Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShQIN, SEL OQIMLARINI OQIZIB YuBORISh VA KOʻChKI HODISALARI BILAN BOGʻLIQ BOʻLGAN HALOKATLI OQIBATLARNING OLDINI OLISh HAMDA ULARNI BARTARAF ETISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika davlat hokimiyat organlari tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va ularning oqibatlarini tugatish borasida muayyan tajriba orttirganlar. Respublikada fuqaro mudofaasi polki, tez harakat qiluvchi kuchlar tashkil etilgan va zarur ashyolar bilan jihozlangan, viloyatlarda ularning filiallari tashkil etilmoqda, toshqinga qarshi komissiyalar ishlab turibdi.
Shu bilan birga har yili sel, toshqin, oʻpirilish va koʻchkilar tufayli yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar katta vayrongarchiliklarga sabab boʻlmoqda, respublika xalq xoʻjaligiga jiddiy zarar yetkazmoqda, baʼzan esa odamlarning halok boʻlishiga olib kelmoqda. Bu mazkur ishda izchillik yoʻqligidan dalolat beradi. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar davriylik tusiga ega. Hukumatning bu masalalar yuzasidan qabul qilgan qarorlari yomon bajarilyapti. Joylardagi hokimliklar tegishli xizmatlarning ruxsatlarisiz xavfli zonalarda tartibsiz ravishda uy-joylar qurilishiga yoʻl qoʻymoqdalar. Natijada respublikada 400 ga yaqin aholi yashash joylari va 300 dan ortiq xalq xoʻjaligi obyektlari xavfli zonalarga joylashtirilgan. Ushbu barcha masalalarda mahalliy hokimiyat organlarining muvofiqlashtiruvchilik roli sustligi kuzatilmoqda.
Ob-havo ilib borayotgan bir sharoitda qor zaxiralari hajmlari va kutilayotgan yogʻingarchiliklar bu yil respublikadagi vaziyatni ancha keskinlashtirmoqda, sel, toshqin jarayonlari va koʻchki hodisalarining faollashuvi kutilmoqda. Kuzatish va xabar berish xizmatlarining idoraviy tarqoqligi ahvolni murakkablashtirmoqda. Davlat geologiya qoʻmitasi hamda Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi organlari oʻz koʻrsatmalarining bajarilishida talabchanlik qilmayaptilar.
Sel, toshqin oqimlarini talofatsiz oqizib yuborish, koʻchki hodisalarining oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining, vazirliklar va idoralar rahbarlarining favqulodda vaziyatlarda barcha manfaatdor tashkilotlarning aholini va xalq xoʻjaligi obyektlarini himoya qilish chora-tadbirlari boʻyicha kuch-gʻayratlarini muvofiqlashtirishga oid ishlarining yetarli emasligi qayd etilsin.
2. Joylarda tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini tugatish, shuningdek, odamlarning toʻliq xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ishlarni tashkil etish uchun shaxsiy javobgarlik viloyatlar, shaharlar, tumanlar hokimlari, vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining zimmasiga yuklansin.
3. Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi oʻzan suv omborlarida toshqin suvlarning toʻplanishi uchun zaxira suv havzalari tashkil qilsin. Vazir oʻrinbosarlari va bosh boshqarmalar boshliqlari toshqin va sel oqimlarini talofatsiz oqizib yuborishni taʼminlash uchun 2 oy muddatga viloyatlar va muayyan obyektlar boʻyicha masʼul qilib birkitilsinlar, vazirlikning joylaridagi barcha boʻlinmalarida kecha-kunduz navbatchilik va barcha suv xoʻjaligi obyektlari ishi ustidan nazorat oʻrnatilsin.
Daryolar, soylar va gidroinshootlar boʻyicha zarur himoya (sohil-damba mustahkamlash) tadbirlari va avariya-tiklash ishlari bajarilsin, bu ishlarga vazirlikka 1994-yil uchun ajratilgan sarmoya qoʻyilmalarining umumiy liniyalari doirasida smetalar va alohida loyihalar boʻyicha haq toʻlansin. Haqiqatda bajarilgan ish hajmlari boʻyicha xarajatlar Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-fevraldagi 70-son qarori 7-bandida belgilangan shartlarga binoan qoplansin.
Moliya vazirligi, “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi 9 oy yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga bajarilgan ish hajmlarini mablagʻ bilan taʼminlash manbalariga doir takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya qoʻmitasi mavjud ilgʻor tajribadan foydalangan holda berilayotgan istiqbol maʼlumotlarining ilmiy asoslanganligini, xosligini va aniqligini oshirsin. Taxmin etilayotgan tabiiy ofatlarni kataloglashtirish va pasportlashtirish asosida oldini olish chora-tadbirlarining asoslangan tizimini ishlab chiqsin, selga, koʻchkiga va shu kabilarga qarshi chora-tadbirlar birinchi navbatda loyihalashtirilishi lozim boʻlgan hududlarni aniqlasin. Mazkur masala yuzasidan 1994-yil oxirigacha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hisob-kitobga muvofiq Davlat geologiya qoʻmitasiga Davlat kuzatish xizmati uchun yomon yoʻllardan ham yura oladigan yengil avtotransport va operativ aloqa vositalarini maqsadli sotib olish uchun Rossiya rublida zarur mablagʻlar ajratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
sodir boʻlishi mumkin boʻlgan ekzogen jarayonlarning oldini olish va potensial xavfli vaziyatlarda aholini himoya qilish boʻyicha ishlarni Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi uchun ustuvor yoʻnalish qilib belgilasin;
Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar Boshqarmasiga hamda “Boshgidromet”ga koʻchki va sel xavfi kuchli boʻlgan davrlarda muntazam aylanib uchish va xavfli geologik va gidrologik jarayonlar rivojlanadigan rayonlarni kuzatish uchun vertolyot transporti ajratsin;
bir hafta muddatda koʻchki va sel-toshqinlar xavfi eng kuchli boʻlgan zonalarda xavfli vaziyatlarning oldini olish boʻyicha shoshilinch chora-tadbirlar koʻrish uchun aloqa vositalari, harakatchan transport bilan jihozlangan doimiy kuzatish postlari tashkil etsin;
Davlat geologiya qoʻmitasi, Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda xavfli zonalardagi ishlarning ahvolini oʻrgansin, vaqtincha koʻchirilishi hamda bosqichma-bosqich xavfsiz joylardagi doimiy istiqomat joylariga koʻchirilishi lozim boʻlgan shaharchalar va xoʻjaliklar roʻyxatini aniqlasin hamda mahalliy hokimiyat organlariga taqdim etsin.
“Oʻzkimyosanoat” uyushmasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari bilan birgalikda Respublika koʻp ixtisosli tez harakat qilish markaziga va Tez harakat qiluvchi harbiylashtirilgan maxsus otryadga texnika bilan jihozlashda, favqulodda vaziyatlarda tez harakat qilish uchun shaxsiy tarkibni tayyorlashda yordam koʻrsatsin.
6. Odamlarni koʻchki va sel bosadigan zonalardan koʻchirish, aholini xavfsiz joylarga oʻz vaqtida evakuatsiya qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish viloyatlar va tumanlar hokimlarining kechiktirib boʻlmaydigan vazifasi deb hisoblansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisidan, viloyatlar, shaharlar, tumanlar hokimlaridan, vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va xoʻjaliklar rahbarlaridan obyektlarning hududiy va balans boʻyicha mansubligiga koʻra aprel-may oylarida oʻz mablagʻlari hisobidan koʻchki va sel-toshqin hodisalarining halokatli oqibatlarining oldini olish bilan bogʻliq barcha ishlar va tadbirlarni bajarish talab etilsin. Zarurat boʻlganda xarajatlarni qisman qoplash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilsin.
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi viloyatlar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda aholini xavfli zonalardan bosqichma-bosqich koʻchirish uchun respublika budjetidan mablagʻ ajratish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsinlar.
Suv omborlarining ish rejimi uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi zimmasiga yuklatilganligini nazarda tutib, hokimliklarning sel oqimlari toʻplanadigan joylar va suv omborlarida suvni toʻplash hamda uni chiqarib yuborish jarayonlariga aralashishlariga yoʻl qoʻyilmasin.
7. Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari xalq xoʻjaligi obyektlarini hamda uy-joylarni joylashtirishda Davlat geologiya qoʻmitasi organlari va Oʻzbekiston Davlat muhandislik-texnikaviy izlanishlar institutining loyihalash tashkilotlari tavsiya va koʻrsatmalariga ogʻishmay rioya qilsinlar.
8. Fanlar akademiyasining Seysmologiya instituti Inshootlar mexanikasi va zilzila bardoshliligi instituti va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda xalq xoʻjaligi obyektlari va uy-joy qurilishini loyihalash hamda qurish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin va 1994-yilning ikkinchi yarmida Hukumatga kiritsin, bunda qurilishni ehtimol tutilgan xavfli zonalarda joylashtirishda ularning zarur himoya qilinishi va chidamliligi nazarda tutilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi:
kutilayotgan iqlimiy vaziyatlarga doir yanada aniqroq maʼlumot olish uchun ilmiy-texnika taraqqiyotining zamonaviy yutuqlaridan va jahon tajribasidan keng foydalansin;
Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar Boshqarmasi, Davlat geologiya qoʻmitasi, Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda viloyatlar va tumanlar hokimliklarini hamda aholini respublika hududida kutilayotgan sel, toshqin va koʻchki hodisalaridan oʻz vaqtida xabardor qilsin.
10 kun muddatda Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi va Mudofaa vazirligi bilan birgalikda toshganda katta xavf tugʻdiradigan oʻz-oʻzidan hosil boʻladigan koʻl va boshqa suv manbalarini tekshirib chiqsin hamda ehtimol tutilgan halokatli oqibatlarning oldini olish uchun ularning holati ustidan nazoratni taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi xavfli joylardagi xalq xoʻjaligi obyektlari va aholini elektr energiyasi, gaz va yoqilgʻi bilan uzluksiz taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqsinlar hamda amalga oshirsinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi xavfli zonalardan vaqtincha koʻchirilgan aholiga xizmat koʻrsatish uchun tibbiy yordam koʻrsatish punktlarini zarur miqdorda zudlik bilan tashkil qilsin, ularni zarur asbob-anjomlar va dori-darmonlar bilan taʼminlasin.
Doimiy yashash uchun koʻchirilgan joylarda zarur darajada tibbiy xizmat tashkil etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi halokatli hodisalar zonasidagi hududlar hamda u yerdagi vaqtincha xavfsiz joyga koʻchirilgan fuqarolarning imoratlari va mol-mulkining qoʻriqlanishini taʼminlasin.
13. Moliya vazirligi, “Oʻzdavsugʻurta”:
xavfli tumanlardagi aholining favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi hodisasidan majburiy sugʻurta qilish tizimi bilan qamrab olinishini taʼminlasinlar;
viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda koʻchki, sel-toshqin zonalarida imoratlar, shaxsiy mol-mulk va chorva mollarini, shu jumladan, bogʻdorchilik-polizchilik xoʻjaliklarini qonunchilikka muvofiq sugʻurta qilsinlar;
raqobat asosidagi qoʻshimcha sugʻurta organlari tashkil etish masalasini koʻrib chiqsinlar.
14. “Oʻzdavteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi:
Favqulodda vaziyatlarda aholini himoya qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati koʻrayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida respublika aholisi oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini olib borsinlar;
Mudofaa vazirligining Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar Boshqarmasi va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda aholi oʻrtasida favqulodda vaziyatlar paydo boʻlgan zonalarda kishilarning birinchi navbatdagi xatti-harakatlari toʻgʻrisida keng tushuntirish ishlarini olib borsinlar.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Favqulodda vaziyatlar boʻyicha komissiyasi BMT tomonidan eʼlon qilingan Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish xalqaro oʻn yilligi doirasida xalqaro tajriba va oʻzaro yordamdan foydalanish maqsadida BMTning insonparvarlik tashkilotlari bilan keng hamkorlik qilsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.X. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 12-aprel,
201-son