Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
ITLARNI GIJJASIZLANTIRISh UChUN VORMIT (TABLETKALAR) PREPARATINI QOʻLLASh BOʻYIChA QOʻLLANMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “Itlarni gijjasizlantirish uchun vormit (tabletkalar) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2006-yil 10-fevralda tasdiqlangan “Itlarni gijjasizlantirish uchun vormit (tabletkalar) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
47-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 47-sonli buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Itlarni gijjasizlantirish uchun vormit (tabletkalar) preparatini qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. Umumiy maʼlumotlar
1. Vormit — itlar uchun keng taʼsir koʻlamiga ega boʻlgan antgelmintik preparati. Har bir tabletka tarkibi: prazikvantel 50 mg, pirantel pamoat 144 mg, febantel 150 mg va toʻldiruvchilardan iborat.
2. Preparat 10 ta tabletkadan blistyerlarga, karton qutilarga 10 blisterdan qadoqlanadi.
3. Preparat tashqi koʻrinishiga koʻra oʻyiq chiziqli (kertikli) kulrangsimon tusli oq yoki deyarli oq rangdagi tabletkalar.
4. Preparat ehtiyotkorlik bilan (B roʻyxati) quruq, salqin, yorugʻlik tushmaydigan va bolalarning qoʻli yetmaydigan joyda, 25°S dan yuqori boʻlmagan haroratda saqlanadi.
Yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda 3 yil.
II. Farmakologik xususiyatlari
5. Vormit turlicha taʼsir etish usullari va koʻlamiga ega boʻlgan uchta faol komponentdan tashkil topgan.
6. Prazikvantel tsestodlarga qarshi faol. U jigarga singdiriladi va safro bilan ajraladi. Ovqat hazm qilish traktiga safro bilan kirgandan soʻng tsestodlarga taʼsir koʻrsatadi, natijada parazit sut emizuvchi xoʻjayini tomonidan hazm qilinishiga oʻzining qarshilik kuchini yoʻqotadi. Shuning uchun aksariyat parazitlar hazm boʻlib ketadi va butun gelmintlar, skolekslarni ham kiritgan holda, kamdan-kam hollarda axlat ichidan topiladi. Koʻpgina holatlarda ularning boʻlingan va qisman hazm boʻlgan boʻlaklari hayvonlar axlatida topilishi mumkin.
7. Pirantel pamoat nemotodlarga qarshi faol. U nematodlarning xolinergik retseptorlariga taʼsir etib, ularni spazmatik falajlikka olib keladi. Ichak traktining peristaltik harakatlari gelmintlarni axlat bilan ajratib chiqaradi.
8. Febantel nematodlarga qarshi faol boʻlib, parazit energiyasi metabolizmiga toʻsqinlik qiladi.
III. Qoʻllash tartibi
9. Preparat itlarning gelmintozlarini, shu jumladan quyidagilar qoʻzgʻatgan: Dipylidium caninum, Taenia pisiformis, Echinococcus granulosus, Echinococcus multilocularis, Ancylostoma caninum, Uncinaria stenocephala, Toxocara canis, Toxascaris leonina va Trichuris vulpis davolash va oldini olishda qoʻllaniladi.
10. Dozirovkasi: 10 kg hayvon vazniga 1 tabletka hisobida olinib, itga bevosita ogʻiz orqali yoki yemish bilan, bir marotaba yoki veterinariya mutaxassisi koʻrsatmasiga binoan beriladi.
Preparat urgʻochi itlarga sut emizish davrida qoʻllanilishi mumkin.
11. Vormit urgʻochi itlarga, shuningdek tarkibida prazikvantel boʻlgan preparatlar bilan bir vaqtda qoʻllash tavsiya etilmaydi.
12. Qoʻshimcha asoratlar kamdan-kam uchraydi, lekin qusish, vaqtinchalik ishtaha yoʻqolishi, diareya (ich ketishi), holsizlik, uyqu bosishi va allergik taʼsirlar kuzatilishi mumkin.
13. Itlarni gijjasizlantirishda mahalliy hududni ifloslantirmaslik maqsadida umumiy gigiyenik qoidalarga rioya etish darkor, ayniqsa E. multilocularis tomonidan qoʻzgʻatilgan gelmintozlarga shubha tugʻilgan hollarda.
Odamlar itlarga tabletka berganlaridan soʻng qoʻllarini yuvishlari lozim. Tabletkaning foydalanilmagan qismini yoʻq qilish zarur. Preparat bilan ishlaganda hech qanday maxsus choralar talab etilmaydi.
IV. Noroziliklarni bayon etish tartibi
14. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: uzgnkl@rambler.ru. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.