Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ABDULLA QODIRIY YuBILEYINI OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1994-yilda atoqli oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy tugʻilgan kunga 100 yil toʻlishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yubileyni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita bir oy muddat ichida yubileyga tayyorgarlik koʻrish va uni respublika miqyosida oʻtkazish tadbirlari rejasini ishlab chiqsin va amalga. oshirishga kirishsin.
2. 1994-yilning oktyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi katta akademik opera va balet teatrida Abdulla Qodiriy tavalludiga. 100 yil toʻlishi munosabati bilan tantanali kecha oʻtkazilsin.
3.Toshkent shahar hokimligiga:
Abdulla Qodiriyning hovli muzeyini tashkil qiladigan inshootlarni loyihalashtirish, tuzatish-taʼmirlash, qayta tiklash va obodonlashtirish ishlarini 1994-yil mart oyining oxirigacha tugallash;
Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomli bogʻni yubiley tantanalariga qadar obodonlashtirish va u yerda adibga byust oʻrnatish ishlarini yakunlash topshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1993-1994-yillarda yubiley marosimlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlarni Abdulla Qodiriyning 100 yillik yubileyini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita va Toshkent shahar hokimligi taqdim etgan moliyaviy hujjatlarga binoan respublika budjeti hisobidan mablagʻ bilan taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va barcha viloyat hokimliklariga bir oy muddat ichida Abdulla Qodiriy tavalludining 100 yilligi munosabati bilan oʻtadigan tadbirlarni ishlab chiqib amalga oshirish topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi respublika oliy oʻquv yurtlarida, maktablar va. mahallalarda, viloyatlarda Abdulla Qodiriy xotirasiga bagʻishlangan kechalar, adib ijodiyotini targʻib etuvchi ilmiy-amaliy anjumanlar va adabiy uchrashuvlar oʻtkazish ishiga bevosita yordam koʻrsatsinlar.
6. Oʻzbekiston Davlat kinokompaniyasiga 1993-yilda Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” asari asosida koʻp seriyali badiiy film yaratishga kirishish;
“Oʻzbekiston Davlat matbuot qoʻmitasiga 1994-yilda yozuvchining “Oʻtgan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlarining yubiley nashrlarini chiqarish;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga yozuvchi asarlarining 7 jildlik akademik nashrini tayyorlash va chop etishga kirishish topshirilsin.
7. Abdulla Qodiriy nomidagi jamgʻarmaning yozuvchining yubiley tadbirlarini oʻtkazish ishlariga oʻz moliyaviy ulushini qoʻshish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari M.K. Qoraboyev va K.N. Toʻlaganov oʻrtoqlar zimmalariga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 23-iyun,
306-son
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 23-iyundagi 306-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Abdulla Qodiriyning 100 yillik yubileyini oʻtkazish tashkiliy qoʻmitasi
| M. Qoraboyev | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — tashkiliy qoʻmita raisi |
| M. Umurzoqov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi — tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari |
| K. Toʻlaganov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari tashkiliy qoʻmita raisining oʻrinbosari |
| P. Qodirov | — | Oʻzbekiston xalq yozuvchisi — tashkiliy qoʻmitaning — masʼul kotibi |
| Sh. Abdullayev | — | Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari |
| A. Fozilbekov | — | Toshkent shahar hokimi |
| R. Axmedov | — | Oʻzbekiston Rassomlar uyushmasining Prezidenti |
| Jamol Kamol | — | Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining birinchi kotibi |
| X. Joʻrayev | — | Oʻzdavkinokompaniya raisi |
| A. Joʻraboyev | — | “Xalq soʻzi” gazetasining bosh muharriri |
| A. Mirjalolov | — | Toshkent shahar Shayxontoxur tumanining hokimi |
| I. Rasulev | — | Toshkent shahrining bosh meʼmori |
| N. Salohiddinov | — | Oʻzbekiston Respu�likasi Fanlar akademiyasining Prezidenti |
| Y. Shodimetov | — | Vazirlar Mahkamasi Ijtimoiy masalalar, Fan va madaniyat boʻlimining mudiri |
| R. Shogʻulomov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasining raisi |
| E. Xayitboyev | — | Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat ishlari vaziri |
| M. Xazratqulov | — | Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori |
| Sh. Yaxyoyev | — | Oʻzdavteleradiokompaniyasi raisi |
| O. Yoqubov | — | Oʻzbekiston xalq yozuvchisi |
| Shukurillo | — | Oʻzbekiston xalq yozuvchisi |
| N. Muhiddinov | — | Oʻzbekiston “Yodgorlik” jamiyatining raisi |
| N. Gʻoyibov | — | Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro madaniy-maʼrifiy aloqalar milliy uyushmasi raisi |
| Tohir Malik | — | Yozuvchi |
| Sh. Temurov | — | “Mahalla” jamgʻarmasining raisi |
| Sh. Qodiriy | — | Abdulla Qodiriy jamgʻarmasining direktori. |