Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1999 YILDA MEVA-SABZAVOT MAHSULOTLARI VA UZUM HOSILINI YETIShTIRISh VA UNDAN FOYDALANIShNING PROGNOZ BALANSI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yangi uzilgan sabzavot, meva, poliz mahsulotlari, uzum yetishtirishni koʻpaytirish, tayyorlash, yetishtirilgan hosilni oʻz vaqtida, sifatli qayta ishlash va sotishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ularni eksport qilishni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tomonidan “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, hududiy “Mevasabzavot” birlashmalari, “Oʻzbekbirlashuv” aksiyadorlik kompaniyasi, hududiy “Matlubotsavdo” aksiyadorlik kompaniyalari hamda Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan 1999-yilda meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy turlarini va uzum yetishtirish, ularni sanoat yoʻli bilan qayta ishlash, isteʼmol qilish va eksport qilishning prognoz balansi 1, 1a, 1b, 1v, 1g, 1d-ilovalarga* muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.
* 1, 1a, 1b, 1v, 1g, 1d-ilovalar berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, zaruriyat boʻlganda, 1999-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy turlarini va uzum yetishtirish va ulardan foydalanishning tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlariga tuzatish kiritish yuzasidan takliflar kiritsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
meva-sabzavot mahsulotlari va uzum asosan “Oʻzmevasazavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi va hududiy “Mevasabzavot” birlashmalarining ixtisoslashtirilgan xoʻjaliklarida yetishtirilishini taʼminlasinlar, bunda prognoz balansiga muvofiq meva-sabzavot ekinlari va uzum yetishtirish uchun zarur yer maydonlari ajratilishiga alohida eʼtibor bersinlar;
“Oʻzmevasazavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi bilan birgalikda qayta ishlovchi korxonalarni ish bilan toʻliqroq taʼminlash maqsadida meva-sabzavot mahsulotlari xarid qilish yuzasidan viloyatlararo shartnoma aloqalari rivojlantirilishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 6-avgustdagi 338-son qaroriga muvofiq yangi uzilgan meva-sabzavot mahsulotlarini markazlashtirilmagan tartibda eksport qilishning amaldagi tartibi 1999 kalendar yilga saqlab qolinsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari meva-sabzavot mahsulotlari chetga chiqarilishi uchun zarur hujjatlar tezkorlik bilan rasmiylashtirilishiga koʻmaklashish maqsadida har bir tuman va shahar hokimligi huzurida banklar, bojxona xizmatlari, “Oʻzdavstandart” markazining mintaqaviy organlari, karantin va epidemiologiya xizmatlarining masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etsinlar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har oyda, keyingi oyning 1-kunida Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportga yuklab joʻnatilishi toʻgʻrisidagi tezkor maʼlumotlarni 2-ilovaga* muvofiq shakl boʻyicha taqdim etsinlar.
* 2-ilova berilmaydi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z. Almatov) yangi uzilgan meva-sabzavot mahsulotlari va ularni qayta ishlash mahsulotlari ortilgan avtotransport vositalari respublika hududida toʻsiqsiz harakat qilishini taʼminlasin.
7. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (N.E. Ermetov) va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi (A.Gʻ. Roʻzmetov) yuklab joʻnatish hujjatlari Tartibga muvofiq belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini hamda meva-sabzavot mahsulotlari joʻnatuvchisiga yuk tashishga taqdim etilgan kundan boshlab ikki kecha-kunduzdan ortiq boʻlmagan muddatda transport vositalari ajratilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B.M. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 29-yanvar,
43-son