Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1999 YILDA ShOLI EKIN MAYDONLARI VA YaLPI HOSILI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sholi yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish, respublika aholisining sholi mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan 1999-yilda sholi ekin maydonlari, uning yalpi hosili va davlat resurslariga sholi sotish hajmlari toʻgʻrisidagi taklifiga ilovaga muvofiq rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi, Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, “Oʻzdavurugʻnazorat” markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 1999-yil hosili uchun sholining yuqori hosilli navlari, shu jumladan, tezpishar, oʻta tezpishar va oʻrta tezpishar navlari sholi ekiladigan zonalarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda joylashtirilishini taʼminlasinlar. Elita-urugʻchilik xoʻjaliklari bilan birgalikda xoʻjaliklarni sertifikatsiyalangan genetik jihatdan sof navli urugʻlar bilan taʼminlash masalalarini hal etsinlar.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari sholizorlarni suv resurslari bilan kafolatli taʼminlangan maydonlarda joylashtirish ishlarini tashkil etsinlar, rayonlashtirilgan va yuqori hosilli navlar ekilsin.
Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida asosiy va ayniqsa takror ekishda sholini koʻchat usulida ekishni kengaytirish, buning uchun keltirilgan maxsus texnika va asbob-uskunalarni keng qoʻllash chora-tadbirlari koʻrilsin.
4. “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi (Otayev), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi (Bobojonov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda davlat resurslariga sholini shartnoma narxlari boʻyicha xarid qilish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari tuzishni 1999-yil 1-martgacha yakunlasinlar.
5. 1999-yil hosili uchun sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklarga sholi davlat xaridi umumiy summasining 50 foizigacha miqdordagi avans Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi tomonidan ajratiladigan mablagʻlar hisobiga “Gʻalla-bank” orqali “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi tomonidan belgilangan tartibda berilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi (Yusupbekov) sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklarga zarur miqdorda mineral oʻgʻitlar va gerbitsidlar yetkazib berilishini taʼminlasin.
7. “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi (Matchonov), “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi (Yusupov) sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklarning buyurtmanomalari boʻyicha sholi yetishtirish uchun yetishmayotgan texnikani ishlab chiqarishni tashkil etish masalasini ishlab chiqsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 22-fevral,
75-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 22-fevraldagi 75-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
1999-yilda sholi ekin maydonlari va uni yetishtirish hajmlari
| | Ekin maydoni, ming gektar | Hosildorlik, ga/ts | Yalpi hosil, ming tonna | Davlat resurslariga sotish, ming tonna |
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 88,5 | 32,7 | 289,2 | 173,6 |
| viloyatlar: | | | | |
| Namangan | 3 | 35,0 | 10,5 | 6,3 |
| Surxondaryo | 5 | 30,0 | 15 | 9 |
| Sirdaryo | 7 | 30,0 | 21 | 12,6 |
| Toshkent | 11,5 | 37,8 | 43,5 | 26 |
| Fargʻona | 1 | 38,0 | 3,8 | 2,3 |
| Xorazm | 30 | 39,0 | 117 | 70,2 |
| Hammasi: | 146 | 34,2 | 500 | 300 |