Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT ShAHRIDA ChIGIRTKA VA BOShQA XAVFLI ZARARKUNANDALARGA QARShI KURAShISh MAXSUS IShChI GURUHINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 131-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻsimliklarni himoya qilish va qishloq xoʻjaligiga agrokimyoviy xizmatlarni koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 24-oktabrdagi PQ-2640-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toshkent shahrida chigirtka va boshqa xavfli zararkunandalarga qarshi kurashish ishlarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Respublika oʻsimliklarni himoya qilish va agrokimyo markazining Toshkent viloyati chigirtkalarga qarshi kurashish xizmati tarkibida Toshkent shahrida chigirtka va boshqa xavfli zararkunandalarga qarshi kurashish ishlarini amalga oshiruvchi maxsus guruh tuzish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Ushbu guruhning respublikada chigirtkalarga qarshi kurashish xizmatlari uchun ajratilgan umumiy shtatlar sonidan oshmagan holda 6 shtat birligidan iborat etib tuzilishi inobatga olinsin.
2. Respublika oʻsimliklarni himoya qilish va agrokimyo markazi maxsus guruhning ish faoliyatini tashkil etish uchun ilovaga muvofiq texnika vositalarini sotib olishni taʼminlasin.
Ilovada koʻrsatilgan texnika vositalari belgilangan tartibda tender yoki tanlov oʻtkazish yoʻli bilan, budjet mablagʻlaridan samarali foydalanishni taʼminlagan holda sotib olinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yuqorida qayd etilgan maxsus guruh taʼminotini va texnika vositalari sotib olishni moliyalashtirishni Respublika oʻsimliklarni himoya qilish va agrokimyo markazi uchun 2005-yil budjetida nazarda tutilgan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobiga taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Agrosanoat va suv xoʻjaligi komplekslari masalalari axborot-tahlil departamenti zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 24-mart,
89-son
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 24-martdagi 89-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Maxsus guruh faoliyatini amalga oshirish uchun sotib olinadigan texnika vositalari roʻyxati
|
Texnika vositalari turi |
Soni |
| Traktor |
5 |
| OVX purkagichi |
5 |
| Bogʻ purkagichi |
2 |
| Kichik hajmli aravachali bogʻ purkagichi |
2 |
| Motorli osma qoʻl purkagichi |
8 |
| Tirkama (pritsep) |
1 |
| Sisterna |
1 |
| Avtomashina |
1 |