Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT BELGISI DAVLAT IShLAB ChIQARISh BIRLAShMASINING TOShKENT QOGʻOZ FABRIKASIDAGI QOGʻOZ TAYYORLASh MAShINASINI QAYTA TAʼMIRLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mahsulot ishlab chiqarish, eksport hajmlarining yanada barqaror oʻsishini taʼminlash va maxsus himoyalangan qogʻozning yangi turlarini joriy etish, shuningdek mavjud qogʻoz tayyorlash ishlab chiqarishlarini zamonaviylashtirish hamda texnologik jihatdan yangilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Davlat Belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasining Toshkent qogʻoz fabrikasida ishlab turgan qogʻoz tayyorlash mashinasini 2003-yilda foydalanishga topshirgan holda 1-ilovaga* muvofiq qayta taʼmirlash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. “Davlat Belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasiga “Bumajnaya Fabrika Luizental GmbX” (Germaniya) firmasi bilan ishlab turgan qogʻoz tayyorlash mashinasini qayta taʼmirlash uchun asbob-uskunalar yetkazib berish va montaj qilish yuzasidan umumiy qiymati 4,5 mln yevroga teng boʻlgan kontrakt tuzishga ruxsat berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi mazkur kontraktni belgilangan tartibda ekspertizadan va roʻyxatdan oʻtkazsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, loyihani mablagʻ bilan taʼminlash quyidagi tartibda:
3825 ming yevro miqdoridagi kontrakt qiymatining 85 foizi kredit mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalash yoʻli bilan “Germes” jamiyatining sugʻurta kafolati ostida “Bankgezelshaft Berlin AG” bankining krediti hisobiga;
675 ming yevro miqdoridagi kontrakt qiymatining 15 foizi kredit mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalash yoʻli bilan “Bankgezelshaft Berlin AG” bankining krediti hisobiga;
asosiy qarzni, foizlar va mazkur loyihani amalga oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy kreditlar boʻyicha boshqa moliyaviy xarajatlarni qoplash 2-ilovaga* muvofiq “Davlat Belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasining oʻz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
* 2-ilova berilmaydi.
4. Moliya vaziri mazkur loyiha doirasida jalb etiladigan kreditlar yuzasidan “Bankgezelshaft Berlin AG” bankiga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining majburiyatlari boʻyicha va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga “Davlat Belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasining majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kafolat berishga vakil qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining “Bankgezelshaft Berlin AG” bankiga kafolati yuzasidan yuridik xulosani kredit bitimiga ilovada nazarda tutilgan shakl boʻyicha belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
6. “Davlat Belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi mazkur loyihani amalga oshirish doirasida olib kelinadigan moddiy resurslar, asbob-uskunalar, ishlar va xizmatlar uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi belgilangan tartibda “Davlat Belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasining Toshkent qogʻoz fabrikasidagi qogʻoz tayyorlash mashinasini qayta taʼmirlash loyihasini Oʻzbekiston Respublikasining 2001-2002-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturining Hukumat kafolati ostida xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb etilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining aniq dasturiga kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,,
2001-yil 10-sentabr,
368-son