OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYo TRANSPORTI AGENTLIGIning
OʻZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYo TRANSPORTI AGENTLIGIning
Qarori
OʻZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYo TRANSPORTI AGENTLIGINING MAXSUS HISOB RAQAMIGA OʻTKAZILADIGAN MABLAGʻLARDAN FOYDALANISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 26-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2124]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligining 2018-yil 8-noyabrdagi 140, 75-sonli “Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladigan mablagʻlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2124-1, 16.11.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-maydagi PQ-1344-son qarorini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladigan mablagʻlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 28-iyun,
51-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi A. ABDUVALIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 28-iyun,
4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2010-yil iyundagi 51, 4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladigan mablagʻlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom quyidagilarni:
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) maxsus hisob raqamida mablagʻlarni shakllantirish tartibini;
Agentlikning maxsus hisob raqamidagi mablagʻlardan foydalanish yoʻnalishlarini;
Agentlikning maxsus hisob raqamidan mablagʻlarni berish shartlarini;
Agentlikning maxsus hisob raqamidan olingan mablagʻlardan maqsadli foydalanish ustidan monitoring oʻtkazish tartibini belgilab beradi.
II. Agentlikning maxsus hisob raqamida mablagʻlarni shakllantirish tartibi
2. Agentlik maxsus hisob raqam ochadi, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-maydagi PQ-1344-son qarori bilan belgilangan tartibda mablagʻlar jamlanadi.
III. Agentlikning maxsus hisob raqamidagi mablagʻlardan foydalanish
3. Agentlikning maxsus hisob raqamidagi mablagʻlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
avtomobil transporti infratuzilmasini rivojlantirish;
avtomobil transportining harakatlanuvchi tarkibi parkini yangilash;
yoʻlovchi avtovokzallari va avtostansiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish;
avtomobil transportida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha dasturiy choralarni amalga oshirish.
IV. Agentlikning maxsus hisob raqamidan mablagʻlarni berish shartlari
4. Agentlikning maxsus hisob raqamidagi mablagʻlar avtomobilda tashuvchilar — yuridik shaxslarga (keyingi oʻrinda — oluvchilarga) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi boʻyicha kreditlar shaklida, 5 yil muddatga, kreditni qaytarish boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash majburiyati yuklatilgan holda beriladi.
5. Agentlikning maxsus hisob raqamidan mablagʻlarni olish uchun oluvchilar Agentlikka quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
a) Agentlikning maxsus hisob raqamidan mablagʻlar olish haqidagi buyurtmada quyidagilar koʻrsatiladi:
oluvchi haqidagi asosiy maʼlumotlar (tashkiliy-huquqiy shakli, muassislari, asosiy faoliyat turi);
soʻralayotgan mablagʻning miqdori, mablagʻlarning maqsadli yoʻnaltirilishi, foydalanish muddati;
avval olingan kreditlar haqidagi maʼlumotlar;
banklarda ochilgan hisob raqamlar haqida maʼlumotlar;
boshqa tashkilotlar sarmoyasidagi ishtiroki haqida maʼlumotlar;
kreditni qaytarish boʻyicha majburiyatlarni taʼminlash turi;
b) loyihaning texnik-iqtisodiy asosi;
v) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan soʻnggi davr uchun buxgalteriya balansi (1-shakl), moliyaviy natijalar haqidagi hisobot (2-shakl), debitorlik va kreditorlik qarzlari boʻyicha maʼlumotnoma (2a-shakl).
6. Oluvchi Agentlikka kreditni qaytarish boʻyicha majburiyatlarni taʼminlashning quyidagi turlaridan birini taqdim etishi lozim:
mulkiy yoki qimmatli qogʻozlar garovi;
bank yoki sugʻurta tashkiloti kafolati;
uchinchi shaxslar (yuridik shaxslar) ularga xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan tasdiqlangan kafolati.
7. Agentlikning maxsus hisob raqamidan mablagʻlarni olishni rasmiylashtirish jarayoniga quyidagilar kiradi:
a) Agentlik tomonidan Agentlikning maxsus hisob raqamidan mablagʻlarni olish boʻyicha buyurtmaning koʻrib chiqilishi, shu jumladan, oluvchining moliyaviy ahvoli tahlili va kreditga layoqatliligi baholanishi, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanganligining ekspertizasini oʻtkazish;
b) kreditni ajratish loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishish;
v) Agentlik bilan mablagʻ oluvchi oʻrtasida kredit shartnomasini rasmiylashtirish va tuzish.
8. Kredit shartnomasining kuchga kirishida Agentlikka ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan taʼminot turlaridan birining amalda taqdim etilishi majburiy shart hisoblanadi.
V. Agentlikning maxsus hisob raqamidan olingan mablagʻlardan maqsadli foydalanish ustidan monitoring oʻrnatish
9. Agentlik (uning hududiy boʻlimlari) Agentlikning maxsus hisob raqamlaridan olingan mablagʻlardan maqsadli foydalanish ustidan doimiy monitoring yuritadi.
10. Monitoring jarayonida Agentlik (uning hududiy boʻlimlari) mablagʻlardan maqsadli foydalanish boʻyicha maʼlumotlarni soʻrashga va olishga haqli.
11. Agentlikning maxsus hisob raqamlaridan olingan mablagʻlardan boshqa maqsadlarda foydalanish hollari aniqlanganda, Agentlik moliyalashtirishni toʻxtatishga va oluvchidan ajratilgan mablagʻlarni muddatidan avval undirib olishga haqli.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 30-son, 255-modda)