Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TAʼLIM MUASSASALARI TALABALARIGA AKADEMIK TAʼTIL BERISh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 4-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2138]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2021-yil 8-iyuldagi 21-2021-sonli va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2021-yil 7-iyuldagi 15-sonli ““Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2138-2, 15.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 24-25-son, 195-modda) bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 30-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri B. XODIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 6-avgust,
312-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 6-avgust,
19-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining 2010-yil 6-avgustdagi 312, 19-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 24-25-son, 195-modda) bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 30-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil berish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda taʼlim muassasasi deb yuritiladi) talabalariga akademik taʼtil, mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan talablarni inobatga olib, quyidagi hollarda berilishi mumkin:
harbiy xizmatni oʻtash uchun;
salomatligini tiklash uchun;
homiladorlik va tugʻish uchun;
bolalarni parvarish qilish uchun.
2. Akademik taʼtil oʻquv yilining har qanday qismida, quyidagi muddatlarga beriladi:
harbiy xizmatni oʻtash uchun — qonun hujjatlarida belgilangan harbiy xizmatni oʻtash muddatiga;
salomatligini tiklash uchun — 12 oy muddatga;
homiladorlik va tugʻish, shuningdek bolalarni parvarish qilish uchun — qonun hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tugʻish, shuningdek bolalarni parvarish qilish taʼtillari muddatiga.
3. Talabalarga oʻqish davomida ikki marta, istisno tariqasida, tibbiyot taʼlim muassasalari talabalariga uch martagacha akademik taʼtil berilishi mumkin.
4. Birinchi kurs talabalariga akademik taʼtil, istisno tariqasida, faqat ularning kasalligi tufayli berilishi mumkin.
5. Talabaga akademik taʼtil berilishi uni taʼlim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi.
6. Talabalarga akademik taʼtil davrida stipendiyalar toʻlanmaydi.
II. Akademik taʼtil berish va akademik taʼtildan qaytish
7. Akademik taʼtil olish uchun talaba taʼlim muassasasi rektori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
Salomatligini tiklash, homiladorlik va tugʻish, shuningdek bolalarni parvarish qilish uchun akademik taʼtil olishni soʻrab murojaat qilgan talabaning arizasiga talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi komissiyasining xulosasi, harbiy xizmatni oʻtash uchun akademik taʼtil olishni soʻrab murojaat qilgan talabaning arizasiga tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organlarining talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qogʻozi ilova qilinishi lozim.
8. Talaba surunkali kasalligi sababli bir oydan ortiq vaqt davomida darslarda qatnasha olmasa, uning arizasiga asosan akademik taʼtil berilishi mumkin. Bunda, akademik taʼtil muddati oʻtishining boshlanishi talaba darslarda qatnasha olmayotgan kundan boshlab hisoblanadi.
9. Talabaga salomatligini tiklash uchun akademik taʼtilning berilishi mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan Taʼlim muassasalari talabalariga tibbiy koʻrsatmalar boʻyicha akademik taʼtil berishga oid kasalliklar roʻyxatiga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Talabaning akademik taʼtil olish haqidagi murojaati bir haftalik muddatda koʻrib chiqilishi lozim.
Talabaga akademik taʼtil berish taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruqda akademik taʼtilning boshlanish va tugash sanasi koʻrsatilishi shart.
11. Salomatligini tiklash uchun akademik taʼtilda boʻlgan talabalarda homiladorlik va tugʻish hollari yuzaga kelgan taqdirda, akademik taʼtilning muddati mazkur Nizomda homiladorlik va tugʻish uchun belgilangan akademik taʼtilning muddatiga uzaytiriladi.
12. Talaba akademik taʼtilga chiqqan kundan boshlab bir oy oʻtmagan boʻlsa, akademik taʼtilni bekor qilish va oʻqishga qaytishni soʻrab taʼlim muassasasiga ariza bilan murojaat etishga haqli.
13. Talaba akademik taʼtilning muddati tamom boʻlgandan soʻng oʻqishga qaytish boʻyicha taʼlim muassasasining rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
Agar, akademik taʼtil davrida talaba oʻqigan taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) tugatilgan boʻlsa, talabani shu taʼlim muassasasida yoki boshqa taʼlim muassasasiga oʻqishini mos va turdosh yoʻnalishi (mutaxassisligi) boʻyicha koʻchirish masalasi ham ariza bilan birga koʻrib chiqilishi va hal etilishi lozim.
14. Homiladorlik va tugʻish, shuningdek bolalarni parvarish qilish uchun akademik taʼtilda boʻlgan talabalar akademik taʼtil boshlangan sanadan boshlab 12 oy muddat oʻtgandan soʻng oʻqishga qaytishi mumkin.
15. Akademik taʼtildan qaytish boʻyicha talabaning murojaati bir haftalik muddatda koʻrib chiqilishi va uning taʼlim muassasasiga oʻqishga qaytishi toʻgʻrisida taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi chiqarilishi lozim. Ushbu buyruqda talaba akademik taʼtildan qaytgandan soʻng oʻqiydigan oʻquv kursi va guruhi koʻrsatilishi shart.
16. Akademik taʼtil muddati tugagandan soʻng oʻqishga qaytmagan va natijada bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirgan talaba taʼlim muassasasidan chetlashtiriladi.
III. Yakuniy qoida
17. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Taʼlim muassasalari talabalariga tibbiy koʻrsatmalar boʻyicha akademik taʼtil berishga oid kasalliklar roʻyxati
1. Sil kasalligining ochiq formalari (aktiv rivojlanuvchi oʻpka sili, traxeobronxial, ichki va periferik limfa tugunlari, yirik suyaklar, boʻgʻimlar faol sili yoki kichik suyak va boʻgʻimlarning sildan koʻp jarohatlanishi, tomoq, kekirdak, halqum, qizil oʻngach, ichak, koʻz, teri va boshqa ichki aʼzolar aktiv sili).
2. Silga aloqador boʻlmagan, yurak-oʻpka faoliyatlari yetishmovchiligi (III daraja) bilan kechuvchi oʻpkaning surunkali kasalliklari.
3. Barcha bosqichdagi xavfli oʻsma kasalliklari, ikki yil oldin radikal davolanganlar bundan mustasno.
4. II va III darajali qon aylanishining buzilishi bilan kechuvchi yurak klapanlarining va mushaklarning organik oʻzgarishlari (tugʻma va orttirilgan).
5. II va III darajali qon bosimining oshishi, tez rivojlanuvchi qon bosim oshishi kasalligi—xavfli gipertoniya.
6. Turgʻun buyrak yetishmovchiligi bilan kechuvchi buyrak va boshqa aʼzolar kasalliklari.
7. Statsionar sharoitida davolashga muhtoj boʻlgan oshqozon-ichak tizimi yara kasalliklari.
8. Statsionar sharoitida bir oy muddatdan ortiq davolash va reabilitatsiya qilish lozim boʻlgan ogʻir shikastlanishlar, oʻtkir va surunkali kasalliklar.
9. Statsionar sharoitida bir oy muddatdan ortiq davolash va reabilitatsiya qilish zarur boʻlgan turli etiologiyalik jigar kasalliklari, jigar tsirrozi, parazitar kasalliklari va boshqalar.
10. Endokrin kasalliklarning aniq shakllari (akromegaliya, Bazedov kasalligi, Addison kasalligi, miksedema, qandli diabetning ogʻir shakli, Itsenko-Kushinga kasalligi).
11. Qon tizimi kasalliklari: oʻtkir va surunkali leykozlar (limfa leykozlar bundan mustasno), aplastik anemiya.
12. Asab sistemasining surunkali organik asab kasalliklari, shuningdek boʻlib oʻtgan kasalliklarning ogʻir asoratlari (ensefalit, meningit, araxnoidit, bosh suyakning va orqa miyaning yopiq holda shikastlanishi, bosh suyakning ochiq holda shikastlanishi va boshqalar) natijasida aql-zakovatning chuqur va turgʻun buzilishlari, psixopatik buzilishi (oʻzini axloqiy jihatdan tuta olmaslik yoki tajanglik urinishdagi holatlar), nevrologik belgilar yoki psixopatik xulq-atvor asoratlari bilan oʻtkaziladigan kasalliklar.
13. Toʻxtovsiz rivojlanish bilan kechuvchi shizofreniyaning (oddiy, gebefrenik, paranoid turlari) quyidagi koʻrinishlari:
a) xurujsimon rivojlanish bilan kechuvchi shizofreniya (katotonik, galyutsinator, paranoid turlari);
b) toʻlqinsimon kechuvchi shizofreniya (sirkulyator, depressiv-paranoid, oneyroid-katotonik) tez-tez xurujlanuvchi va qisqa remissiyali holatlar;
v) sust kechuvchi shizofreniyaning xuruj davri.
14. Tez-tez takrorlanuvchi tutqanoqli, tutqanoqsiz va psixomator xurujlari bilan, shuningdek, hushning xiralashuvi va ogʻir disforiya bilan kechuvchi epilepsiya:
a) kam takrorlanuvchi xurujlar bilan, shaxsning chuqur oʻzgarishi va aql-zakovat buzilishi bilan kechuvchi epilepsiya;
b) epileptik psixozlar.
15. Tez-tez xurujlanuvchi siklotimiya, maniakal depressiv psixoz, tez-tez takrorlanuvchi maniakal depressiv holatlar.
16. Shaxsda patologik rivojlanishning har xil turlari, mehnatga qobiliyati pasayishi bilan, psixopatiyaning yaqqol turi yoki tez-tez dekompensatsiyalanishi bilan kechuvchi turlari.
17. Ogʻir, surunkali kechuvchi, takrorlanuvchi teri kasalliklarining nogironlikka olib keluvchi turlari.
18. Zaxmning yuqumli bosqichi.
19. Traxomaning I, II, III darajalari.
20. Giyohvandlik, toksikomaniyaning (tamakiga tobelikdan tashqari) barcha turlari.
21. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS/OIV).
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 35-36-son, 308-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2017-y., 10/17/2138-1/0274-son)