Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT YER KADASTRI TOʻGʻRISIDA
1-modda. Mazkur Qonunning maqsadi
Mazkur Qonunning maqsadi davlat yer kadastri yuritishning, iqtisodiyotni rivojlantirish, yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning kafolatlarini taʼminlash, yerlardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash va muhofaza qilish uchun kadastr maʼlumotlaridan foydalanishning huquqiy asoslarini belgilashdan iborat.
2-modda. Davlat yer kadastri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Davlat yer kadastri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari mazkur Qonundan, boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat yer kadastri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Davlat yer kadastri
Davlat yer kadastri Davlat kadastrlari yagona tizimining asosiy tarkibiy qismi hisoblanib, u yerlarning tabiiy, xoʻjalik, huquqiy rejimi, toifalari, sifat xususiyatlari va qimmati, yer uchastkalarining oʻrni va oʻlchamlari, ularning yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlar oʻrtasidagi taqsimoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda hujjatlar tizimidan iboratdir.
Davlat yer kadastri yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini, yerlarning miqdori va sifatining hisobga olinishini, tuproq bonitirovkasini, yerlarning qiymat bahosini, shuningdek yer kadastriga doir axborotlar bir tizimga solinishi, saqlanishi va yangilab turilishini oʻz ichiga oladi.
4-modda. Davlat yer kadastrini yuritishning asosiy prinsiplari
Davlat yer kadastrini yuritishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
mamlakatning butun hududini toʻla qamrab olish;
fazoviy koordinatalarning yagona tizimini qoʻllash;
yer kadastriga doir axborotlar ishlab chiqish uslubiyotining birligi;
yer kadastriga doir axborotlarning toʻgʻri boʻlishi.
5-modda. Davlat yer kadastrini yuritish sohasidagi davlat boshqaruvi
Davlat yer kadastrini yuritish sohasidagi davlat boshqaruvini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyati mahalliy organlari va maxsus vakolat berilgan davlat boshqaruvi organlari amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi davlat yer kadastrini yuritish sohasidagi maxsus vakolat berilgan davlat boshqaruvi organlari hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat yer kadastrini yuritish sohasidagi vakolatlari
Davlat yer kadastrini yuritish sohasida quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlariga kiradi:
yer resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan yagona davlat siyosatini ishlab chiqish;
moliyalash va investitsiyalash sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilash va masalalarni hal etish;
yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi har yilgi milliy hisobotni tasdiqlash;
yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni va yer uchastkalariga oid bitimlarni davlat roʻyxatiga olish tartibini belgilash;
Oldingi tahrirga qarang.
(6-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447-II-son Qonuniga muvofiq chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda )
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Davlat hokimiyati mahalliy organlarining davlat yer kadastrini yuritish sohasidagi vakolatlari
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat yer kadastrini yuritish sohasida quyidagilar davlat hokimiyati mahalliy organlarining vakolatlariga kiradi:
Keyingi tahrirga qarang.
yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni va yer uchastkalariga oid bitimlarni davlat roʻyxatiga olish;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat yer kadastrini yuritish ishlarini mahalliy budjet hisobidan moliyalash;
davlat yer kadastri yuritilishini tashkil etish va nazorat qilish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasining davlat yer kadastrini yuritish sohasidagi vakolatlari
Davlat yer kadastrini yuritish sohasida quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasining vakolatlariga kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida davlat yer kadastri yuritilishiga doir yagona davlat siyosatini amalga oshirish va bu ishlarni muvofiqlashtirish;
davlat yer kadastri yuritilishini tashkil etish;
Yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi har yilgi milliy hisobotni tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasini Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish uchun zarur boʻladigan davlat yer kadastri materiallari va maʼlumotlari bilan belgilangan tartibda taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatlar, tumanlar va aholi punktlarining maʼmuriy chegaralarini belgilash (aniqlash)ga doir ishlarni tashkil etish va yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda belgilangan tartibda normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasining davlat yer kadastrini yuritish sohasidagi vakolatlari
Davlat yer kadastrini yuritish sohasida quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasining vakolatlariga kiradi:
Davlat kadastrlari yagona tizimiga taqdim etiladigan yer kadastriga doir axborotlarning tarkibi, hajmlari va ularga qoʻyiladigan texnik talablarni belgilash;
shahar va posyolkalarda davlat yer kadastri yuritilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasini davlat yer kadastrini yuritish uchun zarur boʻlgan aerokosmik suratlar, turli masshtabdagi plan-kartografik asoslar, topografik ishlar va maʼlumotlar bilan belgilangan tartibda taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda viloyatlar, tumanlar va aholi punktlarining maʼmuriy chegaralarini belgilash (aniqlash)ga doir ishlarni tashkil etish va yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda normativ hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqish va tasdiqlash;
mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Davlat yer kadastrini yuritish
Davlat yer kadastrini yuritish quyidagilar bilan taʼminlanadi:
aerokosmik suratga olishlarni, topografiya-geodeziya, kartografiya, tuproqshunoslik, agroximiya, geobotanikaga oid va boshqa izlanishlar va tadqiqotlarni oʻtkazish, yerlarni miqdor va sifat jihatdan hisobga olish va baholash, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini davlat roʻyxatiga olish;
Keyingi tahrirga qarang.
yer resurslari boʻyicha tuman xizmatlarining faoliyatini, koʻchmas mulk davlat kadastri tuman va shahar xizmatlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
Keyingi tahrirga qarang.
yerlar mavjudligi va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzish;
joriy tadqiqotlar suratga olishlar hamda yer monitoringi materiallaridan foydalangan holda yer-kadastr axborotlariga oid maʼlumotlar majmuini yaratish va tartibga solib turish.
Davlat yer kadastrini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari davlat qoʻmitasining yer resurslari boʻyicha tuman xizmatlari tomonidan, shahar va posyolkalarda esa — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bosh boshqarmasining koʻchmas mulk davlat kadastri tuman va shahar xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yer kadastrini yuritish tumanda (shaharda) quyidagi yoʻl bilan amalga oshiriladi:
yer uchastkalariga boʻlgan huquqni va yer uchastkalariga doir bitimlarni davlat roʻyxatiga olish;
kadastr suratga olishlarini oʻtkazish;
yer uchastkalari egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer uchastkalari mulkdorlaridan maʼlumotlar olish, ularning toʻgʻriligini tekshirish, yer kadastriga doir hujjatlarga joriy oʻzgartishlarni kiritish.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobot
Yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobot har yili tayyorlanadi hamda butun mamlakat va maʼmuriy-hududiy birliklar boʻyicha yerlarning miqdor va sifat holati hamda ularning bahosi, yerlarning toifalarga boʻlinishi, tarmoqlar, yer uchastkalarining egalari, yer uchastkasidan foydalanuvchilar, yer uchastkasi ijarachilari, mulkdorlari boʻyicha taqsimlanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va yer kadastriga oid boshqa axborotni oʻz ichiga oladi.
Yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobotga kiritiladigan maʼlumotlarni taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Yer kadastri hujjatlari
Yer kadastri hujjatlari yer uchastkalariga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar, tuman (shahar) yer kadastri daftari, yerlarning miqdor, sifat holati va ularning bahosi toʻgʻrisidagi hisobotlar, kadastr xaritalari, planlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlardan iboratdir.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish
Yer uchastkalariga egalik qilish, ulardan foydalanish huquqini, yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini, shuningdek yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqini, shu jumladan servitutlar toʻgʻrisidagi bitimlar va bu huquqlarga doir boshqa cheklashlarni davlat roʻyxatiga olish tuman (shahar) yer kadastri daftariga tegishli maʼlumotlarni kiritish orqali yer uchastkasi joylashgan yerda amalga oshiriladi.
Yer uchastkalarini egalik qilish, foydalanish va ijara huquqida, shuningdek mulk qilib olgan yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalariga boʻlgan oʻz huquqlarini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishlari shart.
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning yuzaga kelishi, oʻzgaga oʻtishi, cheklanishi va bekor qilinishi davlat roʻyxatiga olinishi lozim. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni roʻyxatga olganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda roʻyxatga olish yigʻimi undiriladi.
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish belgilangan tartibda, yuridik yoki jismoniy shaxsning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish ishlarini amalga oshiruvchi organga bergan arizasiga asosan amalga oshiriladi.
Davlat roʻyxatiga olish ariza berilgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yer uchastkasiga boʻlgan huquq davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisida roʻyxatga olingan sana va roʻyxatga olinganlikning tartib raqami koʻrsatilgan holda davlat roʻyxatiga olinganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish vaqtida tuman (shahar) yer kadastri daftariga kiritiladigan maʼlumotlar
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish vaqtida tuman (shahar) yer kadastri daftariga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
yer uchastkasiga boʻlgan huquqni olgan shaxs toʻgʻrisidagi;
yer uchastkasi toʻgʻrisidagi (yerning toifasi, foydalanish maqsadi, yerning turi, uning sifati, chegaralari, maydoni, kadastr raqami va boshqa tavsiflari);
Keyingi tahrirga qarang.
yer uchastkasining berilish shartlari, uni saqlash vazifalari va servitutlar toʻgʻrisidagi;
tuman, shahar, viloyat hokimining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yer uchastkasini davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun ajratiladigan zonaga kiritish xususidagi qarorlari toʻgʻrisidagi;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat roʻyxatiga olinganlik haqidagi guvohnomaning tartib raqami va u berilgan sana toʻgʻrisidagi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yer kadastri daftariga qonun hujjatlarida belgilangan boshqa maʼlumotlar ham kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan maʼlumotlar yer roʻyxatiga doir axborotni tashkil etadi.
15-modda. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olish asoslari
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni belgilovchi, oʻzgartiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar ana shu huquqlarni davlat roʻyxatiga olish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Yer uchastkalariga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlari tuman, shahar, viloyat hokimining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yer berish toʻgʻrisidagi qarorlari asosida roʻyxatga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yerlarni ijaraga olish huquqi yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi asosida roʻyxatga olinadi.
Yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi bunday huquqqa oid davlat orderi, oldi-sotdi shartnomalari va yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi yuzaga kelishiga asos boʻladigan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlarga asosan roʻyxatga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Binoga, imoratga va inshootga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtishi natijasida yuzaga kelgan yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish huquqi ana shu mulklarning oldi-sotdisi, almashtirilganligi, hadya etilganligi, vasiyat qilinganligi toʻgʻrisidagi tegishli shartnomalar va yer uchastkasiga oid tegishli hujjatlar asosida roʻyxatga olinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Servitutlar toʻgʻrisidagi bitimlar hamda yer uchastkalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni ijaraga olish, mulk huquqlariga doir boshqa cheklashlar tegishli shartnomalar, sudning qarorlari asosida roʻyxatga olinadi.
16-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olishni rad etish uchun asoslar
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
davlat roʻyxatiga olish organida mazkur yer uchastkasining kimga tegishli ekanligi toʻgʻrisida nizo borligidan dalolat beruvchi hujjatlarning mavjudligi;
davlat roʻyxatiga olish organida mazkur yer uchastkasi qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning mavjudligi.
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni va yer uchastkalariga oid bitimlarni davlat roʻyxatiga olish rad etilganligi yoki roʻyxatga olish muddatlarining buzilganligi ustidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
17-modda. Yerlarning miqdori va sifatini hisobga olish
Yerlarning miqdori va sifatini hisobga olish ularning haqiqiy holati va ulardan foydalanilishiga qarab, yer uchastkalari va maydonlari, aholi punktlari, tumanlar, viloyatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va umuman Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Yer uchastkalari boʻyicha yer miqdorini hisobga olish yer uchastkalarining oʻlchami, ularning qimmati va talab qilinadigan oʻlchash aniqligiga qarab, geodezik va (yoki) kartometrik usullarda amalga oshiriladi.
Yer maydonlari boʻyicha yer miqdorini hisobga olish yer uchastkalari doirasida asosan kartometrik usulda amalga oshiriladi.
Yer sifatini hisobga olish tabiiy-qishloq xoʻjaligi boʻyicha rayonlashtirishni, tuproq va yerlarni tasniflashni, ularni agronomik, ekologik, texnologik va shaharsozlik belgilari boʻyicha tavsiflashni, tuproqni guruhlarga ajratishni oʻz ichiga oladi.
Yerlarning miqdorini va sifatini hisobga olish asosiy va joriy turlarga boʻlinadi.
Yerlarni hisobga olishning asosiy turi (inventarizatsiya) joyning oʻzida yer uchastkalarining va maydonlarining chegaralari, joylashgan oʻrni, holati va ulardan foydalanish xususiyatiga doir oʻzgarishlar talaygina toʻplanganligiga qarab, davriy ravishda oʻtkaziladi, bunda yerlarning plan-kartografik asosi tegishli masshtablarda yangilanishi, tuproq, geobotanik va boshqa xil tekshiruvlar oʻtkazilishi shart.
Yerlarning joriy hisobi kadastr hujjatlari va maʼlumotlarining toʻgʻri boʻlishini taʼminlash maqsadida yuritiladi, bunda yerlarning huquqiy holatida, miqdori va sifat holatida va ulardan foydalanish borasida yuz bergan oʻzgarishlar aniqlanadi hamda roʻyxatga olinadi. Zimmasiga davlat yer kadastri yuritish vazifasi yuklatilgan tegishli organlarga yer uchastkalarining egalari, ulardan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari sodir boʻlgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir oy muddatda axborot berishlari shart.
Yerlarning oʻlchami, joylashgan oʻrni, maydon turlari va sifat holatiga oid qayd etiladigan maʼlumotlar yerni hisobga olish axborotini tashkil etadi.
18-modda. Tuproq bonitirovkasi
Tuproq bonitirovkasi — qishloq xoʻjaligi ekinlari agrotexnikasi oʻrtacha darajada boʻlganidagi tuproq sifati hamda tabiiy unumdorlik quvvatiga beriladigan qiyosiy baho.
Tuproq bonitirovkasi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning keyingi qiymat bahosini chiqarish, mulkiy paylarning miqdorini aniqlash, yer tuzishni amalga oshirish va yerlardan oqilona, samarali foydalanishni ragʻbatlantirish uchun asosdir.
Tuproq bonitirovkasi tegishli qishloq xoʻjaligi maydonlari uchun yuz balli shkala boʻyicha oʻtkaziladi. Yaxshi xossalarga ega boʻlgan, gʻoyat unumdor tuproq yuqori ball bilan baholanadi.
Tuproq bonitirovkasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tuproq bonitirovkasiga doir maʼlumotlar yer bahosiga oid axborotni tashkil etadi.
19-modda. Yerlarning qiymat bahosi
Barcha toifadagi yerlarning qiymat bahosini chiqarish natura va qiymat koʻrsatkichlari tizimi yordamida amalga oshiriladi. Yerlarning qiymat bahosi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chiqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Turli maqsadlarga moʻljallangan yerlardan foydalanish samaradorligi darajasini aniqlash, yer uchun toʻlanadigan haq va uning normativ bahosini hisoblab chiqarish, yerlarni kimoshdi savdosi asosida realizatsiya qilish paytida boshlangʻich bahosini aniqlash, yerlarni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishda yoʻl qoʻyilgan nobudgarchilik va koʻrilgan zararlarni qoplash uchun yerlarning qiymat bahosi chiqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yerlarning qiymat bahosiga doir maʼlumotlar yer bahosiga oid axborotni tashkil etadi.
20-modda. Tuman (shahar) yer kadastri daftari
Tuman (shahar) yer kadastri daftari yerlarni davlat roʻyxatiga olish, hisobga olish va ularni baholash boʻyicha asosiy hujjat boʻlib, yer uchastkasining joylashgan oʻrni, qaysi maqsadda foydalanish moʻljallanganligini, unga egalik qilish, undan foydalanish, uni ijaraga olish huquqlarini va unga boʻlgan mulk huquqini aniqlash uchun zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi, yer uchastkasining miqdor va sifat holati hamda bahosi toʻgʻrisidagi axborot manbai hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yer kadastri daftarining tuzilishi, mazmuni va uni yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
21-modda. Kadastr uchun suratga olish
Kadastr uchun suratga olish yer uchastkalari va maydonlari chegaralarini belgilash hamda kartografiya qilish, ularni kadastr xaritalari va planlarida aks ettirish maqsadida amalga oshiriladi.
Kadastr uchun suratga olish aerofotogeodezik va yer ustida bajariladigan uslublarda, topografik-geodezik ishlarni bajarish, tuproq, geobotanik va boshqa xil maxsus tekshiruvlar uchun belgilangan texnikaviy talablarga muvofiq yer uchastkasining oʻlchamidan kelib chiqadigan masshtablarda amalga oshiriladi.
22-modda. Yer kadastri xaritalari va planlari
Yer kadastri xaritalari va planlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mavzusi, hududlarni (respublika, viloyat, tuman, aholi punktlari, yer uchastkalari) qamrab olishi, masshtablari va boshqa belgilari boʻyicha tasniflanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tuman yer kadastri xaritasi, aholi punkti va yer uchastkasining planlari grafik hujjatlar boʻlib, ular yer uchastkasining joylashgan oʻrnini, maydonlari, chegaralarini, yerlarni baholash zonalarini, suv manbalarini, yer uchastkasida joylashgan binolar va inshootlarni aks ettirish, shuningdek kadastrga doir tegishli tavsiflar olish maqsadida tuziladi hamda ularga tuzatishlar kiritiladi.
Yer kadastri xaritalari va planlari axborotlarni ifoda qilishning anʼanaviy vositalari (qogʻoz, plastik) yordamida ham, elektron vositalar (raqamli xaritalar) yordamida ham tuziladi.
23-modda. Yer kadastriga doir axborot
Yer kadastriga doir axborotlar yerni roʻyxatga olish, yerni hisobga olish va yer bahosiga oid axborotlar majmuini tashkil etadi hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar foydalanishi uchun moʻljallangan boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yer kadastriga doir axborotni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Yerlardan foydalanish, ularni tiklash va muhofaza qilish, yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) va ularni olib qoʻyish, yer uchun toʻlanadigan haq miqdorini belgilash, yer tuzish ishlarini bajarish, xoʻjalik faoliyatiga baho berish hamda yerdan foydalanish va ularni muhofaza qilish bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni amalga oshirish chogʻida davlat yer kadastri maʼlumotlaridan foydalanilishi shart.
Yer kadastriga doir axborot davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga tekinga taqdim etiladi, yuridik va jismoniy shaxslarga esa haq evaziga beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yer kadastriga doir axborotdan foydalanuvchilar bunday axborotni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan muddatlar va hajmlarda yoki shartnoma asosida olishga haqlidirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslar yer kadastriga doir axborot maʼlumotlari qayta koʻrib chiqilishini talab qilishga haqlidirlar.
Davlat sirini saqlash maqsadida qonun hujjatlarida yer kadastriga doir axborotlar olishni cheklaydigan yoki taqiqlaydigan hollar nazarda tutilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
24-modda. Yer kadastriga doir axborot tizimi
Yer kadastriga doir axborot tizimi — yer resurslari toʻgʻrisidagi fazoviy-muvofiqlashtirilgan maʼlumotlarni toʻplash, ular ustida ishlash, ularni aks ettirish va tarqatishni amalga oshiruvchi avtomatlashtirilgan joʻgʻrofiy axborot tizimidir.
Yer kadastriga doir axborot tizimi yer resurslarini roʻyxatga olish, baholash, ularning istiqbolini belgilash va ulardan foydalanishni boshqarishning ilmiy hamda amaliy vazifalarini hal etish uchun moʻljallangan.
Yer kadastriga doir axborot tizimi: moʻljallanishi boʻyicha — koʻp maqsadli va maxsus; hududni qamrab olishi boʻyicha — lokal, mintaqa va respublika tizimiga boʻlinadi.
25-modda. Davlat yer kadastrini yuritishni moliyalash
Davlat yer kadastrini yuritish borasidagi ishlar davlat budjetidan, shuningdek yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatiga olganlik uchun undiriladigan mablagʻlar va qonun hujjatlari bilan man etilmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Yer kadastri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Davlat yer kadastri toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 28-avgust,
666-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 165-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda, 9-10-son, 149-modda, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda, 51-son, 514-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2018-y., 03/18/487/1569-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 17.08.2021-y., 03/21/708/0799-son; 07.06.2022-y., 03/22/775/0477-son, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)