O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika uy-joy fondining ko‘p kvartirali uylarida lift asbob-uskunalarini yangilash va ta’mirlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-iyundagi 376-sonli “2021 — 2027-yillarda respublikadagi ko‘p kvartirali uylarning lift uskunalarini ta’mirlash va yangilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aholining ko‘p kvartirali uylarda yashashi uchun qulay va xavfsiz shart-sharoitlar yaratish, avariya holatlarining oldini olish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ishlab chiqilgan 2010-2011-yillarda respublika shaharlaridagi hamda 2010—2014-yillarda Toshkent shahridagi ko‘p kvartirali uylarda liftlarni yangilash va ta’mirlash dasturi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Respublika shaharlaridagi ko‘p kvartirali uylarda liftlarni yangilash va ta’mirlash dasturining bajarilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek uy-joy fondi saqlanishi monitoringini olib borish komissiyalari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, Respublika shaharlaridagi ko‘p kvartirali uylarda liftlarni yangilash va ta’mirlash dasturini amalga oshirish xarajatlarini moliyalashtirish teng ulushlarda:
mahalliy budjet parametrlarida belgilangan tartibda nazarda tutilgan mablag‘lar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari daromadlarining yil boshidagi bo‘sh qoldiqlari hamda prognozlardan ortiqcha tushumlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining budjetdan tashqari boshqa mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
2010-yilda Respublika shaharlaridagi ko‘p kvartirali uylarda liftlarni yangilash va ta’mirlash dasturini amalga oshirish xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari daromadlarining prognozlardan ortiqcha tushumlari hisobiga moliyalashtirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2011—2014-yillar uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etiladigan hisob-kitoblar asosida Respublika shaharlaridagi ko‘p kvartirali uylarda liftlarni yangilash va ta’mirlash dasturining bajarilishi uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni nazarda tutsin.
4. Quyidagilar:
ko‘p kvartirali uylarda liftlarni ta’mirlash va yangilash bo‘yicha — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, Toshkent shahrida — Toshkent shahar hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi buyurtmachi etib;
“Samarqand liftsozlik zavodi” OAJ — belgilangan tartibda deklaratsiya qilingan narxlar bo‘yicha — liftlar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallar yetkazib beruvchi etib;
liftlarni montaj qilish, ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tanlov asosida — pudratchi etib belgilansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, Toshkent shahar hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi hamda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi pudratchi tomonidan liftlarni almashtirish va ta’mirlash bo‘yicha bajarilgan ishlarning qabul qilinishi uchun javob beradilar.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari, Toshkent shahar hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va ularning uyushmalari bilan birgalikda bir oy muddatda ko‘p kvartirali uylardagi liftlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazsinlar va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
ko‘p kvartirali uylardagi liftlarni xatlovdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra har yili, 2010-2011-yillarda respublika shaharlarida va 2010—2014-yillarda Toshkent shahrida liftlarning texnik holati to‘g‘risida nosozlik dalolatnomalarini tuzsinlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda liftlarni yangilash va ta’mirlashning aniq dasturlarini belgilangan tartibda tasdiqlasinlar;
O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan kelishgan holda har yili liftlarni ta’mirlash-tiklash ishlarining cheklangan qiymatini belgilasinlar;
(5-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1014-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)
ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga binoan ko‘p kvartirali uylarda liftlarni yangilash va ta’mirlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni nazorat qilsinlar;
har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Respublika shaharlaridagi ko‘p kvartirali uylarda liftlarni yangilash va ta’mirlash dasturining bajarilishi to‘g‘risida tahliliy axborot taqdim etsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga:
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktabrdagi 886-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/886/3941-son)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2010-yil 1-oktabrgacha liftlarga zarur tarzda xizmat ko‘rsatish va ularni saqlash hamda ulardan xavfsiz foydalanishni tashkil etish yuzasidan tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ bilan oldindan kelishmasdan yoki uni xabardor qilmasdan, ko‘p kvartirali uylarda o‘rnatilgan liftlarning texnik holatini tizimli asosda nazorat qilsin;
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-oktabrdagi 886-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/886/3941-son)
liftlardan foydalanish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va ularning uyushmalari ishtirokida seminar o‘tkazilishini tashkil etsin;
manfaatdor tashkilotlarga ushbu tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobiga liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni tayyorlash bo‘yicha kurslar o‘tkazilishida ko‘maklashsin.
7. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2010-yil 1-noyabrgacha bo‘lgan muddatda Liftlarni o‘rnatish va ulardan xavfsiz foydalanish qoidalarini ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A. Xo‘jayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 29-avgust,
191-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 35-36-son, 303-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda, 51-son, 665-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/886/3941-son; 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)