Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING FAVQULODDA VAZIYATLAR BOʻYIChA KOMISSIYASI TARKIBI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tinchlik davrining ekstremal sharoitlarida aholini himoya qilishning yanada samarali tizimini yaratish maqsadida va Respublika boshqaruv organlari tizimidagi ayrim oʻzgarishlarni hisobga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasiga aylantirilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari favqulodda vaziyatlar boʻyicha viloyat, shahar va tuman komissiyalarini tuzsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasining potensial xavfli obyektlari boʻlgan vazirliklari, idoralari va davlat qoʻmitalari, korporatsiyalari, konsernlari va birlashmalari favqulodda vaziyatlar boʻyicha tarmoq va obyekt komissiyalarini tuzsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosari Ismoil Hakimovich Joʻrabekov Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro mudofaasi boshligʻi etib tayinlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Komissiya raisiga Komissiyaning shaxsiy tarkibini tasdiqlash yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasi haqidagi Nizom (2-ilova) tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tizimiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasining uch kishidan iborat kotibiyati kiritilsin.
6. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyalarining raislari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasi majlisida tegishli masalalar koʻrib chiqilayotganda ushbu Komissiya aʼzolari huquqi bilan qatnashadilar.
7. Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 17-apreldagi 103-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-aprel,
169-son
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 2-apreldagi 169-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha
KOMISSIYASI
| I.H. Jurabekov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasi raisi |
| K.N. Toʻlaganov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiya Raisining birinchi oʻrinbosari |
| A.Sh.Habibullayev | — | Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasining raisi, favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiya raisining oʻrinbosari |
| | — | Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining fuqaro mudofaasi boshqarmasi boshligʻi, favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiya raisining oʻrinbosari |
| Komissiya aʼzolari: | ||
| Z.A. Alm�tov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri |
| Sh.I. Karimov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri |
| R.A. Giniyatullin | — | Oʻzbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vaziri |
| K. Rahimov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vaziri |
| N. Qayumov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri |
| V.K. Mixaylov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xoʻjaligi vaziri |
| E.J. Bokiboyev | — | Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri |
| V.Y. Otayev | — | Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vaziri |
| T.Y. Sharipov | — | “Oʻzshartnomasavdo” davlat-aksionerlik uyushmasi raisi |
| A.Y. Husainov | — | “Oʻzdavneftmahsulot” aksionerlik birlashmasining bosh direktori |
| A.V. Ganiyev | — | Oʻzbekiston Respublikasi Davlat qurilish ishlari qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| A.R. Axmadboyev | — | Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda ishlarining bexatar olib borilishini nazorat qilish va konchilik nazorati davlat qoʻmitasi raisi |
| R.R. Yunusov | — | Oʻzbe�iston avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish davlat-aksionerlik konserni raisi |
| G.V. Hasanov | — | Oʻzbekiston suv xoʻjaligi qurilishi davlat konserni raisi |
| L. Axmetov | — | Oʻzbekiston avtomobil transporti davlat-aksionerlik korporatsiyasi raisi |
| I. Iskandarov | — | Oʻzbekiston qurilish materiallari ishlab chiqarish davlat konserni raisi |
| G.G. Volkov | — | Oʻzbekiston matlubot jamiyatlari respublika uyushmasi raisi |
| V.E. Chub | — | Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi |
| B.T. Vohidov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| B.X. Gʻulomov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisining birinchi oʻrinbosari |
| G.K. Teshayev | — | Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining oʻrinbosari Toshkent shahar garnizonining boshligʻi |
| V.M. Jeltouxov | — | Oʻrta Osiyo Temir yoʻl boshqarmasining boshligʻi |
| G.M. Rafiqov | — | Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining bosh direktori |
| K.N. Ablullabekov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining direktori |
Komissiya kotibiyati: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasi kotibiyati va Mudofaa vazirligining fuqarolar mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Komissiya bilan ishlash boʻlimi xodimlari.
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 2-apreldagi 169-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Favqulodda vaziyat — bu Respublikaning ayrim mintaqalarida, bir yoki bir qator korxonalarida roʻy bergan, tabiiy iqlimga oid ekologik va texnogen ofatlar, avariyalar, falokatlar, epidemiya va epizootiyalar oqibatida sodir boʻlgan va koʻp miqdorda zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yoki yetkazgan, odamlar qurbon boʻlishiga olib kelgan va hayot uchun zarur sharoitlarning buzilishiga olib kelgan ahvol.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasining maqsadi quyidagilarni taʼminlashdan iborat:
respublika davlat boshqaruv organlari, Oʻzbekiston Respublikasining avariyalar, falokatlar, tabiiy va ekologik ofatlar, mintaqaga xos boʻlgan epidemiya va epizootiyalar roʻy beradigan hollarning oldini olish va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish Davlat tizimiga kiritilgan kuchlar va vositalarning doimiy tayyor turishini taʼminlash;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahar hokimligining favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyalarining, respublikaning barcha darajalardagi boshqaruv organlarining, Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, konsernlar, korporatsiyalar, idora va korxonalarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish borasidagi ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish kechiktirib boʻlmaydigan qidiruv-qutqarish va avariya — qayta tiklash ishlariga, mintaqada favqulodda vaziyat yuz berganda aholining hayotini saqlash va ularni falokat zonalaridan evakuatsiya qilish.
2. Komissiya oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasi rahbarligida amalga oshiradi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari va komissiyalari bilan oʻzaro aloqada ish olib boradi.
Komissiya raisi, rais oʻrinbosarlari va Komissiya tarkibi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan tayinlanadi.
Favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish va konchilik nazorati davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi bilan muvofiqlashtirib boradi.
3. Komissiyaning asosiy vazifalari:
a) kundalik faoliyatida:
respublika vazirliklari, davlat qoʻmitalari, konsernlari korporatsiyalari, idoralari, birlashmalari, respublika avariya-qutqarish xizmatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va Toshkent shahar hokimligi favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyalarining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishiga tayyorgarlik darajasini oshirish, aholi xavfsizligini taʼminlash favqulodda vaziyatlarda sanoat, energetika, transport, aloqa, ijtimoiy-maishiy xizmat obyektlarining ishonchli va barqaror ishlashini taʼminlash borasidagi faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
roʻy berish ehtimoli boʻlgan favqulodda vaziyatlarni va ularning oqibatlarini oldindan aniqlash, respublika hududida avariyalar, falokatlar, tabiiy va ekologik ofatlar, epidemiyalar va epizootiyalar oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavfli zonalarni (rayonlarni) belgilash, ekstremal hodisalar xavf-xatarini va qurilishi mumkin boʻlgan zararlarni baholash boʻyicha ishlarni boshqaradi;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tizimi ishlariga rahbarlikni amalga oshiradi;
potensial xavfli obyektlarda avariyalar va falokatlarning oldini olishga, ular yuz bergan taqdirda hamda tabiiy ofatlar, epidemiyalar va epizootiyalar roʻy bergan hollarda koʻrilishi mumkin boʻlgan zararni kamaytirishga qaratilgan ehtiyot choralari tizimini ishlab chiqadi;
roʻy berishi mumkin boʻlgan avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar, epizootiyalarni tugatish boʻyicha tadbirlarning respublika rejasini tayyorlaydi;
respublika hududida aholining hayoti va salomatligi uchun potensial xavfli boʻlgan xalq xoʻjaligi va mudofaa xarakteridagi obyektlarning joylashishi nechogʻlik maqsadga muvofiqligi, shuningdek, ularni bekitish, konservatsiyalash, tugatish, faoliyatini toʻxtatib qoʻyish masalalarini koʻrib chiqadi;
respublika boshqaruv organlarining avariya-qutqaruv xizmatlari, Oʻzbekiston Respublikasi kuchlari va vositalarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollar yuz berganda harakat qilish boʻyicha komanda-shtab va maxsus mashqlarni oʻtkazadi;
jamoat tashkilotlari va tegishli tajribaga ega boʻlgan fuqarolarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha tadbirlarda qatnashishi uchun sharoit yaratish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
respublika aholisini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Davlat komissiyasi bilan birgalikda qutqarish va avariya-qayta tiklash ishlarini samarali olib borish uchun zamonaviy texnika, asbob-uskunalar, mexanizmlar va materiallar ishlab chiqarish hamda xarid qilishni, xavfli texnogen va tabiat hodisalarini kuzatishni, ular ustidan nazorat tizimini rivojlantiruvchi, aholini himoya qilish va kishilarning favqulodda vaziyatlarda yashashini taʼminlovchi yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni ishlab chiqishda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasining qonunchilik aktlarini, qarorlarini, farmoyishlarini, Komissiyaning huquq doirasiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa normativ aktlarni ishlab chiqishni amalga oshiradi va ularning bajarilishini nazorat qilib boradi;
favqulodda vaziyatlar oqibatlari profilaktikasi, ularning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi vatanimiz va xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish va undan foydalanishni tashkil etadi, Komissiyaning vakolati doirasida markaziy boshqaruv organlari, boshqa xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni muvofiqlashtiradi;
b) favqulodda vaziyatlar roʻy berganda va ularning oqibatlarini tugatishda:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tizimini tayyor holatga keltirishni va uning ishlashini taʼminlaydi;
tegishli boshqaruv organlarini va aholini favqulodda vaziyatlarning roʻy berganligi, xarakteri va miqyoslari, ularning oqibatlarini tugatishning qanday borayotganligi haqida xabardor qilish va axborot bilan taʼminlashni tashkil etadi;
respublika hududida mintaqaviy favqulodda vaziyat roʻy bergan taqdirda qidiruv-qutqarish va avariya -tiklash ishlariga bevosita rahbarlik qiladi;
zarur ijtimoiy yordam koʻrsatish ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
falokat roʻy bergan rayonga tashkilotlar va fuqarolardan, shu jumladan, xorijiy fuqarolardan yordam tariqasida tushadigan moddiy va moliyaviy mablagʻlarni hisobga olish va taqsimlash ishlarini tashkil etishni nazorat qiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va Toshkent shahar hokimligi favqulodda vaziyatlar komissiyalarining avariyalar va falokatlarning sabablarini aniqlash yuzasidan olib boradigan ishida qatnashadi;
tegishli tajribaga ega boʻlgan jamoat tashkilotlari va fuqarolarning (shu jumladan, xorijiy fuqarolarning) favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatish boʻyicha tadbirlarda qatnashishi uchun sharoit yaratish ishlarini olib boradi;
odamlarning hayoti va salomatligi uchun bevosita xavf-xatar bartaraf etilgach, qidiruv-qutqarish ishlari olib borilgandan keyin, aholining yashashini taʼminlovchi obyektlar tiklab boʻlingandan soʻng favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatish ishlariga rahbarlik qilish mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlariga, shuningdek, tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari, konsernlar, idoralar va birlashmalar zimmasiga oʻtkaziladi.
4. Komissiya quyidagi huquqlarga ega :
zarur hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Ichki ishlar vazirligining ichki qoʻshinlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qismlarini va Milliy Gvardiya qoʻshinlarini avariyalar, falokatlar, ekologik va tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatishga, favqulodda vaziyatlar zonalarida jamoat tartibini saqlashni va aholining hayoti uchun zarur boʻlgan hamda xalq xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilishni taʼminlashga jalb etish haqida belgilangan tartibda taklif kiritish;
oʻz vakolati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishlar tarzidagi qarorlarini qabul qilishda qatnashish;
Komissiya vakolatiga taalluqli boʻlgan masalalarni hal etishda Oʻzbekiston Respublikasi xalq xoʻjaligi majmualari, vazirliklari, davlat qoʻmitalari, konsernlar, korporatsiyalar, idoralar, birlashmalarning rahbarlari bilan birgalikda qatnashish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va Toshkent shahar hokimligi, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, konsernlar, korporatsiyalar, idoralar va birlashmalarning favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyalarining ishini nazorat qilib borish, oʻz majlislarida ana shu komissiyalarning hisobotlarini eshitish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tizimiga kiruvchi kuchlar va vositalarning tayyorligini nazorat qilishni amalga oshirish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, konsernlar, korporatsiyalar, idoralar, birlashmalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklardan Komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan materiallarni talab qilish va olish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollarda harakat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tizimiga kiruvchi kuchlar va vositalarni zarur boʻlgan qidiruv-qutqarish hamda avariya-qayta tiklash ishlariga belgilangan tartibda jalb etish;
respublika hududidagi mintaqaviy favqulodda vaziyat vujudga kelgan joyga borib qidiruv-qutqarish va avariya-qayta tiklash ishlariga bevosita rahbarlik qilish;
favqulodda vaziyat paydo boʻlishi sezilgan hollarda, qaysi idoraga boʻysunishidan qatʼi nazar, respublika hududidagi xalq xoʻjaligi obyektlarining ishini toʻxtatib qoʻyish;
mahalliy avariyalar, falokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va epizotiyalar roʻy bergani taqdirda oʻz vakillari va mutaxassislarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyalar ishida ishtirok etish uchun yuborish;
respublika xalq xoʻjaligining yetakchi mutaxassislarini potensial xavfli boʻlgan obyektlarning bexatar ishlashini nazorat qilishga jalb etish.
5. Vazirlar Mahkamasining Komissiyasi kundalik faoliyatida Komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan yillik va yil choragi rejalariga muvofiq ish olib boradi. Komissiya majlislarida favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish va harakatlar qilish masalalari koʻrib chiqiladi. Komissiya oʻz vakolat doirasida barcha respublika vazirliklari, davlat qoʻmitalari, birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari, qaysi idoraga boʻysunishidan qatʼi nazar, tashkilotlar, korxonalar va muassasalar uchun bajarish majbur boʻlgan qarorlar qabul qiladi. Komissiya majlislari oʻrtasidagi davrda zarur qarorlar Komissiya raisi yoki uning birinchi oʻrinbosari tomonidan qabul qilinib, tegishli koʻrsatmalar tarzida ijrochilarga yetkaziladi. Favqulodda vaziyatlar roʻy berganda avariya falokat va tabiiy ofat, epidemiya va epizootiyalarning turi, ularning koʻlami va oqibatlariga qarab Komissiya tarkibidan tezkor guruhlar tashkil etiladi. Bu guruhlarga Komissiya raisi yoki uning oʻrinbosarlari boshchilik qiladilar va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatishga rahbarlikni taʼminlaydilar.
6. Komissiya raisi Komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun masʼul boʻlib, Komissiya aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, Komissiya va uning apparati ishini tashkil etadi.
7. Komissiya raisiga amaldagi qonunchilikka binoan quyidagi huquqlar beriladi:
Oʻzbekiston Respublikasining “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, favqulodda vaziyat zonasida jamoat tartibini katta moliyaviy va moddiy boyliklar toʻplangan joylarni, aholining hayotiy faoliyatini taʼminlovchi va xalq xoʻjaligi obyektlarini qoʻriqlashni kuchaytirish, shuningdek, favqulodda vaziyatlar zonasida fuqarolarning kirish- chiqishi uchun maxsus rejimni joriy etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda, favqulodda holat eʼlon qilingan hududda favqulodda vaziyat va xarakteriga qarab, ofat roʻy bergan rayonlarda fuqarolarning yashashi va yurish-turishining alohida tartibini oʻrnatish;
Favqulodda vaziyat oqibatlarining oldini olish yoki tugatish uchun zarur transport, tibbiy, qutqarish, qayta tiklash hamda boshqa kuch vositalarni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan harbiy boʻlinmalar va qismlarni jalb etish;
Favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonalarda va ularning oqibatlarini tugatish uchun boʻlgan harakatlarda barcha zarur moddiy- texnika, tibbiy, oziq-ovqat va boshqa davlat va idora resurslari, rezervlari va zaxiralaridan foydalanish.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi zimmasiga favqulodda vaziyatlarda va ularning oqibatlarini tugatishda boshqaruv boʻyicha mutaxassis kadrlarning malakasini oshirishni favqulodda vaziyatlarda aholini harakat qilishga tayyorlash va takomillashtirish ishlarini tashkil etish yuklatiladi.
Komissiya oʻz tasarrufida quyidagilarga ega:
tegishli rejalashtirilgan davr uchun iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish davlat rejalarida ehtiyot choralarini va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatish boʻyicha kuzda tutilmagan ishlarni amalga oshirishga moʻljallangan maxsus moliyaviy va moddiy-texnika rezervlari. Mazkur rezervlarning hajmlari va nomenklaturasi toʻgʻrisidagi takliflar tegishli ravishda vazirliklar va idoralar tomonidan komissiya bilan kelishilgan holda tayyorlanadi va Vazirlar Mahkamasining ikkinchi boʻlimi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Komissiya tomonidan ajratilgan mablagʻlarni sarflash va rezervlardan foydalanish uning qarori bilan amalga oshiriladi.
Komissiya ishchi apparatining tashkiliy tuzilishi Komissiya raisi tomonidan belgilanadi.
Komissiya apparati favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning oqibatida koʻriladigan zararni kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha kundalik ishlarni tashkil etadi, favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish va harakatlar qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tizimining tayyorligini nazorat qilib boradi. Komissiya majlislariga hujjatlar tayyorlaydi, Komissiya qarorlarini ijrochilarga yetkazadi, ularning bajarilishini nazorat qiladi.
Potensial xavfli obyektlari boʻlgan respublika vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari, birlashmalari rahbarlari (rahbarlarning birinchi oʻrinbosarlari) boshchilik qiladigan favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyalar tuzadilar. Ular oʻzlariga qarashli obyektlarda va ularga tengdosh rayonlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularning yetkazishi mumkin boʻlgan zararini kamaytirish va ular oqibatlarini tugatish boʻyicha tadbirlar hamda ishlarni tayyorlash va oʻtkazish uchun shaxsan masʼuldirlar.
Favqulodda vaziyatlar boʻyicha tarmoq komissiyalari boʻysunuvchi korxonalarning favqulodda vaziyatlar boʻyicha obyekt komissiyalarining faoliyatiga, xavfsiz va chiqitsiz texnologiyani ishlab chiqish va joriy etish, himoya va favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatishning zarur vositalarini ishlab chiqish yuzasidan yagona texnika siyosatini oʻtkazish, ekstremal sharoitda boshqarish boʻyicha mutaxassis kadrlar tayyorlash, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatishda obyekt komissiyalariga yordam berish, jumladan, favqulodda vaziyatlar boʻyicha viloyat, shahar komissiyalarining kuch va vositalarini bu ishlarga jalb etish (kelishuv boʻyicha) ishlariga uslubiy rahbarlik qilish, bu ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilishni amalga oshirishlari kerak.
Komissiya vazirliklar, davlat qoʻmitalari, konsernlar, idoralar, birlashmalar va potensial xavfli obyektlarda navbatchilik -dispetcherlik xizmatini tashkil etadi. Fuqaro mudofaasi boʻyicha ikkinchi boʻlimlarning shtatdagi xodimlari vazirliklar, davlat qoʻmitalari, konsernlar, idoralar, birlashmalarning favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyalarining ishchi organi hisoblanadi.
Potensial xavfli obyektlari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari, konsernlari, idoralari, birlashmalari mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyalar haqida idoraviy nizomlarni ishlab chiqadilar, oʻz ishlarida Vazirlar Mahkamasi Komissiyasining Vaqtinchalik nizomidan foydalanadilar.
Vazirlikning komissiya haqidagi nizomi Vazirlar Mahkamasi Komissiyasi bilan kelishilgan holda, vazir tomonidan tasdiqlanadi. Komissiyaning shaxsiy tarkibi: rais, rais oʻrinbosarlari, komissiya aʼzolari hayʼati ( qoʻmita ) qarori bilan tasdiqlanadi.
Xalq xoʻjaligi obyektining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasining namunaviy loyihasini vazirliklar, davlat qoʻmitalari, konsernlar, birlashmalar (tarmoq komissiyalari) ishlab chiqadilar. Obyekt komissiyalari oʻz nizomida asosiy vazifalarni, funksiyalarni, tarkibni va huquqlarni, favqulodda vaziyat xavfi boʻlganda uning oldini olish va shunday hollar roʻy berganda harakat qilish boʻyicha ishlarni tashkil etishni, (mahalliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ) jalb etiladigan kuch va vositalarni aniqlaydilar.
Xususiy (sex) va obyekt vaziyatlarini obyekt komissiyalari zarur hollarda favqulodda vaziyatlar boʻyicha (shahar) va tarmoq komissiyalarining tezkor guruhlari, kuch va vositalari ishtirokida bartaraf etadilar.
Tarmoq komissiyalari idoraga qarashli qaysi korxonalarda aholini shikastlanish (zararlanish) xavfidan xabardor qilishning muayyan tizimlari boʻlishini belgilaydilar. Ularni jihozlashni nazorat qilishni ana shu komissiyalar amalga oshiradilar.
Ofitsyerlar tarkibi bilan komplektlangan fuqaro mudofaasi shtabi mavjud boʻlgan viloyatlar shaharlar va shaharlarning tumanlarida fuqaro mudofaasi boshligʻi — favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiya raisi etib hokimning birinchi oʻrinbosari tayinlanadi. Ishchi apparati funksiyasi fuqaro mudofaasi shtabi va ikkinchi boʻlim xodimlariga yuklatiladi.
Respublika tez harakat qilish koʻp profilli markazi (RTHKPM) respublika hududida ekstremal vaziyatlarda odamlarni qutqarish boʻyicha professional bosh tashkilot boʻlib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va shunday hollar roʻy berganda harakat qilish boʻyicha yagona Davlat tizimiga kiradi.
RTHKPM faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish Vazirlar Mahkamasining favqulodda vaziyatlar boʻyicha Komissiyasi raisi zimmasiga yuklatiladi va u Respublika tez harakat qilish koʻp profilli markazi haqidagi nizomni tasdiqlaydi.
RTHKPMning belgilangan shakldagi guvohnomasini olgan qutqazuvchilar favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonaga kirish (chiqish) huquqiga egadirlar.
Izoh: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kengashi, viloyat, shahar tuman hokimliklarining favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyalari mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda shu komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomlar ishlab chiqiladi.