Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
HAYVONLARNI DEGELMINTIZATSIYALASh UChUN ALBENDEKS 360 (BOLYUSLAR) PREPARATINI QOʻLLASh BOʻYIChA QOʻLLANMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 2-aprel 20-15-89/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. “Hayvonlarni degelmintizatsiyalash uchun albendeks 360 (bolyuslar) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoʻllanma tasdiqlanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 2007-yil 17-dekabrda tasdiqlangan “Hayvonlarni degelmintizatsiyalash uchun albendeks 360 (bolyuslar) preparatini qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-mart,
41-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining 2008-yil 19-martdagi 41-sonli buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Hayvonlarni degelmintizatsiyalash uchun albendeks 360 (bolyuslar) preparatini qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. Umumiy maʼlumotlar
1. Albendeks 360 (albendex 360) — har bir bolyus tarkibida taʼsir etuvchi moddasi sifatida 360 mg albendazol va 2,64 g toʻldiruvchi mavjud boʻlgan antgelmintik preparat.
2. Tashqi koʻrinishiga koʻra oq rangli uzunchoqroq bolyuslar. Albendeks 360 preparati 5 bolyusdan blistyerlarga va 50 blisterdan transport tarasiga qadoqlanadi.
3. Preparat ehtiyotkorlik bilan (B roʻyxati) zavod oʻramlarida quruq, salqin, yorugʻlik tushmaydigan va bolalarning qoʻli yetmaydigan joyda saqlanadi.
Yaroqlilik muddati saqlash shartlariga rioya qilinganda tayyorlangan kunidan boshlab 3 yil.
II. Farmakologik xususiyatlari
4. Albendazol — keng taʼsir koʻlamiga ega boʻlgan antigelmintik, balogʻatga yetgan trematodlar, balogʻatga yetgan va balogʻatga yetmagan tsestodlar, hamda nematodlarga nisbatan faol.
5. Hayvonlarning oshqozon-ichak traktidan albendazol qonga kam soʻriladi (taxminan 5—10%), tezda metabollashadi va gelmintlarda uglevod almashinuvi va mikrotubulyar funksiyasini shikastlab, ularni halok qiladi. Maksimal taʼsirga preparat berilgach 2—5 soatdan soʻng erishiladi.
Preparat ishlov berilgan hayvonlar organizmidan asosan axlat bilan (taxminan 95%) va siydik bilan (taxminan 2—5%) ajraladi.
6. Preparat hayvonlar uchun kam zaharli va dozani 3-4 karra orttirilganda nojoʻya taʼsirlar qoʻzgʻatmaydi. Tavsiya etilgan dozalarda mahalliy-yalligʻlantiruvchi, embriotoksik, teratogen va sensibillovchi xususiyatlarga ega emas.
III. Qoʻllash tartibi
7. Albend-360 yirik shoxli mollar, qoʻy, echki, choʻchqa, ot, tuya, it va mushuklarni quyidagi kasalliklarida degelmintizatsiyalash uchun qoʻllaniladi:
oshqozon-ichak nematodozlari (gemonxoz, bunostomoz, ezofagostomoz, nematodiroz, ostertagioz, xabertioz, kooperioz, strontiloidoz, trixostrongilez, giostrongilez, paraskaridoz, askaridoz, askaridioz, geterakidoz, trixotsefalez);
oʻpka nematodozlari (diktiokaulez, protostrongilez, myullerioz, tsistokaulez, metastrongilez);
trematodozlar (fassiolez, dikrotselioz);
tsestodozlar (moniyezioz).
8. Albendeks 360 hayvonlarga avvaldan ochlik diyetasisiz, bir marotaba, individual yoki guruh usulida konsentratsiyalangan ozuqalar bilan aralashtirgan holda, nematodoz va tsestodozlarda quyidagi dozalarda beriladi:
yirik shoxli molga 2 bolyusdan 80 kg hayvon vazniga;
qoʻy va echkilarga 1 bolyusdan 60 kg hayvon vazniga;
ot, tuya va choʻchqalarga 1 bolyusdan 60 kg hayvon vazniga;
it va mushuklarga 1 bolyusdan 10 kg hayvon vazniga 5 kun davomida qoʻllaniladi.
Trematodozlarda:
yirik shoxli molga 4 bolyusdan 80 kg hayvon vazniga;
qoʻy va echkilarga 2 bolyusdan 60 kg hayvon vazniga.
9. Bolyuslar hayvonlarga majburan til oʻrtasiga beriladi yoki maydalangan holda ozuqaga aralashtirib qoʻllaniladi.
Guruh usulida qoʻllashda belgilangan preparat dozasi kombikormga aralashtiriladi (ozuqani 1 ta boshga hisoblagan holda): otlar va yirik shoxli mollarga — 0,5—1,0 kg, qoʻy, echki va choʻchqalar uchun — 150—200 g.
Aralashma 10—100 ta hayvondan iborat guruhlar uchun moʻljallangan xoʻraklarga solinib, hayvonlarning bemalol olishlariga imkon yaratib beriladi.
10. Yoppasiga ishlov berishdan avval preparatning har bir partiyasi hayvonlarning kichikroq guruhlarida (5—10 bosh) sinalib, ular ustidan 3 kun davomida kuzatuv olib boriladi. Asoratlar mavjud boʻlmaganda preparat barcha boshga qoʻllaniladi.
11. Albendeks 360 qochirish davrida va urgʻochilarga boʻgʻozlikning dastlabki 45 kuni davomida qoʻllanilmaydi.
Preparatning ortiqcha dozalari embriotoksik boʻlishi mumkin.
12. Hayvonlarni soʻyishga albendeks 360 soʻnggi marta qoʻllanilishidan kamida 12 kundan soʻng, sutni isteʼmol etishga 4 kundan soʻng ruxsat etiladi. Belgilangan muddatdan avval soʻyilgan hayvon goʻshtidan goʻshtxoʻr hayvonlarga ozuqa sifatida yoki goʻsht suyak uni ishlab chiqarishda foydalaniladi.
IV. Ehtiyotkorlik choralari
13. Preparat bilan ishlaganda veterinariya vositalari bilan ishlashda koʻzda tutilgan shaxsiy gigiyena va texnika xavfsizligining umumiy qoidalariga rioya etish lozim.
V. Noroziliklarni bayon etish tartibi
14. Preparat ushbu Qoʻllanma talablariga muvofiq kelmagan taqdirda, uning qoʻllanilishi toʻxtatilib, bu haqida Oʻzbekiston veterinariya preparatlari davlat ilmiy nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha murojaat qilinadi: 100178, Toshkent sh., A.Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30-47. E-mail: uzgnkl@rambler.ru. Bir vaqtning oʻzida laboratoriyaga preparatning laboratoriya bilan kelishilgan miqdordagi ochilmagan oʻramlari va preparatning qoʻllanmaga muvofiq kelmasligining toʻliq tavsifi joʻnatiladi.