Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2011 — 2013 YILLARDA QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASINING ShUMANAY TUMANINI IJTIMOIY-IQTISODIY RIVOJLANTIRIShGA DOIR KOMPLEKS ChORA-TADBIRLAR DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumanining iqtisodiy salohiyatini, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirish, ijtimoiy sohasi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yer, suv va mehnat resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, tumanda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari tashkil etish hamda aholi daromadlarini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Prezidiumining 2010-yil 18-noyabrdagi 54-son qarori bilan Xoʻjayli tumanidagi “Bekjap” ovul fuqarolar yigʻinining 14,7 ming gektar hududi Shumanay tumaniga berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2011 — 2013-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Shumanay tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) ilovaga* muvofiq tasdiqlansin, Dastur quyidagilarga yoʻnaltirilgan:
*Ilova berilmaydi.
tijorat banklari tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash hisobiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini va irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek qishloq xoʻjaligi korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash darajasini va aholi farovonligini oshirish;
ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlashni yaxshilash;
uy-joy-kommunal va yoʻl xoʻjaligi ishlarida, shuningdek transport xizmati koʻrsatishda yangi darajaga erishish;
ijtimoiy soha obyektlarini jadal rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
3. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 6-oktabrdagi 653-f-son farmoyishi bilan tuzilgan Respublika komissiyasiga vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyatini muvofiqlashtirish funksiyasi yuklansin.
4. Dasturni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Shumanay tumani hokimligi, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari:
oʻn kun muddatda Dasturga kiritilgan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda tadbirlar va loyihalarni amalga oshirish tarmoq jadvallarini belgilangan tartibda tasdiqlasinlar;
belgilangan chora-tadbirlarning Dasturda nazarda tutilgan parametrlar va muddatlarga muvofiq toʻliq bajarilishini taʼminlasinlar;
barcha yoʻnalishlar boʻyicha Dastur parametrlari bajarilishi yuzasidan har oyda monitoring olib borsinlar, ularni hal etish boʻyicha zarur tezkor va amaliy chora-tadbirlar koʻrsinlar;
har chorakda Respublika komissiyasiga Dasturning bajarilishi toʻgʻrisida axborot taqdim etsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda, 2011-yil va keyingi yillar uchun Investitsiya dasturini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti parametrlarini shakllantirishda ularga, moliyalashtirishning aniq manbalari va hajmlarini koʻrsatgan holda, Dastur doirasida amalga oshirilishi nazarda tutilgan obyektlarning kiritilishini taʼminlasinlar.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Shumanay tumani hokimligi loyihalar tashabbuskorlariga zarur yer uchastkalari, turar joy boʻlmagan obyektlar ajratishda, shuningdek biznesni tashkil etish uchun zarur boʻlgan roʻyxatdan oʻtkazish tartibotlarini amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi B. Yangiboyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 26-noyabr,
267-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 444-modda; 2012-y., 6-son, 60-modda)