ishlab turganda, uni koʻrikdan oʻtkazish uchun toʻsiq ichiga kirish taqiqlanadi.
235. Elektr qurilmali elektr degidratorni oʻrab turgan toʻsiqda, eshigini ochganda, kuchlanishni uzib qoʻyadigan muhosaralash moslamasi boʻlishi kerak.
236. Elektr degidrator ishlayotganda unga koʻtarilish uchun qoʻyilgan narvonga “Kirma, oʻldiradi!” degan lavha osib qoʻyish lozim.
237. Ishlab turgan elektr degidratorlarga koʻchma narvonlarni qoʻyish taqiqlanadi.
238. Elektr degidrator apparatidagi neft sathi pasayganda kuchlanishni uzib qoʻyadigan qurilma oʻrnatilishi kerak. Barcha muhosaralash qurilmalarining ishini, grafikka koʻra, bir yilda kamida bir marta tekshirib turish zarur.
239. Elektr degidratorni neft bilan toʻldirgandan keyin, kuchlanishni ulashdan oldin, unda toʻplanib qolgan gaz va bugʻni gaz havo quvuri orqali yopiq tizimga chiqarib yuborish kerak.
240. Elektr degidratorning yuqorisidagi maydonchada va uning ichiga oʻrnatilgan uskunalarni taʼmirlash uchun, berk apparatlarda ishlash va elektr taʼmir olib borishga rasmiylashtirilgan maxsus naryad-ruxsatnomani olib, quyidagi tadbirlarni tartib boʻyicha bajargandan keyingina kirishish mumkin:
a) asosiy elektr tarmogʻidagi, hamda tezkor tarmoqdagi kuchlanishlarni uzib qoʻyib, oʻsha joylarga “Ulamang — odamlar ishlayapti!” degan plakat osib qoʻyish;
b) elektr degidrator xonasini obdan shamollatib boʻlib, havosi tahlilini oʻtkazish;
v) ikkala transformatorlarning yuqori kuchlanish tarafida kuchlanish (elektr toki) yoʻqligini tekshirish;
g) yuqori kuchlanishdan chiqadigan simlarga koʻchma yer tutashtirgichni ulash;
d) elektr degidratorga borishga ruxsat etilgan zinaga “Shu yerdan kiring” degan lavha osib qoʻyish;
e) yopiq apparatlar ichida xavfsiz ishlashni taʼminlovchi tadbirlarni bajarish.
241. Ogohlantiruvchi “Ulamang — odamlar ishlayapti!” degan plakatni faqat tezkor xodim farmoyishi boʻyicha yechib olinishi mumkin.
242. Oraliq stansiya, schit va yigʻmalarning taqsimlovchi qurilmalar elektr sxemalarning qayta ulanishi elektr qurilmaga bevosita xizmat koʻrsatuvchi tezkor xodim bajarishi kerak. Tezkor qayta ulanishni bajarish huquqiga ega boʻlgan shaxslar roʻyxati elektr xoʻjaligiga javobgar shaxs tasdiqlaydi.
243. Elektr qurilmada yongʻin roʻy berganda zudlik bilan elektr kuchlanishni uzib qoʻyish zarur.
244. Elektr degidrator va tindirgichlardagi suvni avtomatlashtirilgan yoki berk usulda chiqarib tashlash lozim.
3-§. Atmosfera — vakuumli va termik kreking qurilmalari
Atmosfera — vakuumli va termik kreking qurilmalarini ishlatishda mazkur qoidaning IV bobning 1-§ da bayon etilgan talablarga rioya qilish zarur.
245. Qurilmaga yuborilayotgan neft mahsulotning ostidagi suv miqdorini muntazam ravishda kuzatib borish lozim va mazkur oʻlcham loyihada belgilanganidan ziyod boʻlmasligi kerak.
246. Atmosfera — vakuum qurilmaning vakuum qismini xom neft bilan ishga tushirish taqiqlanadi. Mazkur maqsadlar uchun mazutdan foydalanish lozim.
247. Barometrik kondensatorga kelayotgan suv maromi belgilanganda, kondensatordan chiqib ketayotgan suvga suyuq neft mahsulotning ham ergashib ketmasligiga eʼtibor berish zarur.
248. Barometrik kondensatorga barobarlashtiruvchi quvuroʻtkazgich orqali qaynoq neft tushmasligi uchun, oʻrtalik vakuum qabul qilgichlardagi suyuqlik sathining normal holatda boʻlishiga erishish kerak.
249. Issiq pech nasoslarining ishini doimiy ravishda nazorat qilib turish kerak. Nasosga kelayotgan mahsulot miqdorining kamayishi yoki bosimi reglament boʻyicha ruxsat etilgan chegarasigacha tushib ketishni yorugʻlik yoki ovozli signal bilan xabar berilishini taʼminlash lozim.
4-§. Katalitik riforming (gidroforming va platforming) va gidrotozalagich qurilmalari
250. Reaktorlarga mahsulot (xomashyo, katalizator) solishdan oldin, uning ichida odamlar yoki begona narsalar yoʻqligiga ishonch hosil qilish lozim.
251. Katalizatorni toʻkish, chiqarib olish va elash paytida respiratorlar, himoya koʻz oynagi va qoʻlqoplardan foydalanib, taʼminotchi yuborgan muayyan katalizatorning texnik shartlariga koʻra, ular bilan ishlaydigan xavfsizlik talablariga rioya qilishlari zarur.
252. Reaktorlarni katalizatorlar bilan toʻldirayotgan xodimlar ikki taraflama telefon yoki baland ovozli (radio) aloqasi bilan taʼminlanishlari zarur.
253. Katalizatorlarni toʻkish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
254. Katalizatorlarni reaktorlarga quyib boʻlgandan keyin apparatlar va quvuroʻtkazgichlar tizimidagi zichlik (jipslik) inert gazi vositasida tekshirib koʻrish zarur.
255. Torkret qoplamasi buzilgan reaktorlarni ishga tushirish taqiqlanadi.
256. Tashqi devorlari texnologik reglament boʻyicha muayyan metall uchun ruxsat etilgan miqdordan ortiq qizib ketgan reaktorlarni ishlatish taqiqlanadi.
Reaktorning futerlangan yuzali devorlaridagi haroratni nazorat qilib borish va qizigan joylardagi xavfni bartaraf etish maqsadida reaktor tanasini usti qismiga termoparalar oʻrnatish zarur.
Reaktor devorining harorati maxsus yozib boruvchi apparatlar yordamida nazorat qilinadi.
257. Reaktorlar tashqi devorlaridagi haroratni sunʼiy yoʻl bilan pasaytirish taqiqlanadi.
258. Qurilmalarni normal ishlatish jarayonida reaksiyaga yuborilayotgan xomashyo bilan aylanayotgan gazning oʻzaro nisbatini bir maromda ushlab turish lozim. Kompressorlardan biri buzilib, oʻrniga zaxiradagisini quyish imkoni boʻlmaganda, qurilmani avariya tarzda toʻxtatish zarur.
259. Xomashyo nasoslari toʻxtab qolganda reaktorlardan xomashyo idishiga “teskari oqim” (“yoʻl”) bilan vodorodli gaz kelib tushmasligi uchun ajratib qoʻyuvchi moslamani oʻrnatish rejalashtirilishi kerak.
260. Reaktorga inert gaz keladigan quvuroʻtkazgichga ovozli va yorugʻlik signalini ulab, inert gaz tarkibida kislorod miqdori belgilangan ziyod boʻlganda, gaz kelishini toʻxtatib qoʻyadigan oʻzi yozadigan gaztahlillagich oʻrnatish zarur.
261. Qurilmada normal texnologik rejimiga erishilgandan keyin, unga keladigan inert gaz tarmogʻini uzib qoʻyish kerak.
262. Katalizatorni regeneratsiya qilishdan oldin tizimdagi aylanma gazni inert gaz yordamida puflab chiqarib yuborish zarur.
263. Reaktor blokini ishga tushirishdan oldin va taʼmirlagandan keyin tarkibida eng koʻpi bilan 0,5% (hajmiy) kislorod boʻlgan inert gaz bilan puflab chiqish lozim.
264. Katalizatorni regeneratsiyalash paytida reaktorga kirayotgan va undan chiqayotgan gazni tahlil qilib, tarkibidagi kislorod, uglerod dioksidi (karbonat angidridi) va uglerod oksidi miqdorini aniqlab turish zarur.
265. Reaktordan katalizatorni chiqarib olishga, uni toʻliq regeneratsiyalab, inert gaz bilan puflagandan keyingina kirishish mumkin.
266. Regeneratsiyalanmagan yoki sustlashtirilmagan holdagi katalizatorni reaktordan chiqarish taqiqlanadi.
267. Reaktorni ochishdan oldin quyidagilarga rioya qilish zarur:
a) uni 50°S dan ziyod boʻlmagan haroratgacha sovutish;
b) avval 20 — 30 min davomida inert gaz bilan, soʻngra havo bilan puflash.
268. Ish jarayonida xizmat koʻrsatuvchi xodimlar kuyib qolishining oldini olish maqsadida, reaktor atrofini yerdan balandligi eng kamida 1,5 m keladigan sim toʻr yoki panjara bilan toʻsib qoʻyish zarur.
269. Reaktor katalizatordan boʻshatilgandan keyin xodimlarning maxsus ish kiyimlari katalizator changidan tozalanishi va yuvishga topshirilishi kerak.
VII bob. NEFT MAHSULOTLARINI TOZALASH QURILMALARI
1-§. Ishqoriy eritmalarni tayyorlash
270. Suyuq oʻyuvchi (kislorodlar ishqorlar, fenol va sh. k) haydashga moʻljallangan quvuroʻtkazgichlar, nasos salniklarining ishlab chiqarish binolari ichidagi flanetsli ulangan joylariga himoyalovchi gʻilof oʻrnatilishi kerak.
271. Ishchilarni ishqor taʼsiridan kuyib qolishining oldini olish uchun, ishqor bilan bogʻliq ishlarni, ular maxsus korjoma, himoya koʻzoynaklari va ishqorga bardoshli qoʻlqoplar kiyib bajarishlari lozim.
272. Qattiq (qotib qolgan) kaustik sodani urib maydalash taqiqlanadi. Ularni maxsus bochkalarda bugʻ yordamida eritish kerak.
273. Barabandagi ishqorni bugʻ bilan eritishda uning tagiga suv bugʻini sekin-asta yuborish zarur, aks holda ishqor tomchilari yoki bugʻ oqimi ishchini kuydirib quyishi mumkin.
274. Barabanga bugʻ kelishini toʻxtagandan keyingina, ishqorning erishini kuzatish uchun barabanni qiyshaytirish mumkin.
275. Bugʻlab eritish bachogining qopqogʻi berk boʻlishi kerak.
276. Ishqorli barabanni bir kishi dumalatishi taqiqlanadi. Chunki baraban yiqilib ishchini shikastlantirishi mumkin.
277. Kaustik sodani eritish bachoklariga quyish va ishqoriy eritmani aralashtirish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi zarur.
278. Sisternalardan ishqoriy eritmalarni toʻkishda barcha uskunalari ishga yaroqli ekanligiga ishonch hosil qilish kerak.
2-§. Shaffof (tiniq) neft mahsulotlarni sulfat kislotasi yordamida tozalash
279. Tozalash apparaturasiga reagentlarni chelaklab yoki boshqa yoʻllar bilan quyish taqiqlanadi. Mazkur ishlarni faqat nasos yoki monjus yordamida bajarish kerak.
280. Idishlarni kislota bilan toʻldirish paytida atmosferaga chiqadigan gaz va bugʻlarni neytrallashtirish lozim.
281. Nosoz monjus, armatura va ular atrofidagi quvuroʻtkazgichlar bilan ishlash taqiqlanadi.
282. Monjusga kislotani quyishdan oldin, monjusdan apparatga kislota boradigan quvuroʻtkazgichning ishga yaroqli ekanligiga amin boʻlish kerak.
Buning uchun monjusdan quvuroʻtkazgichlarga havo puflab tekshiriladi.
283. Monjusni kislota bilan toʻldirguncha unga suv tushmasligi choralarini qoʻllash lozim.
284. Monjusga kislota toʻldirishdan oldin monjus va quvuroʻtkazgichlardagi ochish — berkitish qurilmalari (zulfinlar) ishga yaroqli ekanligiga ishonch hosil qilish zarur.
285. Monjusdagi kislotani bosim ostida siqib chiqarish paytida quvuroʻtkazgichlarda turli taʼmir ishlari (flanetsdagi boltni burab mahkamlash, xomutlar oʻrnatish va sh. k.) oʻtkazish, hamda monjus quvuroʻtkazgichdagi joʻmraklarni qayta ulash taqiqlanadi.
286. Kislotani siqib chiqarish, qayta quyish, haydash paytida quvuroʻtkazgichlar va armaturalarda nosozlik aniqlanganda, monjusga siqilgan havo kelishini toʻxtatib, uning ichidagi havoni chiqarib yuborish va tizimni taʼmirlashga tayyorlash kerak.
287. Ishlamayotgan monjusni bosim ostida qoldirish taqiqlanadi. Havo yoʻlidagi joʻmrak (“havo joʻmragi”) ohista ochib bosimni pasaytirish lozim. Monjusni ishga tushirish paytida undagi bosimni nazorat qilib turish zarur.
288. “Havo chiqarish” joʻmragidan ketadigan quvurchani xavfsiz joyga oʻrnatish lozim.
289. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun monjusning qulay va koʻrinadigan joyga manometr oʻrnatish zarur. Manometrning sifonli quvurchasi doimiy ravishda ajratuvchi suyuqlik bilan toʻldirilgan boʻlishi kerak.
290. Vaqtincha ishlamay turgan, reagentlarni haydashga moʻljallangan quvuroʻtkazgichlarni ishga tushirishdan oldin jipsligi (zichligi) inert gaz yoki havo bilan damlab, sinab koʻrish lozim.
291. Reagentli quvuroʻtkazgichlardagi zulfinlarni ochish yoki yopishda lom, quvurcha va sh.k.dan foydalanish taqiqlanadi.
292. Quvuroʻtkazgichlar va apparatlardagi joʻmraklar va boshqa armaturalarni bloklarga ajratish va moylash ishlarini ularning ichida kislota yoʻqligida bajarish kerak.
293. Haydash tugallangandan keyin kislota oʻtkazgich kislotadan tozalanishi lozim.
294. Odamlar va transport oʻtadigan joylarning tepasidagi kislota oʻtkazgichlarda flanetsli ulamalar oʻrnatish mumkin emas.
295. Qurilmani ishga tushirishdan avval lyuklar berkligini, tiqinlar yechib olinganligini, flanetsli va boshqa ulamalar zichligini tekshirish zarur.
296. Barcha tindirgich tizimni ishga tushirishdan oldin, amaldagi meʼyorlarga koʻra, bosim ostida sinab koʻrish zarur.
297. Tindirgichni neft mahsuloti bilan toʻldirishda, hamda uni butunlay boʻshatish paytida “havo joʻmragi” ochiq holatda boʻlishi kerak.
298. Namuna olish paytida joʻmrakning shamol kelayotgan tomonida turish lozim. Namuna olishda mahsulotning sachrab, toʻkilib ketishiga yoʻl qoʻymaslik darkor.
3-§. Oqartiruvchi gil vositasida moylarni kontaktli tozalash qurilmasi
Moylarni kontaktli tozalash qurilmasida ishlaganda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar mazkur Qoidalarning VI bobidagi 1, 5 va 6-paragraflarida bayon etilgan xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilishlari shart.
Quyidagi xavfsizlik talablariga qoʻshimcha amal qilish lozim.
299. Tegirmon (gil maydalagich) ishlayotgan paytda unda biror taʼmir ishlarini bajarish taqiqlanadi.
300. Maydalangan gilli bunker lyuklarini ochiq qoldirish taqiqlanadi.
301. Maydalangan (kukun) gilni aralashtirgichga yuborishda haydovchi quvuroʻtkazgich va apparatlardagi barcha ulangan joylar germetikligi taʼminlanishi lozim.
302. Tegirmon va aralashtirgich joylashgan binoda chang paydo boʻlganda, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar changtoʻsgich respiratorlardan foydalanishlari kerak.
303. Kukun gilni haydab boʻlgandan keyin quvuroʻtkazgichni havo bilan puflab yuborish zarur.
304. Aralashtirgichga gil toʻldirishni unda sath koʻrsatgichi borligida va turboaralashtirgichni ishga tushirgandan keyin bajarish kerak.
305. Mexanik tarzda ishlovchi aralashtirgichlarni ishlatganda qopqogʻining yuqori lyuki berk boʻlishi zarur.
306. Turboaralashtirgich ishlab turganda uning shkiviga remen kiydirish taqiqlanadi.
307. Turboaralashtirgichining uzatmalaridagi barcha aylanadigan qismlari toʻsilgan boʻlishi kerak.
308. Aralashtirgichdagi moy yuzasini nazorat qilib turish uchun avtomatik sath moslamalari oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Sathni reyka yoki boshqa usul (qoʻl bilan)da oʻlchash taqiqlanadi.
309. Filtr-pressni ishga tushirishdan oldin, unga havo damlab sinab koʻrish zarur.
310. Filtrni tozalash, taʼmirlash, diskni almashtirish paytida shturvalga filtrning qopqogʻi oʻz-oʻzidan yopilib qolishining oldini oluvchi himoya zanjirni tashlab qoʻyish kerak.
311. Filtr va quvuroʻtkazgichni bir maromda qizdirish darkor. Buning uchun ularga issiq mahsulotni asta-sekin yuborish lozim.
312. Filtrni ishga tushirish paytida uning qarshisida turish taqiqlanadi.
313. Texnologik reglamentga koʻra, filtr-pressni, avval sovutmay turib, havo bilan puflash mumkin emas.
314. Filtrning barcha disklarini puflab boʻlgandan keyingina, uni tozalash uchun ochish mumkin. Ayni puflash paytida oldin toʻxtatib qoʻyilgan disklarni qaytadan ishga tushirish kerak.
315. Filtr disklarini faqat yogʻoch kurakchalar bilan tozalash lozim.
316. Yechib olingan disklar, moyli qipiqlar, filtrlash qogʻozlarini bino (xona)da qoldirish taqiqlanadi.
317. Filtr disklarini yuvish uchun issiq suvli vannalar bilan jihozlangan maxsus xona (bino) ajratilgan boʻlishi kerak.
318. Ishlatilgan gilni tashlash uchun moʻljallangan voronka panjara bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
319. Filtr — pressning namunaolgich naychalarini joʻmraklar ochiqligida va filtrning oʻzi bosim ostida boʻlganda tozalash taqiqlanadi.
4-§. Moyli distillyatlarni selektiv usulda tozalash
320. Selektiv eritmalar rezervuari turadigan maydoncha sementlangan, toza holatda boʻlishi kerak. Unda oqova suv ketadigan tizim va toʻkilgan eritmani yuvish uchun suv joʻmragi boʻlishi lozim.
321. Selektiv eritmani har bir rezervuarda avtomatik sathoʻlchagich, pastgacha tushirilgan namunaolgich, hamda avariya vaziyatlarida eritma yoki erituvchini soʻrib olish uchun quvuruzatgich oʻrnatilishi lozim.
322. Selektiv erituvchi solingan rezervuar va idishlardagi mahsulot sathini reyka (yogʻoch) bilan oʻlchash taqiqlanadi. Mazkur ishlar masofadan turib, operator xonasidagi shchitdagi orqali oʻtkaziladi.
323. Selektiv erituvchi solingan rezervuar va apparatlardan namunani maxsus yoʻl-yoʻriq olgan xodimlar oladi.
324. Namuna olish paytida erituvchi modda odam badani (tanasi)ga tushmasligiga erishish kerak.
325. Sath oʻlchashni oʻtkazayotganda filtrlovchi gaz niqob kiyib olishi lozim. Ayni paytida ochiq lyuk ustiga enkayish mumkin emas. Namuna oluvchi shaxs lyukning shamol kelayotgan tomonida turishi zarur.
326. Furfurol, fenol va boshqa erituvchilar solingan rezervuarlardagi suvni oqova tizimiga tashlamay, balki alohida idishga yigʻib, barcha toʻplangan suvni undagi eritmani ajratib olishga joʻnatish lozim.
327. Propanni toʻkish va quyish ishlarini “Suyultirgan uglevodorodli gazlarni quyish — toʻkish va tashishga oid yoʻriqnoma”ga rioya qilib bajarish zarur.
328. Propanni quyish va toʻkishda sisterna toʻgʻri oʻrnatilganligini, shlang va gaz barobarlovchi tarmoq ulanganligini tekshirgandan keyingina nacosni ishga tushirish kerak.
329. Suvni chiqarib tashlash va propandan namuna olishni kuzatuvchi ishtirokida, shamolga orqa qilib turib bajarish lozim.
330. Fenol solingan bochka (baraban) jildirish yoki joyini oʻzgartirishni ohista, ravon, silkitmay bajarish zarur. Aks holda bochka yorilib (buzilib) fenol toʻkilib, ishchini kuydirib quyish mumkin.
331. Fenolni bugʻlantiruvchi kamera yaxshi germetiklangan (zichlangan) boʻlishi lozim. Kameraning qopqoqlari va lyuklar zich yopilgan boʻlishi kerak.
332. Kamera qopqogʻini sovugandan keyin ochish lozim.
333. Fenolni eritishni baraban toʻliq boʻshaguncha davom ettirish kerak.
334. Fenoldan boʻshagan barabanlarni issiq suv bilan yuvib yuborish zarur.
335. Fenol eritiladigan joy (boʻlim)da avariya dushi va fontancha (favvora) boʻlishi lozim.
336. Fenol va nitrobenzolni atrofi bugʻ qatlami (“bugʻ koʻylagi”) bilan oʻralgan sisternalarda tashish kerak.
337. Fenol bilan ishlagan vaqtda maxsus korjoma kislotabardosh qoʻlqop va himoya koʻzoynaklarini kiyib olish zarur. Bosim ostidagi apparatlardan namuna olayotganda gazniqob taqib olish kerak.
338. Maxsus korjoma va himoya vositalari ishga yaroqli, neft yoki erituvchi mahsulotlar bilan ifloslanmagan boʻlishi lozim.
339. Maxsus korjoma va himoya vositalarining inson tanasiga bevosita tegib turadigan joylari (yoqa, yeng uchlari va sh.k.) erituvchi mahsulotlar bilan ifloslanganda darhol ularni yechib tashlab, qurilma javonida saqlanayotgan tozasiga almashtirish, kirlarini zararsizlantirib, yuvishga topshirish zarur.
340. Ish paytida qoʻllaniladigan qoʻlqoplarni yeng tagiga kiritib kiyish lozim.
341. Shamollatish tizimi ishlamaganda selektiv tozalash qurilmasini ishlatish taqiqlanadi.
342. Apparat yoki rezervuarlarda avariya sodir boʻlganda, ular ichidagi selektiv erituvchilarni avariya rezervuarlari yoki idishiga nasos bilan tortib olishi kerak. Agar mahsulot qaynoq boʻlsa, rezervuarlarda suv yoʻqligiga ishonch hosil qilish zarur.
343. Barcha avariya tarmoqlari bugʻ bilan isitish moslamasiga ega boʻlishi yoki har safar apparatdan oʻta qovushqoq mahsulotni chiqargandan keyin, kam qovushqoq va qotib qolmaydigan (toʻnglamaydigan) mahsulot bilan yuvib yuborilishi kerak.
344. Barcha ishlab chiqarish sexlarida issiq va sovuq suvlarni aralashtirgichi oʻrnatilgan yuvinish moslama (umivalnik)lari boʻlishi zarur.
345. Ish joyida erituvchi moddalarning hidi sezilganda, xodimlar zudlik bilan bu haqida sex maʼmuriyatiga xabar berib, gazlashish oqibatlariga barham berish choralarini qoʻllashi lozim.
346. Selektiv erituvchilari bor neft mahsulotlarini ochiq idishlarda qoldirish taqiqlanadi.
347. Xonani tozalash paytida erituvchi moddalar toʻkilib ketganda, xodimlar gazniqob taqib olishlari zarur.
348. Erituvchi moddalar salnik zichlagichlaridan sizib chiqmasligini nazorat qilib borish kerak.
349. Nasos salniklarini zichlashtirish uchun moy yuborgich tizimi doimo soz holatda boʻlishi lozim. Moy zichlagich tizimidagi bosim nasosining salnik kamerasidan oldingi mahsulot bosimidan ziyod boʻlishi kerak.
350. Bugʻoʻtkazgich va nasoslardagi suv bugʻi kondensatini selektiv erituvchilar uchun moʻljallangan oqova tizimiga tashlash taqiqlanadi.
351. Apparatlar, nasoslar va quvuroʻtkazgichni ochishdan oldin ulardagi selektiv erituvchilar qoldigʻini, yopiq drenaj tizimi orqali maxsus idishga yigʻish lozim.
352. Erituvchilarni haydovchi nasoslarning asosi (fundamenti)ga toʻkilgan erituvchilarni yigʻish va maxsus drenajga chiqarish uchun moʻljallangan moslamalar bilan jihozlanishi zarur.
353. Nitrobenzol toʻkilgan joyga qipiq sepib, uni shimdirib olish, maxsus ajratilgan joyda yoqib yuborish kerak. Nitrobenzol toʻkilgan joyni sovuq suv bilan yaxshilab yuvish darkor.
354. Barcha tashlama suvlar sutkasiga kamida bir marta tahlil qilib, nitrobenzol bor-yoʻqligini aniqlash zarur.
355. Ekstrakt va rafinat eritmalardan nitrobenzolni regeneratsiyalashda eritmani 230°S dan ziyod darajada qizdirish taqiqlanadi.
356. Nitrobenzolni haydagan nasoslarni taʼmirlashni ularni oldin suv bilan obdan yuvib, yuvindi suvlarda erituvchi modda yoʻqligini, laboratoriya tahlili tasdiqlangandan keyingina boshlash kerak.
357. Selektiv tozalash qurilmasida zarur dori-darmonlar va bogʻlash vositalari bilan butlangan aptechka (dori qutisi) boʻlishi shart.
358. Koʻzga erituvchi tomchilari tushganda, shikastlangan shaxs yuzini suvga choʻktirib, koʻzini tez-tez ochib, suv bilan yuvishi va soʻngra tezda vrachga murojaat qilish zarur.
359. Erituvchi badanga tekkanda, bosim ostidagi suv bilan obdan yuvish, zaruratga koʻra vrachga borish lozim.
360. Moyli distillyatlarni selektiv erituvchilar bilan yuvish sexlari san-propusnik turidagi sanitariya-maishiy uskunalar bilan jihozlanishi kerak.
361. Selektiv tozalash qurilmalarida ishlagan barcha xodimlar ish yakunida dushda yuvinishlari shart.
5-§. Moyli distillyatlarni selektiv usulda parafinsizlashtirish
362. Erituvchilar va ular mavjud boʻlgan aralashmalar bilan bajariladigan ishlar, ayniqsa yuklash, tashish, aralashtirish, tushirish va sh. k. lar albatta mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
363. Erituvchilar va ular aralashmalari bilan bevosita toʻqnashadigan ishlarni qoʻlda bajarish mumkin emas.
364. Sentrifugalardagi kuzatuv oynasining qopqogʻi doimo yopiq boʻlib, uni shu holatda ushlab turuvchi prujinali toʻgʻnogʻichi boʻlishi lozim.
365. Qurilmani ishga tushirishdan oldin sovutgich boʻlimi tizimining zichligi sinab koʻrilgan boʻlishi zarur.
366. Vakuum-filtrga inert gaz yuboruvchi quvuroʻtkazgich, texnologik kartada belgilangan, tizimdagi bosimni bir maromda ushlab turuvchi klapan bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
367. Filtr tanasida ruxsat etilgan meʼyordan ziyod bosim paydo boʻlmasligi uchun, ortiqcha gazni atmosferaga (bino tashqarisi)ga chiqarib yuborishni koʻzda tutish lozim.
368. Har bir vakuum-filtr tanasi erituvchilar bugʻini soʻrib olib, inert gaz bilan puflovchi tizimiga ega boʻlishi kerak.
369. Vakuum-filtr tanasi ichidagi yuvuvchi va puflovchi kollektorlar, hamda choʻkindilarni qirib oladigan pichoqlar uchqun chiqarmaydigan metalldan yasalgan boʻlishi zarur.
370. Baraban elektr dvigatellarini va vakuum-filtr shneki ishini toʻxtatuvchi knopka (tugmacha)lar bevosita vakuum filtrga xizmat koʻrsatish maydonchasida, avariya tugmalari esa — qulay va xavfsiz joyda boʻlishi kerak.
371. Vakuum-filtrni taʼmirlash uchun ochishdan oldin uni ichidagi mahsulotni chiqarib tashlash, taʼminlovchi idishdan uzib qoʻyish, eritgichlar bugʻini soʻrib olish, harorati eng koʻpi bilan 60°S boʻlgan inert gazi bilan puflab, puflangan gazni bino tashqarisiga chiqarib yuborish zarur. Taʼmirlashga doir navbatdagi ishlar texnik hujjat talablari asosida bajarilishi lozim.
Moylarni parafinsizlashtirish qurilmalari vakuum-filtridagi bandaj simini tortish, chekankalash, tuzatish, matoni yamash, shnekdagi oraliq podshipnikni tekshirish kabi maqsadlarda qurilma ishini qisqa vaqtga toʻxtatganda, vakuum filtrni uzib qoʻymasa ham boʻladi. Ayni paytda quyidagi ishlarni bajarish zarur:
a) vakuum-filtrni mahsulotdan boʻshatish;
b) zulfinlar vositasida texnologik quvuroʻtkazgichlardan uzib turib, “Ochmang — odamlar ishlayapti” degan yozuvni osib qoʻyish darkor. Zulfinni yopiq holatida qulflab qoʻyish;
v) eritgichlar bugʻini soʻrib olib, inert gaz bilan puflash;
g) shnek uzatmasini toqdan uzib qoʻyish;
d) vakuum-filtr ichida shlangli gazniqobda ishlash va uchqun chiqarmaydigan asboblardan foydalanish;
e) ishlovchi brigada 3 kishidan iborat boʻlib, ulardan biri — muhandis texnik xodim — rahbar boʻlishi.
372. Aylanma inert gaz tarkibidagi kislorod 6% (hajmiy) dan ziyod boʻlmasligi kerak.
373. Apparatlarni tozalash, taʼmirlash va avariyani bartaraf etish ishlari, maxsus ishlab chiqilgan yoʻriqnomaga koʻra, javobgar shaxsning bevosita kuzatuvi ostida bajarilishi lozim.
374. Apparatura va idishlarni issiq suv bilan yuvmay yoki bugʻ bilan bugʻlamay turib tozalash va ichki taʼmirini oʻtkazish mumkin emas.
375. Eritgichlar solingan apparaturani tozalash, koʻrikdan oʻtkazish va taʼmirlashni ishchilar zarur maxsus korjoma va shlangli gazniqoblarni qoʻllab bajarishlari shart.
6-§. Parafin ishlab chiqarish
376. Baraban (bochka)ga solingan kalsiy xloridni qoʻlda maydalash taqiqlanadi; eritmani tayyorlash mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
377. Katalizatorlarni aralashtiruvchi qurilmani ishga tushirishdan oldin zanjirli uzatmalarni koʻrikdan oʻtkazish, moylash, shchit va toʻr toʻsiqlarini mustahkamligini tekshirish lozim.
378. Kristallizatorning yogʻdoni (maslyonka)ga moy quyayotganda, hamda kristalizatorning zanjirini moylovchi tosga (togʻora-idish)ga moy quyayotganda elektrdvigatel ishini toʻxtatib qoʻyish kerak.
379. Elektr energiyasining kelishi yoki aralashtirgich qurilma toʻxtab qolganda, kristallizatordagi mahsulot sovub (qotib) qolmasligi uchun, sovutish apparatini toʻxtatib, kristalizatorni mahsulotdan boʻshatish zarur.
380. Toʻplagichda gach eritilayotganda soʻruvchi shamollatish tizimi ishlab turishi kerak.
381. Filtr-pressni gachdan boʻshatish va uni yigʻish ishlarini kamida 2 kishi bajarishi lozim.
382. Shnekka gach toʻldirishda uni bir tekisda joylashtirib, soʻngra shnekni ishga tushirish kerak. Aylanayotgan shnekka gachni kurak yoki boshqa asbob va narsalar bilan itarib toʻldirish taqiqlanadi.
383. Hattoki, toʻxtab turgan gachli shnekdan gachni himoyalanmagan qoʻl bilan tortib (chiqarib) olish taqiqlanadi.
384. Ishlab turgan shnekni taʼmirlash mumkin emas. Mazkur ishlarni bajarish uchun shneklarni toʻxtatish zarur.
385. Ishlayotgan shnek qopqoq bilan berkitilgan boʻlishi lozim. Qopqogʻini yechib qoʻyib shnekni ishlatish taqiqlanadi.
386. Past haroratli (sovuq) kameralarda issiq kiyimsiz ishlash taqiqlanadi.
387. Parafin terlaganda, xodimlar kamera ichiga kirishlari uchun undagi harorat 45°S dan ziyod boʻlmasligi va xodimlarning kamera ichida turish muddati 5 — 10 minutdan ortiq boʻlmasligi kerak.
388. Terlatish kamerasi eshigini ochganda, operator qaynoq havo bugʻidan kuyib qolmasligi uchun eshikning yon tomonida turishi lozim.
389. Terlatish kamerasidagi likopcha (tarelka)larni narvonda turib kuzatish kerak.
390. Parafinni sulfat kislotasi va ishqordan tozalash paytida, ushbu qoidalarda bayon etilgan xavfsizlik qoidalariga rioya qilish zarur.
391. Parafinni perkolyatsiya usulida tozalashda filtrlarga perkolyatsiyalovchi moddani toʻldirish ishlari mexanizatsiyalangan boʻlishi kerak. Mazkur moddani quyayotgan ishchilar changdan himoyalovchi respiratorlarni taqib olishlari zarur.
392. Perkolyator ishlab turganda, hamda bugʻ bilan puflanganda yoki ligroin bilan yuvganda uning lyuklarini ochish taqiqlanadi.
393. Parafinni boshqa idishlarga quyuvchi mashinani parafin sovugandan keyingina ishlatish kerak.
394. Mahsulot bilan ishlaganda bugʻ kelishi toʻxtab qolganda, parafin haydashni toʻxtatib, quvur oʻtkazgichni havo bilan puflash yoki (ruxsat etilgan paytlarda) filtr orqali xomashyo idishiga oʻtkazish lozim.
395. Odamlar ishlayotgan bino (xona)ga ammiak bugʻlari kirmasligi (paydo boʻlmasligi) uchun sovutuvchi qurilmalarning quvuroʻtkazgichlari va apparatlaridagi ulanmalarning zichligi (jipsligi) ustidan nazorat oʻrnatish kerak.
396. Ammiak sizib chiqishni maxsus indikator qogʻoz yordamida aniqlanadi.
397. Sovutish qurilmalarining nazorat qilishda ishlatiladigan koʻchma yoritgichlar portlashdan himoyalanib ishlangan boʻlishi zarur.
398. Sovutish qurilmalari joylashgan xonalarda ammiakdan himoyalovchi gazniqoblar, qoʻlqoplar va aptechka boʻlishi shart.
7-§. Gudronni suyuq propan vositasida asfaltsizlovchi qurilmalar
399. Idishni suyultirilgan propan bilan toʻldirishda, belgilangan meʼyordan ortib ketmasligiga eʼtibor berish zarur. Agar normadan ziyod quyilgan boʻlsa ortiqchasini idishdan chiqarib (soʻrib) olish kerak.
400. Qurilma ishlayotgan paytda bugʻlatgich toʻlib-toshib ketishi, moy yoki asfalt oraliq idishga toʻkilishining oldini olish uchun, bir bugʻlatgichdan boshqasiga suyuqlik oqishini belgilangan maromda ushlab turish zarur.
401. Kondensat va suvning sathi ruxsat etilgan darajadan ortib ketganda, kompressorning qabul qiluvchi tomonidagi kondensat toʻplagichga kompressor ishini avtomatik tarzda toʻxtatadigan qurilma oʻrnatilishi kerak.
402. Oraliq idish, unga bugʻlatgichlardan tushayotgan mahsulotlardan vaqti-vaqti bilan tozalanib turilishi kerak.
403. Saqlovchi klapanlar nosoz yoki kokslanib qolib, mashʼalaga chiqarish imkoniyati boʻlmaganda yoki avtomatik tartiblovchi asboblar ishdan chiqqan holatlarda qurilmani ishga tushirish yoki ishlatish taqiqlanadi.
404. Suyuq propan namunasini olayotganda va propanli idishlardagi oʻlchash oynalarini puflashda shamol kelayotgan tomonga orqa qilib turish kerak. Namunalarni mavjud bosimga dosh beradigan maxsus namuna olgichlarga olish lozim.
405. Qurilmaga propan haydovchi nasoslarning vallari har ikkala tomonidan zichlashtirilgan boʻlishi kerak.
406. Propan haydovchi nasoslarga moylash uchun moy yuboruvchi nasoslarda rezerv nasoslarni avtomatik tarzda ishga tushiruvchi elektr maxsus moslamasi boʻlishi zarur.
407. Quvurli pechlarda mahsulotni qizdiruvchi asfaltsizlantirish qurilmalarida, propanli apparatura tomoniga bugʻli parda hosil qiluvchi yongʻinga qarshi devor rejalashtirilishi kerak. Pech bilan yongʻinga qarshi devor oʻrtasida biror apparat yoki uskunani joylashtirish taqiqlanadi.
408. Ekstraksiyalovchi ustundan kir (iflos)lar va uchlik (Rashig halqasi) boʻshatishda koʻtargich moslamalarini qoʻllash zarur. Mazkur ishlarda foydalanilayotgan chigʻirning tormozi ishga yaroqli boʻlib va trosida tugunlar boʻlmasligi kerak.
VIII bob. MAXSUS ISHLAB CHIQARISH QURILMALARI
1-§. Surtish moylari uchun qoʻshimchalar ishlab chiqaruvchi qurilmalar
409. Fenol, fosfor sulfidi, benzosulfokislota va boshqa solingan baraban va bochkalarni ombordagi sexga olib borish va qoʻshilmalar ishlab chiqarish mexanizatsiyalashgan boʻlishi zarur.
410. Fosfor sulfidi solingan baraban (bochka)larni umumalmashgich shamollatish tizimi, hamda inert gazi olib kelingan maxsus xonada ochish lozim.
411. Fosfor sulfidli barabanlarni bevosita aralashtirgichga qoʻyishdan oldin ochish lozim. Agar mahsulot yerga toʻkilgan boʻlsa, uni yigʻib olib, binodan tashqariga chiqarish kerak.
412. Reagentlarni eritgichlarda eritish paytida, zmeyevikka bugʻ yuborishni tartiblash yoʻli bilan eritgichdagi haroratni nazorat qolib borish zarur.
413. Eritgichdan fenol bugʻlari sizib chiqa boshlasa, zmeyevikka suv bugʻini berishni toʻxtatish va suv yuborish kerak. Sizib chiqish holatini bartaraf etishni, faqat smena boʻyicha rahbar koʻrsatnomasiga binoan bajariladi.
414. Toʻkilgan fenol va monoxlorli oltingugurtni yigʻib olish va ularga oʻxshash boshqa bilan ishlaganda gazniqob va rezina qoʻlqoplardan foydalanish zarur.
415. Bochkalardan kislotalarni sifon yoki qoʻl nasosi yordamida toʻkib chiqarib olish kerak.
416. Sulfat kislotani bochkadan chiqarib olgandan keyin bochkani qoʻl nasosi yordamida suvsiz, obdan tozalangan mineral moy bilan yuvish lozim.
417. Ohakni maxsus temir yashiklarda, soʻruvchi zont tagiga soʻndirish zarur.
Ohakni soʻndirishda yoki kalsiy gidroksidi bilan ishlaganda ishchilar rezina qoʻlqop va himoya koʻzoynagidan foydalanishlari lozim.
418. Chang chiqaradigan jarayonlarni bajarishda respirator taqib olish zarur.
419. Alkilfenollar va ularning tuzlarini formaldegid yordamida kondensatsiyalovchi reaktorda soʻruvchi shamollatgich oʻrnatilishi kerak.
420. Reaktorga fosfor sulfidini yuborishdan oldin uni inert gaz bilan puflab yuborish va alkilfenolga ishlov berish jarayonida doimiy ravishda gaz berib turish zarur.
421. Monjus ichida suv boʻlganda, unga monoxlorli oltingugurtni solish taqiqlanadi.
422. Aralashtirgichga reagentlarni haydash tugagandan keyin monjusdan dozatorgacha va dozatordan aralashtirgichgacha boʻlgan quvuroʻtkazgichlarni havo yoki inert gaz bilan puflab yuborish kerak.
423. Reagentlarni aralashtirgichga haydash va soʻngra aralashtirish paytida aralashtirgichning yuqoridagi lyukini berk holda ushlab turiladi.
424. Aralashtirgichdagi massa qotib qolgan boʻlsa, aralashtiruvchi mexanizmni ishga tushirish taqiqlanadi.
425. Reduktor ichida shovqin va zarbalar roʻy berganda uni darhol toʻxtatib, mexanikni chaqirish lozim.
426. Ishlab turgan reaktordan namuna olish yoki reaksion massaning haroratini oʻlchash maqsadida kuzatuv lyuklarini ochish taqiqlanadi. Namunani tashqi tomonidan suv bilan sovutiladigan namuna olgich naychalar orqali olinadi.
427. Oltingugurtlantiruvchi, bariylovchi, kalsiylashtiruvchi fosforlashtiruvchi aralashtirgichlardan mahsulot otilib (sakrab) chiqib ketishining oldini olish uchun, aralashtirgichlarga texnologik kartada belgilangan tezlikda va miqdorda yuborib turish zarur.
428. Germetik apparatlardagi texnologik jarayonni kuzatib borish uchun (chiroqli) yoritilgan, germetik kuzatuv oynalarini oʻrnatish lozim.
429. Aralashtirgichlardagi qizdirish zmeyeviklarini taʼmirlash uchun chiqarib olish va qismlarga ajratish qulay boʻlishi uchun ulardagi flanetsli ulanmalar sonini iloji boricha kamroq qilish kerak.
430. Aralashtirgichni qattiq kimyoviy bilan toʻldirish ishlari mexanizatsiyalantirilgan va germetik (jips) holatda boʻlishi lozim.
431. Aralashtirgichdagi yuvish (yuvindi) suvlarini chiqarib tashlash germetiklanishi kerak.
432. Atmosfera bosimi sharoitida ishlayotgan aralashtirgichlarda sath darajasi belgilangan meʼyordan ziyod toʻlib-toshib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan, ortiqcha mahsulotni alohida idishga chiqarib yuboruvchi maxsus quvurchalar jihozlanishi lozim.
433. Filtr ishlayotgan paytida, rama bilan qogʻoz oʻrtasidan mahsulot oʻtib (sizib) ketishiga imkon bermaslikni, filtrga kirishdagi bosim moʻljaldagi ishchi bosimdan ortib ketmasligini kuzatib borish zarur.
434. Filtr-press va sentrifigalardan chiqarilgan choʻkindilar yigʻilgan joyda soʻruvchi shamollatgich boʻlishi kerak.
435. Sentrifuga teshiklari (tirqishlar)ning tozaligini nazorat qilib, hamda unga haddan tashqari ortiqcha zoʻriqishiga yoʻq quymaslik lozim. Sentrifuga teshiklarini apparatni toʻxtatib, sovutib, elektr zanjirining kamida ikki yerini ajratib quyib turib tozalash kerak.
436. Ishchining badaniga fenol, quruq kalsiy oksidi, bariy gidroksidi va boshqa tushganda, kuygan joyni suv bilan obdan yuvish zarur.
437. Qoʻshilmalar ishlab chiqarish paytida ajralib chiqqan vodorod sulfidi va vodorod xloridini maxsus moslamalar yordamida ushlab qolib, atmosferaga chiqishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
438. Benzosulfatkislota yoki fenol bilan ifloslangan korjoma va himoya vositalari yechib tashlanishi va boshqasiga almashtirilishi zarur.
2-§. Kalsiyli surtmalar ishlab chiqarish
439. Ohakni maxsus temir, soʻruvchi zontlar ostida soʻndirish kerak. Ohakni soʻndirish paytida yoki kalsiy gidrooksidi bilan ishlaganda ishchilar rezina qoʻlqop va himoya koʻzoynaklarini kiyib olishlari zarur.
440. Chang sodir boʻladigan jarayonlarda (mashina, vagonchalardan soʻndirilmagan ohak va kaliy gidrooksidini tushirish, elash, apparatlarga yuklash) xodimlar respirator va himoya koʻzoynaklarini taqib olishlari shart.
441. Mashina va vagonlardan ohakni tushirib olish, elash va apparatlarga soʻndirilgan ohakni solish ishlarini mexanizatsiyalashtirish lozim.
442. Boʻsh idishlarni yoki mahsulot solingan idishlarni yuklash yoki tushirish ishlarini maxsus tushirish platformasi boʻlmagan joylarda bajarganda yaxshi, ishonchli yogʻoch (taxta)dan yasalgan nishabli moslama (nakat)lardan foydalanish zarur.
443. Avtoklav va tayyorlovchi (qaynatish) qozonlariga xizmat koʻrsatganda bugʻ qatlami (“rubashka”)dagi bosimni belgilangan meʼyordan koʻtarib yuborish taqiqlanadi.
444. Avtoklavlarda surtmalarni qaynatish paytida undagi lyuklar germetik holatda yopilgan boʻlishi kerak.
445. Avtoklavlarda saqlagich klapanlardan tashqari, bosim belgilangan meʼyordan koʻtarilib ketganda ishlab ketadigan ovozli signalizatsiya oʻrnatilishi zarur.
446. Qaynatish qozonlarida sovunlash jarayonini bajarayotganda haddan tashqari koʻpiklanib, qozondan toshib, oqib ketishga yoʻl qoʻymaslik kerak.
447. Qozon va avtoklavlardagi sovun yoki surtmadan namuna olish uchun barcha aralashtiruvchi mexanizmlarni toʻxtatish lozim.
448. Qaynoq massa otilib chiqishining oldini olish uchun ohak sutini qaynatish qozonida qolgan qizitilgan moy qoldigʻi ustiga yuborish taqiqlanadi.
449. Tayyor surtmalarni idishlarga quyayotganda ehtiyot boʻlish lozim. Idishga mahsulot quyishdan oldin uning ichida suv yoʻqligiga amin boʻlish kerak.
450. Motordan qaynatish qozonlarigacha boradigan remenli transmissiya uzatmalari, shkivlar, hamda val (oʻq) tutashgan joylar toʻsilgan boʻlishi zarur.
451. Idishlarga solingan tayyor mahsulotlarni korxona hududi ichida tashish, taxlash ishlarini koʻtarish-tashish qurilmalari (yuradigan, buriluvchi kranlar, avto- va elektrkorlar, shtabeltaxlovchilar) yordamida bajarish kerak.
3-§. Neftli koksni ishlab chiqarish
452. Koks kamerasining boʻgʻzidagi qopqoqni, faqat neft mahsulotlarini chiqarib tashlash va koks massasini kameraning yuqorisidagi suv bilan 90°S temperaturagacha sovutish uchun uni suv bugʻi bilan damlab puflagandan soʻng ochish lozim.
453. Kamerani ochishdan oldin undagi suv va neft mahsulot bugʻlarini shamollatgich yordamida soʻrib olib, atmosferaga chiqarib yuborish kerak.
454. Koksni parmalab (burgʻilab) koʻrishdan oldin operator quyidagilarni tekshirishi zarur:
a) burgʻilash qurilmasi mexanizmlari va ularning toʻsiqlarini ishga yaroqliligi;
b) koks kamerasi bloklaridagi shamollatish tizimining ishi;
v) kameraning ochishga tayyorligini, yaʼni devorlar haroratini, kamerani boshqa tizimdan zulfinlar yordamida ajratib qoʻyilganligi, suv yoʻqligi;
g) aloqa va signal berilishining sozligi.
Biror nosozlik aniqlanganda ishni boshlash taqiqlanadi.
455. Koksni suv yordamida kesish (parchalash)da ishlatiladigan yuqori bosimli nasos, oʻzidan chiqayotgan quvuroʻtkazgichda bosim belgilangan meʼyordan ziyod boʻlganda dvigatel ishini toʻxtatib qoʻyadigan muhosaralash qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
456. Koksni suv bilan kesishga xizmat qiladigan yuqori bosimli nasosning muhosaralash qurilmasi nosoz boʻlganda ishlatish taqiqlanadi.
457. Yuqori bosim ostida suv yuboriladigan egiluvchan shlang yaxshilab mahkamlangan boʻlishi lozim. Gidrorezka (suv bilan kesish) paytida shlang ostida turish taqiqlanadi.
458. Koksni kesish uchun berilayotgan suvning bosimini kuzatib turish uchun burgʻilovchining boshqaruv pultiga monometr oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
459. Koks kamerasidagi burgʻilovchi chigʻir, suv bilan kesish paytida, gidrorezak (kesgich) kameraning tepadagi lyukidan yuqoriga koʻtarilib ketishining oldini oluvchi, muhosaralash qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
460. Burgʻilash chigʻirida tal blokini kronbloki tagiga sudrab kelishiga qarshilik qiladigan tormoz tizimi boʻlishi lozim.
461. Har bir kameraning lyuki yonidagi ishchi maydonchada, burgʻilash asboblari va uskunalarni qish (sovuq) paytlarida isituvchi shlangli bugʻ ustunlarini oʻrnatish zarur.
462. Kameralardan chiqarilgan koksni muntazam ravishda koks maydonchasidan yigʻib olish kerak.
463. Kameraning ishchi maydonchalarida katta gazlanish yuz berganda koksni burgʻilash mumkin emas.
464. Chigʻir yoki rotor ishlab turganda, muhosaralash qurilmasi mavjudligidan qatʼiy nazar burgʻilovchi boshqaruv pulti yonida turishi shart.
465. Yuqori bosimli nasosning koksni suv bilan kesishga suv beruvchi ustunlaridagi suvni qish paytida har safar ish tugaganidan keyin toʻkib tashlash zarur.
466. Yuqoridagi xizmat koʻrsatish maydonchada mahkamlab qoʻyilmagan, nokerak narsalarni qoldirish man etiladi.
467. Burgʻilash qurilmasida qoʻlda ishlatiladigan barcha asboblar mustahkam dastali boʻlib, asbobga yaxshi oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
468. Shtanganing zanjirli uzatmasi “yulduzcha”sini ishga tushirish uchun bosqon, lom va boshqa narsalarni qoʻllash mumkin emas.
469. Kameraga suv beruvchi shtutserni tozalash paytida ehtiyotlikka eʼtibor berish kerak.
470. Tal kanatning 25 cm uchastkasida kanatdagi umumiy simlar sonining 10% dan ziyodi uzilganligi aniqlanganda, ularni ishlatish taqiqlanadi.
471. Harakatlanayotgan tal kanatini qoʻlda toʻgʻrilab qoʻyish mumkin emas.
4-§. Neft bitumini davriy va uzluksiz usullarda ishlab chiqarish
472. Qattiq rusumli bitumlarini maydalash va idishlarga solish boʻlimida polni nam holatda tozalash uchun suv tizimi oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
473. Bitumni davriy ravishda oluvchi qurilmalarida quyidagilar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
a) oksidlovchi — kublardagi mahsulot sathi eng kamida 2 m ga yetgandagina havo beradigan muhosaralash qurilmasi;
b) kublarga havo berishni quyidagi holatlarda avtomatik ravishda toʻxtatishini taʼmirlovchi muhosaralash qurilmalari:
1) suyuq fazadagi harorat 270°S dan ziyodga koʻtarilganda (oʻta eruvchan bitumlar uchun 320°S dan yuqori);
2) kubdagi mahsulot sathi maksimal darajaga yetganda;
3) suyuq va bugʻ fazalari haroratining orasidagi farqi 15°S gacha (oʻta eruvchan bitumlar uchun 20°S gacha) pasayganda;
4) kubdagi bosim saqlovchi qurilma (saqlovchi klapan, portlovchi klapan, saqlagich membranalar, uzuvchi plastinkalar va sh. k.) uchun belgilangan bosim 90% ga yetganda;
5) ozod kislorodning oksidlovchi qaynoq gazlardagi konsentratsiyasi hajmi 8% dan ziyodligida;
6) ozod kislorodning oksidlovchi sovuq gazlardagi konsentratsiyasi 10% ga yetganda.
v) uskunadagi quyidagi ish rejimi oʻzgarganligi va texnologik jarayonning parametrlari ruxsat etilgan chegaraga yetganligi haqida avtomatik tarzda xodimlarni ogohlantiruvchi signalizatsiya bilan:
1) kompressordan kelayotgan havoning bosimi pastligi haqida;
2) qurilma idishlaridagi xomashyo va tayyor mahsulot sathining balandligi haqida;
3) oksidlovchi kublardagi yuqori va pastki sath haqida;
4) sovutgichlardan chiqayotgan mahsulotning harorati pastligi haqida.
474. Har bir oksidlovchi kub quyidagi holatlarni qayd etib, oʻlchovchi asboblar komplekti bilan jihozlanishi kerak:
a) kub balandligi boʻyicha sathni;
b) statsionar gaztahlillagich yordamida bugʻ fazadagi ozod kislorod miqdorini gaztahlillagich xulosalari laboratoriya tahlili yordamida vaqti-vaqti bilan tekshirib turiladi;
v) kubdagi bosim va haroratni.
475. Gudronni uzluksiz ravishda oksidlash jarayoni quyidagi omillarni taʼminlovchi asboblar komplekti bilan jihozlanishi zarur;
a) aralashtirgichdagi xomashyo sarfini belgilangan maromda ushlab turish;
b) aralashtirgichga yuborilayotgan xomashyo miqdoriga qarab havo va retsirkulyat sarfini tartiblash;
v) joʻnatish ustuni va separatorlardan chiqayotgan gazdagi ozod kislorod miqdori nazorati.
476. Gudronni uzluksiz oksidlovchi apparatlar quyidagi holatlar haqida signal berish va avtomatik muhosaralanishini taʼminlovchi uskunalar bilan jihozlanishi kerak:
a) retsikulyat va xomashyo kelishi toʻxtab qolganda, aralashtirgichga havo berishni toʻxtatuvchi moslama;
b) reaktordan chiqayotgan mahsulotning harorati meʼyordan yuqori boʻlganda, reaktordagi zmeyeviklarni havo bilan puflash quvuroʻtkazgichlaridagi tartiblovchi toʻsgich (zaslonka) ochuvchi moslama.
477. Oksidlovchi kublarga xomashyo (mahsulot) solingandan keyin uning yuqorisidagi boʻshliqning balandligi kamida 2 m boʻlishi kerak. Barcha oksidlovchi kublar koʻpiklashga qarshi qoʻshimcha modda yuboruvchi tizimga ega boʻlishi zarur.
478. Kublar va reaktorlarga havo yuborishdan oldin barcha havo kollektorlaridagi namlik va moy bugʻlari qolmaguncha havo bilan puflash lozim.
479. Havo yoʻlidagi resiver orqali kondensatni muntazam ravishda, har smenada kamida bir marta chiqarib turish zarur.
480. Oksidlovchi kublarga kelayotgan havoning bosimi oʻzgarishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
481. Quyish paytida bitum koʻpiklay boshlasa, quyishni toʻxtatib turish lozim.
482. Bunkerga bitumni quyish paytida va ayniqsa quyishni boshlashda bunkerdagi qaynoq bitum oqimi otilib chiqishning oldini olish maqsadida tarqatish kublari va rezervuarlardagi zulfinlarini asta-sekin ochish lozim.
483. Apparatlar, texnologik quvuroʻtkazgichlarni puflash, kompressor va ustunlarni zichlikka sinashni faqat inert gaz yoki suv bugʻi bilan bajarish kerak.
Mazkur maqsadlar uchun havodan foydalanish mumkin emas.
484. Bitum namunasini qopqoqli quruq metall idishga, joʻmrakni ohista sochib, qaynoq mahsulotdan kuyib qolmaslik usulini qoʻllab olish lozim. Namunani qoʻlqopsiz, tegishli, maxsus kiyim, himoya koʻzoynagi yoki niqobsiz olish taqiqlanadi.
485. Bunkerdagi bitum sathi uning yuqori qopqogʻidan kamida 25 cm past boʻlishi kerak.
486. Bitumni temir yoʻl bunkerlariga, qogʻoz qoplariga va shaklli idishlarga quyish, vagonlar va avtobitum tashuvchi mashinalarga yuklash, maydalash, qattiq rusumli bitumlarni idishlarga solish, hamda bitumni havza, chuqur, oʻralardan chiqarib olish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi zarur.
487. Kublarga xomashyo solishdan oldin uning ichida soda (ishqor), qish vaqtlarida muz yoki qor yoʻqligiga ishonch hosil qilish lozim.
488. Kubga havo beradigan quvuroʻtkazgich titrash va zarbalarga uchramasligi uchun ularni kub ichiga mahkamlab oʻrnatish kerak.
489. Ishlab turgan oksidlovchi kub tomiga chiqish taqiqlanadi. Agar mazkur ishni bajarish zarurati tugʻilganda, kubga kelishini toʻxtatib qoʻyish darkor.
490. Davriy ravishda ishlaydigan oksidlovchi — kublarga xomashyo yuborish, hamda xomashyo va bitumni bir kubdan ikkinchisiga haydash ishlarini mahsulotning harorati 230°S dan ziyod boʻlmaganda bajarish kerak.
491. Uzluksiz ishlaydigan reaktorlarga xomashyoni yuborish, uning harorati 280°S dan yuqori boʻlmaganda bajariladi.
492. Barcha oksidlovchi — kublarda saqlovchi klapanlar yoki portlovchi plastinalar oʻrnatilishi lozim.
493. Joʻmraklarda qotib qolgan bitumni suv bugʻi yoki induksion elektr isitgich yordamida qizdirib, eritish kerak. Ayrim vaziyatlarda joʻmraklarni qizdirib, bitum eritish uchun ochiq olovdan foydalanish mumkin. Bu holatda yongʻin nazorati organlarining ruxsatnomasini olish va yongʻin xavfsizligiga oid zarur choralarga amal qilish shart.
494. Kublardan bitumni toʻkish ishlarini smena (brigada) boshligʻining ishtirokida bajarish zarur.
495. Qaynoq bitum quyilayotgan ochiq havzalar (oʻralar, chuqurliklar) toʻsiqlar bilan oʻralgan boʻlishi kerak.
496. Qaynoq bitumni quyish paytida ochiq havza yaqinida turish taqiqlanadi.
497. Bitumni boʻlaklarga kesish va transportga ortish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi zarur.
498. Bitumni idishlar (bochkalar, qogʻoz qoplar)ga quyish, hamda qattiq bitumlarni kesib maydalash paytida himoya koʻzoynagini taqish zarur.
499. Davriy ravishda ishlaydigan kublardan va tarqatish kublaridan bitumni toʻkib olish quyidagi vaziyatlarda bajariladi:
a) temir yoʻl bunkerlariga 150°S gacha boʻlgan haroratda;
b) qogʻoz-qoplarida — 200°S gacha boʻlgan haroratda;
v) havza (chuqur)larga — 200°S gacha boʻlgan haroratda;
g) avtobitum tashuvchi mashinalarga 200°S gacha boʻlgan haroratda.
Yuqori haroratda eruvchan bitumlar (A va B rusumdagi rubrakslar) havzalarga harorati 270°S gacha boʻlganda toʻkiladi.
500. Oksidlovchi kublardan tarqatish kublariga bitumni haydayotganda tarqatish kubida va yangi yaqin joylarda odamlar boʻlishi taqiqlanadi.
501. Kubni tozalash paytida uning tepadagi va pastdagi lyuklarini ochib qoʻyish kerak.
502. Shlem quvurlarni tozalashda, ishlarni xavfsiz oʻtkazish uchun tegishli havozalar (tagliklar) oʻrnatish lozim.
503. Bitumni temir yoʻl bunkerlari va avtotsisternalarga quyish joyidagi estakadaning tepasiga ayvon (shiypon)lar yopib, atmosfera yogʻinlaridan saqlanadi.
504. Temir yoʻl bunkerlari yoki sisternalarga bitum quyganda, ichidagi suv, qor va boshqa moddalar bilan reaksiyaga kirib koʻpiklashish va otilib chiqishga sabab boʻladigan holatlarning oldini olish zarur.
505. Tanasi, qopqoqlari, hamda agʻdarilib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan berkitish moslamasi nosoz boʻlgan temir bunkerlarga bitum quyish taqiqlanadi.
506. Bitum quyish paytida temir yoʻl bunkerlari ustida yoki avtobitum tashigich mashina kabinasida turish taqiqlanadi. Bunker qopqoqlarini ochish va yopishni estakada maydonchasida turib bajarish kerak.
507. Temir yoʻl bunkerlariga va avtotsisternalarga bitum quyish estakadalarida transport haydovchilariga komanda berish uchun qoʻllaniladigan ovoz berish radio (gromkogovoritel)lari boʻlishi lozim.
508. Bitumni qogʻoz qoplarga quyishda qopning butunligini tekshirib koʻrish darkor. Qogʻoz qoplarning yuqori qismida 150 — 200 mm oʻlchamidagi boʻsh joy qoldirib bitum toʻkilib ketishining oldini olish zarur. Bitum quyish bilan band boʻlgan ishchilar maxsus korjoma, himoya koʻzoynaklari va qoʻlqoplardan foydalanishlari lozim.
509. Bitumni idishlarga quyish joyi shamol va yogʻinlardan himoyalangan boʻlishi darkor.
510. Taqsimlovchi kubning chiqarish tarmogʻidagi berkituvchi qurilmasi, ishchi idishni toʻldirayotganda kuyib qolishdan saqlanadigan masofada boʻlishi kerak.
511. Maxsus guvohnomasi boʻlmagan shaxslarning avtoyuklagichda ishlashlari taqiqlanadi.
5-§. Benzinni etil suyuqligi bilan aralashtiruvchi qurilma
512. Etil suyuqligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari ruxsat etgan, qurilmaning maxsus omborlarida saqlanadi.
513. Omborning saqlovchi idishlari joylashgan barcha hududi, hamda binolari toza va sarishta holatda boʻlishi kerak.
514. Etillangan benzinni tayyorlash qurilmasi oʻrnatilgan, hamda sisternalardan etil suyuqligini toʻkish joylari toʻsib oʻralgan boʻlishi zarur.
515. Etil suyuqligi bilan, tibbiy oʻtgan va tetraetilqoʻrgʻoshin (TEQ) bilan ishlashga ruxsatnoma olgan erkaklar ishlashi mumkin.
516. Mazkur qurilmani ishlatishga aloqasi boʻlmagan shaxslarni qurilma hududida boʻlishi taqiqlanadi.
517. Etil suyuqligi saqlanadigan omborxonalar doimiy ravishda shamollatib turilishi lozim.
Binoga kirishdan oldin shamollatish tizimi ishlayotganligiga ishonch hosil qilish kerak.
518. Ishlab chiqarish xona (bino)laridagi soʻruvchi shamollatish, elektruskunalar va yoritish moslamalari portlashdan xavfsiz qilib yasalgan boʻlishi zarur.
519. Etil suyuqligi bor omborxonalarda ishlaganda, hamda mazkur suyuqliklarni quyish, toʻkish va saqlash bilan bogʻliq jarayonlarda, urganda uchqun chiqarmaydigan materiallardan yasalgan qoʻl asboblaridan foydalanish lozim.
520. Etil suyuqliklari bilan bajariladigan barcha jarayonlar, jumladan etillangan benzinni tayyorlash (benzinga etil suyuqligini aralashtirish) ishlarini germetik usulda amalga oshirish kerak.
521. Har bir saqlash idishi quyidagilar bilan jihozlangan boʻlishi zarur:
a) sath koʻrsatgichi;
b) lyuk — tuynuk;
v) etil suyuqligini qabul qiluvchi va haydovchi shtutser;
g) sisternani toʻldirish, boʻshatish paytida bugʻ va gazlarni chiqaruvchi, sisternani inert gaz bilan toʻldiruvchi shtutser;
d) manometr;
e) termometr.
522. Etil suyuqligi saqlanadigan idish yaxshilab yerga tutashtirilgan va yashin taʼsiridan himoyalangan boʻlishi kerak.
523. Idishlarga etil suyuqligini quyishdan oldin ularni inert gazi bilan puflab yuborish zarur. Tekshirilmagan va yaxshilab tayyorlanmagan idishlarga etil suyuqligini quyish taqiqlanadi.
524. Idishga etil suyuqligi toʻldirishni, suyuqlik tagidan boshlab quyib bajariladi.
525. Idishdagi etil suyuqligi tepasidagi boʻshliq azot yoki boshqa inert gaz bilan toʻldiriladi.
526. Saqlanayotgan etil suyuqligining harorati 35°S dan yuqori boʻlmasligi kerak. Harorat belgilangan meʼyordan koʻtarilib ketganda idishni sovutish choralarini qoʻllash lozim.
527. Temiryoʻl sisternalaridan etil suyuqligini quyib olish ishlarini kunduzi, etilaralashtirgich qurilmasining boshligʻi yoki uning oʻrinbosari va gazdan qutqarish xizmati xodimining ishtirokida bajarish kerak.
528. Temir yoʻl sisternalaridan etil suyuqligini quyish ishlari maxsus jihozlangan maydonchalarda amalga oshiriladi.
529. Etil suyuqligini boshqa mahsulotlar bilan birga quyish mumkin emas.
530. Temir yoʻl sisternalaridan etil suyuqligini bochkalarga quyish taqiqlanadi.
531. Temir yoʻl sisternalaridan etil suyuqligini 70 — 10 kRa (0,7 — 1,0 ati) dan yuqori boʻlmagan bosim ostidagi inert gaz yordamida quyib olinadi. Saqlash idishlaridan siqilib chiqayotgan bugʻlarni TEQ ning tozalash tizimi orqali havoga chiqarib yuborish lozim.
532. Etil suyuqligidan boʻshagan sisternani toza aviatsiya yoki avtomobil benzini bilan 2-marta yuvib yuborish zarur. Sisternalardagi benzin qoldiqlari toʻlaligicha chiqarib yuborilgandan keyin, sisternani 100 kRa (1,0 ati) bosim ostidagi inert gazi bilan toʻldirib, ishonchli va germetik tarzda berkitib, yuk yuboruvchiga qaytarish uchun temir yoʻl stansiyasiga joʻnatiladi.
533. Etil suyuqliklari saqlangan idishlar ichida biror ish bajarilishi zarurati tugʻilganda avval quyidagi tayyorgarlik ishlarini bajarish shart:
a) idishdagi etil suyuqligini batamom chiqarib olish;
b) toza benzin bilan 3-marta yuvish;
v) benzin qoldiqlari chiqarib tashlangandan keyin, idishni ishlab turgan tarmoqdan uzib qoʻyib turib bugʻlash. Idishdagi suv bugʻi sovutgich orqali chiqarib yuboriladi. Sovutgichdan chiqayotgan suv kondensati tarkibida tahlillar natijasida tetraetilqoʻrgʻoshin yoʻqligi aniqlangandagina bugʻlash ishi tugagan hisoblanadi;
g) idishni shamollatib turib, suv bilan yuvish.
Idish ichidagi navbatdagi ishlar neftni qayta ishlash va neftkimyo sanoat korxonalarida gazdan xavfli ishlarni xavfsiz bajarishni tashkil qilishga doir yoʻriqnomalar asosida amalga oshiriladi.
534. Benzinga etil suyuqligini aralashtiruvchi qurilmada ishlovchi barcha shaxslar har 6 oyda bir marta tibbiy koʻrikdan oʻtishlari shart.
535. Etil suyuqligi bilan ishlash joyida degazatsiyalash va moddalarni zararsizlantiruvchi vositalar boʻlishi kerak.
536. Etil suyuqligi bilan ishlash joylari (omborlar)dagi pol va devorlar, hamda sisterna kommunikatsiyalarining tashqi (yuza) qismlari har kuni ish tugagandan keyin (ifloslangan taqdirda) xlorli ohak boʻtqasi bilan degazatsiyalanishi (gazsizlantirishi) va toza kerosin yoki soda va sovun eritmasi shimdirilgan latta bilan artib chiqilishi zarur. Sement va asfalt qoplamali joylar va temir yoʻl polotnosini xlorli ohak boʻtqasi yoki xlorlangan suv bilan degazatsiyalab, 15 — 20 min dan soʻng suv bilan yuvib tashlanadi. Tetraetilqoʻrgʻoshini bor yuvindi suv va boshqa suyuqliklarni maxsus tozalovdan oʻtkazgandan keyingina umumiy sanoat oqova tizimiga tashlash mumkin. Tozalash usuli va yuvindilarni tashlash joylari sanitariya — epidemiologiya xizmatining mahalliy organlari bilan kelishib aniqlanadi.
537. Etil suyuqligi bilan ifloslangan korjomani darhol almashtirish uchun, qurilmada maxsus kiyim, ichki kiyim, poyabzal va gazniqobning birvaqtda ishlayotgan 3 xodimga bir komplekt hisobidan zaxirasi boʻlishi shart. Etil suyuqligi maxsus kiyimga tushganda, kiyimni zudlik bilan almashtirish lozim.
6-§. Inert gaz olish qurilmalari
538. Azot olish uchun qoʻllaniladigan qurilmadagi gidravlik bersitgichlar ishga yaroqli boʻlib uglerod oksidi bor gazni sizib chiqishiga yoʻl qoʻymasligi zarur.
539. Pechdan moʻrilar orqali chiqayotgan gazlardagi kislorod va uglerod oksidining miqdorini aniqlab turish uchun pechga yorugʻlik va ovozli signal beruvchi gaztahlillagichlar oʻrnatilib, uning koʻrsatkichlari operator xonasidagi shchitda qayd etilishi va xizmatchilarga kislorod va uglerod oksidining miqdori belgilangan meʼyordan ortib ketganligi haqida xabar berilishi kerak.
540. Pechga yondirish uchun kelayotgan havo va yonilgʻi bosimini avtomatik tartiblagichlar orqali, belgilangan meʼyorda ushlab turish lozim. Ayni paytda belgilangan bosim rejimining oʻzgarganligi haqida yorugʻlik, ovozli signal berish vositalari nazarda tutilishi kerak.
541. Pech ishini nazorat qilish oynasi issiqbardosh shishadan yasalgan boʻlishi lozim.
542. Pech oʻchogʻi forsunkalari oʻchib qolganda, avtomatik tarzda yonilgʻi kelishini toʻxtatib qoʻyib operator xonasiga signal beradigan moslamalar bilan jihozlanishi kerak.
543. Oʻchoqdagi forsunkalar oʻchib qolganda avval oʻchoqni inert gaz yoki bugʻ bilan puflab yuborish, soʻngra forsunkalarga eng oz yonilgʻi yuborib turib, pilik (zapalnik) yordamida yoqish lozim.
544. Forsunkalarni yoqishni qulay va xavfsiz amalga oshirish uchun yonilgʻi va havo keladigan zulfinlarni pechning nazorat qilish oynasiga yaqinroq qilib joylashtirish kerak.
545. Oʻchoqning ayrim joylari haddan tashqari qizib ketishining oldini olish uchun oʻchoq devorlari haroratini nazorat ostiga olish zarur.
7-§. Vodorod sulfididan elementar oltingugurt olish qurilmasi
546. Qurilmani ishga tushirishdan oldin gidrozatvorlarning ishga yaroqliligini tekshirish lozim.
547. Gidrozatvorlarni vaqti-vaqti bilan choʻkindilardan tozalab turish kerak. Mazkur ishlarni himoya koʻzoynagini taqib bajarish darkor.
548. Gidrozatvorning bugʻli kamerasi ustida kondensat yigʻilib qolishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
549. Texnologik pechning oʻchogʻiga oʻt yoqishdan oldin oʻchoqni 15 min davomida havo bilan puflab, “svecha” (“sham”)ga chiqarib yuborish zarur.
550. Forsunkalarni pilik yordamida yondirish lozim.
551. Nordon gazlarni qabul qilish bilan bogʻliq qurilmalarni ishga tushirish gazdan qutqarish xizmati xodimlarining ishtirokida amalga oshirish zarur.
552. Qurilmada ishlovchilarning barchasida gazniqob boʻlishi shart.
553. Qurilmaga yonilgʻi gaz va vodorod sulfidini qabul qilishdan oldin, tizimni 15 min davomida inert gaz bilan puflab yuborish zarur. Inert gaz tarkibidagi kislorod 0,5% dan (hajmiy) ziyod boʻlmasligi kerak.
554. Qurilmaga nordon gazlarni qabul qilib olgandan keyin indikator qogʻoz vositasida flanetslar, zulfinlar, lyuklardan gaz sizib yoki oqib chiqishi yoʻqligini tekshirish lozim.
555. Reaktor — generator va qizdirgichlar oʻchogʻida portlovchi aralashmalar paydo boʻlishining oldini olish uchun, oʻchoqqa kelayotgan gaz va havo miqdorlari nisbati toʻgʻri ekanligini nazorat qilib borish zarur.
Havoning bosimi pasayishi tufayli havo-oʻtkazgichlarga vodorod sulfidi tushishining oldini olish maqsadida vodorod sulfidi tarmogʻining gorelka (yondirgich) oldidagi zulfinga ajratgich (kesgich) oʻrnatish kerak.
556. Nazorat oynasini muntazam ravishda kirlardan tozalab turish lozim.
557. Nazorat oynasining usti oltingugurt bilan qoplanib qolmasligi uchun uni vaqti-vaqti bilan havo bilan puflab turish kerak.
558. Vodorod sulfidi oʻtkazayotgan quvuroʻtkazgichlar joylashgan maydonchaga chiqishda gazniqob taqib olish shart.
559. Ichida vodorod sulfidi boʻlgan apparatlar, agregatlar va quvuroʻtkazgichlarni ochishdan oldin ularni inert gaz bilan puflab yuborish zarur.
560. Reaktor-generatorlarni ochishdan oldin uni 50°S gacha sovutib, yonuvchi gaz butunlay chiqquncha inert gaz bilan, soʻngra havo bilan puflash lozim.
Gazdan xavfli joylarda ishlaganda, reaktorning gaz kameralarida oltingugurt yoʻqligiga ishonch hosil qilish zarur.
561. Suyuq oltingugurtni quyayotganda quyidagilar taqiqlanadi:
a) qotgan oltingugurt ustiga chiqish;
b) oltingugurt saqlanayotgan idishning ochiq lyuki oldida turish;
v) oltingugurt saqlanayotgan chuqurchalardagi oltingugurt, gazniqobsiz, portlashdan himoyalanmagan yoritgichlarni qoʻllab, oʻlchash taqiqlanadi.
562. Oltingugurtni haydovchi nasosni faqat smena (brigada) boshligʻining ruxsati bilan ishga tushiriladi.
563. Oltingugurt lyukni ochmay, bu maqsadlar uchun moʻljallangan maxsus shtutser orqali oʻlchanadi.
564. Oltingugurtni yuklash va tushirish ishlari butunlay mexanizatsiyalashgan boʻlishi kerak. Qoliplardan oltingugurtni tushirishda koʻtarish mexanizmining sozligini tekshirib koʻrish lozim.
565. Oltingugurtni yuklash va tushirishga oid barcha ishlar smena (brigada) boshligʻining nazorati ostida bajarilishi kerak.
566. Qoliplardan oltingugurtni toʻliq sovutgandan keyingina chiqarib olish lozim.
567. Oltingugurtni temir yoʻl vagonlariga yuklashda quyidagilar taqiqlanadi:
a) vagonda odamlarning boʻlishi;
b) oltingugurtni yuklashda ekskavator choʻmichining chetlaridan toshirib yuborish;
v) ekskavator oʻziga elektr energiyasi kelayotgan kabelni bosib oʻtishi.
568. Yuklash va boʻshatish ishlarini bajarayotgan ishchilar maxsus korjoma, maxsus poyabzal va respiratorlardan foydalanishlari zarur.
8-§. Pirofor birikmalariga qarshi kurashish choralari
569. Uskuna va quvuroʻtkazgichlarni ishlatish va taʼmirga tayyorlash jarayonida pirofor birikmalar faolligini susaytirishga oid chora va vositalar jarayonni loyihalovchi tomonidan inobatga olinadi.
570. Uskunalarning ishi tugallanib, mahsulotdan boʻshatilgandan keyin uning barcha apparatlari va quvuroʻtkazgichlarini suv bugʻi bilan bugʻlab yuborish kerak.
571. Apparat kondensatdan boʻshatilgandan keyin uning pastki shtutser yoki lyukini ochib, undagi havodan namuna olib, mahsulot bugʻlarining xavfli konsentratsiya miqdori tahlil qilinadi. Mazkur miqdor alanga tarqalishi mumkin boʻlgan konsentratsiya quyi chegarasining eng koʻp bilan 20% ni tashkil etishi mumkin.
572. Apparatni tozalash paytida, uning devorlaridagi choʻkma (kir)larni xoʻllab turish lozim. Tozalashni uchqun chiqarmaydigan asboblar yordamida bajarish kerak. Mazkur ishlarni bajarishga, belgilangan tartibdagi, naryad-ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.
573. Uskunalar ichidan chiqarib olingan pirofor choʻkindilarni yoʻq qilib yuborilguncha hoʻl (nam) holatda saqlash zarur.
9-§. Neftni qayta ishlash mini (kichik) zavodi (NQZ)
574. Mini (kichik) NQZ loyihalash, qurish va ishlatish neftni qayta ishlovchi korxonalar uchun normativ-texnik hujjatlar va sanoat xavfsizligi qoidasi asosida amalga oshiriladi.
575. Kichik NQZ boshqarmasi binolari portlashdan xavfli obyektlardan, buzilish darajasi boʻyicha 3-sinfga mansub masofadan yaqin boʻlmagan masofada oʻrnatilishi va toʻlqin zarbalariga nisbatan mustahkamligi kamida 28 kRa boʻlishi kerak.
576. Kolonna (ustun)simon apparatlar, tashqi yuqori haroratdan saqlanishi uchun 4 m balandlikkacha himoya (oʻralgan)langan boʻlishi kerak.
577. Zaruratga qarab, texnologik sxema, loyihalovchi tashkilot tomonidan bloklarga boʻlinib, har bir blok uchun energetika darajasi aniqlanib, bloklarning portlashdan xavflilik kategoriyasi belgilanib, texnologik blokning portlashdan xavflilik minimal darajasini taʼminlovchi tegishli talablar bajariladi.
578. Kichik NQZ tarkibida alohida tozalash inshooti yoki sanoat oqovasini toʻplovchi moslamalar rejalashtirilishi kerak.
579. Apparatura va quvuroʻtkazgichlardan chiqadigan tashlama (yoki) sizib chiqqan mahsulot maxsus idish yoki toʻplagichlarga yoʻnaltirilib, soʻngra sanoat oqovalarini yigʻuvchi tozalash inshootlariga yuboriladi.
580. Qurilmalarni puflash uchun vosita sifatida ballonlardagi inert gazdan foydalanish mumkin. Inert gaz zaxirasini belgilashda mini NQZ toʻxtatishni va obyektni xavfsiz holatga oʻtkazishni taʼminlashi, yaʼni tizimda bugʻ-, gaz-, havo aralashmasining portlashdan xavfli konsentratsiyasining yoʻqligini taʼminlashi zarurligi inobatga olinadi.
581. Mini NQZ da roʻy beradigan yongʻinni oʻchirish va uskunalarni himoya qilish uchun zarur boʻlgan suv zaxirasi, koʻchma yongʻin texnikasining ishiga zarur boʻlgan miqdorga qarab belgilanadi, yaʼni 170 l/s dan kam boʻlmasligi kerak.
582. Portlashdan xavfli obyektlardagi yongʻinni oʻchirish tizimi (nasoslar, tashqi, mahsulot-xomashyo parklari va sh.k.lar) statsionar (muqim) yoki koʻchma yongʻin texnikasidan iborat boʻlishi mumkin.
10-§. Laboratoriyalar
583. Laboratoriyada xavfsizlik texnikasi va yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilish boʻyicha umumiy javobgarlik laboratoriya mudiri (boshligʻi) zimmasiga yuklatiladi.
584. Laboratoriyaning har bir xonasida xavfsizlik texnikasi va yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya boʻyicha mutasaddi shaxsning familiyasi yozib qoʻyilishi lozim.
585. Laboratoriya bino (xona)siga, laboratoriya ishiga bevosita aloqasi yoʻq, begona kishilarning kirishi taqiqlanadi.
586. Laboratoriyada bajariladigan barcha ishlar boʻyicha xavfsizlik texnikasiga oid batafsil yoʻriqnomalarni laboratoriya mudiri (boshligʻi) ishlab chiqishi va barcha xonalaridagi ish joylarida yoʻriqnoma boʻlishi shart.
587. Laboratoriya alohida binoda yoki V, G, D kategoriyalariga mansub binolar yonida joylashishi lozim.
588. Ishchi xonalardan chiqish eshiklari koridor tomonga yoki bevosita tashqariga ochiladigan boʻlishi kerak. Koridor eng kamida 2 ta chiqish joyiga ega boʻlishi lozim.
589. Laboratoriya binosida quyidagilar taqiqlanadi:
a) polni benzin, kerosin va boshqa tez alangalanadigan mahsulotlar bilan yuvish;
b) benzin, kerosin va boshqa tez alangaladigan mahsulotlar shimdirilgan latta, ochiq kiyimlarni saqlash;
v) bugʻ quvuroʻtkazgichlar va isitish moslamalari ustida biror (nam) narsani quritish; quvurlar va isitish moslamalari ustida neft mahsulotlari bilan ishlash, toʻkilgan neft mahsulotni tozalamay qoldirish;
g) toʻkilgan neft mahsulot bor joyda gorelka (yondirgich)lardan foydalanib ish bajarish.
590. Laboratoriyada kamida 2 kishi boʻlganda ishlash kerak.
591. Laboratoriyaning eshigini birinchi boʻlib ochgan xodim, laboratoriya xonasidagi havoda berkitilmagan yoki nosoz joʻmraklardan chiqqan gaz bor-yoʻqligini tekshirishi kerak.
592. Laboratoriya havosida nosoz ulamalar, joʻmraklar va zulfinlardan sizib chiqqan gaz borligi sezilganda, gaz tizimidagi umumiy zulfinni berkitib turib, xona (bino)ni shamollatish zarur.
593. Gaz joʻmraklari va zulfinlarini malakali chilangar har oyda kamida bir marta tekshirib, taʼmirlab turishi shart.
594. Laboratoriya binosida TAS, YOS va gazlarning bir sutkasiga sarfidan ortiq miqdorda saqlash taqiqlanadi. TAS, YOS larni maxsus bino (ombor)larda saqlash lozim.
595. Laboratoriya uchun moʻljallangan gaz tarmogʻi ish joylaridagi joʻmrak va zulfinlardan tashqari binoning tashqarisida joylashtirilgan umumiy berkitish zulfiniga ega boʻlishi kerak. Gaz va suv joʻmraklari ish stoli va soʻruvchi shamollatish shkaflarining ishlash uchun qulay joyiga oʻrnatilishi lozim.
596. Oqish-soʻrish shamollatish tizimi laboratoriyaning barcha xonalarida ish boshlashdan oldin ishga tushirilib, ish oxirida toʻxtatilishi zarur. Tunu-kun ishlaydigan laboratoriyadagi shamollatish tizimi uzluksiz ravishda ishlashi kerak. Nosoz shamollatish tizimli sharoitda ish bajarish mumkin emas.
597. Xavfliligi boʻyicha I va II sinflarga mansub moddalar bilan ishlaganda, laboratoriyada boshqa xonadagi tegishli shamollatish tarmogʻi bilan bogʻlanmagan alohida shamollatish tizimi boʻlishi lozim.
598. Soʻruvchi shkaflar ichiga oʻrnatilgan yoritish moslamalari portlashdan himoyalangan boʻlishi zarur.
599. Oʻchirgich (ajratgich)lar, shtepsel moslamalari, laboratoriya avtotransformatorlari soʻruvchi shkafdan tashqariga oʻrnatilishi lozim.
600. Xavfliligi boʻyicha I va II sinflarga mansub moddalar bilan boʻladigan ishlarni rezina qopqoq kiyib, soʻruvchi shkaflar yoki maxsus jihozlangan (“Izotop” turidagi) shkaflarda, yoki soʻruvchi shamollatgich oʻrnatilgan bokslarda oʻtkazish lozim.
601. Soʻruvchi shamollatish shkaflarning, shkafning ochiq oynasi oʻlchamidagi, havo soʻrish tezligi 0,5 — 0,7 m/s boʻlishi lozim.
Oʻta zararli moddalar bilan (tetraetilqoʻrgʻoshin, simob, vodorod sulfidi va sh.k.) ishlaganda, havo soʻrish tezligi 1 — 1,5 m/s boʻlishi zarur.
602. Soʻruvchi shkaflar zararli bugʻ va gazlarni chiqarib (soʻrib) oluvchi moslamalar bilan jihozlanishi lozim.
603. TAS, YOS va zaharli suyuqliklar bilan ishlaydigan soʻruvchi shkaflar suv kelish va oqova tizimi bilan uskunalanishi shart.
604. Soʻruvchi shkaflar toʻliq ishga yaroqli holatda boʻlishi kerak. Oynasi siniq soʻruvchi shkaflardan foydalanish taqiqlanadi.
605. Ishga aloqasi yoʻq neft mahsulot solingan idishli ishchi stollari, asboblar va laboratoriya uskunalari bilan shkaflarni toʻldirib tashlash mumkin emas.
606. Soʻruvchi shkaflarda tutun hosil qiluvchi kislotalar, oson bugʻlanadigan reaktivlar va erituvchilarni bir sutkalik ehtiyojda oshmaydigan miqdorini zarur holatlar uchun saqlash uchun laboratoriya mudirining ruxsati boʻlishi kerak.
607. Oʻzaro qoʻshilganda yongʻin yoki portlash hosil qiluvchi kimyoviy moddalarni bir yerda saqlash mumkin emas. Saqlashga moʻljallangan xavfli va oʻta xavfli moddalar va materiallarni ajratish jarayoni yongʻin xavfsizligi talablariga mos holda bajarilishi lozim.
608. Tutun hosil qiluvchi kislotalar, tez bugʻlanadigan reaktivlar va erituvchilarning bir sutkalik miqdori, mazkur soʻruvchi shkaflarda saqlanishi zarur.
609. Saqlash, berish, tashish va hisobini olib borishda alohida shartlar talab etiladigan moddalar (sulema — xromli simob, sinil kislota va uning tuzlari, oltingugurtli uglerod, metanol va boshqa) maxsus qulflab, plombalar qoʻyiladigan metall shkaflarda saqlanishi lozim. Ular saqlanadigan idishlar oʻta germetik boʻlib, ustida moddaning nomi va “Zahar!” degan yozuvi boʻlishi shart.
610. Metall holatidagi natriy (kaliy) suv (nam)dan nariroqdagi idishda, kerosin ostida saqlanishi lozim. Ishlatilgandan qolgan (qoldiq) natriy (kaliy)ni rakovinaga tashlamay, kerosin solingan idishda saqlash kerak.
611. Laboratoriyaga suyuq azot va kislorodni metall Dyuar idishida olib kelish va saqlash zarur. Suyuq azot va kislorodni tez alangalanadigan moddalar, moylar va yogʻlar bilan birga bir bino (xona)da saqlash yoki tashish mumkin emas.
612. Ichida yondirgich (gorelka)lari, ochiq elektr asboblari, uchqun chiqaruvchi elektr uskunalari va boshqa alanga manbalari bor xona (bino)larda suyuq kislorod bilan ishlash mumkin emas.
613. Biror laboratoriya apparatini ishga tushirishdan oldin uni vakuum ostida germetiklikka va barcha tizimni toʻgʻri yigʻilgan (butlangan)ligini tekshirish zarur.
614. Vakuum hosil qilinishi kerak boʻlgan shisha idishlar singanda parchalaridan himoyalanish uchun u gʻilof bilan oʻralgan boʻlishi kerak.
615. Ballonlar bilan ishlaganda, bosim ostidagi ishlaydigan idishlarga oid normativ hujjatlar talablariga rioya qilish zarur.
616. Ballonlar doimo toza holatda boʻlishi kerak. Har bir xodim ballonlarga xos alohida belgilarini bilishi lozim. Ballonlarni bevosita ishlatuvchi xodimlar oʻrgatilgan boʻlishlari va parvarishlash qoidalarini bilishlari kerak.
617. Ballonlar turadigan joyida maxsus ustunlarni mahkamlab qoʻyilishi darkor.
618. Himoyalovchi qalpogʻi yoʻq ballonlarni saqlash mumkin emas.
619. Ballonlardagi gaz laboratoriya xona (bino)siga gazoʻtkazgichlar yordamida olib kiriladi va har bir ish joyida ochib-yopish qurilmasi oʻrnatiladi. Ballonlar laboratoriya binosining tashqi tomoniga joylashtirilib, tepasiga yogʻin-sochin va quyosh nuridan saqlovchi ayvoncha yasaladi va atrofi sim toʻr bilan oʻrab qoʻyiladi.
620. Ballonlardagi siqilgan gaz faqat manometrli, maxsus reduktor yordamida sarflanadi.
621. Ichida siqilgan va suyultirilgan gazi bor ballonlar armaturasini, shu joyning oʻzida taʼmirlash mumkin emas.
622. Laboratoriya xonasida muayyan tahlil ishlariga aloqasi yoʻq ishlarni bajarishga ruxsat etilmaydi.
623. Oltingugurtli uglerod, benzin, efir va boshqa tez alangalanadigan suyuqliklar toʻkilib ketganda, hamda gazning oʻtkir hidi sezilganda, barcha yondirgich (gorelka)larni oʻchirib, zudlik bilan nosozlik sabablarini aniqlashga kirishib, toʻkilgan suyuqliklarni yigʻishtirib olish lozim.
624. Neft mahsulotlari, selektiv eritgichlar va shu kabi moddalar solingan idishlarni faqat maxsus ajratilgan xonalarda yuvish mumkin.
625. Kislota, ishqor va boshqa kimyoviy moddalar solingan idishlarni yuvishga topshirishdan oldin ulardagi moddalarni toʻliq chiqarib tashlab va tegishli usullar bilan neytrallashtirish lozim.
626. Idishlarni yuvish va tozalash usuli ifloslantiruvchi moddaning tafsiloti, fizik va kimyoviy xossalariga koʻra tanlanadi.
627. Idishlarni tozalash va yuvishda qum yoki qumqogʻozdan foydalanish mumkin emas.
628. I va II sinflarga mansub oʻyuvchi va zararli moddalarni maydalash ishlarini soʻruvchi shkaf ichida yopiq hovonchada bajarish kerak. Mazkur ishlarni bajarayotgan xodimlar himoya koʻzoynaklari va rezina qoʻlqoplaridan foydalanishlari zarur.
629. Selektiv eritkichlar (nitrobenzol, anilin, furfurol, fenol va boshqa) bilan ishlaganda mazkur suyuqliklarni inson badaniga va kiyimiga tushirmaslikka harakat qilish lozim.
630. Selektiv eritgichlar va tarkibida mazkur suyuqliklar mavjud boʻlgan neft mahsulotlari, maxsus ajratilgan joylarda, yaxshi yopiladigan idishlarda saqlanishi kerak.
Selektiv eritkichlar zaxirasini laboratoriyaning maxsus berk xonasida saqlash lozim. Smena davomida zarur boʻladigan selektiv eritgichlar miqdori eritkichlar sarfi jurnalida qayd etilishi zarur. Selektiv eritkichlar roʻyxati tashkilotning texnik direktori (bosh muhandisi) tomonidan tasdiqlanadi.
631. Kislotalar solingan butil (shisha idish)larni korzinalarga joylab tashish lozim. Tashishni 2 kishi bajaradi.
632. Sulfat kislotasini suyultirishda suvga kislotani asta-sekinlik bilan quyish kerak. Kislotaga suvni quyish mumkin emas.
633. Barcha ishlatilgan kimyoviy reaktivlar va zararli moddalar maxsus belgisi bor idishlarga toʻplanishi lozim. Mazkur mahsulotlarni rakovina (oqova tizimi)ga toʻkish taqiqlanadi. Ish yoki smena oxirida barcha chiqindi eritmalar laboratoriyadan tashqariga chiqarilishi zarur.
634. Ish yakunida quyidagilarni bajarish kerak:
a) laboratoriyadagi va unga kiradigan gaz, suv tarmoqlaridagi joʻmraklarni berkitish;
b) reaktivlar va materiallar solingan ballonlarning qopqoq (tiqin)larini yopish;
v) yoritish, shamollatish va isitish asboblarini tarmoqdan uzib qoʻyish.
Metall simob bilan ishlash
635. Simob zaxirasini omborlarda qalin devorli, tiqini zich oʻrnashadigan shisha idishlarda yoki tova (taglik)ga oʻrnatilgan, tiqini zich joylashadigan temir idishlarda saqlash lozim. Simob solinadigan shisha idishning hajmi 500 cm3 dan ziyod boʻlmasligi kerak. Ombordagi simobni xavfsiz tashishga imkon beradigan yetarli idish va moslamalar (idish solinadigan metall toʻrli futlyar) zaxirasi boʻlishi kerak.
636. Simobli idishni ochishni maʼmuriyat tomonidan maxsus tayinlangan va tegishli saboq olgan xodim bajaradi.
637. Apparatlarni qismlarga ajratganda alangalanmagan detallar borligi aniqlansa, apparatni qismlarga ajratilgan xonadagi suv toʻldirilgan maxsus idishlarda ularni saqlash zarur.
638. Apparatlardagi zichlikka putur yetganida simob oqib chiqib ketmasligi uchun ishlab chiqarish sexlariga oʻrnatilgan apparatlarning eng oxiri (chetki, “dum” qismi)ga suv bilan toʻldirilgan simob tutqichlar oʻrnatilishi kerak.
639. Barometr va vakuummetrlardagi ochiq idishlarga solingan simob bugʻlanib ketmasligi uchun mazkur idishlarga 1-2 mm qalinlikda toza glitserin quyish lozim.
640. Simobni qoʻlda ushlash, hamda apparatga ogʻiz yordamida puflash yoki apparatdan havo soʻrib olish taqiqlanadi.
641. Apparatning ochiq idishlaridagi simob toʻkilishi mumkin boʻlgan ishlar, hamda ularni isitish, yuvish va simobni distillyatsiyalash jarayonlari alohida xonalarda bajarilishi kerak.
642. Ombordan simobni olish uchun, laboratoriya boshligʻi kunlik ehtiyojdan ziyod boʻlmagan miqdorga ruxsat berishi lozim.
Laboratoriyada simobni soʻruvchi shkaf ichida saqlash zarur.
643. Simob bilan ish bajariladigan stolning chetlari 1 cm balandlikdagi yonli va simob oqib tushishi uchun teshikchasi boʻlishi kerak.
Stolning usti linolium bilan qoplangan boʻlishi zarur.
Simob oqib tushadigan stol teshigining tagiga suvli idish joylashtirib, uni har kuni simobdan tozalab turish kerak.
644. Simob bilan ishlash stolining, hamda soʻruvchi shamollatish shkaflarining tagida gʻaladon quticha yoki javonchalar boʻlmasligi kerak.
645. Apparaturaning boʻrtib — chiqib turgan qismlaridan sinib, buzilib qolishi oqibatida simob oqib chiqib ketishining oldini olish maqsadida ular gʻilof yoki toʻsiq bilan oʻralgan boʻlishi lozim.
646. Apparatura va asboblarga simob toʻldirishda ularni soʻruvchi shkaf ichidagi tagliklarga qoʻyib turib, mutasaddi shaxs nazorati ostida bajarish zarur.
647. Simob bilan qoʻshilib alanga hosil qiluvchi metall buyum, qism va ashyolarning yuzasiga moyli boʻyoq yoki lok surtib qoʻyish lozim.
648. Simob pol, yerga toʻkilishining oldini olish uchun, simob solingan idishni qora poʻlatdan yasab, emal bilan boʻyalgan taglik (patnissimon)ga joylashtirib ishlash kerak.
649. Toʻkilgan simobni tezda va yaxshilab germetik shisha idish (ballon)ga yoki sirlangan va chinni idishga yigʻib olish zarur. Mazkur ishlarni bajarishda rezina “nok” (soʻrgich), vakuum nasos yoki boshqa vositalardan foydalanish lozim. Simob batamom yigʻib olinganligini lupa yordamida tekshiriladi.
650. Pol (yer)ga toʻkilgan simob qoldigʻini temir xloridining 20% li eritmasi shimdirilgan latta yordamida tozalanadi.
651. Ish jarayoni davomida va yakunida ish joyi va apparatlarni simobning mayda tomchilaridan tozalash zarur.
652. Xona (laboratoriya) har kuni namlab tozalash (artish)dan oldin lupa yordamida aniqlangan simob zarrachalarini mexanik yoʻl bilan — rezina “nok” (soʻrgich), suv oqimli vakuum nasos va boshqa vositalar bilan obdan yigʻishtirib olinadi.
653. Bir oyda kamida bir marta xonada toʻliq tozalash oʻtkaziladi. Bu jarayonda devorlar, pollar, stol va boshqa mebellarni sovunli suv bilan yuvib, temir xloridining 20% li eritmasi bilan artib, soʻngra yana bir bor sovunli suv bilan artib chiqiladi.
654. Ifloslangan simobni rezina tiqinli, suvli bankaga toʻplash lozim. Uni oqova tizimiga toʻkish mumkin emas.
655. Simob bilan ishlanadigan xona (bino)dagi havoda simob bugʻlari miqdorini bilish uchun har 2 haftada bir marta havo tarkibini tahlil qilib turish zarur.
656. Havodagi simob bugʻlarining oʻta yuqori konsentratsiyasi aniqlanganda, tegishli tozalash ishlarini qayta oʻtkazib, havo muhitini qoʻshimcha ravishda tahlil qilish lozim.
657. Simob saqlanadigan xona (bino)da oziq ovqat va suvni saqlash taqiqlanadi.
658. Simob bilan ishlovchilar, ovqatlanishdan oldin maxsus korjomani yechib, qoʻlni sovunlab yuvib, ogʻizni margansovkaning kuchsiz eritmasi (pushti rangdagi) bilan chayqab, tishlarni tozalash kerak.
659. Simob bilan ishlovchilarga maxsus sof sut ish boshlanguncha berilishi lozim. Sut oʻrniga boshqa narsalar berish mumkin emas.
660. Ish oxirida ishchi korjomasini yechib, changyutgich yoki yumshoq moʻyna bilan tozalab yuborib, shkafga joylashtirib qoʻyishi, ogʻzini margansovkaning kuchsiz eritmasida chayqab tashlab, dushda yuvinishi lozim.
Simob bilan ishlovchilarni bir yilda kamida bir marta tibbiy koʻrikdan oʻtkazish zarur.
IX bob. QURILMALAR, TEXNOLOGIK USKUNALAR VA QUVUROʻTKAZGICHLARNI ISHLATISH VA TAʼMIRLASHGA OID XAVFSIZLIK TALABLARI
1-§. Umumiy talablar
661. Barcha texnik qurilmalardan ularning texnik tafsiloti, pasportidagi maʼlumotlar va belgilangan tartibda tasdiqlangan ishlatishga oid yoʻriqnomalarga mos ravishda foydalanish lozim.
662. Barcha texnologik apparatlarda texnologik sxemada koʻrsatilgan aniq koʻrinib turadigan pozitsiyalariga belgilar yozilgan boʻlishi kerak. Kolonna turidagi, turli qavatlardagi xonalar joylashgan apparatlarning har bir qavatda belgisi boʻlishi zarur.
663. Kolonna turidagi apparatlarni tozalash va taʼmirlash uchun ularning lyuklarini ochishni eng yuqoridagisidan boshlash kerak. Pastdagi lyukni ochishdan oldin, apparatning yuzasida hosil boʻlgan choʻkindilar alangalanib ketmasligi uchun, bugʻli shlangni tayyor holda ushlab turish zarur.
664. Tez alangalanadigan va gazsimon mahsulotlar, selektiv eritkichlar va reagentlardan namuna olish ishlarini binoning tashqarisida bajarish lozim. Buning uchun namuna olish quvurchasini bino (xona)ning tashqarisiga chiqarish zarur. Namunani binoning ichida turgan holda olish zarurati tugʻilganda namuna olish quvurchasini soʻruvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan maxsus shkaf ichiga oʻrnatish lozim. Ayni paytda shkaf eshikchalari ochilishi bilan shamollatish tizimi avtomatik ravishda ishlab ketishi kerak.
665. Uskunalarni joylashtirishda xizmat koʻrsatish va qurilmalarni taʼmirlash sharoitlarini, hamda quyidagi shartlarni hisobga olish zarur:
a) doimiy ish joylaridagi oʻtish joylarining kengligi kamida 2 m boʻlishi;
b) mashinalarga xizmat koʻrsatish fronti boʻyicha oʻtish joylarining kengligi kamida 1,5 m boʻlishini;
v) apparatlar orasidagi, hamda apparatlar bilan qurilish konstruksiyalari orasidagi (doira boʻylab xizmat koʻrsatish zarur boʻlganda) masofa kamida 1 m boʻlishini.
666. Tashqaridagi qurilmalarga xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga isinishlari uchun alohida xona rejalashtirilishi lozim.
667. Yayov yuriladigan isitilgan oʻtish joylari bilan jihozlanmagan ishlab chiqarish binolarida yoki xodimlar tashqaridagi qurilmalarga xizmat qilishlari zarur boʻlgan sharoitlarda ustki kiyim saqlanishi uchun alohida xona boʻlishi kerak.
668. Ishlab turgan uskuna va quvuroʻtkazgichlarda taʼmirlash ishlarini olib borish mumkin emas.
669. Portlashdan xavfli joylardagi qurilmalarda ishlaganda uchqun chiqarmaydigan asboblardan foydalanish lozim.
670. Portlash — yongʻindan xavfli va zaharli muhitlar bilan ishlovchi texnologik uskunalarni ochish (germetikligini buzish) bilan bogʻliq barcha ishlar gazdan xavfli ishlar kategoriyasiga mansub hisoblanib, gazdan xavfli va taʼmirlash ishlarini xavfsiz oʻtkazishni tashkil qilish va mazkur qoidalar talablariga rioya qilgan holda bajarilishi kerak.
671. Montaj qilish, texnik koʻrikdan oʻtkazish yoki ishlatish jarayonlarida uskunalar meʼyoriy texnik hujjatlar talablariga mos emasligi aniqlanganda ularni ishlatishdan chiqarib yuborish zarur.
672. Uskunalarning ishchilarga xavf tugʻdiradigan, bogʻlanma, detallari moslamalari va elementlari, hamda toʻsiq va muhofaza qurilmalarning yuza qismlari ogohlantiruvchi rangga boʻyalishi lozim.
673. Texnologik quvuroʻtkazgichlar, ularning tuzilishi va xavfsiz ishlatilishiga doir belgilangan talablarga mos boʻlishi shart.
674. Ogʻir vaznli detallar va alohida uskunalarni koʻtarish va jildirish uchun statsionar yoki koʻchma yuk koʻtarish mexanizmlari rejalashtirilgan boʻlishi kerak.
2-§. Neft, neft mahsulotlari va yonuvchi gazlarni oʻtkazuvchi texnologik quvuroʻtkazgichlar
675. 10 MRa gacha bosim ostida ishlovchi neft, neft mahsuloti va yonuvchi gazlar oʻtkaziladigan texnologik quvuroʻtkazgichlar RH 39.0-0.42:2007 “10 MRa (100 kgf/cm2) gacha bosim ostidagi quvuroʻtkazgichlarni ishlatish va taʼmirlash” texnik hujjati talablarga mos boʻlishi lozim.
676. Har bir qurilma uchun uning yerosti va ustidagi quvuroʻtkazgichlarining joylashish sxema (chizma)si tuzilgan boʻlishi kerak.
Quvuroʻtkazgichlar joylashuvidagi keyingi barcha oʻzgarishlar sxemada aks etgan boʻlishi zarur.
677. Tashqaridagi qurilmalar, binolarning ustidan, tagidan va ichidan portlash — yongʻindan xavfli mahsulotli tranzit quvuruzatgichlarni oʻtkazish mumkin emas. Mazkur talab rezervuarlar ustidan oʻtadigan baravarlashtiruvchi va havo oluvchi quvuroʻtkazgichlarga taalluqli emas.
678. Harorat taʼsiridan roʻy beradigan deformatsiya (shaklining oʻzgarishini) yoʻq qilish uchun quvuroʻtkazgich trassasini burib, egib joylashtirish lozim, oʻz-oʻzidan kompensatsiyalash imkoni boʻlmagan sharoitlarda (masalan, katta uzunlikdagi toʻgʻri uchastkalarda) quvuroʻtkazgichlarining oʻziga kompensatorlar oʻrnatish darkor.
Yer ustiga yotqizilgan quvuroʻtkazgichlardagi kompensatorlar, burilish va egilish joylari lotoklarga oʻrnatilishi zarur.
679. Yer ustidagi quvuroʻtkazgichlarning tayanch ustunlari va osma moslamalari holatini muntazam ravishda nazorat qilib turib, quvuroʻtkazgichlar deformatsiyaga uchrab, osilib qolishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Aks holatda quvurlardan mahsulot sizib (oqib) chiqishi yoki avariya roʻy berishi mumkin.
Tayanch ustunlar va osma moslamalardagi har qanday nosozlik tezlik bilan bartaraf etilishi lozim.
680. Rezervuar parki va nasosxonadagi quvuroʻtkazgich tarmoqlari avariya sharoitlarida neft mahsulotini bir idishdan ikkinchisiga tezda haydab oʻtkaza olish imkoniyatini nazarda tutishi kerak.
681. Suv ajrab chiqishi ehtimoli boʻlgan gaz oʻtkazgichlarni oʻrnatish paytida, quvurlarning egilib, pastlashib qolishiga yoʻl qoʻymaslik, mazkur joylar (“qopchalar”)da suv toʻplanishining oldini olish uchun, suvni chiqarib yuborish zaruratini rejalashtirish lozim.
Korxona hududidan yonilgʻi gaz quvurlarini oʻtkazish ishlari amaldagi normativ-texnik hujjatlarga muvofiq ravishda bajarilishi zarur.
682. Quvuroʻtkazgichlarda tupik uchastkalar boʻlmasligi kerak. Imkoniyati boʻlmagan vaziyatlarda tupik uchastkalarni doimiy nazorat ostiga olib, zaruratga koʻra isitish choralarini qoʻllash lozim.
683. Tarkibida nam saqlovchi muhitlar oʻtkazuvchi yer ustidagi quvurlarni muzlashdan saqlash maqsadida issiq saqlovchi izolyatsiya qilinishi, zarur vaziyatlarda qizdiruvchi moslama oʻrnatilishi zarur.
684. Quvuroʻtkazgich montaj qilingandan yoki taʼmirlangandan keyin ichidagi kir, iflos, kuyindi va begona narsalarni chiqarib tashlanishi yaxshilab puflanishi yoki yuvilishi kerak.
685. Barcha texnologik quvuroʻtkazgichlar payvandlash, flanetsli ulanmalarini ajratish bilan bogʻliq taʼmirlash oʻtkazib montaj qilingandan keyin, vaqtincha ishlatmay toʻxtatib qoʻygan yoki bir yildan ortiq muddat ichida ishlatilmaganda, hamda davriy reviziya oʻtkazib ishga tushirishdan oldin zichlik va mustahkamlikka sinab koʻrilishi zarur.
686. Portlash va yongʻindan xavfli, zaharli, hamda agressiv moddalar uchun moʻljallangan quvuroʻtkazgichlarda “xomut”lar oʻrnatish taqiqlanadi.
687. Turli muhitlar uchun ishlaydigan 2 ta quvuroʻtkazgichlar oʻzaro 2 ta zulfin bilan birlashtirilgan va ular orasida tashlama tarmoq (“havo chiqarish”) oʻrnatilgan boʻlsa, har smenada kamida bir marta tashlamadagi joʻmrakni ochib — yopish yoʻli bilan zulfinlar germetikligini tekshirib turish lozim.
Tashlamaning normal holati — ochiq turishi hisoblanib, tizimlar bir-biridan ajratilganligini koʻrsatadi.
688. Oʻta qovushqoq issiq mahsulotni haydagandan keyin ular har safar quvuroʻtkazgichlarda qotib qolmasligi uchun, quvuroʻtkazgichlarni, avariya quvuroʻtkazgichlarni ham, kam qovushqoq, qotmaydigan mahsulot bilan yuvib (haydab) tashlash lozim.
689. Izolyatsiya qilingan joylarga neft mahsuloti shimilganligi aniqlanganda, mazkur yerlar oʻz-oʻzidan alangalanib ketmasligi uchun choralar qoʻllash zarur (izolyatsiyani yangilab almashtirish, suv bugʻini keltirish va sh.k.).
690. Qaynash harorati 45°S gacha boʻlgan suyultirilgan gazlar va TAS uchun muhitning temperaturasi va bosimi qanday boʻlishidan qatʼi nazar armatura poʻlatdan yasalgan boʻlishi zarur.
691. Berkitish qurilmalarini joylashtirishda qulay va xavfsiz xizmat koʻrsatish zaruratini hisobga olish kerak.
692. Zulfinlar, joʻmraklar, kranlar va boshqa berkitish qurilmalari mahsulotning alohida uchastkalarga borishini darhol va ishonchli toʻxtay oladigan boʻlishi kerak. Ulardagi har qanday nosozlik zudlik bilan bartaraf etilishi zarur.
693. Ishlamayotgan apparatlar, uskunalar yoki quvuroʻtkazgichlardagi zulfin (joʻmrak)larni ochiq holda qoldirish taqiqlanadi.
Texnologik sxemadan chiqarilgan apparatlar, uskunalar va quvuroʻtkazgichlar tiqinlar bilan berkitib tashlanishi zarur.
694. Quvuroʻtkazgichlardagi zulfinlar muntazam ravishda moylanib turishi va oson ochilib-yopiladigan boʻlishi kerak.
Ularni lom, quvur va sh. k. yordamida ochish yoki yopish taqiqlanadi.
695. Quduqlardagi armaturalarni koʻrikdan oʻtkazilgan yoki undan foydalanilgandan keyin, quduq qopqogʻini yopish zarur. Lotokga joylashgan quvurlarni koʻrikdan oʻtkazib yoki taʼmirlab boʻlgandan keyin lotok ustini plita bilan yopib qoʻyish darkor.
696. Quvurtoʻtkazgich ichida mahsulot muzlab qolganda quyidagi choralarni qoʻllash lozim:
a) muzlagan chegarani aniqlash uchun quvuroʻtkazgichning muayyan uchastkasini koʻzdan kechirib chiqish;
b) quvuroʻtkazgich buzilmagan (yorilmagan) ekanligiga ishonch hosil qilish;
v) quvuroʻtkazgichni umumiy tizimdan uzib qoʻyish; uzish (ajratib) qoʻyish imkoni boʻlmasa va avariya xavfi sezilsa, qurilma ishini toʻxtatish;
g) muzlagan joydagi tiqinni eritishga kirishish.
Muzlagan joyning eng oxiridan boshlab uni bugʻ yoki qaynoq suv bilan eritish lozim.
697. Muzlab qolgan tashlama quvuroʻtkazgichlarni, apparatlarni zulfini ochiq turgan holatda qizdirib eritish taqiqlanadi.
698. Shtutserlarga oʻrnatilgan neft mahsuloti, bugʻ va suv shlanglarini xomutlar yordamida yaxshilab mahkamlash lozim. Sim bilan oʻrab bogʻlash mumkin emas.
Suyultirilgan neft gazlari uchun quvuroʻtkazgichlar
699. Suyultirgan neft gazlarini haydashga moʻljallangan quvuroʻtkazgichlar boshqa turdagi mahsulot va gazlar (suv bugʻi, suv, neft mahsulotlari, inert gaz, havo va sh.k.) uzatadigan quvuroʻtkazgichlarga ulanmagan boʻlishlari kerak.
700. Quvuroʻtkazgichlarni taʼmirlashdan oldin purkash uchun inert gazi yoki bugʻ, ularga yechib olinadigan quvur toʻplami yoki egiluvchan shlang yordamida, har ikkala tomoniga berkituvchi armatura oʻrnatib butlanadi. Puflash tugallangandan keyin quvuroʻtkazgich yoki shlanglar yechib olinib, berkitish armaturasiga tiqin oʻrnatiladi.
701. Suyultirilgan neft gazlarini haydash uchun barcha quvuroʻtkazgichlarda sigʻimlar parkiga kiraverishda ularni kiritishdan oldin sigʻimlarni umumzavod ichidagi boshqa tarmogʻidan uzib qoʻyish uchun zulfin oʻrnatilishi kerak.
702. Suyultirilgan gaz sigʻimlaridagi uzib qoʻyuvchi qurilma sigʻimlardagi shtutserlarga oʻrnatilishi lozim. Mazkur ishni bajarish imkoniyati boʻlmasa, u sigʻim shtutserlariga iloji boricha yaqinroq joyga oʻrnatilishi kerak.
703. Zulfin va joʻmraklarni ohista, gidravlik zarbalar roʻy berishiga yoʻl qoʻymay, ochish lozim.
704. Suyultirilgan neft gazlari bilan toʻldirilgan quvuroʻtkazgichlarda taʼmirlash ishlarini olib borish taqiqlanadi.
3-§. Rezervuarlar
Neft va neft mahsulotlar uchun vertikal poʻlat rezervuarlar
705. Ishlatilayotgan har bir rezervuar uni qurilishiga oid loyiha va GOST talablariga muvofiq ravishda tegishli uskunalar bilan toʻliq butlangan boʻlishi kerak.
706. Neft va tezalangalanadigan neft mahsulotlari saqlanadigan rezervuarlar minimal mahsulot yoʻqotishini taʼminlovchi armaturalar bilan jihozlanishi zarur.
707. Rezervuarlar muzlamaydigan likopchali havo olish klapanlari bilan uskunalanishi kerak.
Gidravlik klapanlarni qiyin bugʻlanadigan va muzlamaydigan suyuqlik bilan toʻldirish lozim.
708. Havo oluvchi va gidravlik (saqlovchi) klapanlarning toʻgʻri ishlashini vaqti-vaqti bilan tekshirib turish zarur. Klapanlar, uskunalar va armaturalarning ish davomidagi koʻrikdan oʻtkazish muddatlari “Poʻlat rezervuarlarni texnik ishlatish qoidalari” normativ-texnik hujjat asosida belgilanadi.
709. Rezervuarlarni toʻldirish yoki boʻshatish tezligi havo oluvchi klapanlarning muhit oʻtkazish imkoniyati meʼyorlaridan ziyod boʻlmasligi kerak.
710. Rezervuarlarga mahsulot damlashdagi ishchi bosim, mazkur idish uchun moʻljallangan bosimdan ziyod boʻlmasligi zarur.
711. Rezervuarlarga mahsulotni qabul qiluvchi quvuroʻtkazgichni joylashishi mahsulot suyuqlik tagiga tushishini taʼminlashi lozim. Rezervuarlarga yuqoridan oqizib (shovullatib) mahsulot qoʻyish mumkin emas.
712. Rezervuarlarga oʻlchov oynachalari va namuna olish joʻmraklarini oʻrnatish man etiladi.
713. Rezervuarlardagi mahsulot sathi masofadan turib boshqariladigan asboblar yordamida oʻlchanadi. Namuna olish esa rezervuar pastiga (tubiga)ga tushadigan maxsus namuna olgichlar bilan amalga oshiriladi.
714. Istisno tariqasida, ishlab turgan korxonalar rezervuarlarining oʻlchov lyuklari orqali sathni oʻlchash va namuna (qoʻlda) olishga ruxsat etiladi. Ayni paytda neftni qayta ishlash va neftkimyo sohasining korxonalarida gazdan xavfli ishlar oʻtkazishni tashkil qilish va bajarish boʻyicha mavjud yoʻriqnomalarga rioya qilish zarur. Momaqaldiroq paytida sathni oʻlchash va namuna olish ishlarini bajarish taqiqlanadi.
715. Qulay xizmat koʻrsatish uchun rezervuarlardagi oʻlchov lyuki, oʻlchov oʻtkazish maydonchasi chetidan eng koʻpi bilan 0,5 m uzoqlikda boʻlishi kerak.
716. Lyuk ichidagi oʻlchov oʻtkazish teshigining gardishi barcha perimetri boʻylab oʻlchov lentasi harakatlanayotganda uchqun chiqarmaydigan material bilan oʻralgan boʻlishi lozim.
717. Bugʻlari 45°S va undan past haroratda alangalanadigan neft mahsulotli rezervuarlarning oʻlchov lyuki germetik (jips) qopqoq va oyoq bilan ochadigan pedal bilan uskunalanishi zarur. Qopqoq tagida, lyuk ehtiyotsizlik bilan berkitilganda uchqun chiqishining oldini oluvchi mis, qoʻrgʻoshin yoki rezina qistirma boʻlishi kerak.
718. Sathni oʻlchash yoki namuna olish uchun rezervuar lyukini ochganda shamol kelayotgan tomonga orqa qilib turish zarur.
719. Rezervuarga neft mahsuloti quyilayotganda yoki boʻshatilayotganda, uning yuqori lyuki orqali TAS namunasini olish taqiqlanadi. Rezervuarlarga quyish yoki undan toʻkish jarayonidan kamida 10 min oʻtib, suyuqlik harakati toʻxtagandan keyingina namuna olish mumkin.
720. Namuna olishni, urilganda uchqun chiqarmaydigan metall namuna olgich vositasida bajarish lozim.
721. Ochiq holatdagi oʻlchov lyukiga egilib (enkayib) qarash taqiqlanadi.
722. Qorongʻi paytlarida namuna olishda faqat portlashdan himoyalangan koʻchma yoritkichlar (akkumulyatorli, batareyka)dan foydalanishi zarur. Yoritkichlarni yoqish yoki oʻchirish rezervuar parki toʻsigʻining (marzaning) tashqarisida amalga oshiriladi.
723. Oʻlchash yoki namuna olish tugagandan keyin oʻlchov lyukining qopqogʻini ohista, zarbasiz berkitish kerak.
724. Butun aylanasi boʻylab tutqichli (suyanchiqni) toʻsigʻi yoʻq rezervuarlarda, uning ustiga chiqadigan narvonning har ikkala tomoniga qarab tomning perimetri boʻylab tutqichli toʻsiqlar oʻrnatilishi va tomning mazkur qismida barcha uskunalar (oʻlchov lyuki, oʻlchash qurilmasi, saqlagich klapan, armatura va sh. k.) joylashtirilishi kerak. Toʻsiqning balandligi eng kamida 1 m boʻlib, oʻrtasida planka oʻrnatilishi lozim. Havo olish va saqlagich klapanlari turgan maydoncha rezervuarlardagi narvon (zina) maydonchasi bilan eni kamida 0,5 m keladigan koʻprik bilan bogʻlangan boʻlishi zarur.
Rezervuarlarning tomi boʻylab yurish taqiqlanadi.
725. Rezervuarlarning narvon va maydonchalari doimo toza, sarishta holda boʻlishi kerak.
Narvoni va maydonchalari nosoz rezervuarlarni ishlatish mumkin emas.
726. Rezervuarlar ustiga chiqadigan narvonning nishabligi amaldagi meʼyorlarga mos kelishi kerak.
727. Narvonning eng yuqoridagi maydonchasi rezervuarning eng tepadagi burchagi yoki shvelleri bilan bir tekislikda boʻlishi lozim.
728. Rezervuarning eng tubiga oʻrnatilgan suv chiqarish joʻmraklari va zulfinlarini, hamda birinchi qavat (poyas)dagi joʻmraklar sovuq paytlarda isitilib turilishi zarur.
729. Rezervuar ichiga bugʻli zmeyevik oʻrnatilgan boʻlsa, undan kondensatni chiqarib yuborish moslamasi rejalashtirilgan boʻlishi lozim. Bugʻli zmeyeviklar tayanchlarga oʻrnatilishi zarur. Zmeyevik quvurlari faqat payvandlab ulangan boʻlishi kerak.
Suyultirilgan gazlar va benzinning yengil fraksiyasini saqlash uchun idishlar
730. Suyultirilgan gazlar va benzinning yengil fraksiyalari saqlanadigan, 7 MRa (0,7 kgf/cm2) bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi, ishlatish va koʻrikdan oʻtkazish tartibi “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” normativ-texnik hujjat talablariga mos boʻlishi kerak.
731. Har bir idishga eng kamida 2 ta saqlagich klapanlar oʻrnatilishi lozim. Ulardan bittasi nazorat klapani hisoblanadi. Klapanlar idish bilan uch tomonlama (uch oyoqli) qayta ulovchi joʻmrak orqali ulanishi lozim.
732. Idishlarga saqlagich klapanlar va har ikkala klapanni bir vaqtida ishlashini taʼminlovchi uch oyoqli joʻmrakning toʻgʻri oʻrnatilganligini obyektdagi mexanik tekshirib, klapan holatini belgilovchi va uning oʻzgarib ketishining oldini oluvchi plomba qoʻyiladi.
733. Saqlagich klapanlar va uchoqli qayta ulovchi moslamani tekshirib, plombalanganligi haqida tegishli dalolatnoma tuziladi.
734. Normativ-texnik hujjatlarga koʻra saqlagich klapanlar gazni chiqarib yubora oladigan qilib sozlanadi.
735. Saqlagich klapanni taʼmirlash uchun yechib olinganda, oʻrniga ishga yaroqlisini qoʻyish kerak.
Yechib olingan klapan oʻrniga zulfin yoki tiqin oʻrnatish taqiqlanadi.
736. Barcha idishlardagi nazorat klapanlaridan chiqadigan gazni umumiy kollektor orqali mashʼalaga yoki yopiq tizimga, ishchi klapanlardan chiqqan gazni esa havoga chiqariladi.
Saqlagich klapanlardan chiqadigan gazni chetlatuvchi quvuroʻtkazgich bugʻli “yoʻldoshga” ega boʻlib, u bilan birga izolyatsiya qilinishi zarur.
737. Idishlardagi bosimni nazorat qilib turish uchun quyidagi joylarga manometrlar oʻrnatilishi kerak:
a) gorizontal idishlarda 1 dona (yuqori qismiga);
b) sharsimon idishlarda 2 ta (yuqori qismida va pastki quyqalar choʻkkan “oʻlik” joyga).
Manometrga boradigan tarmoqqa suyultirilgan gaz namunasini olish uchun moslama ulash taqiqlanadi.
738. Suyultirilgan gaz haroratini oʻlchash uchun har bir idishga termometr oʻrnatish lozim. Idishga quyilayotgan mahsulotning harorati idish uchun ruxsat etilgan ishchi bosimda mahsulot bugʻlarining tarangligidan ziyod boʻlmasligi kerak.
739. Suyultirilgan gaz solingan idishlardagi mahsulot sathini nazorat qilib turish uchun koʻrsatkichlarni mahsulot parki hududidagi shkafga joylangan shchitga yoki operator xonasidagi shchitga keladigan avtomatik asboblar (sath oʻlchagich) oʻrnatish lozim.
740. Harorati 15°S va undan ziyod boʻlgan suyultirilgan gaz idishlar hajmining 83% gacha toʻldirish mumkin. Gazning harorati 15°S dan past boʻlganda idishni toʻldirishning maksimal miqdori quyidagiga belgilanadi:
a) propan uchun — idishning har 1 m3 ga — 425 kg;
b) propan uchun — idishning har 1 m3 ga — 488 kg.
741. Harakatdagi (tashilayotgan, poyezdlardagi) idishlarga solingan suyuqlik sathi, harorati va bosimini har 2 soatda, mahsulot saqlanadigan joylardagisini esa, har vaxtada kamida bir marta oʻlchab, nazorat qilib turish zarur.
742. Idishlarga suyultirilgan neft gazlarini erkin oqizib (shovullatib) quyish taqiqlanadi. Suyultirilgan neft gazining qoldiqlari boʻlmagan idishlar (yangilari, texnik sinovdan oʻtgandan keyin, tozalangandan keyin) toʻldirishda portlashdan xavfli aralashmalar hosil boʻlishiga qarshi ehtiyot choralarini (avval inert gazi, suv bugʻi bilan puflab tashlab, mahsulotni asta-sekin quyilishi ustidan nazorat oʻrnatish) qoʻllash lozim.
743. Suyultirilgan gaz namunalarini gazning maksimal bosimiga bardoshli idishlarga (namuna olgichlarga) solish kerak.
Nosoz yoki tekshirish muddati oʻtgan namuna olgichlardan foydalanish taqiqlanadi. Har bir namuna olgich uchun pasport joriy etilishi zarur.
744. Suyultirilgan gaz namunalari olinadigan namuna olgichdagi suyuq fazaning hajmi, namunaning umumiy hajmining 83%, yaʼni namuna olgichning yuqori joʻmragi barobarida boʻlishi kerak.
745. Idishlardan namunani, idishlarga xizmat koʻrsatuvchi operator bilan birga namuna oluvchi shaxs yoki namuna olishga ruxsati bor operator ishtirokida olishi lozim.
746. Idishda suv toʻplanishining oldini olish uchun muzlamaydigan klapan orqali vaqti-vaqti bilan suvni kanalizatsiyaga chiqarib turish kerak.
747. Qish (sovuq) paytlarida idishdan suvni chiqarib yuborgandan keyin, muzlamaydigan klapan yaxshilab yopilishi, tashlama quvurdagi zulfin ochiq holatda qolishi kerak.
748. Idishdagi suvni tashlash jarayoni kuzatuvchi ishtirokida amalga oshiriladi. Ishlovchi va kuzatuvchi shaxslar gazniqob kiyib, shamol kelayotgan tomonga orqa qilib turishlari lozim.
749. Suyultirilgan neft gazlari solingan idishlarni quyosh nuri taftidan himoyalash uchun, idishlarni ochiq rangga boʻyash zarur. Idish ichidagi mahsulot 45°S dan yuqori darajaga isishi mumkin boʻlgan hududlardagi propan va propan — propilen fraksiya solingan idishlarni himoyalash uchun texnik tadbirlar (issiqlik izolyatsiyasi, soyabonlar, suv bilan hoʻllab turish)ni qoʻllash zarur.
750. Suyultirilgan gazli idishlarga narvon-qoʻshoyoqli narvonchalar oʻrnatish mumkin emas.
4-§. Neft mahsulotlarini quyish-toʻkish estakadalari
751. Quyish-toʻkish estakadalarini loyihalash, montaj qilish, ishlatish va taʼmirlash temir yoʻl quyish-toʻkish estakadalarini loyihalashga oid normativ-texnik hujjatlar va mazkur qoidalar talablari asosida amalga oshiriladi.
752. Quyish-toʻkish estakadasiga quvuroʻtkazgichlar va berkitish moslamalarini bugʻlash va qizdirish uchun bugʻ tizimi keltirilgan boʻlishi kerak.
753. Bir-biriga aralashuvi mumkin boʻlmagan mahsulotlarni quyish toʻkishni alohida-maxsus estakadalarda yoki alohida ustunlarda oʻtkaziladi. Estakada I kategoriya omborlar turiga mansub boʻlgandagi holatdan tashqari vaziyatlarida umumiy temir yoʻl quyish-toʻkish estakadalarida oqish (shaffof-tiniq) va qoramtir neft mahsulotlarini quyish-toʻkish mumkin.
754. Quyish-toʻkish estakadasini oʻzaro bir-biriga mos kelmaydigan mahsulotlarni almashtirish jarayonlarini koʻllab ishlatish mumkin emas.
Ayrim zarur paytlarda, xavfsizlikni taʼminlovchi tadbirlar ishlab chiqilgandan keyin korxonaning texnik direktori (bosh muhandisi)ning yozma ruxsatnomasi asosida neft mahsuloti turlarini almashtirib estakadani ishlatish mumkin.
755. Quyish estakadalarida nosoz sisternalarni neft mahsulotlaridan boʻshatish uchun tizimlar yoki maxsus punktlar bilan jihozlanishi kerak.
756. Estakadalarda neft mahsulotini quyish yoki toʻkish paytida sisternani tortib kelgan lokomotivni mazkur hududdan chiqarib qulflanadigan relsalmashtirgich yordamida temir yoʻlni berkitib qoʻyish zarur.
757. Quyish-toʻkish estakadasi uchastkasiga kiradigan yoʻl, temir yoʻllarga “Toʻxta!”, “Oʻtish, yurish taqiqlangan!” degan yozuvlar osib qoʻyish lozim.
758. Etillangan benzin quyish-toʻkish qurilmalarida, mazkur bobda bayon etilgan qoidalardan tashqari, etillashtirgich qurilmasida xavfsiz ishlash talablariga ham qatʼiy amal qilish kerak.
759. Quyish-toʻkish ishlari oʻtkazilmagan paytlarida sisternani estakada ulanganicha qoldirmaslik kerak.
760. TAS va YOS quyish-toʻkish qurilmasini boshqarish bino (xona)si tiniq neft mahsulotlarini temir yoʻl va avtomobil sisternalariga takt usulida quyish avtomatik qurilmalarni loyihalashga oid meʼyoriy hujjatlar talablariga mos boʻlishi zarur.
761. Quyish-toʻkish ishlarini bajarishda eng kamida 2 kishi boʻlishi shart.
762. Estakadagi temir yoʻllar, estakadaning oʻzi va tiniq neft mahsulotlarini haydashga moʻljallangan quvuroʻtkazgichlar, metall uchli shlanglar yerga tutashtirilgan boʻlishi kerak.
763. Estakada hududida sisternalarni taʼmirlash taqiqlanadi.
764. Momaqaldiroq paytida tez alangalanadigan neft mahsulotlarini quyish-toʻkish taqiqlanadi.
765. Tez alangalanadigan neft mahsuloti solingan temir yoʻl sisternalarini quyish-toʻkish joyiga keltirganda sisternani bitta toʻrt oʻqli yoki 2 ta ikki oʻqli boʻsh yoki yonmaydigan yuk joylashtirilgan vagon (platforma)lar bilan toʻsib qoʻyish zarur.
Tez alangalanadigan va yonuvchi suyuqliklar ortilgan sisternalarni quyish-toʻkish joyiga keltirgan teplovozlar suyuq yonilgʻida ishlashi kerak.
Teplovoz estakada hududiga (nazorat belgili ustunlarigacha) kirishi mumkin emas.
766. Quyish-toʻkish ishlarga rahbarlik qilish va u yerda jarayon paytida doimo boʻlish vazifasi vaxta boʻyicha boshliqqa yuklatiladi.
767. Quyish-toʻkish estakadasi hududida uchqun roʻy berishining oldini olish maqsadida tez alangalanadigan neft mahsulotlari solingan temir yoʻl sisternalarini metall boshmoqlar yordamida toʻxtatish taqiqlanadi.
768. Estakadaning xizmat koʻrsatadigan maydonchasidan sisterna ustiga maxsus oʻtish koʻprigi orqali borish kerak.
Estakadalarni oʻtish koʻpriklarisiz qurishga ruxsat etiladi. Bu holatlarda taglikni yaqinlashtirish, estakada konstruksiyasi va uning elementlari quyish-toʻkish operatsiyalarida, hamda estakadadan sisternaga oʻtishda xavfsizlikni taʼminlay oladigan qilib oʻrnatilishi, sisterna va uning ayrim elementlari estakadaga tegib turmasligi kerak.
769. Sifon knopkani poʻlat arqon orqali kolonkaning yuqori qismiga mahkamlab qoʻyilgan lebedka (chigʻir) yordamida burash (aylantirish) lozim.
770. Tez alangalanadigan mahsulotli sisternalar qopqogʻi (lyuki) ochish-yopishda, hamda quyish ishini nazorat qilish paytida ishchi shamolga orqasini, yuzini lyuk tomonga qaratib turishi kerak.
771. Alangalanish (yonib ketish) harorati 45°S va undan past boʻlgan neft mahsulotlarni quyish-toʻkish paytida vagon-sisternalar lyuklarining qopqogʻini qattiq zarbasiz, uchqun chiqarmay ochish yoki yopish, ularga shlanglar, teleskopik quvurlar va boshqa asboblarni ohistalik bilan ulashlari kerak. Mazkur operatsiyalarda ishlatiladigan asbob-uskunalar uchqun chiqarmaydigan metalldan yasalishi zarur.
772. Tez alangalanadigan neft mahsulotlarini sisternaga bir maromda (shovullatmay) suyuqlik tagiga quyish kerak. Buning uchun quyish shlangining uchini sisternaning tagigacha yetkazib tushirish kerak.
773. Sisternadagi tez alangalanadigan neft mahsulotlarni elektr qurilmasi vositasida isitish mumkin emas.
Sisternadagi qovushqoq neft mahsulotlarini zmeyeviklar yoki elektrisitgichlar yordamida qizdirishda, isitgichlarni usti neft mahsuloti bilan yopilgandan keyingina ishga tushirish lozim. Quyish ishlari boshlanishdan oldin isitgichlarga elektr toki kelishini toʻxtatish zarur.
774. Suyultirilgan gazlar uchun moʻljallangan sisternalar boshqa neft mahsulotlarini tashishda foydalanish mumkin emas.
775. Bitta estakadada etillangan 2 ta kollektorni joylashtirish mumkin. Etillangan benzin bilan ishlaydigan kollektorni farqlanuvchi (boshqa) rangga boʻyab qoʻyiladi.
776. Estakada va uning hududida ulash shlanglari, artish lattalari, asboblar va boshqa narsalarni qoldirib ketish taqiqlanadi.
5-§. Nasosxonalar
777. Nasosxona binosidagi nasoslar, pol, lotok (ariq)lar doimo toza — sarishta holatda boʻlishi zarur.
Pol va lotoklarni yuvishdan chiqqan kislota, ishqor, selektiv erituvchilar, etil suyuqliklari va boshqa oʻyuvchi va zaharli moddalari bor suvlarni sanoat kanalizatsiyasining magistral tarmogʻiga tashlashdan oldin, ularni zararsizlantirish kerak.
778. Nasosxona va quvuroʻtkazgichlar boʻyogʻi, belgilangan qulay ranglarga boʻyalishi zarur.
Quvuroʻtkazgichlarga ular qanday ishlar uchun moʻljallanganligi, mahsulotlar harakatining yoʻnalishi, uskunalarda — texnologik sxemadagi indekslari, dvigatellarga esa — rotorning aylanish yoʻnalishi koʻrsatilishi shart.
779. Nasoslarda saqlanadigan surtish moylarining miqdori 20 l dan koʻp boʻlmay, yonmaydigan shkaflar yoki qopqogʻi yaxshi yopiladigan yashik (quti)larga joylashtirilishi kerak.
780. Nasosxonalarda uskunalarning eng ogʻir detallarini koʻtaradigan yuk koʻtarish moslamalari boʻlishi zarur.
781. Nasoslar orasidagi oʻtish joylarini materiallar, uskunalar yoki biror boshqa narsalar bilan toʻsib qoʻymaslik lozim.
782. Nasosxona binosidagi nasoslar va quvuroʻtkazgichlar qulay xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, koʻrikdan oʻtkazilishiga moʻljallab joylashtirilishi kerak.
783. Nasosxonani ishlatganda, nasoslar va quvuroʻtkazgichlardagi jipslik (germetiklik) muntazam ravishda nazorat qilib turish zarur.
784. Nasoslar, quvuroʻtkazgichlar va boshqa uskunalardagi mahsulot qoldiqlarini bevosita nasosxonaning oʻzida chiqarib (tozalab) tashlash taqiqlanadi.
Chiqindi suyuq mahsulotlar berk tarmoqlar orqali nasosxona tashqarisiga, suyuq chiqindilar-maxsus idishlarga, gaz, bugʻ esa mashʼala tizimiga yuboriladi.
785. Nasoslar uchun armaturani uning pasportida yozilgan shartli bosimga mos keladiganini tashlash lozim. Karbamid suspenziyasini haydovchi nasoslardan tashqari barcha markazdan koʻchma nasoslarning chiqarish quvuroʻtkazgichlariga teskari klapan oʻrnatish shart.
786. Ishlab turgan nasosdan zaxirasiga oʻtkazishda tegishli zulfinlar toʻgʻri ochilishini va nasosni ishga tayyor ekanligini tekshirish kerak.
787. Soʻruvchi va damlovchi kollektordan zaxiradagi nasosni uzib qoʻyish uchun faqat zulfinlardan foydalanish lozim. Mazkur maqsadlar uchun tiqinlar oʻrnatish taqiqlanadi.
788. Rezerv (zaxiradagi) nasos doimo ishlatishga tayyor turishi kerak.
789. Nasosni ishlab turgan paytida taʼmirlash mumkin emas.
Nasosning harakatlanuvchi qismlarini moylashda xavfsizlikni taʼminlovchi zarur moslamalar boʻlishi shart.
790. Nasosni ishlatayotganda uning muhit chiqayotgan joyidagi manometr nasosdagi normal bosimni koʻrsatib turishi kerak.
Nosoz manometr bilan yoki manometrsiz ishlash mumkin emas.
791. Dvigatelga mufta vositasida ulangan joyda toʻsigʻi yoʻq markazdan nasosni ishlatish taqiqlanadi.
792. Oʻz-oʻzidan alangalanadigan haroratgacha qizdirilgan neft mahsulotlarini haydovchi nasoslarda, masofadan turib elektr energiyani uzib qoʻyadigan moslama boʻlishi kerak.
793. Nasoslarning podshipniklari yetarli darajada moylangan boʻlishi zarur.
Podshipniklar qizib ketishiga yoʻl qoʻymaslik kerak.
794. Nasos ishi toʻxtatilganda uning salniklarini sovutish uchun yuborilayotgan suvni ham toʻxtatish lozim. Aks holda salnikdagi nojipslik tufayli nasos kamerasiga suv oʻtib ketishi mumkin.
795. Ichidagi kondensatni chiqarib tashlamay va bugʻ silindrlarini isitmay turib bugʻ nasoslarini ishga tushirish taqiqlanadi. Ayni paytida nasosdan chiqadigan quvuroʻtkazgichdagi zulfin ochiq holatda boʻlishi lozim.
796. Bugʻ nasosining toʻxtab turgan porsheni harakatga kelgan paytda, nasosning soʻruvchi va damlovchi mahsulot oʻtkazgichlaridagi zulfinlar, hamda bugʻ oʻtkazgich quvurlarning bugʻ kiradigan va ishlatilgan bugʻ chiqadigan joylaridagi bugʻ joʻmraklari yopiq holatda boʻlib, bosim tushirilgan boʻlishi lozim.
797. Suyultirilgan gazlar, tez alangalanadigan va zaharli suyuqliklarni haydashda, mahsulotni chiqarib yubormaydigan salniksiz, membranali nasoslarni ishlatish tavsiya etiladi. Salnikli nasoslardan foydalanilganda ularni yon (toretsli) zichlagichlar bilan uskunalash kerak.
798. KVN rusumli nasoslarni moylash uchun uzatadigan moy nasoslarida ularni avtomatik tarzda rezervlanishini taʼminlovchi muhosara moslamasi boʻlishi zarur.
799. Kislota haydayotgan nasosning ishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish lozim.
800. Kislota haydayotgan nasos ishlayotganda, undagi salniklar va boshqa ulanishlardagi germetik (jips)likni kuzatib turish va sizib chiqish holatlari aniqlanganda, nasos ishini toʻxtatib nosozlikni bartaraf etish choralarini qoʻllash zarur.
801. Kislota haydagan nasoslardagi barcha ishlarni (tozalash, yuvish, salnik zichlagichlarini almashtirish, kislota oʻtkazgichlardagi zulfinlarni almashtirish) nasosni batamom toʻxtatib qoʻyib, tizimni kislotadan boʻshatgandan keyingina bajarish lozim.
802. Tez alangalanadigan va yonuvchi suyuqliklarni havo bilan damlab uzatish taqiqlanadi.
Ochiq nasoslarga boʻlgan qoʻshimcha talablar
803. Uskunalari ochiq maydonchalarda, ayvon ostida, postament va tokchalarda joylashtirilgan, yengil devorli yoki devorsiz joylarga oʻrnatilgan nasoslar ochiq nasoslar deb ataladi.
804. Nasosxona polining yuzasidagi zmeyeviklar eng sovuq beshkunlikdagi oʻrtacha temperaturada (moʻljaldagi harorat) kamida 5°S harorat bilan isitib turilishini taʼminlanishi zarur.
805. Oʻta qovushqoq, suvli yoki tashqi havo taʼsiridan qotib qoladigan mahsulotlarni haydovchi nasoslarni ochiq maydonga oʻrnatish tavsiya etiladi. Istisno tariqasida, quyidagi shartlarni bajarib, nasoslarni ochiq joyga oʻrnatish mumkin:
— uzluksiz (toʻxtatmay) ishlash sharti bilan;
— nasoslar va quvuroʻtkazgichlarni izolyatsiyalab yoki isitish sharti bilan;
— tupikli uchastkalar boʻlmasligi sharti bilan;
— nasos va quvuroʻtkazgichlarni puflash tizimi mavjud boʻlganda.
806. Nasoslarni postamentlar va etajerkalar tagiga oʻrnatganda, uskunalar ustiga mahsulot va suv tushishining oldini olish zarur.
807. Tez alangalanadigan suyuqliklarni haydovchi nasoslarining tanasi, umumiy ramada turgan elektr dvigatel tanasi yerga ulanishidan qatʼiy nazar, alohida yerga tutashtirilgan boʻlishi kerak.
808. Tez alangalanadigan suyuqliklar va suyultirilgan gazlarni ochiq sharoitda haydash uchun salniksiz yoki toretslari zichlangan nasoslarni koʻllash lozim.
809. Nasos agregatlari oʻrnatilgan maydonchalarga agregatlarni isitish va puflash uchun (haydalayotgan mahsulot xossasiga koʻra) suv bugʻi, siqilgan havo yoki inert gazi tarmogʻi olib kelingan boʻlishi lozim.
810. Xizmat koʻrsatuvchilar uzoq vaqt nasoslar yonida qolib ketmasliklari uchun, nasoslar ishini operatorlar xonasidan nazorat qilib turadigan moslama oʻrnatish rejalashtirilishi zarur.
811. Sovuq paytlarida markazdan nasoslarni ishga tushirishdan oldin, ularni biroz isitib (qizdirib) olish lozim.
812. Podshipniklar tanasini va salnik kameralarini sovutish uchun muzlamaydigan suyuqliklar (antifriz, kerosin va sh. k.) qoʻllanilganda ular toʻxtovsiz, aylanma tizim boʻylab sirkulyatsiya qilinishi kerak.
Sovutish uchun harorati 20 — 30°S boʻlgan suvdan foydalanilganda, oqimni nazorat qilib turish uchun ochiq voronkalar yoki qarash (koʻrish) tuynugini oʻrnatish mumkin.
6-§. Kompressorxonalar
813. Kompressorxonaga telefon aloqasi oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
814. Kompressorlarning joylashuvi, ular orasidagi masofa, devorgacha boʻlgan oraliq normativ-texnik hujjatlarga mos, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun qulay boʻlishi lozim.
815. Yonuvchi gazlarni haydovchi kompressorlar joylashgan bino (xona)da moyli idishlarni saqlash mumkin emas. Mazkur idishlar kompressorlarni markaziy tarzda moylash tizimining ajralmas qismi hisoblanishi bundan istisno.
816. Salniklardan, silindrlar shtoklaridan va boshqa joylardan chiqayotgan zararli moddalarni tutish uchun shu joyning oʻzida ishlaydigan soʻruvchi moslamalar boʻlishi lozim.
817. Flanetsli ularmalarga qistirma material qoʻyishda, ular haydalayotgan muhit va ishchi jarayon parametrlariga dosh borishini inobatga olish kerak.
818. Kompressorning pasportida bayon etilmagan ishchi muhitni haydash uchun kompressorni qoʻllash mumkin emas.
819. Kompressorxonada muntazam ishlaydigan, ishga yaroqli shamollatish tizimi boʻlishi shart.
Nosoz yoki shamollatgich toʻxtatib qoʻyilganda kompressorni ishlatish mumkin emas.
820. Kompressorxona yuk koʻtarish mexanizatsiyalari bilan uskunalanishi lozim.
821. Amaldagi normativ-texnik hujjatlarga koʻra, kompressorxonada harorat, bosim va boshqa parametrlarni shu joyning oʻzida yoki masofadan turib nazorat qilib turuvchi asboblar oʻrnatilishi zarur.
822. Kompressorlarni ishlatish paytida uning ishidagi barcha parametrlarini doimiy ravishda nazorat qilib turish kerak. Kompressorlar, ish rejimi meʼyordan chetlashganda signal berish va avariya vaziyatlarida avtomatik tarzda toʻxtatib qoʻyadigan muhosara qurilmalari bilan jihozlanishi lozim.
Signalizatsiya va muhosara tizimlari rezerv kompressorni oʻz vaqtida ishga tushirilishini taʼminlaydigan qilib sozlanishi zarur.
823. Rezervdagi kompressorlar qabul qilish va damlash tarmoqlari boʻyicha farq qilinishi lozim.
824. Kompressor ishlayotganda uning silindrlari toʻgʻri moylanishini, moy oqib, sachrab ketmasligini tekshirib turish kerak.
825. Har safar kompressorni ishlatib boʻlgandan keyin ichidagi siqilgan gaz va havoni moydan tozalamay turib, qaytadan ishga tushirish mumkin emas. Kompressor ishlayotganda, moy ajratgichlardan ajralib chiqayotgan moylash materiallari toʻplanishiga yoʻl qoʻymay, ularni muntazam ravishda chiqarib (tashlab) turish lozim.
826. Kompressor va sovutgichlardan chiqayotgan issiq suvni sovutish tizimiga oʻtkazayotgan quvurlarning koʻrinarli joyiga quyidagi jihozlar oʻrnatilishi kerak:
a) aylanma sovutish tizimida — kuzatish oynasi lyuklari yoki nazorat joʻmraklari;
b) ochiq sovutish tizimida — toʻkish voronkalari.
827. Kompressorga kirish tomonida joylashgan separatordagi suyuqlik sathini nazorat qilib borib, kompressorga suyuqlik tushmasligi uchun, uni oʻz vaqtida tashlab (chiqarib) turish zarur.
Separatordagi suyuqlik sathini nazorat qilib turish uchun ovozli va yorugʻlik signalizatsiyasi, hamda suyuqlik sathi belgilangan chegaradan ortganda kompressorlarni toʻxtatuvchi muhosara qurilmasi oʻrnatilishi lozim.
828. Portlashdan xavfli va yonuvchi gazlarni aralashtirib, siqib haydovchi kompressorxonada kompressorlar bilan texnologik jihatdan bogʻliq boʻlmagan apparatlar yoki uskunalarni oʻrnatish mumkin emas.
829. Kompressor ishlayotganda har bir siqish darajasida hosil boʻlayotgan bosimni kuzatib borib, belgilangan meʼyordan ortib ketishiga yoʻl koʻymaslik kerak. Kompressorlardagi bosim ruxsat etilgan meʼyordan ziyod boʻlganda, kompressorlar ishini toʻxtatib qoʻyadigan yoki uni salt ishlashga oʻtkazuvchi manometrlar yoki bosimni avtomatik tarzda tartibga soluvchi uskunalar oʻrnatilishi lozim.
830. Kompressorlardagi barcha ulanmalar va gazoʻtkazgichlar muntazam ravishda, belgilangan muddatlar va meʼyorlarda zichlik (germetiklik)ga tekshirib turilishi zarur.
Gaz sizib chiqishi (oqishi) sezilganda kompressor ishini toʻxtatib turib, nosozlikni bartaraf etish kerak. Ishlab turgan kompressordagi gaz oqib chiqishini bartaraf etish taqiqlanadi.
831. Kompressorni taʼmirlagandan keyin ishga tushirishda foydalaniladigan sovutgichli elektr dvigatelni yurgizishdan oldin, elektr dvigatelni puflash (sovutish) uchun keladigan havo bosimi belgilangan past boʻlganda, ishga tushirmaydigan va toʻxtatib qoʻyadigan muhosara qurilmasining ishga yaroqli ekanligini tekshirib koʻrish darkor.
832. Kompressorlarga kelayotgan gazning harorati kondensatsiya roʻy berishiga imkon bermaydigan boʻlishi kerak.
Ammiak kompressor qurilmalari
833. Uskunalari taʼmirlangan (kompressorning oʻzi, apparatlari, quvuroʻtkazgichlar)dan keyin, hamda zaruratga koʻra uzoq toʻxtatib qoʻyilgan (rezervuarlardan tashqari) kompressorlarni ishga tushirish uchun qurilmaning boshligʻi yoki uning oʻrinbosari bergan yozma ruxsatnomani olish zarur.
Kompressorni ishga tushirish uchun, ichida toʻplanib qolgan ammiakni, soʻruvchi va damlovchi quvuroʻtkazgichlardagi joʻmraklar orqali, tashlab (chiqarib) yuborish kerak.
834. Kompressorni ishga tushirishda va ishlayotganida uning silindrlariga suyuq ammiakning tushishiga yoʻl qoʻymaslik zarur. Aks holda gidravlik zarbalar sodir boʻlishi, silindr va boshqa detallar yemirilishi mumkin.
835. Normal sharoitda ishlayotgan kompressorlarga soʻrilayotgan ammiakning harorati uning siqilib qaynash harorati darajasidan bir necha gradusga ziyod boʻlishi kerak.
836. Kondensator va bugʻlatgichlar, hamda bevosita sovutiladigan akkumulyatorlar va texnologik apparatlarda bosim koʻtarilishining oldini olish uchun yopiq tizimga saqlagich klapanlar orqali ammiak bugʻlarini yuborish nazarda tutilishi lozim.
837. Ammiakli sovutgichlarga yuborilayotgan suvning sovutilishini nazorat qila turib, uning harorati ishlab chiqarish yoʻriqnomasida belgilangan meʼyorlardan oshib ketmasligiga erishish lozim.
838. Saqlagich klapanlardan ammiak oqib chiqishi aniqlanganda, uni bartaraf etish uchun taʼmirlab tortish taqiqlanadi.
Mazkur holatlarda kompressor ishini toʻxtatib, nosoz saqlagich klapanni yaxshisiga almashtirish zarur.
839. Moy toʻplagichdan moyni toʻkishda KD rusumdagi gazniqob va rezina qoʻlqoplardan foydalanish kerak.
Xizmat koʻrsatuvchi xodim moy toʻkish jarayonini uzluksiz ravishda kuzatib borishi shart.
840. Kompressor karteridagi moyning harorati uni yasagan zavod bergan yoʻriqnomasida belgilangan miqdordan ziyod boʻlmasligi zarur.
841. Qurilmani ishlatish davomida ammiak tizimining germetikligini saqlash darkor. Kompressorning salniklaridan ammiak oqib chiqishi sezilganda, nosozlikni darhol bartaraf etish lozim.
Ammiak oqib chiqayotgan joyni aniqlash uchun maxsus kimyoviy indikatorlardan foydalanish zarur.
842. Kompressor ishlab turganda undagi flanetsli ulanmalarini mahkamlash, salnik zichlagichlarini, berkitish armaturani qisman yoki toʻlasiga almashtirish taqiqlanadi.
843. Moy yuborish tizimida nosozlik sezilganda, kondensatsiya tizimida bosim yuqorilab ketganda, kompressorda titrash va taqillash roʻy berganda, ampermetrda meʼyordan ziyod namoyon boʻlganda nosozlik sabablarini aniqlash va bartaraf etish uchun darhol dvigatel ishlashini toʻxtatish zarur.
844. Kompressor silindrlarini ochish, apparatlar va armaturani demontaj qilish ishlarini tizimdan ammiak va moyni toʻliq chiqarib tashlangandan keyingina bajarish mumkin.
Mazkur ishlarni tegishli shaxsiy himoya vositalarimiz oʻtkazish taqiqlanadi.
845. Kompressor silindridagi ammiak qoldiqlarini rezina shlang yordamida kompressorxona tashqarisidagi maxsus idishdagi suv qatlami tagiga chiqarish kerak yoki drenaj resiveri vositasida soʻrib olish lozim.
846. Mashina va apparatlar qismlarini, silindrlar, karter, moy ajratgichlar ichini koʻrikdan oʻtkazishda yoritish uchun faqat kuchlanishi 12 V dan yuqori boʻlmagan, portlashdan himoyalanib yasalgan koʻchma lampalardan foydalanish zarur.
847. Sovutish qurilmalarini qish paytida toʻxtatib qoʻyganda, muzlab qolmasligi uchun silindrlar atrofidagi va kompressor salniklaridagi, kondensator va suv bilan sovutiladigan boshqa apparatlardagi, hamda magistraldagi suvni drenaj (tashlama) joʻmraklar orqali chiqarib tashlash kerak.
Havo kompressor kurilmalari
848. Havo kompressorlarining tuzilishi va xavfsiz ishlatish tartibi amaldagi meʼyoriy hujjatlarga mos ravishda boʻlishi lozim.
849. Havo toʻplagichlar, nam — yogʻ ajratgichlar, oraliq va soʻnggi sovutgichlar va barcha darajadagi havo haydagich quvurlarda toʻplanib qolgan moy choʻkindilarini kompressorning har 5000 h ishlaganidan keyin kamida bir marta korxona bosh muhandisi tasdiqlagan metallning zanglashiga oid yoʻriqnoma boʻyicha tozalab turish zarur.
Havo oʻtkazgich va apparatlarni sulfanolning 30% li eritmasi vositasida tozalash tavsiya etiladi.
Izoh: 1. Sizish hosil qiluvchi boʻshliqlari moylanmaydigan, tomchi holatdagi moyni sirilgan havodan maxsus usulda tozalaganda, hamda havo toʻplagich va havo oʻtkazgichlardagi havo harorati 50°S dan ziyod boʻlmagan kompressorlardagi havo toʻplagich va havo oʻtkazgichlar bir yilda kamida bir marta tozalanadi.
2. Havo toʻplagichlar, nam — yog ajratgichlar va boshqa uskunalarni yonuvchi va tez alangalanadigan suyuqliklar (benzin, kerosin) vositasida tozalash taqiqlanadi.
850. Siqilgan havo yuradigan quvuroʻtkazgichlar tarmogʻiga yonuvchi, zaharli va portlashdan xavfli moddalar kirib qolishining oldini olish uchun mazkur quvuroʻtkazgichlarni doimiy ravishda kesib ulash taʼqiqlanadi.
851. Nazorat va avtomatika asboblari, texnologik apparatlarga havo beruvchi quvuroʻtkazgichlarda doimiy kesib, ulash ishlarini oʻtkazish mumkin emas.
852. Nazorat va avtomatika asboblarini tozalash va quritish ishlari mazkur asboblarga boʻlgan texnik talablarga mos holatda amalga oshirilishi kerak. Nazorat — oʻlchov asboblari va avtomatik vositalarga kelayotgan havoning sifatini davriy tekshirish havo quritish va tozalash qurilmalarini ishlatish tartibi asosida bajariladi. Lekin har oyda kamida 2-marta amalga oshirilishi lozim.
853. Nazorat va avtomatik asboblarga havo beradigan quvuroʻtkazgichlarga texnik maqsadlar uchun havo yuborish tarmoqlarini doimiy ravishda ulash taqiqlanadi.
854. Kompressorga soʻrib olinadigan havo olish joyi binoning tashqarisida, quyosh radiatsiyasidan himoyalangan zonada boʻlib, soʻrilayotgan havo tarkibida yonuvchi va chang aralashmalari boʻlmasligi kerak. Havo olinadigan joy tepasidagi ayvoncha suv va begona narsalardan saqlaydigan toʻr (setka) bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
855. Havosoʻrgich quvuroʻtkazgichlar oʻrnatilgan filtrlovchi moslamalarda toʻplanib qolgan changlar amaldagi grafikka mos ravishda, har 2 oyda kamida bir marta tozalanib turilishi zarur.
856. Havo oʻtkazgichlarda moy yonishi holatlari aniqlanganda, quvurdagi havo bosimini tezda pasaytirib, havooʻtkazgichni sovutish, havo quvuridagi joʻmrakni ochib turib, kompressor ishini toʻxtatish kerak.
857. Havooʻtkazgichda moyli qoldiqlarning toʻplanib, oʻz-oʻzidan alangalanishiga imkon beradigan uchi berk tarmoqlar, berkitib qoʻyilgan shtutserlar boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.
858. Issiqlik chiqaradigan apparatlarga yaqin joylashtirilgan havo oʻtkazgichlar yaxshilab izolyatsiyalanishi zarur.
859. Havo oʻtkazgichning muzlab qolishi mumkin boʻlgan joylarini oʻrab qoʻyish kerak.
7-§. Yonuvchi gazlar saqlanadigan gazgolderlar
860. Gazgolder ishi (qoʻngʻiroq yoki teleskop qiyshayib qolmaganligini, gaz, vakuum yoʻqligini va shk.), gazgolderning belgilangan chegarasigacha gaz toʻldirilgandan keyin yoki gaz sarflanishi oqibatida qoʻngʻiroq eng quyi holatga tushib qolganda, gaz sarfini toʻxtatib qoʻyuvchi avtomatik qurilma faoliyati haqida signal beruvchi moslamalar ishini muntazam ravishda tekshirib turish lozim.
861. Gazgolderdagi berkituvchi, tartiblovchi saqlagich armaturalar holatini doimiy ravishda nazorat qilib turish zarur.
862. Qoʻngʻiroqning gidravlik zatvorlaridagi suv sathini nazorat qila borib, uni belgilangan meʼyordan pastga tushib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, hamda suv keladigan tarmoqning sozligini kuzatib turish lozim.
863. Gazlarga kelayotgan yonuvchi gazdagi kislorod miqdorini tahlil qilib turish zarur. Agar ushbu miqdor belgilangan meʼyordan ziyod boʻlsa, gazgolderni umumiy tarmoqdan uzib turib, kislorod miqdorining oshishi sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish tadbirlarini qoʻllash kerak.
864. Gazgolderdan gaz oqishi (sizib chiqishi) aniqlanganda, sababini topib, unga barham berish lozim. Agar gaz oqishini tezda bartaraf etish imkoni boʻlmasa, gazgolderga gaz kelishini toʻxtatib, gazgolderdagi gaz qoldigʻini boshqa idishga haydab oʻtkaziladi va gaz oqishining sabablariga barham berish choralari qoʻllaniladi.
865. Gazgolder rezervuaridan suv oqib chiqa boshlaganda gazgolderga gaz kelishini toʻxtatib, ichidagi gazni maksimal darajada sarflash yoki boshqa boʻsh gazgolderga haydab oʻtkazish lozim.
866. Qoʻngʻiroq va uning ayrim qismlarini mexanik buzilishlardan saqlash lozim. Ulardagi yoʻnaltiruvchi roliklarni moylab turish kerak.
867. Agar gazgolderning ichki devorlarida oltingugurtli choʻkma (temir sulfidi) borligi aniqlansa, tozalash paytida ularni doimiy ravishda suv bilan namlab temir sulfidining oʻz-oʻzidan alangalanib ketishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Tozalangan qirindilarni yongʻindan xavfsiz joyga chiqarish yoki koʻmib tashlash zarur.Teleskop yoki qoʻngʻiroq qiyshayishi tufayli germetiklik buzilganda yoki gazlar ishida nosozlik sezilganda, gazgolderni gaz tarmogʻidan uzib turib, nosozlikni bartaraf etish lozim.
868. Gazgolderni ishga tushirishdan oldin uni puflab yuborish darkor. Puflash gazgolder qoʻngʻirogʻidagi havo joʻmragi orqali amalga oshiriladi.
869. Gazgolderni puflash paytida, har 30 min da puflanayotgan inert gaz tarkibidagi kislorod aniqlab borish zarur. 2 ta birin-ketin qilingan tahlil natijalariga koʻra inert gazi tarkibidagi kislorod miqdori 0,2% (hajmiy) dan ziyod boʻlmasa puflashni toʻxtatib, qoʻngʻiroqdagi havo joʻmragini berkitish mumkin.
Izoh: Rezervuarni puflashdan oldin uni belgilangan chegaraga suv bilan toʻlatish lozim.
870. Sovuq paytlarda suvning muzlab qolishdan saqlash uchun gazgolderning bino tashqarisidagi nam (suvli) berkitgichlarini isitib turish zarur. Buning uchun faqat suv bugʻidan foydalanish kerak.
871. Gazgolder tanasi muz bilan qoplanishi oqibatida qoʻngʻiroq qiyshayib qolishi, harakat vaqtida toʻxtab qolishi, ishqalanishi roʻy berganda gazgolderni isitish uchun faqat suv bugʻidan foydalanish zarur.
X bob. YONGʻIN XAVFSIZLIGIGA OID TALABLAR
1-§. Umumiy talablar
872. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, neftni qayta ishlash korxonalaridagi obyektlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha shaxsan javobgarlik yuridik shaxs hisoblangan korxona, tashkilot va boʻlinmalarning rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
873. Alohida hududlar, binolar, inshootlar, xonalar, sexlar, uchastkalar, texnologik va muhandislik qurilmalari, elektr tarmoqlari va sh.k. dagi yongʻin xavfsizligini taʼminlovchi shaxslar korxona tashkilot va boʻlinmalar rahbarlarining buyrugʻi bilan tayinlanadilar. Yongʻin xavfsizligiga doir vazifalar lavozimlar yoʻriqnomasida bayon etilishi zarur.
874. Buyruq boʻyicha yongʻin xavfsizligiga javobgar boʻlgan korxonaning boʻlinmalari, tashkilotlarining rahbarlari quyidagilarni bajarishlari lozim:
a) ishlab chiqarishdagi texnologik jarayonning yongʻindan xavfliligini bilishi;
b) obyektda oʻrnatilgan yongʻin xavfsizligi rejimiga rioya qilishini kuzatib borishi;
v) ochiq olov qoʻllab ish bajarish uchun belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ruxsatnomasiz mazkur ishlarni oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslik, mavjud yongʻin texnikasi, oʻt oʻchirish vositalari, aloqa va signalizatsiya moslamalarini doimiy ravishda soz va ishga tayyor holatda boʻlishini taʼminlash;
g) sex, uchastka, qurilmadagi xodimlar belgilangan yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilishlarini taʼminlashi;
d) barcha aniqlangan yongʻin xavfsizligi qoidalarining buzilishi va yongʻin uskunalarining nosozligi sezilganda, tezlik bilan korxonadagi yongʻin xavfsizligi xizmatiga xabar berib, olovni oʻchirish choralarini qoʻllashi.
875. Yongʻin xavfsizligi qoidalari, boshqa normativ-texnik hujjatlar hamda yongʻin xavfsizligiga doir tegishli koʻrsatmalar asosida har bir sex, obyekt, uchastka va qurilmalarda, ishlab chiqarishdagi yongʻin xavfsizligi choralari haqidagi yoʻriqnomalar ishlab chiqilib, yongʻin xavfsizligi xizmati bilan kelishilib, obyektning rahbari (bosh muhandisi) tasdiqlashi zarur.
Ushbu yoʻriqnomalarda quyidagilar oʻz aksini topishi kerak:
a) ishlatiladigan materiallar va neft mahsulotlarning, ishlab chiqarish jarayoning portlash — yongʻindan xavflilik darajasi;
b) TAS, YOS va zararli moddalarni saqlash tartibi va meʼyorlari;
v) bir vaqtda bitta binoda saqlanayotgan yonuvchi material va moddalarning ruxsat etilgan miqdori va saqlanayotgan joyga boʻlgan talablar;
g) hudud va yoʻllar (jumladan evakuatsiya yoʻllari) soz holatda tutishga oid talablar;
d) chekish va ochiq olov qoʻllanadigan joylarni sarishta holatda tutishga doir talablar;
e) nazorat-oʻlchov asboblari (manometrlar, termometrlar va sh. k.)ning cheklangan koʻrsatishlari va undan chetlangan holatlarda yongʻin yoki portlash sodir boʻlishi mumkinligi;
j) yongʻin sodir boʻlgan paytdagi xodimlarning vazifalari; jumladan yongʻin xavfsizligi xizmatini chaqirishga doir qoidalar, texnologik qurilmani avariya vaziyatlarida toʻxtatish tartibi, shamollatish va elektr uskunalarni manbadan uzish tartibi, yonuvchi va boshqa moddiy boyliklarni evakuatsiya qilish tartibi;
z) birlamchi oʻt oʻchirish vositalarning roʻyxati va ularni ishga tushirish usullari.
876. Obyekt xodimlari quyidagilarni bajarishlari shart:
a) yongʻin xavfsizligi qoidalari talablarini va ular asosida ishlab chiqilgan yoʻriqnomalarni bilishlari va ularga rioya qilishlari, hamda obyekt uchun belgilangan yongʻinga qarshi rejimga rioya qilishlari va ularning bajarilishiga erishishlari;
b) oʻt oʻchirish vositalaridan foydalanishni va ular turgan joylarni bilishlari;
v) yongʻin roʻy berganligini sezganda, zudlik bilan korxonadagi, obyektdagi yongʻin xavfsizligi xizmatiga xabar berishlari, bino (xona)dan yoki xavfli hududdan yongʻinni oʻchirishga aloqasi yoʻq xodimlarni evakuatsiya qilishni;
g) odamlar hayoti xavf tugʻilganda barcha kuch va vositalarni ishga solib tezda ularni qutqarishni uyushtirishlari, yongʻinni oʻchirishga aloqasi yoʻq barcha ishlarni toʻxtatib, zaruratga koʻra tibbiy yordamni chaqirishlari;
d) avariya va evakuatsiyaga aloqasi bor yoritqichlardan tashqari barcha elektrenergiya manbalarini uzib qoʻyib, yongʻinning tarqalib ketishiga sabab boʻladigan barcha agregatlar, apparatlar, kommunikatsiyalar, shamollatish tizimi ishini toʻxtatishlari;
e) yongʻinni oʻchirish bilan band boʻlgan odamlarni yiqilayotgan konstruksiyalardan, elektr tokidan, zaharlanish va kuyishdan muhofazalanishini taʼminlashlari.
877. Har bir obyektning koʻrinarli joyiga yongʻin himoyasi telefonining raqami, obyekt boʻyicha yongʻin xavfsizligiga javobgar shaxsning familiyasi va lavozimi yozilgan tablichka (taxtacha) oʻrnatilishi kerak.
2-§. Yongʻin xavfsizligi, yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriqlar berish, yongʻin-texnik minimumi dasturi boʻyicha oʻqish va mashgʻulotlar oʻtkazishni tashkil etish
878. Obyektdagi mutaxassislar, ishchilar, xizmatchilar mustaqil ishlashga kirishishdan oldin korxona, sex, ishlab chiqarish uchastkasi, qurilmalar, bino uchun yongʻin xavfsizligiga oid qoida va yoʻriqnomalarni oʻrganib, tayyorgarlikdan oʻtishlari shart.
879. Muhandis-texnik xodimlar, ishchilar va xizmatchilarni yongʻinga qarshi tayyorgarlikdan oʻtkazish jarayoniga kirish yoʻl-yoʻrigʻi, ish joyidagi yoʻl-yoʻriq, rejadan tashqari va joriy yoʻl-yoʻriq berish ishlari, hamda yongʻin-texnik minimumi boʻyicha mashgʻulotlar kiradi.
880. Yongʻinga qarshi kirish yoʻl-yoʻrigʻini, ishga yangi qabul qilinayotgan barcha MTX, xizmatchilar va ishchilar, sex, bino, obyektlaridagi mavjud, zarur koʻrgazmali qurollar, plakatlar, yoʻriqnomalar, maketlar, birlamchi oʻt oʻchirish vositalarining namunalari, statsionar oʻt oʻchirish uskunalari va aloqa oʻrnatish sxemalari bilan jihozlangan maxsus xona (bino)larda olishlari kerak.
881. Yoʻl-yoʻriq berish jarayoni tugagandan keyin tinglovchilar olgan bilim va koʻnikmalarini tekshirib koʻriladi. Olgan bilimlari qoniqarsiz deb topilgan shaxslarga qayta yoʻl-yoʻriq berib, yana bir bor tekshiruvdan oʻtkaziladi.
882. Kirish yoʻl-yoʻrigʻini oʻtkazgan rahbar xodim kuzatuv varaqasiga yoki qabul varaqasiga yoʻl-yoʻriq oʻtkazilganligi haqida belgi qoʻyishi, yoʻl-yoʻriq olgan (xodim) maxsus jurnalga, hamda mehnat muhofazasi va yongʻin xavfsizligiga doir yoʻriqnomalarni roʻyxatga olish daftarchasiga imzo chekishi lozim.
883. Yongʻinga qarshi birinchi yoʻl-yoʻriq berish jarayoni kirish yoʻl-yoʻrigʻini toʻldiradi va u bevosita ish joyining oʻzida oʻtkaziladi. Mazkur yoʻl-yoʻriqni bir sexdan boshqa sexga oʻtgan xodimlarga ham berish shart. Yongʻin xavfsizligiga doir tadbirlarga amal qilish haqidagi yongʻinga qarshi birinchi yoʻl-yoʻriqni ishga yangi qabul qilinayotgan barcha muhandis-texnik xodimlar (MTX), xizmatchilar va ishchilar olishlari kerak. Ayrim holatlarda yongʻinga qarshi kirish va birinchi yoʻl-yoʻriq berishi bir vaqtda oʻtkazish mumkin.
884. Yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berishni mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasiga oid yoʻl-yoʻriq berish bilan birga oʻtkazish mumkin.
885. Yongʻin xavfsizligiga oid navbatdagi yoʻl-yoʻriqni barcha ishchilar, malakasi maʼlumoti, bajarayotgan ish stajiga qaramay, bir yilda kamida bir marta olishlari va bu haqda “Ish joyida yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish jurnali”da qayd qilinishi lozim.
886. Ishlovchilar yongʻin xavfsizligiga oid qoida va yoʻriqnomalarni buzgan holatlarida, hamda yongʻin xavfiga sabab boʻladigan, texnologik jarayonlarda xomashyo va materiallarni qoʻllash tartibi oʻzgarganda, xodimlarga rejadan tashqari yoʻl-yoʻriq beriladi.
887. Yongʻin-texnik minimumga doir mashgʻulotlar oʻtkazish tartib korxona rahbarning buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
888. Yongʻin-texnik minimumiga doir mashgʻulotlar bevosita ishlab chiqarish uchastkalarining oʻzida, mutaxassislarning kategoriyalariga koʻra alohida guruhlar (elektr gazpayvandlovchilar, elektriklar va sh.k.)da oʻtkaziladi.
889. Yongʻin-texnik minimumi dasturi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazish yakunlangandan keyin, ishlovchilar imtihon topshirishlari lozim. Imtihon natijalari oʻqitilgan mavzular boʻyicha baholar qoʻyilgan bayonnoma (protokol) bilan rasmiylashtiriladi. Imtihonni korxona rahbarining buyrugʻi bilan tayinlangan (raisi bosh muhandisi yoki obyekt rahbari) komissiya oladi.
890. Yongʻin-texnik minimumga doir bilimlarni tekshirishni, xavfsizlik texnikasi qoidalari va meʼyorlariga doir bilimlarni tekshirish bilan birga oʻtkazish mumkin.
3-§. Yongʻin sharoitida odamlar xavfsizligini taʼminlash
891. Ishlab chiqarish, maʼmuriy, jamoat va boshqa bino, xonalarda yongʻin sodir boʻlganda, rahbarlar, harbiylashtirilgan yongʻin himoyasi xizmati va koʻngilli oʻt oʻchirish drujinasi aʼzolarining harakatlari birinchi navbatda yongʻin hududida qolgan odamlarning xavfsizligini taʼminlash va evakuatsiya qilishga yoʻnaltirilgan boʻlishi zarur.
892. Alanga (yongʻin) sezgan har bir xodim quyidagilarni bajarish shart:
a) hodisa haqida tezlik bilan korxonadagi yongʻin himoyasi xizmatiga yoki korxona — shahar boʻyicha yongʻin xavfsizligi xizmatiga xabar berishi;
b) yongʻin roʻy bergan joyga mazkur obyekt (sex, uchastka, ombor va sh. k.)ning bevosita rahbarini yoki boshqa amaldor shaxsni chaqirish choralarini qoʻllash;
v) obyektdagi, uchastkadagi yoki ish joyidagi mavjud oʻt oʻchirish vositalari bilan yongʻin oʻchogʻiga barham berishga kirishishi.
893. Yongʻin sodir boʻlgan joyga kelgan obyekt (sex, uchastka va sh.k.) rahbari yoki boshqa amaldor shaxs quyidagilarni bajarishi shart:
a) mazkur obyektdagi avariya vaziyatlariga barham berish rejasi boʻyicha harakat qilishi;
b) bino (xona)dan yoki xavfli hududdan, yongʻinni oʻchirishga aloqasi boʻlmagan barcha ishlovchilarni chiqarib olishi, odamlar hayotiga xavf tugʻilganda, barcha mavjud kuch va vositalarni ishga solib, ularni qutqarishni uyushtirishi;
v) yongʻinni bartaraf etishga aloqador boʻlmagan barcha ishlarni toʻxtatib qoʻyish;
g) oʻt oʻchirishda ishtirok etayotgan odamlarni bino konstruksiyalari yiqilishidan, elektr tokidan jarohatlanishidan, zaharlanish va kuyishdan himoya qilinishini taʼminlanishi;
d) zaruratga koʻra tibbiy yordamni chaqirishni.
894. Ishlab chiqarish, maʼmuriy, jamoat, yordamchi va boshqa bino (xona)lardagi odamlarning xavfsizligini taʼminlash uchun quyidagi tadbirlar amalga oshirilishi shart:
a) bino va xonalarni odamlarni tez evakuatsiya qilish va yongʻin tarqalishining chegaralash imkonini beradigan konstruksiyada qurish;
b) yonuvchi materiallar, hamda yongʻinning tarqalib ketishiga imkon beruvchi va yonuvchi gazlar ajratib chiqaruvchi materiallarni ishlatmaslik;
v) odamlarni tez evakuatsiya qilishga imkon beruvchi maxsus uskunalar (tez xabar beruvchi tizim, avariya yoritqichlari, xavfsizlik belgilari) doimiy ravishda saranjom-sarishta holatida boʻlishi;
g) barcha ishlovchilarni yongʻin sodir boʻlganda rioya qilishlari zarur boʻlgan yongʻin xavfsizligining asosiy talablari, hamda odamlarni binodan tashqariga avariya rejasi bilan tanishtirish;
d) tutundan himoyalash tizimiga kiradigan zinapoyalardagi, koridordagi, tamburlardagi zichlik (jipslik) taʼminlovchi moslamalarni ishga yaroqli holatida saqlash;
e) kechasi (qorongʻida) evakuatsiya qilish yoʻllari (koridorlar, zinapoyalar, vestibyullar)dagi yoritgichlarni soz holatda boʻlishi;
j) elektr asboblar, elektr uskunalar va isitish tizimini ishlatish va taʼmirlash paytida ehtiyotkorlik choralariga rioya qilinishi ustidan maʼmuriyatning muntazam nazoratini oʻrnatish.
895. Obyektda roʻy bergan har bir yongʻin yoki alangalanish holatlari sabablarini maʼmuriyat obdan tekshirib aniqlashi va zarur profilaktika tadbirlarni amalga oshirishi zarur.
896. Neftni qayta ishlash korxonalarining faoliyati amaldagi meʼyoriy - texnik hujjatlarning yongʻinga qarshi muhofaza qismidagi talablarga mos boʻlishi, hamda ishlatish davomida belgilangan tartibda tasdiqlangan yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga javob berish kerak.
XI bob. YAKUNIY QOIDA
897. “Neftni qayta ishlash korxonalari uchun sanoat xavfsizligi qoidalari” Oʻzbekiston Kasaba uyushmasi Federatsiya Kengashi, OʻzR IIV YHBB va “Oʻzbekneftgaz” MXK bilan kelishilgan.
“Oʻzbekneftgaz” MXK Boshqaruv raisi U.S. NAZAROV
Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari Kasaba uyushmasi Markaziy Kengashining raisi A.X.GʻULOMOV
OʻzR IIV YHBB boshligʻi A.I. ISLAMOV
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A.J. NIMATULLAYEV