Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2011 — 2015 YILLARDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SIL KASALLIGI BILAN KASALLANIShNI KAMAYTIRIShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sil kasalligi bilan kasallanishni kamaytirish va uning oldini olish dasturi amalga oshirilishi keyingi besh yilda kasallanish koʻrsatkichini 38 foizga, aholining sil kasalligi tufayli oʻlimini — 45 foizga kamaytirishni taʼminladi.
Shu bilan birga, sil kasalligiga qarshi muassasalar faoliyatida profilaktika darajasini oshirish va koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati bilan bogʻliq hal etilmagan masalalar hanuz saqlanib qolmoqda. Sil kasalligiga qarshi muassasalarning aksariyati mukammal taʼmirlashni, rekonstruksiya qilishni va zamonaviy tibbiyot anjomlari bilan jihozlashni talab qiladi, yarmidan koʻpi kam quvvatli va moslashtirilmagan binolarga joylashtirilgan. Koʻpchilik muassasalar ftiziatr vrachlar, ayniqsa tor ixtisosli mutaxassislik vrachlari bilan yetarlicha taʼminlanmagan.
Sil kasalligi profilaktikasi va uni davolash ishlarini yanada takomillashtirish, sil kasalligiga qarshi xizmatning moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, respublikaning sil kasalligiga qarshi muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan:
2011 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida sil kasalligiga qarshi kurashish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga* muvofiq;
*1-ilova berilmaydi.
sil kasalligiga qarshi muassasalar tarmogʻini maqbullashtirish hisobga olingan holda shakllantirilgan 2011 — 2015-yillarda sil kasalligiga qarshi muassasalarni yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning asosiy parametrlari 2 — 4-ilovalarga* muvofiq;
*2 – 4-ilovalar berilmaydi.
2012 — 2015-yillarda sil kasalligiga qarshi muassasalarni zamonaviy tibbiyot anjomlari bilan jihozlash (toʻliq jihozlash)ning asosiy parametrlari 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*5-ilova berilmaydi.
2. 2011 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida sil kasalligiga qarshi kurashish dasturini amalga oshirish boʻyicha 6-ilovaga* muvofiq tarkibda Maxsus komissiya tuzilsin.
*6-ilova berilmaydi.
Maxsus komissiya (A. Aripov)ga Dasturni amalga oshirish boʻyicha tashkiliy ishlarning butun kompleksi bajarilishi yuzasidan javobgarlik yuklansin. Komissiya yarim yillik va kalendar yil yakunlari boʻyicha tasdiqlangan Dastur amalga oshirilishi natijalarini Vazirlar Mahkamasi Prezidiumi majlislarida koʻrib chiqish uchun kiritsin.
Maxsus komissiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining taqdimnomasi boʻyicha har yili tasdiqlanadigan sil kasalligiga qarshi muassasalarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning aniq yoʻnaltirilgan roʻyxatiga umumiy tasdiqlangan parametrlar doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilansinki:
sil kasalligiga qarshi muassasalarni yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash markazlashtirilgan investitsiyalar va sogʻliqni saqlashga har yili nazarda tutiladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek xorijiy davlatlar, xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
zamonaviy tibbiyot anjomlari sotib olish va ularni sil kasalligiga qarshi muassasalarda oʻrnatish amalga oshiriladigan qurilish va taʼmirlash ishlariga muvofiq 2011 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida sil kasalligiga qarshi kurashish dasturini bajarish boʻyicha Maxsus komissiya tomonidan tasdiqlanadigan har yilgi jihozlash (toʻliq jihozlash)ning aniq yoʻnaltirilgan roʻyxatlariga muvofiq xorijiy davlatlar, xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlari hisobiga amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha har yili Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasini va Investitsiya dasturini shakllantirishda belgilangan tartibda jalb etiladigan xorijiy davlatlar, xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlarini hamda boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni hisobga olgan holda sil kasalligiga qarshi muassasalarni yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlashga kapital qoʻyilmalar va budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning zarur limitlarini nazarda tutsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi hamda “Oʻztibloyiha” masʼuliyati cheklangan jamiyat bilan birgalikda aholiga koʻrsatiladigan davolash-profilaktika yordamining sifati va undan foydalanish boʻyicha talablarga muvofiqlikni taʼminlashni nazarda tutgan holda sil kasalligiga qarshi muassasalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan obyektlarga qoʻyiladigan sanitariya meʼyorlari va qoidalari boʻyicha mavjud normativ hujjatlarni qayta koʻrib chiqsin.
5. Buyurtmachi funksiyalari:
respublika sil kasalligiga qarshi muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash, shuningdek sil kasalligiga qarshi muassasalarni zamonaviy tibbiyot anjomlari bilan jihozlash (toʻliq jihozlash) boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga;
sil kasalligiga qarshi viloyat va tuman (shahar) muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yagona buyurtmachi xizmatlariga yuklansin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash davrida sil kasalligiga qarshi muassasalarning bemorlari kontingentini boshqa muassasalarga vaqtincha oʻtkazish jadvalini va joylashtirilishini ishlab chiqsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish uchun xorijiy davlatlar, xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari) va grantlarini hamda boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish ishlarini doimiy asosda olib borsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligining 2011-yil 1-apreldan boshlab sil kasalligiga qarshi muassasalar xodimlarining sogʻliq uchun xavfli va ogʻir ish sharoitlari munosabati bilan tarif stavkalariga 50 foiz miqdorida qoʻshimcha belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilansinki, sil kasalligiga qarshi muassasalar xodimlarining tarif stavkalariga qoʻshimcha miqdori oshirilishi bilan bogʻliq budjetning qoʻshimcha xarajatlari sogʻliqni saqlash muassasalari boʻyicha maʼmuriy va yordamchi xodimlar sonini maqbullashtirish hisobiga qoplanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.N. Aripov va B.A. Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-mart,
62-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 10-11-son, 99-modda)