Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“KABUL-FARGʻONA KO.LTD.” OʻZBEKISTON-KOREYA QOʻSHMA KORXONASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Paxta tolasini chuqur qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirish va undan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarilishini taʼminlash hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish asosida respublikaning eksport salohiyatini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Fargʻona toʻqimachilik kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “Kabul tekstaylz” (Koreya Respublikasi) va “Kabul-Oʻzbek ko.” (Oʻzbekiston Respublikasi) qoʻshma korxonasi tomonidan yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” Oʻzbekiston-Koreya qoʻshma korxonasi tashkil etilganligi, uni rekonstruksiya qilish hisobiga quvvatlarni 2001-yilda paxta kalavasi ishlab chiqarishni yiliga 21,6 ming tonnaga va xom gazlama ishlab chiqarishni 12,3 mln metrga yetkazish nazarda tutilganligi;
“Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasining toʻliq ustav jamgʻarmasi 38,57 mln AQSH dollari miqdorida shakllantiriladi, ulushlar: “Fargʻona toʻqimachilik kombinati” aksiyadorlik jamiyati 50,0 foiz, “Kabul tekstaylz” kompaniyasi 47,4 foiz va “Kabul-Oʻzbek ko.” qoʻshma korxonasi 2,6 foiz miqdorida taqsimlanadi. Bunda “Fargʻona toʻqimachilik kombinati” aksiyadorlik jamiyati qoʻshma korxonaning toʻliq ustav jamgʻarmasini shakllantirishda binolar va inshootlar berish, shuningdek kombinat tomonidan dividendlardan va xoʻjalik faoliyatidan olinadigan daromadning bir qismini ikki yil mobaynida qayta moliyalashtirish yoʻli bilan qatnashishi;
umumiy qiymati 118,1 mln AQSH dollari miqdoridagi (14,524,3 mln Yaponiya iyenasiga teng miqdorda) loyihani mablagʻ bilan taʼminlash 1-ilovaga* muvofiq sxema boʻyicha amalga oshirilishi;
* 1-ilova berilmaydi.
“Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasi tomonidan tender yakunlari boʻyicha “Marubeni korporeyshn” (Yaponiya) firmasi bilan yangi texnologiya asbob-uskunalarini xarid qilish uchun va “Kabul tekstaylz” kompaniyasi bilan — ishlab chiqarishning texnik darajasini yomonlashtirmasdan loyihani arzonlashtirish maqsadida, ilgari ishlatilgan, xuddi shunday yangi asbob-uskunalarga nisbatan qiymati 55 foizga arzon boʻlgan texnologiya asbob-uskunalarini, asosiy detallar va uzellarni yangisiga almashtirish kafolatlangan holda, yetkazib berish yuzasidan kontraktlar tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalashtirilgan krediti va u boʻyicha foizlar 2-ilovaga* muvofiq “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasining oʻz valyuta mablagʻlari hisobiga qaytariladi;
* 2-ilova berilmaydi.
qoʻshma korxona kreditni qaytarayotgan davrda “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasi tomonidan ishlab chiqariladigan paxta kalavasining kamida 75 foizi va gazlamaning 100 foizi “Kabul tekstaylz” kompaniyasi tomonidan, tegishli davrda yuzaga kelgan jahon narxlaridan kam boʻlmagan narxlar boʻyicha, erkin almashtiriladigan valyutada eksportga yetkazib beriladi.
3. “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasida paxta kalavasi va gazlama ishlab chiqarish loyihasining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3- ilova berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki bilan qarz olish bitimini belgilangan tartibda tuzsin va kredit resurslarini “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasiga qayta moliyalashtirsin;
qoʻshma korxona obyektlarini rekonstruksiya qilish uchun “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasiga milliy valyutada 10 mln AQSH dollariga teng miqdordagi kreditni belgilangan tartibda ajratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Yaponiya xalqaro hamkorlik banki oldidagi toʻlov majburiyatlari boʻyicha hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasining jalb qilinayotgan kredit boʻyicha majburiyatlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kafolat berishga vakil qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik bankiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati yuzasidan tuzilgan banklararo bitimga muvofiq shakl boʻyicha yuridik xulosani belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi:
koʻrsatib oʻtilgan obyektni rekonstruksiya qilishni Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yilgi investitsiya dasturiga kiritsin;
2001-yildan boshlab paxta tolasidan foydalanish balanslarini ishlab chiqishda “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasining buyurtmanomasiga muvofiq “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasining paxta tolasiga boʻlgan ehtiyojini hisobga olsin, bu xom ashyoga erkin almashtiriladigan valyutada haq toʻlanadi.
8. “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasi rekonstruksiya qilish va qurilish davrida (2002-yilgacha) Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, chetdan keltiriladigan umumzavod uskunalari, texnologiya jihozlari, qurilish materiallari va konstruksiyalar, xom ashyo va materiallar uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod qilinsin, bojxona tartibotidan oʻtkazilganligi uchun yigʻimlar bundan mustasno.
10. “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasida ishlash uchun kelayotgan chet ellik mutaxassislarga respublika hududida mehmonxonada yashaganlik va transportning barcha turlarida yurganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar boʻyicha haq toʻlash huquqi berilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Kabul-Oʻzbek ko.” qoʻshma korxonasining buyurtmanomalari boʻyicha “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasida ishlash uchun kelayotgan chet ellik mutaxassislarga, ularni konsullik yigʻimlari toʻlashdan ozod qilgan holda, koʻp martalik vizalar belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Kabul-Oʻzbek ko.” qoʻshma korxonasining buyurtmanomalari boʻyicha “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasida ishlash uchun kelayotgan chet ellik mutaxassislarni davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda ularga koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
13. Fargʻona viloyati hokimligi kelayotgan asbob-uskunalar joylangan konteynerlarni vaqtincha saqlash uchun qurilish davrida “Kabul-Fargʻona ko.Ltd.” qoʻshma korxonasiga belgilangan tartibda yer uchastkasi ajratsin, ushbu uchastkadan keyinchalik xom ashyo va tayyor mahsulot omborlari qurish uchun foydalanish imkoniyatini nazarda tutsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 21-dekabr,
539-son