Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direKtorining
buyrugʻi
NOShIRLIK VA MATBAA KORXONALARI TOMONIDAN OʻZBEKISTON YoZUVChILAR UYuShMASI HUZURIDAGI “IJOD” FONDIGA AJRATMALAR TOʻLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDA”GI NIZOMGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 28-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2139-1]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 10-maydagi 11-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3366, 10.05.2022-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” fondiga ajratmalar toʻlash tartibini takomillashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining 2010-yil 26-avgustdagi 7-yu/b-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2139, 2010-yil 4-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-yil, 35-36-son, 309-modda) bilan tasdiqlangan “Noshirlik va matbaa korxonalari tomonidan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” fondiga ajratmalarni toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Bosh direktor B. ALIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 16-mart,
9-mh-son
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktorining 2011-yil 16-martdagi 9-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Noshirlik va matbaa korxonalari tomonidan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” fondiga ajratmalar toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. 4-band “Fondga” degan soʻzdan keyin “va tegishli davlat soliq xizmati organlariga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. 7-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“7. Ajratma toʻlovchilar soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga va Fondga yilning har choragida, hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda hisoblangan majburiy ajratmalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq oʻsib boruvchi yakun bilan korxona muhri, rahbari va bosh hisobchisi imzolari bilan tasdiqlangan holda, shaxsan yoki pochta (elektron pochta) yoxud faks orqali taqdim etib boradi”.
3. 8-banddagi “5” raqami “25” raqami bilan almashtirilsin.
4. 9-band quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Hisoblangan penya miqdori umumiy qarz summasining 10 foizidan oshmasligi lozim”.
5. Quyidagi mazmundagi 12-1-band bilan toʻldirilsin:
“12-1. Majburiy ajratmalarning toʻgʻri hisoblanishi va belgilangan muddatda toʻlanishi uchun ajratma toʻlovchilar rahbarlari va bosh hisobchilari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgardir”.
6. Mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” fondi ijro etuvchi direksiyasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2011-yil 17-fevral
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2011-yil 17-fevral
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
2011-yil 17-fevral
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” fondi ijro etuvchi direktori A. ADIZOV
2011-yil 17-fevral
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 12-13-son, 127-modda)