Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKISTON YuKSALISh YOʻLIDA (OʻN YILLIK MUSTAQIL TARAQQIYOT YOʻLI)” FOTOALBOMINI NAShR ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻn yillik bayramini munosib kutib olish, istiqlol yillarida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda qoʻlga kiritilgan katta yutuqlarni, hayotimizda roʻy berayotgan tarixiy oʻzgarishlarni xalqimiz va xalqaro jamoatchilik orasida keng targʻib etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vatanimizning betakror qiyofasini va yangi hayot qurish yoʻlida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini, yurtimiz odamlarining yorqin siymolarini aks ettiruvchi, koʻp ming yillik tariximiz, boy madaniyatimiz, serqirra sanʼatimiz haqida hikoya qiluvchi “Oʻzbekiston yuksalish yoʻlida (oʻn yillik mustaqil taraqqiyot yoʻli)” nomli rangli-bezakli fotoalbom tayyorlansin va nashr etilsin.
2. Mazkur fotoalbomni tayyorlash boʻyicha ishchi guruhi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi oʻn kun muddat ichida mazkur fotoalbomning hajmi, tarkibi, maʼno-mazmuni ifodalangan dastur ishlab chiqsin. Fotoalbomning mazmun-mundarijasini belgilashda, arxiv hujjatlari, fotosuratlar va boshqa tasviriy vositalarni tanlashda quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratsin:
Oʻzbekistonning oʻziga xos qiyofasini, milliy tariximiz, yuksak maʼnaviyatimiz va boy madaniyatimizni, jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallashga qodir xususiyatlari va fazilatlarini yorqin lavhalar orqali koʻrsatish;
oʻlkamizning goʻzal tabiatini, saxovatli zaminimizning beqiyos manzaralarini aks ettirish;
mamlakatimiz boyliklari, tabiiy-mineral zaxiralari va iqtisodiy salohiyatini tasviriy vositalar yordamida namoyon etish;
koʻp millatli xalqimiz vakillarining oʻziga xos turmush tarzi, yurtimizda qaror topgan millatlararo totuvlik va osoyishtalik, diniy bagʻrikenglikni aks ettirish;
tarixiy-madaniy obidalarimiz, ularni qayta tiklash, yangi ziyoratgohlar barpo etish yoʻlidagi keng koʻlamli ishlarning xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishdagi ahamiyatini qiyosiy usulda ifodalash;
Vatanimiz ostonasi boʻlmish poytaxtimiz Toshkent shahrida mustaqillik davrida bunyod etilgan zamonaviy binolar, ravon yoʻllar, mustahkam koʻpriklar, yangi uy-joylar, goʻzal bogʻ va xiyobonlarni aks ettirish.
Yuqorida qayd etilgan Oʻzbekistonning tarixi, oʻziga xos qiyofasi, ulkan salohiyati hamda oʻn yillik mustaqil taraqqiyot davrida yangi hayot, yangi jamiyat barpo etish yoʻlida qoʻyilgan qadamlar va erishilgan natijalarni, xalqaro jamoatchilik eʼtirof etadigan yutuqlarni bir-biri bilan uzviy bogʻliq holda fotosuratlar va boshqa hujjatlar asosida yoritish ishchi guruhining asosiy vazifasi ekani belgilab qoʻyilsin.
3. “Oʻzbekiston yuksalish yoʻlida (oʻn yillik mustaqil taraqqiyot yoʻli)” fotoalbomini oʻzbek, rus va ingliz-tillarida nashr etish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasiga topshirilsin.
Fotoalbomni Germaniya Federativ Respublikasida chop etish nazarda tutilsin.
4. Davlat matbuot qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi bilan birgalikda fotoalbomni keng miqyosda targʻib etish va realizatsiya qilish chora-tadbirlarini belgilasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi fotoalbomni tayyorlash va nashr etish uchun zarur mablagʻlarni Davlat matbuot qoʻmitasi taqdim etgan sarf-xarajatlar smetasi asosida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan ajratsin.
6. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi:
aerosuratga olish uchun zarur texnik shart-sharoitlarni tashkil etsin;
Germaniyada nashr etilgan fotoalbom tirajini Toshkent shahriga olib kelishni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi fotoalbom tirajini Toshkent shahriga olib kirishda bojxona toʻlovlarini undirmasdan xizmat koʻrsatsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov va Bosh vazir oʻrinbosari H.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 13-aprel,
176-son
Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-apreldagi 176-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Oʻzbekiston yuksalish yoʻlida (oʻn yillik mustaqil taraqqiyot yoʻli)” fotoalbomini tayyorlash boʻyicha ishchi guruhi
| 1. | Ahmadjon Meliboyev | — | Davlat maslahatchisi oʻrinbosari (ishchi guruhi rahbari) |
| 2. | Rustam Shoabduraxmonov | — | Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari |
| 3. | Xayrulla Joʻrayev | — | Madaniyat ishlari vaziri |
| 4. | Rustam Shogʻulomov | — | Davlat Matbuot qoʻmitasi raisi |
| 5. | Murod Muhammad Doʻst | — | OʻzA Bosh direktori |
| 6. | Bobur Alimov | — | “Sharq” kompaniyasi raisi |
| 7. | Tursunali Qoʻziyev | — | Badiiy akademiya raisi |
| 8. | Halim Boboyev | — | Yuridik fanlari doktori, professor |
| 9. | Bahodir Yoʻldoshev | — | rejissor |
| 10. | Isfandiyor Latipov | — | “Tasviriy oyina” uyushmasi raisi |
| 11. | Abror Gʻulomov | — | “Jahon” agentligi bosh direktori |
| 12. | Abbosxon Usmonov | — | “Xalq soʻzi” gazetasi bosh muharriri |
| 13. | Mirakmal Mirolimov | — | Oliy Majlisning matbuot va tarjimalar boʻlimi mudiri |
| 14. | Erkin Aʼzamov | — | “Tafakkur” jurnali bosh muharriri |
| 15. | Eduard Rtveladze | — | tarix fanlari doktori, akademik |
| 16. | Shuhrat Rizayev | — | filologiya fanlari nomzodi |
| 17. | Absalom Umarov | — | filologiya fanlari nomzodi |
| 18. | Ahmadjon Toshxoʻjayev | — | jurnalist |
| 19. | Sherzod Qudratxoʻjayev | — | jurnalist |
| 20. | Raim Farhodiy | — | shoir, jurnalist |