Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi boshligʻining
buyrugʻi
PARRANDALARNING VIRUSLI GRIPP KASALLIGI QOʻZGʻATUVChISIGA ANTITELALARNI ANIQLASh UChUN TEST-YIGʻMANI QOʻLLASh BOʻYIChA QOʻLLANMANI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 14-fevral 20-15-23/11-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. Parrandalarning virusli gripp kasalligi qoʻzgʻatuvchisiga antitelalarni aniqlash uchun test-yigʻmani qoʻllash boʻyicha Qoʻllanma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish boshliq oʻrinbosari M. Yusupov zimmasiga yuklatilsin.
Boshliq Sh. MAMATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 18-yanvar,
10-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi Davlat veterinariya Bosh boshqarmasining 2008-yil 18-yanvardagi 10-sonli buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Parrandalarning virusli gripp kasalligi qoʻzgʻatuvchisiga antitelalarni aniqlash uchun test-yigʻmani qoʻllash boʻyicha
Qoʻllanma
I. Testning taʼrifi
1. Test-yigʻma kimyoviy hamda immunologik reagentlarning toʻliq yigʻmasidan iborat boʻlib, Immun-ferment analiz (IFA) usuli bilan parrandalarning virusli gripp kasalligi Avian Influenca (AI) antitelalarini aniqlash imkonini beradi.
2. Test-yigʻma tarkibiga quyidagi jadvalda koʻrsatilgan reagentlar kiradi:
|
Jadval | ||
| T/r | Reagentlarning nomi | Miqdori |
| 1. | Faolsizlantirilgan AI antigeni bilan qoplangan planshetlar | 5 dona |
| 2. | Manfiy nazorat. Koʻk tusdagi maxsus patogenlardan holi, konservant sifatida azid natriy va oqsilli stabilizatori boʻlgan fosfat buferidagi zardob | 3 ml, 1 flakon |
| 3. | Musbat nazorat. Qizil tusdagi konservant sifatida azid natriy va oqsilli stabilizatori boʻlgan fosfat buferidagi AI ga maxsus antitela | 3 ml, 1 flakon |
| 4. | Konʼyugat. Parranda antitelasiga (AT) qoʻy antitelasi (AT) va trans-buferdagi oqsilli stabilizatori, qizil inert boʻyogʻi va konservant sifatida azid natriy boʻlgan ishqorli fosfataza | 55 ml, 1 flakon |
| 5. | Substratli bufer. Fermentli kofaktorlari boʻlgan dietanolaminiyli bufer | 55 ml, 1 flakon |
| 6. | Stop-eritma. Dietanolaminli buferdagi gidroksid natriy | 55 ml, 1 flakon |
| 7. | Substrat tabletkalari. Tabletkalar pNFF (p-nitrofenilfosfat) substrat bufer bilan eritiladi | 12 ta tabletka, 1 flakon |
| 8. | Namuna uchun eritma. Toʻq-yashil tusdagi konservant sifatida azid natriy va oqsilli stabilizatori boʻlgan fosfat buferi | 250 ml, 1 flakon |
| 9. | Yuvish uchun bufer. Poroshoksimon fosfat tuzli bufer | 2 ta paket |
3. Koʻrsatilgan miqdordagi reagentlar hamda komponentlar 480 ta parranda qon zardobi namunasini tekshirish imkonini beradi.
II. Reagentlarni tayyorlash
4. Substrat. Substrat tayyorlash uchun 1 dona tabletka 5,5 ml substratli buferga qoʻshiladi va 3 daqiqa davomida yoki toʻla erigunga qadar aralashtiriladi. Tayyorlangan reagent kun davomida ishlatilgani maʼqul, biroq u qorongʻi joyda +4°S haroratda saqlanganda bir hafta davomida barqaror turadi. Tabletkalar toza idishga solinadi va tegishli hajmdagi substratli bufer qoʻshiladi. Tabletka bilan ishlashda qoʻlqoplar kiyiladi.
5. Yuvuvchi bufer. Yuvuvchi buferning bir paketi bir litr distillangan yoki deionlashtirilgan suvga solinadi va toʻla erigunga qadar aralashtiriladi. Yuvuvchi bufer +4°S haroratda saqlanganda 1 oy davomida barqaror turadi.
6. Yigʻmaning qolgan barcha komponentlari ishlatish uchun tayyor, biroq ishlatishdan oldin xona haroratigacha (22—27°S) ilitilishi kerak.
III. Namunani tayyorlash
7. Har bir namuna 1:500 nisbatda 1 mkl miqdorida 0,5 ml namuna erituvchisiga qoʻshish yoʻli bilan aralashtiriladi.
a) vorteks yordamida yoki probirkani chayqatilib yaxshilab aralashtiriladi.
b) har bir namuna uchun toza uchlik ishlatiladi.
v) aralashmali probirkaga namuna raqami yoziladi. Yigʻmaning ijobiy va salbiy nazoratlari eritilmasligi shart!
Yigʻmaning ijobiy va salbiy nazoratlari eritilmasligi shart!
IV. Test jarayoni
8. Test quyidagi bosqichlarda oʻtkaziladi:
a) berk paketdan AI antigeni bilan qoplangan planshetlar olinadi va shablonda namunalar joylashishi belgilanadi;
b) A1 va V1 chuqurchalariga 100 mkl dan salbiy nazorat qoʻshiladi;
v) S1 va D1 chuqurchalariga 100 mkl dan ijobiy nazorat qoʻshiladi;
g) tegishli chuqurchalarga 100 mkl dan eritilgan namunalar qoʻshiladi. Planshet qopqogʻi bilan yopiladi va xona haroratida (22—27°S) 30 daqiqa inkubatsiya qilinadi;
d) chuqurchalar ichidagi suyuqlik soʻrib olinadi va 4-marta yuvuvchi bufer bilan yuviladi (har bir chuqurchaga 300 mkl dan). Planshet agʻdariladi va filtrlovchi qogʻozga zich bosilib taqillatiladi.
e) tegishli chuqurchalarga 100 mkl dan konʼyugat qoʻshiladi. Planshet qopqoq bilan yopiladi va xona haroratida (22-27°S) 30 daqiqa davomida inkubatsiya qilinadi;
yo) yuvish jarayoni 5 bandda yozilgani singari takrorlanadi;
j) tegishli chuqurchalarga 100 mkl dan substrat qoʻshiladi. Planshet qopqoq bilan yopiladi va xona haroratida (22—27°S) 15 daqiqa davomida inkubatsiya qilinadi;
z) reaksiyani toʻxtatish uchun tegishli chuqurchalarga 100 mkl dan stop eritma qoʻshiladi;
i) havo boʻyicha Blank oʻrnatiladi va 405 nm toʻlqin uzunligida nazoratlar va namunalarning optik zichligi oʻlchanadi.
V. Natijalar
9. Testdan ishonchli natijalar olish uchun salbiy nazoratning oʻrtacha optik zichligi 0,3 dan past boʻlishi shart va salbiy nazoratning oʻrtacha qiymati va ijobiy nazoratning oʻrtacha qiymati oʻrtasidagi farq 0,15 dan yuqori boʻlishi shart.
10. Laboratoriyadagi haroratning oʻzgaruvchanligi optik zichlik qiymatining pasayishi yoki koʻtarilishiga olib keladi. Biroq namunalar qiymati nazoratlar qiymati bilan solishtirgan holda oʻlchanganligi tufayli test natijalari ishonchli boʻlib qolaveradi.
11. AI ijobiy nazorat obdon standartlanadi va ATning parranda zardobidagi A1ga boʻlgan mavjud miqdorini aks ettiradi.
12. Soʻngra parranda namunalaridagi ATning nisbiy miqdori ijobiy nazorat bilan solishtirish yoʻli bilan hisoblanishi mumkin. Ushbu oʻzaro aloqa N/I sifatida ifodalanadi (namuna/ijobiy nazorat nisbati).
VI. Natijalarni hisoblash
13. Namuna ATsining AIga N/I koʻrsatkichi 0,5 yoki koʻp boʻlganda ijobiy deb hisoblanadi.
a) N/I nisbati quyidagicha hisoblanadi:
NOʻQ — IOʻQ =N/I
IOʻQ — SOʻQ
bunda: NOʻQ — Namunaning oʻrtacha qiymati;
SOʻQ — salbiy nazorat oʻrtacha qiymati;
IOʻQ — ijobiy nazorat oʻrtacha qiymati.
b) AT titrini hisoblash
Quyida keltirilgan tenglama namunaning 1:500 nisbatdagi aralashmasining titri bilan N/I qiymatining nisbatini belgilaydi.
Titr LoglO = 1,10 (log N/I) + 3,156
Antilog = titr
| N/I qiymati | Titr diapazoni | AT mavjudligi |
| 0.449 yoki kam | 667 yoki kam | Salbiy (manfiy) |
| 0.500 yoki koʻp | 668 yoki koʻp | Ijobiy (musbat) |
14. Har bir laboratoriya immunitet mavjudligi va yoʻqligi boʻyicha oʻzining shaxsiy baholash koʻrsatkichini belgilashi shart. Buning uchun BioChek firmasi tomonidan taqdim etilgan SE yigʻmasi bilan N/I qiymatini, titrlarni va parrandalar umumiy holatini baholash uchun ishlatiladigan kompyuter dasturidan foydalaniladi.
VII. Oldini olish va ehtiyotkorlik choralari
15. Test-yigʻmani ishlatishda quyidagicha noxush holatlarning oldini olish va ehtiyotkorlik choralari koʻrilishi shart:
a) muzlashga yoʻl qoʻyilmaydi;
b) barcha reagentlar bilan ehtiyotkorona ishlanadi. Stop-eritma tarkibida kuchli oʻyuvchi ishqor mavjud. Teriga yoki koʻzga tushganda koʻp miqdordagi suv bilan yuviladi;
v) barcha biologik materiallar shu jumladan barcha dala namunalari bilan xuddi xavfli material sifatida muomalada boʻlinadi. Utilizatsiyadan oldin ishlatilgan planshetlar va chiqindilar oqartiruvchi yoki boshqa kuchli oksidlovchi modda bilan zararsizlantiriladi;
g) hech qachon hech narsa ogʻiz bilan tortilmaydi. Yigʻma reagentlari hamda dala namunalari bilan ishlash belgilangan joyda yeyish, ichish va chekish mumkin emas;
d) ushbu yigʻma in vitro diagnostika uchun belgilangan;
e) ishonchli natijalar olish uchun yigʻmaga ilova qilingan qoʻllanmaga qatʼiy amal qilinadi.
VIII. Saqlash
16. Test-yigʻma 2—8°S haroratda saqlanadi. Saqlash muddati — 12 oy.
IX. Norozilik bildirish tartibi
17. Test-yigʻma ushbu qoʻllanma talablariga muvofiq kelmaganda uni qoʻllash toʻxtatiladi, bu haqda Respublika hayvonlar oʻta xavfli kasalliklari boʻyicha ixtisoslashgan veterinariya laboratoriyasiga quyidagi manzil boʻyicha xabar beriladi: 700178, Toshkent sh., A. Yunusov koʻchasi, 1a uy. Tel./faks: 228-75-46, 228-73-46. E-mail: uzgnkl@rambler.ru. Shu bilan birgalikda laboratoriya manziliga 1-2 dona ochilmagan test-yigʻma oʻrami va nomuvofiqlik tavsifi batafsil bayon etilgan xat joʻnatiladi.