Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, foydali qazilmalar sanoat zaxiralari va qazib olinishi koʻpaytirilishini taʼminlaydigan mineral-xom ashyo resurslari bazasini ildam rivojlantirish kabi pirovard natijalarga yoʻnaltirilgan geologik qidiruvlarni olib borishni jadallashtirish va samaradorligini oshirish, respublikaning real iqtisodiyoti yetakchi bazaviy tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasini qayta tashkil etish toʻgʻrisida 2010-yil 4-martdagi F-3381-son farmoyishi bilan tuzilgan geologiya-razvedka ishlarini tashkil qilish tizimini oʻrganish va samaradorligini baholash Komissiyasining quyidagilarni nazarda tutgan takliflari maʼqullansin:
“Navoiy KMK” davlat korxonasi tarkibida “Qimmatbaho metallar va uran geologiyasi” Ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etgan holda respublikaning butun hududida qimmatbaho metallar va uran hamda ularga qoʻshilib chiqadigan foydali qazilmalarni qazib olish uchun geologiya-razvedka ishlarini olib borish vazifalarini ushbu korxonaga topshirish;
“Olmaliq KMK” OAJ tarkibida “Rangli metallar geologiyasi” Ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etib, respublikaning butun hududida rangli metallar va ularga qoʻshilib chiqadigan foydali qazilmalarni qazib olish uchun geologiya-razvedka ishlarini olib borish, shuningdek kombinat ixtiyoriga berilgan qimmatbaho metallar konlarini qoʻshimcha razvedka qilish va ekspluatatsiya razvedkasini olib borish vazifalarini mazkur kombinatga topshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan gidromineral resurslar, qattiq noruda foydali qazilmalari, qora metallar qazib olish uchun geologiya-razvedka ishlarini olib borish, shuningdek hududlarni geologik oʻrganish, geologik tasvirga olish ishlari, foydali qazilma resurslarining istiqbolli maydonlarini aniqlash boʻyicha kompleks tadqiqotlarni oʻtkazish vazifalarini amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasini qayta tashkil etish va uning tegishli tarkibiy boʻlinmalarini “Navoiy KMK” DKga hamda “Olmaliq KMK” OAJga topshirish ishlarini amalga oshirish boʻyicha javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 4-martdagi F-3381-son farmoyishi bilan tuzilgan Komissiya zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Komissiya (R.S.Azimov) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Navoiy KMK” DK, “Olmaliq KMK” OAJ, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan hamkorlikda 2011-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimiga kiruvchi ilmiy-ishlab chiqarish markazlari, geologiya-razvedka ekspeditsiyalari va aksiyadorlik jamiyatlarini 1-ilovaga* muvofiq belgilangan tartibda qayta tashkil etilishini taʼminlasin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berildi.
4. “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” OAJ:
2011-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatda yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda, “Qimmatbaho metallar va uran geologiyasi” hamda “Rangli metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish, shuningdek ularni zarur moddiy-texnika bazasi bilan jihozlash boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
tegishli ravishda qimmatbaho, rangli metallar, uran va ularga qoʻshilib chiqadigan foydali qazilmalarga oid geologiya-razvedka ishlarining har yilgi dasturlarini ishlab chiqsin va belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishib olish uchun kiritsin;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda zamonaviy xalqaro tajribani va ilgʻor texnologiyalarni hisobga olgan holda, qimmatbaho, rangli metallar, uranga oid geologiya-razvedka ishlari tarkibini maqbullashtirish, shuningdek topshiriladigan tuzilmalar xodimlarining mehnatini ragʻbatlantirish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
“Qimmatbaho metallar va uran geologiyasi” IIMni hamda “Rangli metallar geologiyasi” IIMni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimidan topshiriladigan tegishli tuzilmalarning shtat soni chegarasidan amalga oshirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi va uning boshqaruv xodimlari cheklangan soni 52 kishidan iborat markaziy apparati tuzilmasi 2 va 3-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-3-ilovalar rus tilidagi matnda berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining raisiga belgilangan xodimlar soni doirasida qoʻmitaning markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida 4-ilovaga* muvofiq tarkibda foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha Davlat komissiyasi tuzilsin, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha Davlat komissiyasi tugatilsin.
* 4-ilova berilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi (“Sanoatkontexnazorat” DI)ni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi (“Sanoatgeokontexnazorat” DI) etib qayta tashkil qilinsin, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish ustidan davlat nazorati Boshqarmasi uning tarkibiga topshirilsin.
“Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
Keyingi tahrirga qarang.
geologiya-razvedka ishlarini olib borishda va konchilik ishlarini geologik-marksheyderlik jihatidan taʼminlashda qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi mutaxassislarini, korxonalar va ilmiy muassasalarning soha ekspertlarini jalb etgan holda, geologiya-razvedka ishlarining hajmi, sifati va haqqoniyligi natijalarini belgilangan tartibda mustaqil tekshirishni olib borish;
Keyingi tahrirga qarang.
foydalanishga litsenziya beriladigan yer qaʼri uchastkalarini dastlabki tarzda oʻrganib chiqish, shuningdek keyinchalik foydali qazilmalarni qazib olishning kelishilgan hajmlariga va konlardan foydalanish tartibiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2011-yildan boshlab:
tasdiqlangan smetalarga muvofiq umumiy summaning 90 foizi miqdorida geologiya-razvedka ishlariga budjetdan mablagʻ ajratib, har yili ajratiladigan mablagʻning qolgan 10 foizini foydali qazilmalar zaxiralarini va geologiya-razvedka ishlarining amaldagi hajmlarini oʻstirish boʻyicha prognoz (topshiriq)ning bajarilishi natijalariga qarab keyingi yilning 1-fevraligacha boʻlgan muddatda toʻlasin;
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat budjetining parametrlarida “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” OAJga geologiya-razvedka ishlarining tasdiqlangan dasturlariga va mazkur qarorga muvofiq ularga topshiriladigan vazifalarni hisobga olgan holda budjetdan mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamda unga boʻysunuvchi tashkilotlar boshqaruv xodimlarining attestatsiyasini tashkil etsin;
uch oy muddatda 2011 — 2016-yillardagi geologiya-razvedka ishlari Dasturini tasdiqlasin, unda geologiya-razvedka ekspeditsiyalari, xizmatlari va boshqa tuzilmalarning moddiy-texnika bazasini yangilash hamda mustahkamlash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni nazarda tutsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Navoiy KMK” DK va “Olmaliq KMK” OAJ geologiya-razvedka ishlarini olib borish uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining har yili tasdiqlaydigan roʻyxatlari boʻyicha olib kiriladigan uskunalar, materiallar, maxsus transport vositalari, dasturiy hamda texnik vositalar, shuningdek ularning ehtiyot qismlari 2017-yilning 1-yanvarigacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda:
ikki oy muddatda ochiq savdo natijalari boʻyicha litsenziyalar berishni va konlardan tajriba-sanoat koʻlamida foydalanishning cheklangan normalari belgilanishini nazarda tutgan holda, noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi yangi nizom loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqib, mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
12. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 27-avgust,
PQ-1396-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 35-36-son, 301-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda; 2016-y., 52-son, 601-modda; 2017-y., 2-son, 32-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2018-y., 06/18/5594/2269-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)