Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RIELTORLIK FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida” va “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rieltorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
2. Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi ikki hafta muddatda, belgilangan tartibda:
Rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziyalar berish toʻgʻrisida xulosalar tayyorlash boʻyicha ekspert komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni va uning tarkibini;
Rieltorning malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Davlat raqobat qoʻmitasi bilan birgalikda rieltorlik faoliyatini tegishli litsenziyasiz amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda taʼsir choralarini koʻrsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
5. Vazirlar Mahkamasining “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2002-yil 28-iyundagi 236-son qaroriga 1-ilovaning “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi” boʻlimiga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 6-son, 36-modda) quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Rieltorlik faoliyati”.
6. Ushbu qaror 2011-yil 23-iyundan boshlab kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 10-may,
129-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 10-maydagi 129-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom rieltorlik faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda litsenziyalovchi organ deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
3. Litsenziyalar berish toʻgʻrisidagi hujjatlarni koʻrib chiqish, ular yuzasidan xulosalar tayyorlash uchun litsenziyalovchi organda ekspert komissiyasi tashkil etiladi.
4. Rieltorlik faoliyati yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda jismoniy shaxsga — rieltorga litsenziya faqat koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatish huquqiga beriladi.
5. Rieltorlik tashkilotiga arizasi boʻyicha bitta yoki bir necha turdagi rieltorlik xizmatlari koʻrsatish uchun litsenziya beriladi.
6. Rieltorlik faoliyati quyidagi rieltorlik xizmatlari turlarini koʻrsatish yoʻli bilan amalga oshiriladi:
koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir bitimlar tuzish chogʻida vositachilik qilish;
koʻchmas mulk obyektlarining va ularga boʻlgan huquqlarning savdosini tashkil etish;
koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarish;
koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatish.
7. Rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya amal qilish cheklanmagan muddatga beriladi.
II. Litsenziya talablari va shartlari
8. Quyidagilar rieltorlik faoliyatini amalga oshirishdagi litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
a) litsenziya tomonidan rieltorlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
b) faqat rieltorlik faoliyatini amalga oshirish;
v) fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish polisining mavjud boʻlishi;
g) litsenziya berish toʻgʻrisida ariza berish chogʻida ushbu Nizomda nazarda tutilgan miqdorda toʻliq shakllantirilgan ustav kapitalining mavjud boʻlishi;
d) rieltorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan xodim tomonidan faqat bitta rieltorlik tashkilotida rieltorlik faoliyatini amalga oshirish;
e) rieltorlik tashkiloti shtatida rieltorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan kamida ikki nafar xodimning boʻlishi;
j) rieltorlik xizmatlari koʻrsatishda olingan axborotlarning maxfiyligini taʼminlash;
z) rieltorlik tashkiloti rahbari lavozimiga faqat rieltorning malaka sertifikatiga ega boʻlgan xodimni tayinlash;
i) rieltorlik tashkilotida koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini nazorat qilishning tasdiqlangan ichki qoidalarining mavjud boʻlishi;
k) yuridik shaxs uchun — uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgarganligi toʻgʻrisida, jismoniy shaxs uchun — uning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yashash joyi oʻzgarganligi toʻgʻrisida litsenziyalovchi organni qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir hafta muddatda xabardor qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
l) har yarim yilda bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasiga rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi talabiga koʻra rieltorlik xizmatlari koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa axborotlarni belgilangan shakl boʻyicha taqdim etish.
(8-bandning “l” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Quyidagilar:
koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatadigan rieltorlik tashkilotlari — eng kam oylik ish haqining kamida 100 baravariga teng miqdorda ustav kapitaliga ega boʻlishi kerak;
koʻchmas mulk obyektlariga va ularga boʻlgan huquqlarga doir bitimlar tuzish chogʻida vositachilik qiladigan rieltorlik tashkilotlari — eng kam oylik ish haqining kamida 500 baravariga teng miqdorda ustav kapitaliga ega boʻlishi kerak;
koʻchmas mulk obyektlarini ishonchli boshqarishni amalga oshiradigan rieltorlik tashkilotlari — eng kam oylik ish haqining kamida 1000 baravariga teng miqdorda ustav kapitaliga ega boʻlishi kerak;
koʻchmas mulk obyektlari va ularga boʻlgan huquqlar savdosini tashkil etadigan rieltorlik tashkilotlari — eng kam oylik ish haqining kamida 3000 baravariga teng miqdorda ustav kapitaliga ega boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Rieltorlik xizmatlarining bir necha turlarini amalga oshirmoqchi boʻlgan litsenziya talabgori rieltorlik xizmatlarining ustav kapitalini maksimal miqdorda shakllantirish nazarda tutilgan turi boʻyicha shakllantirilgan ustav kapitaliga ega boʻlishi kerak.
III. Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
Oldingi tahrirga qarang.
9. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) litsenziya berish toʻgʻrisida ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
yuridik shaxs uchun — nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), xizmat koʻrsatadigan bankning nomi, bankdagi talab qilib olinadigan depozit hisob raqami, muassislarining (qatnashchilarining) roʻyxati, ularning manzillari va faoliyati turlari;
jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportining maʼlumotlari;
litsenziya talabgori amalga oshirishni moʻljallayotgan rieltorlik xizmatlarining turi (turlari);
b) litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya talabgori tomonidan yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjatining nusxasi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) asosiy ish joyi boʻyicha shtatdagi rieltorlarni ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi mehnat daftarchasi va buyruqlarning nusxalari;
(9-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
Oldingi tahrirga qarang.
g) litsenziya talabgori shtatida turgan xodimlarning rieltorlar malaka sertifikatlarining nusxalari, jismoniy shaxs uchun — rieltor malaka sertifikatining nusxasi;
(9-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
d) rieltorlik faoliyatining tegishli turini amalga oshirish uchun ushbu Nizomda nazarda tutilgan miqdorda ustav kapitalining toʻliq shakllantirilganligidan dalolat beradigan hujjat nusxasi. Bunda rieltorlik xizmatlari koʻrsatishda foydalaniladigan mol-mulkni kiritish hisobiga ustav kapitalini pulsiz shaklda qisman yoki toʻliq shakllantirishga yoʻl qoʻyiladi;
e) koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini nazorat qilishning tasdiqlangan ichki qoidalari nusxasi.
Ushbu bandning “v”, “d”, “e” kichik bandlari talablari litsenziya talabgorlari boʻlgan jismoniy shaxslarga tatbiq etilmaydi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son)
10. Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan litsenziyalovchi organga bevosita yoxud ularning olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan birga pochta aloqasi vositasi orqali yetkazib beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasining masʼul shaxsi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
12. Notoʻgʻri yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
13. Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi Davlat raqobat qoʻmitasining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga oʻtkaziladi. Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
15. Litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining barcha zarur hujjatlar ilova qilingan arizasi olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
16. Litsenziya talabgorining barcha hujjatlar ilova qilingan arizasi ikki kun muddatda ekspert komissiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
Ekspert komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni yigirma kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqadi va ular boʻyicha litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida ekspert xulosasi tayyorlaydi.
17. Litsenziyalovchi organ uch kun mobaynida ekspert komissiyasi xulosasi asosida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari va davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
18. Litsenziyalovchi organ bilan litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun javobgarlik;
litsenziya bitimi talablari va shartlari litsenziat tomonidan bajarilishini litsenziyalovchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
19. Litsenziyalar maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi. Litsenziya blankasi namunasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-dekabrdagi 488-son qaroriga muvofiq litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlanadi.
Litsenziyalar blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Litsenziya blankalari litsenziyalovchi organ buyurtmasiga binoan “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi.
20. Litsenziyalar litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin uch kun muddatda rasmiylashtiriladi va beriladi.
21. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati nusxasini taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
22. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida belgilangan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
23. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Oldingi tahrirga qarang.
Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
(23-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
24. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlar litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda litsenziyalovchi organ tomonidan takroran koʻrib chiqiladi.
Bunda takroran taqdim etilgan hujjatlar ular qabul qilingan kunda ekspert komissiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
Ekspert komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni yetti kundan ortiq boʻlmagan muddatda takroran koʻrib chiqadi va ular yuzasidan litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida ekspert xulosasi tayyorlaydi.
Litsenziyalovchi organ ekspert komissiyasi xulosasi asosida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida uch kun muddatda qaror qabul qiladi.
Litsenziya berishning rad etilishiga asos boʻlgan sabablar litsenziya talabgori tomonidan bartaraf etilmaganligi holati aniqlangan taqdirda litsenziyalovchi organ tomonidan hujjatlar qayta koʻrib chiqilmaydi, taqdim etilgan hujjatlar esa litsenziya talabgoriga qaytariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Litsenziya talabgorining arizasi qayta koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya talabgorining arizasini qayta koʻrib chiqishda ilgari litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi;
Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
V. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish, dublikat berish
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Yuridik shaxs — litsenziat oʻzgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga koʻrsatib oʻtilgan oʻzgarishlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(26-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-oktabrdagi 884-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son)
Jismoniy shaxs — litsenziatning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yashash joyi oʻzgargan taqdirda, litsenziat qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga koʻrsatib oʻtilgan oʻzgarishlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(26-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida rieltorlik faoliyati faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega yuridik shaxslar — litsenziatlar qoʻshib yuborilgan taqdirda, litsenziyani ushbu bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan tartibda qayta rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Litsenziyaning amal qilishi litsenziyalanadigan faoliyat turining bir qismi (qismlari) uchun toʻxtatilgan taqdirda, litsenziya qayta rasmiylashtiriladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-oktabrdagi 884-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son)
27. Litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar litsenziat unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
28. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish litsenziyalovchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan yoki litsenziyaning amal qilishini litsenziyalanadigan faoliyat turining bir qismi (qismlari) uchun toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
(28-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-oktabrdagi 884-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organning budjetdan tashqari jamgʻarmaga oʻtkaziladi.
(28-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
29. Yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziya talabgori arizasiga koʻra dublikat beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Litsenziya dublikatlarini berishda litsenziyalovchi organning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga kiritiladigan litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi.
(29-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
30. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
31. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirishda litsenziyalovchi organ oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborot hamda hujjatlarni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaror chiqarish yoki sudga murojaat qilish.
32. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish yakunlari boʻyicha litsenziyalovchi organning tekshiruvchi xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish
33. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining tegishli ravishda 22—24-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
Quyidagilar rieltorlik tashkiloti litsenziyasining amal qilishini belgilangan tartibda toʻxtatish uchun asos boʻladigan litsenziya talablari va shartlarining bir marta qoʻpol ravishda buzilishiga kiradi:
rieltorlik xizmatlari koʻrsatishda olingan maxfiy axborotning buyurtmachi ruxsatisiz oshkor qilinishi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishining belgilangan tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlardan bosh tortish;
rieltorlik faoliyatini amalga oshirishda fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish polisining mavjud emasligi;
ushbu Nizomda nazarda tutilmagan faoliyat turlarini amalga oshirish (faqat rieltorlik tashkilotlari uchun).
34. Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud tomonidan litsenziyalovchi organ qarorining asossizligi eʼtirof etilgan taqdirda litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javob beradi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
35. Litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Litsenziyalar reyestrida litsenziatlar toʻgʻrisida quyidagi asosiy maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni;
jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportining maʼlumotlari, pochta manzili, telefoni;
litsenziyalarning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyalarni bekor qilishning asoslari va sanasi;
litsenziyalar dublikatlarini berishning asoslari va sanasi.
Oldingi tahrirga qarang.
36. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytida joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq boʻladi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qaroriga asosan kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
IX. Davlat boji toʻlash tartibi
38. Litsenziya berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining toʻrt baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
39. Davlat boji Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga oʻtkaziladi.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 189-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2015-y., 1-son, 9-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son; 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)