Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QISHLOQ XOʻJALIGI TEXNIKASI ISHLAB CHIQARISHNI TASHKIL ETISH UCHUN XXR HUKUMATINING IMTIYOZLI KREDITIDAN SAMARALI FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Zamonaviy mini-traktorlar ishlab chiqarishni tashkil etish, qishloq xoʻjaligi korxonalarini, fermer va dehqon xoʻjaliklarini ular bilan taʼminlash uchun Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga imtiyozli kredit berish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi oldindan kelishilgan Bitimni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasida 30 ot kuchi quvvatiga ega boʻlgan mini-traktorlarni yigʻib ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun Xitoy Xalq Respublikasining Eksport-import banki tomonidan 12062580 AQSH dollari (100 mln yuan) miqdorida 10 yil muddatga 4 foizli yillik stavka bilan imtiyozli kredit berilganligi;
“Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi tomonidan Tyanzin mashinalar sotish va xarid qilish kompaniyasi (XXR) bilan 2500 komplekt mini-traktorlar, shu jumladan ularga butlovchi va ehtiyot qismlar yetkazib berish yuzasidan umumiy qiymati 12062580 AQSH dollari (100 mln yuan) boʻlgan import kontrakti tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslashlariga muvofiq, mini-traktorlar komplektlari yetkazib berishni mablagʻ bilan taʼminlash uch bosqichda, XXR Eksimbankining “Paxta-bank” tomonidan qayta moliyalashtiriladigan krediti hisobiga amalga oshiriladi;
650 komplekt mini-traktorlar ishlab chiqarish uchun 3,25 mln AQSH dollari miqdoridagi birinchi bosqich 2001-yildan boshlab amalga oshiriladi, kreditni ikkinchi va uchinchi bosqichlarda oʻzlashtirish muddatlari birinchi hamda tegishli ravishda ikkinchi bosqichni amalga oshirish natijalari boʻyicha aniqlashtiriladi.
3. “Paxta-bank” XXR Eksimbanki bilan kredit bitimi tuzsin va XXR Eksimbanki mablagʻlarining “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi uchun qayta moliyalashtirilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki, kreditga xizmat koʻrsatish va uni qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi mablagʻlari hisobiga ilovaga* muvofiq grafik boʻyicha amalga oshiriladi.
* Ilova berilmaydi.
Kreditdan maqsadli va samarali foydalanilishi hamda uning oʻz vaqtida qaytarilishi uchun javobgarlik “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi rahbariga yuklansin.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-martdagi 41-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 10-11-son, 62-modda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan XXR Eksimbankiga “Paxta-bank” majburiyatlari boʻyicha va “Paxta-bank”ga “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi majburiyatlari boʻyicha belgilangan tartibda kafolatnomalar berishga vakil qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining XXR Eksimbanki va “Paxta-bank” oʻrtasidagi kredit bitimi boʻyicha berilgan kafolatnomalari yuzasidan yuridik xulosani belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
7. Mazkur kredit va tuzilgan kontrakt doirasida yetkazib beriladigan mini-traktorlarga butlovchi buyumlar va uzellar, ularga ehtiyot qismlar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno).
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi buyurtmanomalariga koʻra koʻrsatib oʻtilgan loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kelish vizalarining konsullik yigʻimlari undirilmagan holda berilishini taʼminlasin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-martdagi 41-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 10-11-son, 62-modda)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi buyurtmanomalariga koʻra loyihaning xorijiy ishtirokchilarini ularning yashash joylarida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini, vizalar va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini davlat boji undirmasdan amalga oshirsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-martdagi 41-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 10-11-son, 62-modda)
10. “Toshkent traktor zavodi” davlat-aksiyadorlik birlashmasi “Paxta-bank” va XXR Eksimbanki oʻrtasida kredit bitimi imzolangandan keyin bir oy muddatda Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi, “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi, “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi texnik xizmat koʻrsatish markazlari koʻmagida, shu jumladan mayda ulgurji doʻkonlar shoxobchalaridan foydalangan holda mini-traktorlarni mashina-traktor parklariga, qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkat xoʻjaliklari)ga, fermer va dehqon xoʻjaliklariga sotish yuzasidan shartnomalar tuzilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 3-noyabr,
437-son