Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA IQTISODIYOTI TARMOQLARINI 2002/2003 YIL KUZ-QISh DAVRIDA IShLAShGA TAYYORLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika tarmoqlari, korxonalari va muassasalarini 2002/2003-yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga oʻz vaqtida tayyorlashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, kompaniyalar, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar 2001/2002-yil kuz-qish davriga tayyorgarlik koʻrish va ishlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va nuqsonlarni tanqidiy oʻrganib chiqsinlar va ularni hisobga olgan holda:
bir hafta muddatda — iqtisodiyot tarmoqlarini 2002/2003-yil kuz-qish davriga tayyorlash masalalarini hal etish boʻyicha hududiy komissiyalar tashkil etsinlar;
oʻn kun muddatda — shaharlar, tumanlar, korxonalar, uy-joylarni, ijtimoiy soha, savdo va umumiy ovqatlanish muassasalarini, transport, qurilish tashkilotlarini, chorvachilik binolarini, parrandachilik fabrikalarini, qozonxonalarni va muhandislik inshootlarini 2002/2003-yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlab qoʻyish yuzasidan tadbirlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar. Maktabgacha bolalar muassasalariga, maktablarga, akademik litseylarga, kasb-hunar kollejlariga, kasalxonalarga, poliklinikalarga, uy-joylarga issiqlik uzluksiz berib turilishiga alohida eʼtibor bersinlar;
2002-yil 1-sentabrgacha — “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda kuz-qish davrida energiya tizimi eng zoʻriqqan soatlarda elektr energiyasini isteʼmol qilishni kamaytirish tadbirlarini ishlab chiqsinlar;
shu yil 1-sentabrgacha — yongʻinga qarshi idoralar bilan birgalikda uy-joylar, binolar va inshootlar ahvolini ularning texnik normalarga muvofiqligi yuzasidan tekshirib chiqsinlar;
shu yil 15-sentabrgacha — qozonxonalarni mukammal tuzatishni tugallasinlar hamda ularning kuz-qish davrida ishlashga tayyorligi toʻgʻrisida tegishli dalolatnomalarni rasmiylashtirsinlar va dalolatnomalar nusxalarini hududiy komissiyalarga taqdim etsinlar.
shu yil 1-oktabrgacha — gaz yoqilgʻisini aholi uchun boʻshatish maqsadida barcha korxonalar va tashkilotlarda ularning qozonxonalari kuz-qish davrida yoqilgʻining zaxira turlari bilan uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun suyuq va qattiq yoqilgʻining zarur zaxiralarini yaratsinlar. Yoqilgʻi-energetika resurslari faqat ajratilgan limitlar doirasida sarflanishi ustidan qattiq nazorat qilinishini va 2003-yil mart oyigacha boʻlgan davrda yonilgʻi mazuti yetkazib berishni taqsimlashning tasdiqlangan jadvali bajarilishini taʼminlasinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda kuz-qish davriga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ayrim tadbirlarni bajarishga mablagʻlarni 2002-yil IV choragi oʻrniga III choragida oldindan ajratish maqsadga muvofiqligi masalasini va imkoniyatini ishlab chiqsinlar.
2. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdavneftgazinspeksiya”, “Sanoatkontexnazorat” agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
isitish mavsumi boshlangungacha respublika korxonalari va tashkilotlarining mavjud qozonxona asbob-uskunalarini, har bir qozonxonaning foydali ish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, ularning tabiiy gazni qabul qilish boʻyicha texnik talablarga muvofiqligi yuzasidan tekshirib chiqsinlar. Texnik talablarga javob bermaydigan qozonxonalar gaz tarmoqlaridan uzib qoʻyilsin;
2002/2003-yil kuz-qish davrida respublika aholisini tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash uchun shu yilning 1-sentabrigacha kuz-qish davrida limit doirasida uzib qoʻyilmaydigan korxonalar roʻyxatini, shuningdek 2002/2003-yil kuz-qish davrida elektr stansiyalarini va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa sanoat korxonalarini yoqilgʻining zaxira turlariga oʻtkazish jadvalini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
3. “Oʻzkommunxizmat” agentligi, “Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2002/2003-yil kuz-qish davrida isteʼmolchilarga gaz belgilangan limitlar doirasida va 2002/2003-yil kuz-qish davrida elektr stansiyalari va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa sanoat korxonalarini yoqilgʻining zaxira turlariga oʻtkazish jadvaliga muvofiq yetkazib berilishini taʼminlasinlar.
“Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi:
gaz taqsimlash stansiyalari tomonidan tabiiy gaz shartnomalarda belgilangan koʻrsatkichlar doirasida yetkazib berilishini;
2002-yil aprel oyi 2003-yil mart oyi davrida yonilgʻi mazuti yetkazib berilishini taqsimlashning tasdiqlangan jadvali qatʼiy bajarilishini taʼminlasin.
4. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi 2002-yil 1-noyabrgacha:
elektr stansiyalarida tasdiqlangan jadvallarga muvofiq suyuq va qattiq yoqilgʻi jamgʻarilishini;
elektr stansiyalari va elektrtarmoq obyektlarining zoʻriqish eng koʻp davrda ishlaydigan asosiy texnologik asbob-uskunalari mukammal taʼmirlanishi tugallanishini taʼminlasin.
5. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi:
neft, gaz kondensati, neft mahsulotlari, koʻmir, tuz hamda xoʻjaliklarni 2002/2003-yil kuz-qish davrida ishlashga tayyorlab qoʻyish bilan bogʻliq boshqa xalq xoʻjaligi yuklari uzluksiz tashilishini taʼminlasin;
vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tashkilotlar, korxonalar bilan birgalikda vagonlar, ayniqsa sisternalarning normativdan ortiq turib qolishiga yoʻl qoʻymaslik, ortish-tushirish, ayniqsa kechasi, dam olish va bayram kunlarida ortish-tushirish ishlarining bir maromda olib borilishini taʼminlash, kirish yoʻllarini taʼmirlash, yuklarning sovuq paytda yaxlab qolishining oldini olish yuzasidan aniq chora-tadbirlar koʻrsinlar.
6. “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzqurilishmateriallari” kompaniyasi, kon-metallurgiya sanoati korxonalari hamda energiyani koʻp isteʼmol qiluvchi boshqa korxonalar qish oylarida gaz, elektr va issiqlik energiyasi isteʼmol qilishni kamaytirish maqsadida 2002-yil 1-sentabrgacha:
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bilan birgalikda oʻzlariga qarashli asbob-uskunalarning yuqori zoʻriqish davrida texnologiya jihatidan yoʻl qoʻyiladigan ish rejimlarini ishlab chiqsinlar;
asosiy asbob-uskunalarni taʼmirlash jadvalini ishlab chiqsinlar va uni “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzkommunxizmat” agentligi bilan kelishsinlar, bu ishlarni yilning qish oylarida amalga oshirsinlar.
7. “Sanoatkontexnazorat” agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi iqtisodiyot tarmoqlarini 2002/2003-yil kuz-qish davriga tayyorlashning borishi ustidan belgilangan tartibda texnik va sanitariya nazoratini amalga oshirsinlar.
8. Surxondaryo viloyati hokimligi Xoʻjaikon tuz konidan texnik tuz respublikaning issiqlik bilan taʼminlovchi korxonalariga tuzilgan shartnomalarga muvofiq oʻz vaqtida yetkazib berilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
9. “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi qattiq yoqilgʻi umumtaʼlim, davolash-profilaktika muassasalarining buyurtmanomalariga toʻliq muvofiq yuklab joʻnatilishini nazarda tutsin, bunda yetkazib berilayotgan koʻmirning sifatiga alohida eʼtiborni qaratsin.
10. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” va “Oʻzdavenergonazorat” agentligi 2002/2003-yil kuz-qish davrida respublika iqtisodiyoti tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali foydalanilishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
11. Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2002/2003-yil kuz-qish davrida ishlashga tayyorlash boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika komissiyasi vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, kompaniyalar va boshqa tashkilotlarning, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining oʻzlariga qarashli obyektlarni 2002/2003-yil kuz-qish davriga tayyorlashning borishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini har oyda eshitib borsin.
Hududiy komissiyalar iqtisodiyot tarmoqlarini 2002/2003-yil kuz-qish davriga tayyorlashning borishini har oyning 15-kunigacha koʻrib chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 27-iyun,
232-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-iyundagi 232-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Iqtisodiyot tarmoqlarini 2002/2003-yil kuz-qish davrida ishlashga tayyorlash boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI
| Toʻlaganov K.N. | — | Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari, komissiya raisi |
| Atayev V.Y. | — | Bosh vazirning oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosari |
| Axmedov O.Y. | — | Vazirlar Mahkamasining bosh mutaxassisi |
| Abdurahmonov M.S. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| Akromov E.M. | — | “Oʻzqurilishmateriallari” kompaniyasi raisi |
| Amanboyev O.E. | — | “Oʻzdavzaxira” bosh boshqarmasi boshligʻi |
| Baratov F.P. | — | Makroiqt�sodiyot va statistika vazirining oʻrinbosari |
| Gʻulomov S.S. | — | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri |
| Jalolov A.A. | — | Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Zohidov R.Q. | — | “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat- aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Joʻrayev R.H. | — | Xalq taʼlimi vaziri |
| Klimenko A.I. | — | “Koʻmir” aksiyadorlik birlashmasi bosh direktori |
| Qoʻldoshev A.X. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yongʻindan saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi |
| Nazirov F.G. | — | Sogʻliqni saqlash vaziri |
| Niyozmatov B.I. | — | Respublika bosh davlat sanitariya vrachi, Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari |
| Ramazanov N.S. | — | “Oʻzneftgazinspeksiya” boshligʻi |
| Saidov R.T. | — | Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi bosh direktori |
| Saydaxmedov E.M. | — | “Oʻzbekneftgaz” kompaniyasining raisi |
| Teshaboyev B.M. | — | “Oʻzdavenergonazorat” agentligining bosh direktori |
| Xolmuhamedov Oʻ.O. | — | “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktori |
| Shoismatov E.R. | — | “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
* Komissiya tarkibiga lavozimiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari kiradi.