OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
KREDIT UYuShMALARINING AKTIVLARINI TASNIFLASh, AKTIVLARI BOʻYIChA EHTIMOLIY YOʻQOTIShLARNI QOPLASh ZAXIRALARINI YaRATISh VA ULARDAN FOYDALANISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 10-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2227]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 24-yanvardagi 2/9-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ayrim normativ-huquqiy hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2426, 14.02.2013-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Kredit uyushmalari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 65-modda) qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Kredit uyushmalarining aktivlarini tasniflash, aktivlari boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash zaxiralarini yaratish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2011-yil 9-aprel,
10/9-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 9-apreldagi 10/9-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Kredit uyushmalarining aktivlarini tasniflash, aktivlari boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash zaxiralarini yaratish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Kredit uyushmalari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 65-modda) qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq kredit uyushmalarining aktivlarini tasniflash, aktivlari boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash zaxiralarini yaratish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
aktivlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarni qoplash zaxirasi (bundan buyon matnda aktivlar boʻyicha zaxira deb yuritiladi) — kredit uyushmasi aktivlari va balansdan tashqari majburiyatlari yuzasidan koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash uchun tashkil etiladigan zaxira;
umumiy zaxira — kredit uyushmasi faoliyatida har xil aktivlar hamda operatsiyalar boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplash uchun moʻljallangan zaxira, alohida muayyan operatsiyalar boʻyicha zararlarni qoplash boʻyicha yaratilgan maxsus zaxiralar bundan mustasno, masalan, “yaxshi” deb tasniflangan aktivlar boʻyicha zaxira;
muddati oʻtgan kredit — kredit shartnomasida koʻrsatilgan kreditning asosiy qismini qaytarish va (yoki) unga doir hisoblangan foizlarni toʻlash jadvali boʻyicha muddati kechiktirilgan va toʻlanmagan kredit;
taʼminlanmagan kredit — biror-bir taʼminotsiz berilgan kreditlar, shuningdek majburiyatlarini taʼminlash belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan kreditlar. Odatda bunday kredit qarzdorning pul tushumlari potensiali va (yoki) uning yaxshi kredit tarixi asosida beriladi;
toʻliq taʼminlangan kredit — kreditning asosiy qismi va unga doir hisoblangan foizlarni toʻliq qoplash imkonini beradigan majburiyatlari taʼminlangan kredit;
qisman taʼminlangan kredit — taʼminlangan majburiyatning qiymati berilgan kreditning asosiy qismi va unga doir hisoblangan foizlarini toʻliq qoplay olmaydigan kredit;
shartlari qayta koʻrib chiqilgan (restrukturizatsiya qilingan) kredit — qarzdorning moliyaviy ahvoli yomonlashishi oqibatida kredit shartnomasining dastlabki shartlari oʻzgartirilgan kredit (foiz stavkalarining pasaytirilishi, kredit boʻyicha toʻlov muddatining kechiktirilishi yoki uzaytirilishi, foizlarga doir toʻlovlarning bir qismi yoki umumiy miqdoridan voz kechilishi), kredit uyushmasi va qarzdorga bogʻliq boʻlmagan sabablar bilan shartlari oʻzgartirilgan kreditlar bundan mustasno.
2. Kredit uyushmasining hisobotlarida aktivlar sifati toʻgʻri aks ettirilishi lozim.
3. Kredit uyushmasi aktivlarni oʻz vaqtida va toʻgʻri tasniflashi hamda ular boʻyicha zaxira tashkil etishi shart.
II. Aktivlarni tasniflash tizimi
4. Kredit uyushmasining xavf-xatarga ega boʻlgan barcha aktivlari, shu jumladan kredit xarakteriga ega boʻlgan aktivlari (krediti, lizingi, mikrokrediti, mikrolizingi), boshqa kredit tashkilotlaridagi barcha mablagʻlari, investitsiyalari, qarzdorlarga berilgan aktivlarning oʻrniga garovga qoʻyilgan mol-mulklari, balansdan tashqari majburiyatlari (kafolati, kafilligi va boshqa majburiyatlari) tavakkalchilik darajasidan kelib chiqib, doimiy ravishda tasniflanishi va ularga lozim darajada aktivlar boʻyicha zaxira yaratilishi shart.
5. Aktivlar boʻyicha zaxira yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zararlarni qoplashga qaratilgan boʻlib, maxsus va umumiy zaxiralarga boʻlinadi.
Bunda maxsus zaxiralar “yaxshi”, “standart”, “substandart”, “shubhali” va “umidsiz” deb tasniflanadigan aktivlar boʻyicha toifalarga ajratiladi.
6. “Yaxshi” deb tasniflangan aktivlar boʻyicha zaxira tashkil etish talab qilinmaydi. “Standart” aktivlar boʻyicha — 10 foiz, “substandart” aktivlar boʻyicha — 25 foiz, “shubhali” aktivlar boʻyicha — 50 foiz, “umidsiz” aktivlar boʻyicha — 100 foiz miqdorida zaxira yaratiladi.
Aktivlar tasniflanishi va ularga belgilangan miqdorda zaxira yaratilishi ushbu aktivlarning qoldiq summasi hisob-kitobi asosida amalga oshiriladi.
7. Qaytmaslik xavfi boʻlmagan aktivlar “yaxshi” deb tasniflanadi. Kredit uyushmasi kengashi qaroriga muvofiq ularga umumiy zaxiralar yaratilishi mumkin.
Muddati oʻtgan va shartlari qayta koʻrib chiqilgan (restrukturizatsiya qilingan) kreditlar boʻyicha aktivlar “yaxshi” aktiv sifatida tasniflanishi mumkin emas.
8. Quyidagi xususiyatlarning kamida bittasiga ega boʻlgan aktivlar “Standart” deb tasniflanadi:
toʻliq taʼminlangan kreditlarning asosiy qismi va (yoki) foizlari boʻyicha toʻlovlar 30 kundan ortiq muddatga kechiktirilganda;
majburiyatlarning taʼminlanganligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlarning mavjud emasligi;
kreditning muddati bir marta uzaytirilganda.
9. Quyidagi xususiyatlarning kamida bittasiga ega boʻlgan aktivlar “Substandart” deb tasniflanadi:
taʼminlanmagan, qisman taʼminlangan kreditning asosiy qismi va (yoki) unga doir hisoblangan foizlari 30 kundan ortiq muddatga kechiktirilganda, shuningdek toʻliq taʼminlangan kreditning asosiy qismi va (yoki) unga doir hisoblangan foizlari 60 kundan ortiq muddatga kechiktirilganda;
kreditning shartlari qayta koʻrib chiqilgan (restrukturizatsiya qilingan)da;
taʼminlangan majburiyatning qiymati pasayishi natijasida berilgan kreditning asosiy qismi va unga doir hisoblangan foizlarni toʻliq qoplay olmasligi.
10. Quyidagi holatlarning kamida bittasiga ega boʻlgan aktivlar “Shubhali” deb tasniflanadi:
taʼminlanmagan, qisman taʼminlangan kreditlarning asosiy qismi va (yoki) unga doir hisoblangan foizlari 60 kundan ortiq muddatga kechiktirilganda, shuningdek taʼminlangan kreditlarning asosiy qismi va (yoki) unga doir hisoblangan foizlari 90 kundan ortiq muddatga kechiktirilganda;
berilgan kreditning asosiy qismi va unga doir hisoblangan foizlarni toʻliq qoplash imkonini beradigan majburiyatlar bilan taʼminlanmaganligi yoki qarzdor-jismoniy shaxsning muomala layoqati cheklanganligi;
yaqin kelajakda kreditning asosiy qismi va (yoki) unga doir hisoblangan foizlarning qisman qaytarilishiga yuqori ehtimoli mavjudligi sababli ushbu aktivlarning “umidsiz” deb tasniflanmasligi.
11. Quyidagi holatlarning kamida bittasiga ega boʻlgan aktivlar “Umidsiz” deb tasniflanadi:
taʼminlanmagan, qisman taʼminlangan kreditlarning asosiy qismi va (yoki) unga doir hisoblangan foizlari 90 kundan ortiq muddatga kechiktirilganda, shuningdek taʼminlangan kreditlarning asosiy qismi va (yoki) foizlari 180 kundan ortiq muddatga kechiktirilganda;
garovga qoʻyilgan mol-mulk hisobidan balansga kirim qilingan koʻchar mulk 1 yildan ortiq muddatda hamda koʻchmas mulk 2 yildan ortiq muddatda sotilmaganda, kredit uyushmasi asosiy vosita sifatida hisobga olingan holatlar bundan mustasno;
garov narsasining nobud boʻlishi, shikastlanishi hamda uning tiklanishi va almashtirilishi ehtimoli boʻlmaganda;
qarzdor-yuridik shaxsning tugatilishi yoki qarzdor-jismoniy shaxsning vafot etishi munosabati bilan majburiyatlarning bekor boʻlishi.
III. Aktivlar boʻyicha zaxiralarni yaratish tartibi
12. Aktivlar boʻyicha tegishli zaxiralarning yaratilishi davriy ravishda har oyning soʻnggi sanasiga qadar kamida bir marta har bir aktiv boʻyicha amalga oshirilishi shart.
Aktivlar boʻyicha yaratilgan tegishli zaxiralar Foyda va zararlar toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirilishi lozim.
13. Aktivning hisobdan chiqarilishi aktivning qisman yoki toʻliq qaytarilishi mumkinligini inkor etmaydi.
14. Barcha xarajatlar, majburiy toʻlovlar toʻlanganidan hamda kredit uyushmasining zarur zaxiralari shakllantirilganidan keyin kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan kredit uyushmasi aʼzolariga dividendlar toʻlanishi mumkin.
15. Kredit uyushmasi tomonidan mazkur Nizom talablari boʻyicha yetarli darajada zaxira yaratilmagan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki aktivlar boʻyicha zaxiralarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha ajratmalar ajratilishini talab qilishi mumkin.
16. Aktivlar boʻyicha zaxirani yaratishga oid buxgalteriya oʻtkazmalari qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Aktivlar boʻyicha zaxiralardan foydalanish tartibi
17. Aktivlar boʻyicha zaxiralarning yetarlilik darajasini doimiy ravishda ushlab turishning taʼminlanishi uchun javobgarlik kredit uyushmasining ijro etuvchi organiga yuklatiladi.
18. “Umidsiz” aktivlar tegishli zaxiralarni kamaytirish hisobiga kredit uyushmasi kengashi qaroriga asosan hisobdan chiqariladi.
19. Kredit uyushmasi kengashi moliyaviy yil yakuni boʻyicha kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishida “Umidsiz” aktivlarni undirish boʻyicha qoʻllangan chora-tadbirlar haqida hisobot berishi kerak.
V. Yakuniy qoida
20. Mazkur Nizom buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 196-modda)