Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BUXORO VA XIVA ShAHARLARINING 2500 YILLIGIGA BAGʻIShLANGAN TANTANALI TADBIRLARNI OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligini yuqori saviyada nishonlashni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligiga bagʻishlangan yubiley tadbirlarini oʻtkazish dasturi, rejasi va sarf-xarajatlar smetasi 1, 2 va 3*-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
* 1—3-son ilovalar keltirilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Fanlar akademiyasi, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari yubiley munosabati bilan belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlasinlar.
3. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi yubiley qatnashchilarini yuqori darajadagi mehmonxonalarga joylashtirsin.
Yubiley ishtirokchilarining yashashi uchun toʻlovlarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan narxlarda va soʻmda toʻlashga ruxsat etilsin.
4. “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi va “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi tashkiliy qoʻmita buyurtmanomalariga binoan yubiley tadbirlari qatnashchilariga transport xizmati koʻrsatsinlar.
5. “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi yubiley tantanalari oʻtkaziladigan joylarda namunali savdo xizmati koʻrsatishni tashkil etsin.
6. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligini oʻtkazish tashkiliy qoʻmitasi buyurtmanomasiga binoan tegishli yoʻnalishlar boʻyicha maxsus reyslar tashkil qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilangan tartibda respublika budjetidan mablagʻ ajratsin.
Bevosita Buxoro va Xiva shaharlarida oʻtadigan tadbirlarning sarf-xarajatlari mazkur viloyatlarning ichki imkoniyatlari hamda homiylar hisobidan qoplanishi nazarda tutilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 1-avgust,
383-son