Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZULGURJISAVDO” AKSIYADORLIK KOMPANIYASINI TUGATISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tuzilmasini yanada takomillashtirish va xodimlari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 20-dekabrdagi PQ-1444-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasi aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan:
davlat tomonidan “Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasining ustav fondiga kiritilgan “Oʻzyogʻochqogʻozsavdo”, “Oʻzkommaishiysavdo” va “Oʻzkimyopolimersavdo” aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalari paketlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga berishni;
“Sergeliulgurjisavdo” shoʻba xoʻjalik jamiyati mulkiy kompleksini tutash hududi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasiga berishni;
“Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasini belgilangan tartibda tugatishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasini tugatish bilan bogʻliq ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha ilovaga* muvofiq tarkibda ishchi komissiya tashkil etilsin.
*Ilova berilmaydi.
“Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasini tugatish bilan bogʻliq ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi komissiya “Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasini tugatishga doir chora-tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda “Oʻzulgurjisavdo” aksiyadorlik kompaniyasining boʻshab qolayotgan xodimlarini ishga joylashtirishda koʻmaklashsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi belgilangan tartibda:
“Oʻzkommaishiysavdo” aksiyadorlik jamiyatining birja savdosiga qoʻyilgan aksiyalari davlat paketi baholash komissiyasi tomonidan aniqlangan 980,5 mln soʻm miqdoridagi qiymat boʻyicha sotilishini;
“Oʻzyogʻochqogʻozsavdo” va “Oʻzkimyopolimersavdo” aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalari davlat paketlarining bir oy muddatda baholanishini va birja savdolariga qoʻyilishini taʼminlasin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Ulgurji va birja savdosini tashkil etish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2001-yil 1-maydagi 198-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 5-son, 24-modda) 1—4-bandlari hamda qarorga 1 va 2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Davlat aktivlarini sotishdan tushgan, xoʻjalik boshqaruvi ayrim organlari ustav fondini shakllantirish uchun berilgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisida” 2007-yil 25-sentabrdagi 202-son qaroriga 1-ilovaning 94 — 104-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 9-mart,
67-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 10-11-son, 100-modda)