Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XUSUSIYLASHTIRISH VA TADBIRKORLIKNI QOʻLLAB-QUVVATLASH JARAYONLARINI YANADA RIVOJLANTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli “Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
1997-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xususiylashtirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash dasturining asosiy yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
1997-yilda Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan korxonalar, obyektlar roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
1997-yilda iqtisodiyot tarmoqlari va mintaqalar boʻyicha obyektlarni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish hamda bundan olinadigan tushumlar yuzasidan topshiriqlar 3, 4-ilovalarga* muvofiq;
* 3 va 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
1997-yilda respublika viloyatlari boʻyicha kim oshdi savdolarida va tanlovlarda qurilishi tugallanmagan obyektlarni sotishga doir topshiriqlar 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 5-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
1997-yilda ilgari xususiylashtirilgan savdo, maishiy xizmat, matlubot kooperatsiyasi obyektlari yonidagi yer uchastkalarining ularning egalari talabnomalariga binoan sotilishini 6-ilovaga* muvofiq taʼminlasinlar;
* 6-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
1997-yilda davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishni davom ettirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning mintaqaviy dasturlarini, ushbu qarorni toʻxtamga asos qilib olgan holda, bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va Davlat mulki qoʻmitasi bilan kelishgan holda tasdiqlasinlar.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining quyidagi:
1997-yilda yakka tartibda uy-joy qurish uchun fuqarolarga umrbod egalik qilish maqsadida meros qilib berilgan yer uchastkalarini kim oshdi savdosi asosida 7-ilovaga* muvofiq sotish boʻyicha;
* 7-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
1997-yilda 8-ilovaga* muvofiq kichik va xususiy korxonalar tashkil qilish boʻyicha takliflariga rozilik berilsin.
* 8-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyat koʻrsatishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi manfaatdor vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar va uyushmalar bilan kelishilgan holda, aksionerlik jamiyatlariga aylantirilayotgan davlat korxonalarining aksiyalarini chiqarishning 1997-yilgi jadvalini, ularning mavjudlarini qoʻshib, bir oy muddatda tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga 2—8-ilovalarga muvofiq roʻyxatlarga tuzatish kiritish huquqi berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Hukumat qarorlarini talab qiladigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, 1997-yilda davlatga tegishli aksiyalar boʻyicha dividendlar rivojlantirish va texnika bilan qayta taʼminlash uchun korxonalar va tashkilotlarga yoʻnaltiriladi.
Korxonalarga berilgan dividendlardan belgilangan maqsadda foydalanishni nazorat qilish mol-mulkning davlatga tegishli ulushini boshqarish huquqi berilgan tegishli vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar va ittifoqlarga yuklansin.
Davlat mulki qoʻmitasi mablagʻlardan belgilangan maqsadda foydalanmaganlik xollarini aniqlagan taqdirda ular qonunchilikda belgilangan tartibda mazkur Qoʻmita tomonidan olib qoʻyiladi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V. A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 27-dekabr,
460-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 27-dekabrdagi 460-son qaroriga
1- ILOVA
1- ILOVA
1997-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xususiylashtirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash dasturining asosiy yoʻnalishlari
I. XUSUSIYLASHTIRISH, DAVLAT TASARRUFIDAN CHIQARISH, AKSIYALASHTIRISH VA TADBIRKORLIKNI QOʻLLAB-QUVVATLASH JARAYONINING OLDINGI BOSQICHLARI TAHLILI
Hozirgi vaqtda, Oʻzbekistonning iqtisodiy mustaqilligi manfaatlaridan kelib chiqib, ushbu maqsadni koʻzlab, mustahkam moddiy-iqtisodiy bazani yaratgan holda, ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotini bosqichma-bosqich shakllantirish, baquvvat va uzluksiz rivojlanib boruvchi iqtisodiy tizimni barpo etish davom etmoqda.
Mulkchilik toʻgʻrisidagi masalani hal etish iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari butun tizimining negizi hisoblanadi. Respublikada mulkchilik shakllarining teng huquqliligi konstitutsiyaviy tartibda eʼtirof etilgan, mulkdorning huquqi qonun bilan eʼtirof etiladi va muhofaza qilinadi. Davlat mulkini xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarishning yuridik va tashkiliy zamini yaratildi, uning samarali mexanizmi ishlab chiqildi va amaliyotda sinovdan oʻtkazildi. Iqtisodiyotning turli sohalarida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy erkinligi maqomi va huquqini belgilovchi qonunlar, iqtisodiy jihatdan erkin korxonalar va fuqarolarning soliqlar tizimi orqali davlat bilan oʻzaro munosabatlari, monopolistik faoliyatni cheklash, korxonalarning garov boʻyicha huquqi va bankrot boʻlganini qonuniy eʼtirof etish mexanizmi qabul qilindi. Bozor infratuzilmasini yaratish va uning faoliyatini tartibga solib borishni, aksionerlar huquqlarini muhofaza qilishni taʼminlovchi, birja va auditorlik faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilik meʼyorlari belgilandi.
Amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar davomida iqtisodiy munosabatlarda, eng avvalo, mulkchilikka boʻlgan munosabatda tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Respublikada xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish boʻyicha ilgari qabul qilingan dasturlarni amalga oshirish hisobiga koʻp ukladli iqtisodiyot aniq qaror topdi, iqtisodiyotning nodavlat sektori mustahkamlandi va faol rol oʻynay boshladi.
Davlat mulkini xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarishni amalga oshirish jarayonida 4500 dan koʻproq aksionerlik jamiyatlari tashkil etildi, ulardan umumiy emissiyasi hajmi 42,14 mlrd soʻmni tashkil qiladigan 3972 tasi “Vaqt” milliy depozitariysida roʻyxatdan oʻtkazildi. “Toshkent” respublika fond birjasi, Koʻchmas mulk birjasi, Tovar-xom ashyo birjasi faoliyat koʻrsatmoqda, hozirdayoq qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar boʻyicha 154 tadan koʻproq brokerlik idoralari va koʻchmas mulk bilan operatsiyalar boʻyicha 162 ta brokerlik idoralari, qariyb 40 ta investitsiya fondlari va kompaniyalari, 1549 ga yaqin mayda ulgurji tuzilmalar, 14 tadan ziyod biznes-markazlar va 30 ta biznes-inkubator, qariyb 100 ming kichik va xususiy korxona ishlab turibdi.
Barcha yillar mobaynida xususiylashtirish, davlat tasarrufidan chiqarish va aksiyalarni sotishdan Davlat mulki qoʻmitasining maxsus schyotlariga tushgan tushumlarning umumiy hajmi 1996-yil oxiriga kelib qariyb 8 mlrd soʻmni tashkil qildi. Ularning 50 foizi hukumat organlari qarorlariga muvofiq, “Biznes-fond” orqali, investitsiya loyihalari uchun imtiyozli kreditlar tarzida tadbirkorlik tuzilmalarini qoʻllab-quvvatlashga, jami tushgan mablagʻlarning 20 foizi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga va 20 foizi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan xalq xoʻjaligi turli tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirilgandan keyingi qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar sifatida yoʻnaltirildi. Bu qariyb 165457 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etish imkonini berdi.
Respublikada Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi va Toshkent traktor zavodi kabi yirik tuzilmalar davlat-aksionerlik jamiyatlariga aylantirildi.
Respublikada qishloq xoʻjaligi texnikasi va ular uchun butlovchi buyumlar ishlab chiqaradigan 15 ta mashinasozlik va avtomobil korxonalari negizida “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi tashkil etildi.
Respublikaning butun hududida koʻplab filiallari boʻlgan, konsultatsiya-auditorlik va axborot xizmatlari koʻrsatish boʻyicha hukumatga qarashli boʻlmagan Agentlik tashkil qilindi.
Respublika birja markazi qurildi va ishga tushirildi. Unga fond bozorining yangi tashkil etilgan tadbirkorlik tuzilmalari joylashtirildi.
Bozor infratuzilmasining yaxlit tizimi shakllantirilishini taʼminlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, mulkdorlar sinfini jadal shakllantirish, shuningdek ularning huquqlari va manfaatlarini muhofaza qilish uchun Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar respublika palatasi tashkil qilindi va ular faoliyat koʻrsatmoqda. Uning hududiy boʻlinmalari mavjud boʻlib ularning umumiy soni 232 taga yetdi.
Qulay investitsiya muhiti yaratish boʻyicha aniq maqsadga qaratilgan siyosat olib borildi. Bunda asosiy eʼtibor iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi maxsus investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy sarmoyalarni jalb etishga qaratildi. Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida xorijiy investorlarning Oʻzbekistondagi bozor islohotlari jarayonlarida qatnashishga qiziqishlari ancha ortdi. 1996-yilning 1-oktabriga kelib xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning umumiy soni 2933 tani tashkil qildi. Ular 80 dan ortiq mamlakat vakillari bilan barpo etilgan.
Kishilarda yangicha iqtisodiy tafakkurni shakllantirish maqsadida matbuot va televideniye organlari bilan muntazam ishlarni tashkil etishga katta eʼtibor berildi. Iqtisodiy islohotlarning borishini yoritish uchun tadbirlar majmui ishlab chiqildi, har bir nashriyot, radio va televideniye boʻyicha muayyan targʻibot dasturlari tuzildi. 17 mln soʻmlikdan koʻproq uslubiy, maʼlumotnoma va meʼyoriy-texnikaviy adabiyotlar nashr etildi.
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat dasturi doirasida tadbirkorlik sohasida ishlovchi kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi ishlab turibdi. Oʻtgan davr mobaynida 11430 dan ziyod tadbirkorlar qayta tayyorgarlikdan oʻtishdi. Faoliyat koʻrsatayotgan texnikumlar va oliy oʻquv yurtlari bazasida tadbirkorlik va menejment boʻyicha mintaqa markazlari, oliy oʻquv yurtlari huzurida biznes-maktablar tashkil etildi.
TASIS va Germaniyaning GTZ kompaniyasi dasturlariga muvofiq kichik va oʻrta korxonalarni boshqarish bilimlarini oʻrgatish boʻyicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilgan institutsional qayta oʻzgartirishlar xususiy sektorning korxonalar umumiy sonidagi ulushini jahon koʻrsatkichlariga yaqinlashtirish imkonini berdi, davlat mulkchiligi monopolizmi tugatildi. Yalpi ichki mahsulotni ishlab chiqarishda nodavlat sektori ustun mavqeni egallaydi. Barqarorlikning makroiqtisodiy belgilari namoyon boʻldi: yalpi ichki mahsulot hajmi 1996-yilning 9 oyi mobaynida oʻtgan yilning tegishli davridagiga nisbatan 1,5 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 5,7 foizga oʻsdi. Narxlarni yanada erkinlashtirish va subsidiyalarni qisqartirish chora-tadbirlari amalga oshirildi. Sanoat mahsulotlarining deyarli barcha turlariga erkin shartnomaviy narxlar belgilandi. Aholini ijtimoiy muhofaza qilishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. U nafaqalarning har xil turlarini birxillashtirdi, uning aniq yoʻnaltirilganligi kuchaydi. Bu daromadlari cheklangan oilalarga oila budjeti miqdorini bir necha baravar oshirish imkonini berdi.
Korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarining amalga oshirilishi, fond bozorining bozor infratuzilmasini yaratish sarmoyaning erkin oqib kelishi jarayonini boshlab berdi va ushbu korxonalarni ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash strategiyasini oʻtkazishga yoʻnaltirish imkonini beruvchi iqtisodiy sharoitlarni, kichik biznesni va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni taʼminladi,
Keng aholi ommasida xoʻjayinlik, mulkdorlik hissining paydo boʻla boshlagani va rivojlangani, kichik va xususiy korxonalar, koʻchmas mulk, yer uchastkalari, aksiyalar, boshqa qimmatli qogʻozlar, xullas, daromad keltiruvchi mulk egalari oʻrta qatlamining shakllangani iqtisodiy islohotlarning eng muhim yakunlaridan biri boʻldi.
Shu bilan birga, mikroiqtisodiyot darajasidagi ayrim korxonalar nobarqaror moliyaviy ahvoldadir. Bu ishlab chiqarish darajasining pasayishi, xoʻjalik aloqalarining yoʻqotilishi, notoʻlovlarning, debitorlik va kreditorlik qarzlarining oʻsishi bilan bogʻliq boʻlib, ular xususiylashtirishdan keyingi jarayonlarda aks etmoqda. Davlat tasarrufidan chiqarish jarayonida tashkil etilgan ayrim xususiylashtirilgan korxonalar va aksionerlik jamiyatlari ishlarining tahlili jiddiy kamchiliklar va nuqsonlar mavjudligini koʻrsatmoqda: ayrim korxonalarda biznes-rejalar hamda korxonalarni rivojlantirish va rekonstruksiya qilish boʻyicha ish rejalari yoʻq aksiyalarning davlatga tegishli ulushi boʻyicha dividendlardan belgilangan maqsadda foydalanmaslikka yoʻl qoʻyilmoqda, boshqaruv va nazoratning saylanadigan organlari nomigagina ishlamoqda, korxonalar mulkining yangi egalari aksionerlar ishlab chiqarishni boshqarishda faol qatnashmayaptilar va qarorlar qabul qilishga zarur darajada taʼsir koʻrsatmayaptilar. Aksionerlik jamiyatlarining hammasi ham moliya-xoʻjalik faoliyatini eʼlon qilishmayapti. Aksiyalarning davlatga tegishli ulushini boshqarish huquqlarini berish boʻyicha shartnomalar tarmoq organlari tomonidan toʻliq bajarilmayapti.
II. ASOSIY MAQSADI VA VAZIFALARI
Quyidagilar iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning asosiy maqsadi hisoblanadi:
xususiylashtirilgan korxonalar ishining samaradorligini ularni xususiylashtirilgandan keyin qoʻllab-quvvatlash yoʻli bilan oshirish;
xalq xoʻjaligi tarmoqlarini tarkibiy qayta qurish hisobiga yangi ish oʻrinlari, ayniqsa qishloq joylarda, barpo etish;
ichki bozorni mahsulot bilan toʻldirish va mahsulotlarning eksportbopligini oshirish maqsadida raqobatli bozor muhitini yaratish;
mintaqalarda bozor infratuzilmasini intensiv rivojlantirish va uning tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, uning xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan aloqalarini mustahkamlash;
mulkdorlarning samarali sinfini yaratish;
qimmatli qogʻozlar va koʻchmas mulkning toʻla qimmatli bozorini barpo etish.
Qoʻyilgan maqsadlarga erishish quyidagi vazifalarni hal etish yoʻli bilan taʼminlanadi: korxonalarni, uyushmalarni, konsernlarni va boshqaruvning boshqa tarmoq tuzilmalarini tarkibiy qayta tashkil qilish, yirik va oʻrta korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni davom ettirish, oʻrta va yirik korxonalarni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish jarayonlarini ularni monopoliyadan chiqarish bilan uygʻunlashtirish, xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish jarayoniga qayta tashkil etilishi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladigan yangi obyektlar va korxonalarni jalb etish, korxonalarni xususiylashtirilgandan keyin qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish va uni davlat tomonidan har tomonlama qoʻllab quvvatlash xususiy tadbirkorlarning ishlab chiqarish uchun moddiy resurslardan, pul kreditlaridan, zamonaviy texnologiyalardan, bozor infratuzilmasi barcha institutlari xizmatlaridan erkin foydalanishlarini taʼminlash, ishonchli boshqaruv (trast) tizimini faol joriy etish, koʻchmas mulk, qimmatli qogʻozlar bozorlarini va depozitariy tarmoqlarini, uning infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholining boʻsh pul resurslarini investitsiya, xususiylashtirish fondlari va fond doʻkonlari tarmoqlarini yanada koʻpaytirish yoʻli bilan aksiyalashtirish jarayoniga keng jalb etish, aholining indeksatsiya qilingan omonatlarini aksiyalar, koʻchmas mulklar va boshqa ishlab chiqarish vositalari sotib olishga jalb etish, qishloq xoʻjaligida mulkchilik va iqtisodiy munosabatlar shakllarini oʻzgartirish, qishloq xoʻjaligini isloh qilish munosabati bilan boʻshab qoladigan kishilarni ish bilan taʼminlash uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, eksport potensialini koʻpaytirish va resurslarning tejalishini, ekologiyaboplilik va importning oʻrnini qoplovchanlikni taʼminlash maqsadida xorijiy investorlar ishtirokida investitsiya loyihalarini shakllantirishda qatnashish.
Oldinda xususiylashtirish, davlat tasarrufidan chiqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hududiy dasturlarini amalga oshirish asosida tadbirkorlik tuzilmalarining samarali ishlashi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish borasida mahalliy hokimiyat organlari ishlarini faollashtirish vazifasi turibdi. Koʻrsatib oʻtilgan dasturlarning asosiy yoʻnalishlari ushbu hududda rivojlantirilishi mintaqa hayot taʼminoti va mazkur hudud manfaatlari bilan bogʻliq muammolarni hal etishga muhtoj boʻlgan iqtisodiyot sektorlarida yangi tadbirkorlik tuzilmalari, yangi ish oʻrinlari tashkil etish uchun ragʻbatlantirish omillarini ishlab chiqishdan iborat boʻlishi kerak.
Mahalliy dasturlarda mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, respublika dasturlarining ustuvor yoʻnalishlari hisobga olinishi, ular iqtisodiy islohotlar jarayonining oʻzini amalga oshirishda aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy muhofaza qilishni taʼminlashi kerak.
III. DAVLAT TASARRUFIDAN CHIQARISH, XUSUSIYLASHTIRISH VA AKSIYALASHTIRISH JARAYONLARINI YANADA CHUQURLASHTIRISH USULLARI VA MEXANIZMLARI
1. Yirik davlat korxonalarini qayta tashkil etish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish
Xolding kompaniyalarini shakllantirish jarayoniga yirik korxonalarni, birlashmalarni, konsernlarni, ular tarkibiga kiruvchi korxonalar oʻrtasidagi texnologik va kooperatsiya aloqalarini saqlab qolgan holda, davlat tasarrufidan chiqarish dastagi sifatida qaraladi. Tashkil qilinayotgan xoldinglar davlat mulkiga egalik qilish va uni tasarruf etish funksiyalarini nodavlat tuzilmalariga berish boʻyicha oraliq boʻgʻin boʻladi, sarmoya va ilmiy-texnikaviy resurslarni jamlashga, turli korxonalar, xalq xoʻjaligi tarmoqlari xodimlarini yirik investitsiya dasturlarini hal etish uchun yoʻnaltirishga koʻmaklashadi.
Moliya-sanoat guruhlari turli tashkiliy-huquqiy shakllarga, faoliyat yoʻnalishlariga, qatnashchilar tarkibiga va boshqaruv tuzilmasiga ega boʻladi, moliya, ishlab chiqarish va tovar sarmoyasini qayta yaratish, toʻplash, jamlashni, uni ustuvor tarmoqlarga hamda uning boshqaruvchanligini oshirishga investitsiyalashni taʼminlovchi davlat selektiv tarkibiy siyosatini amalga oshirishning muhim vositasi boʻlib qoladi.
Moliya-sanoat guruhlari tarkibini ishlab chiqarish va ilmiy-ishlab chiqarish korxonalarini, banklarni, xolding kompaniyalarini, ilmiy-tadqiqot markazlarini va institutlarni, tajriba-konstruktorlik tashkilotlarini, savdo kompaniyalari va firmalarini, qurilish va transport korxonalarini, sanoat korxonalarini, investitsiya fondlarini, boshqa xil korxonalarni jalb etgan holda tuzish nazarda tutilmoqda.
Moliya-sanoat guruhlarini tuzish samaradorligini oshirish maqsadida aksiyalarni joylashtirishning ikki yoʻnalishli tizimidan: qatnashchilarni aniq maqsadli tanlashdan, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni sotib olishdan foydalaniladi.
Birinchi navbatda moliya-sanoat guruhlarini tashqi va ichki bozorlarda raqobatbardoshli va toʻlovga qodir talabga ega boʻlgan murakkab va ilm-fanni koʻplab talab qiladigan mahsulot ishlab chiqaruvchi, texnologiya jihatidan oʻzaro bogʻliq korxonalar negizida tashkil etish moʻljallanmoqda.
Bank tuzilmalarini, aksiyalarni sotish, shu jumladan xalqaro fond bozorida sotish orqali xorijiy sarmoyani jalb etgan holda yirik korxonalarni ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish nazarda tutilmoqda.
Bunda ancha uzoq muddatlarga mol-mulkni sotib olish, 70 foiz va undan koʻproq eskirgan asosiy fondlar qiymatini mehnat jamoalari aʼzolariga tekin berish, shuningdek ularga jamoa ishlab topgan sof foydaning bir qismini va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini foydalanish uchun berish nazarda tutiladi.
Amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar jamiyatning oʻzgarishiga olib keldi, aholining muayyan toʻlov evaziga sogʻliqni saqlash, bolalarni maktabda oʻqitish va ularga hunar taʼlimi berish boʻyicha tegishli xizmatlar olishni xohlovchi toifasi vujudga keldi. Shu munosabat bilan tajriba tariqasida ayrim sogʻliqni saqlash (tibbiy-sanitariya boʻlinmasi, fizioterapiya shifoxonalari va poliklinikalari), xalq taʼlimi (maktablar, hunar-texnika bilim yurtlari) obyektlari, ularning faoliyat sohasini, mazkur hududdagi davlat sogʻliqni saqlash va xalq taʼlimi obyektlari bilan taʼminlanganlikni saqlab qolgan holda, xususiylashtiriladi.
2. Xoʻjalik uyushmalarini, konsernlarni, korporatsiyalarni tarkibiy qayta oʻzgartirish
Tarmoq birlashmalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning ilgari qabul qilingan konsepsiyalarini yanada takomillashtirish uchun amaldagi tuzilmalar tahlil qilinadi, xususiylashtirilgandan keyingi davrda ayrim korxonalarning hamda yangi tashkil etilgan bozor tuzilmalarining moliya-xoʻjalik faoliyatini, ularning tarmoqdagi va bozordagi oʻrni va roli oʻrganiladi.
Birinchi navbatda 1997-1998-yillarda ichki bozor hajmi katta boʻlgan, raqobatchilari esa yetarli boʻlmagan oziq-ovqat, yengil va mahalliy sanoat hamda tarmoqlar tarkibiy jihatdan qayta oʻzgartiriladi. Bunda mintaqada mahsulotga boʻlgan ehtiyoj, import hajmi, ishlab chiqarishning anʼanaviy tarixiy rivojlantirilishi hisobga olinadi.
Ilgari faoliyat koʻrsatgan bosh uyushmalar va konsernlar keyinchalik tugatilgani, parallel ravishda normativ-huquqiy baza takomillashtirilganligi holda Xolding kompaniyalari yoki moliya-sanoat guruhlarining tarmoq organlari tarkibiy qayta quriladi.
Uyushmalar, konsernlar yirik lizing kompaniyalari yoki auditorlik-konsalting kompaniyalari va firmalariga qayta oʻzgartirilgan holda ularni tarkibiy oʻzgartirishning boshqa variantlaridan ham foydalaniladi, ularni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar beriladi. Tarkibiy qayta qurish va texnika bilan qayta jihozlash uchun xususiylashtirish mablagʻlaridan maqsadli kreditlardan foydalanish moʻljallanmoqda.
3. Agrosanoat majmuida xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish jarayonlarini chuqurlashtirish
Qishloq xoʻjaligida islohotlarni amalga oshirish iqtisodiy oʻzgartirishlarning asosiy boʻgʻini hisoblanadi, barcha iqtisodiy oʻzgartirishlarning natijasi koʻp jihatdan tub oʻzgartirishlar jarayoni agrar sektorni qanchalik chuqur qamrab olishiga bogʻliq boʻladi
Quyidagilar qishloq xoʻjaligini isloh qilish sohasidagi asosiy vazifalar hisoblanadi:
qishloqda qishloq xoʻjaligi xom ashyosini, mahalliy moddiy resurslarni qayta ishlovchi zamonaviy texnologiyaga ega boʻlgan uncha katta boʻlmagan korxonalar tashkil etish yoʻli bilan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi ishidan boʻshaydigan ortiqcha mehnat resurslarini noqishloq xoʻjaligi tarmoqlarida ish bilan taʼminlash hamda maishiy, servis xizmatlari sohasida kichik korxonalar va xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish;
qishloqda xoʻjalik yuritishning yangi shakllarini keng rivojlantirish, kichik, ixcham sanoat korxonalari va sexlari tashkil etish, kasanachilikni, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga servis xizmati koʻrsatuvchi firmalar tarmoqlarini rivojlantirish, dehqonga oʻzi ishlov berayotgan yerning, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning toʻlaqonli egasi ekanligini real his qilish imkonini beruvchi yangi iqtisodiy munosabatlarni shakllantirish;
paxta va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlaridan boʻshayotgan yer maydonlarini fermer (dehqon) xoʻjaliklari tashkil etish uchun izchil berish, shaxsiy yordamchi uchastkalarni kengaytirish, yer nadellarini qishloq mehnatchilariga meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod berish.
Koʻrsatib oʻtilgan vazifalar quyidagilar orqali hal etiladi:
jamoa xoʻjaliklarida mulk paylari, aksiyalar asosida kooperatsiyaning azaliy tabiatini tiklash, yaʼni mehnat jamoasi har bir aʼzosining mulk ulushi;
mulkni sotib olgan yoki tekin olish asosida eng yirik xoʻjaliklarni aksionerlik jamiyatlariga va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga aylantirish;
dehqon (fermer) xoʻjaliklarini yirik xoʻjaliklarga integratsiya qilish asosida ularni yanada rivojlantirish va ular asosida dehqon, ijara, kooperativ va xoʻjalik yuritishning boshqa shakllari koʻrinishidagi koʻp ukladli xoʻjaliklar tashkil etish;
boshqaruv tizimini va shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar mahsulotlari yetishtirishni hisobga olishni qayta tashkil etish;
qishloq xoʻjaligi xom ashyosida ishlaydigan davlat qayta ishlash korxonalarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirishni davom ettirish;
respublika agrosanoat majmui boshqaruvi tuzilmasini yanada isloh qilish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar, sanoat va xizmat koʻrsatuvchi korxonalar oʻrtasidagi iqtisodiy oʻzaro munosabatlarni takomillashtirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi korxonalarini iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash;
agrosanoat majmui aksionerlari va tadbirkorlari bozor iqtisodiyoti asoslarini egallab olishlari maqsadida aksionerlar va tadbirkorlarni muntazam ravishda oʻqitish;
kichik bogʻlar va uzumzorlarni xususiy mulk qilib sotishni davom ettirish, bunda mayda konturli bogʻlar va uzumzorlar faqat kim oshdi savdosi yoki tanlovlar orqali mazkur qishloq xoʻjaligi korxonasi aʼzolari oʻrtasida sotiladi.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish maqsadida qulay sharoitlar yaratish va eksportga koʻmaklashish uchun fyuchers bitimlar tizimi rivojlantiriladi.
Qishloqni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning hududiy dasturlari orqali qishloqda yangi ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish masalalarini oʻylab koʻrish kerak boʻladi. Bu kommunikatsiyalar tarmogʻi, zamonaviy maishiy va servis xizmatidir. Yer uchastkalarini shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga va dehqon xoʻjaliklariga berish orqali aholining ish bilan taʼminlanganligini rivojlantirish va qishloq aholisining iqtisodiy faolligini rivojlantirish qishloqda ish bilan taʼminlash muammosini hal etishning yana bir muhim yoʻnalishi hisoblanadi.
4. Korxonalarni xususiylashtirishdan keyingi qoʻllab-quvvatlash
Quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha xususiylashtirishdan keyingi davrda xususiylashtirilgan korxonalarning unumli ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor beriladi.
Birinchi yoʻnalish — huquqiy:
konsalting firmalari va kompaniyalar tarmoqlari orqali huquqiy va iqtisodiy himoya qilishga koʻmaklashish;
qarama-qarshiliklarni bartaraf etish maqsadida qonunchilik bazasini takomillashtirish va ushbu korxonalarning huquqiy himoya qilinishini taʼminlash;
xususiylashtirishdan keyingi jarayonlarni yanada jadal rivojlantirishni taʼminlaydigan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
trast kompaniyalarini boshqarish huquqlarini berish, ushbu masalada namunaviy nizomlarni va mavjud davlat boshqaruv organlaridan boshqaruvni berish mexanizmlarini ishlab chiqish, trast kompaniyalar ishida qatnashish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish va ragʻbatlantirish, korxonalarni tanlov asosida xorijiy kompaniyalarga tanlovlar gʻoliblariga trast boshqaruvga berish.
Ikkinchi yoʻnalish — moliyaviy:
korxonalarni noishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasini saqlashdan bosqichma-bosqich ozod qilish: turar joy maktabgacha tarbiya obyektlari, tibbiy-sanitariya muassasalari va boshqa kommunal obyektlar;
aksionerlik jamiyatlarining ustav sarmoyasini koʻpaytirish va aksiyalarning bir qismini yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan xorijiy investorlarning ortib boruvchi ustav sarmoyasiga sotish yoʻli bilan yangi investitsiyalarni jalb etish;
xususiylashtirishdan olingan mablagʻlar hisobiga mahsulotlari xalq xoʻjaligi ahamiyatiga ega boʻlgan korxonalarni rivojlantirishning aniq biznes-rejalari uchun, shuningdek ogʻir moliyaviy ahvoldagi korxonalarni sogʻlomlashtirish va ularning toʻlov qobiliyatlarini oshirish uchun, moliyaviy rejalar uchun imtiyozli kreditlar berish;
aksionerlik jamiyatlaridagi ustav sarmoyasini koʻpaytirish yoʻli bilan xususiylashtirishdan olingan mablagʻlar hisobiga aylanma mablagʻlarni toʻldirish, keyinchalik ushbu aksiyalarni birja va birjadan tashqari bozorda sotgan holda;
davlat korxonalarini oʻzgartirish natijasida tashkil etilgan aksionerlik jamiyatlariga aksiyalarning davlat ulushi boʻyicha dividendlarni berish, qayta qurishga, aksionerlik jamiyatining ustav sarmoyasini keyinchalik koʻpaytirgan holda qayta jihozlashga, ular keyinchalik respublika fond bozorida sotiladi;
aksionerlik jamiyatlaridagi qimmatli qogʻozlarning ikkilamchi emissiyasini faollashtirish hisobiga qoʻshimcha investitsiya resurslari jalb qilish;
investitsiya loyihalari uchun kredit resurslari berish.
Uchinchi yoʻnalish — ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va kafolatlar:
ish joylari tashkil etish va kadrlar tayyorlashning kompleks dasturlari ishlab chiqiladi;
pensiya taʼminoti va sugʻurtaning nodavlat shakllari barpo etiladi;
aholining indeksatsiya qilingan omonatlaridan imtiyozli shartlarda foydalaniladi.
Toʻrtinchi yoʻnalish — uslubiy yordam koʻrsatish:
sogʻlomlashtirishning moliyaviy rejalarini va korxonalarning toʻlovga qobiliyatini oshirish tadbirlarini ishlab chiqishda;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tarmoq va mintaqaviy dasturlarini tashkil etishda;
yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqishda;
korxonalar, uyushmalar, konsernlarni va boshqaruvning boshqa tarmoq tuzilmalarini tarkibiy qayta qurishda uslubiy yordam koʻrsatish.
Beshinchi yoʻnalish korxonalarda boshqaruv xodimlari ish samaradorligini quyidagi yoʻllar bilan oshirish:
davlat mulki bazasida tashkil etilgan aksionerlik jamiyatlarida boshqaruv xodimlariga aksiyalar paketini shaxsiy egalik qilish uchun ajratish;
boshqaruv xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
boshqaruvning ilgʻor shakllari va usullarini joriy etishga texnik koʻmaklashish yoʻli bilan boshqaruv xodimlari ish samaradorligini oshirish.
5. Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish
Qimmatli qogʻozlar bozori oʻziga xos bozor hisoblanadi. U qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazish jarayoni puxta tashkil etilishini va bozorning barcha qatnashchilari harakatlari zarur tartibda boʻlishini talab etadi, delitantlik va anarxiyani yoqtirmaydi. Qimmatli qogʻozlar bozorining yuqori darajada murakkabligi va uning holatining keskin oʻzgarishi, unda professional va noprofessional sonining koʻpligi, tuziladigan har xil bitishuvlar hajmi kattaligi, axborot katta qismining maxfiy tusdaligi, ayni vaqtda amalga oshirilayotgan operatsiyalarning keng oshkoraligi zarurligi va boshqa bir qancha omillar investorlarning keng doirasi manfaatlarini kamsituvchi, bozorga boʻlgan ishonchni pasaytiruvchi, natijada uning samaradorligi tushib ketishiga olib keluvchi potensial imkoniyatlarini belgilab beradi. Va shu sababli ushbu oʻrinda eng qattiq standartlar va qoidalar belgilanishi, qimmatli qogʻozlar bozori faoliyat koʻrsatishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish boʻyicha Markaz tomonidan investorlar va emitentlarning huquqlari himoya qilinishi kafolati taʼminlanishi zarur.
1997-1998-yillarda qimmatli qogʻozlar birja oboroti yiliga 4 mlrd soʻmgacha oʻsadi. Qimmatli qogʻozlar bozori va uning infratuzilmasining rivojlanishi davom etadi. Qimmatli qogʻozlar birlamchi bozori shakllantirilishi bilan bir qatorda asosiy eʼtibor qimmatli qogʻozlarning ikkilamchi bozorini tashkil etishga va rivojlantirishga qaratiladi. Aynan ikkilamchi bozor fond bozori signallari asosida korxonalarni ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish strategiyasini amalga oshirishga yoʻnaltirish imkonini beruvchi sarmoyaning erkin oqib kelishiga, tegishli iqtisodiy shart-sharoitlar yaratilishiga koʻmaklashadi.
Umuman olganda qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish:
qimmatli qogʻozlarning birja va birjadan tashqari savdosini kengaytirish;
qimmatli qogʻozlarga jamoa boʻlib investitsiya qoʻyishning koʻplab shakllari va tuzilmalarini (investitsiya fondlari, xususiylashtirish investitsiya fondlari va boshqalar) barpo etish;
xorijiy investorlar bilan ishlashni faollashtirish va oʻzbekistonlik emitentlarning aksiyalarini tayyorlash va ularni qimmatli qogʻozlar xalqaro bozorida sotish;
Oʻzbekistonning xalqaro davlat qimmatli qogʻozlari kreditori va emitenti mamlakati sifatidagi reytingiga ega boʻlish;
qimmatli qogʻozlar bozori infratuzilmasini rivojlantirish, ikkilamchi bozorga xizmat koʻrsatish uchun tuzilmalarni shakllantirish;
qimmatli qogʻozlar aylanishi va ularga xizmat koʻrsatish tizimida tavakkalchiliklarni kamaytirish maqsadida bozorning davlat tomonidan tartibga solinishini va oʻzini oʻzi tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish;
qimmatli qogʻozlar bozori axborot oshkoraliligini oshirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Umumiy summasi 100 mln AQSH dollariga yaqin boʻlgan 76 aksionerlik jamiyati aksiyalarini xorijiy investorlarga sotish toʻgʻrisida Markaziy Osiyo investitsiya fondi bilan bitimni amalga oshirish ishlari davom ettiriladi.
Emissiya prospektlariga muvofiq aksiyalarni birlamchi joylashtirish ustidan nazorat qilish va tartibga solishda, emitentlar tomonidan moliya-xoʻjalik faoliyati natijalari toʻgʻrisida axborot berilishida, aksionerlarning yakuniy yigʻilishlari oʻtkazilishida, dividendlar oʻz vaqtida toʻlanishida, kuzatuvchi kengashlar, taftish komissiyalari va boshqaruvning ijroiya organlari faoliyat koʻrsatishida, aksionerlarning reyestri toʻgʻri yuritilishida, emissiyalar prospektlari eʼlon qilinishida va sertifikatlar berilishida Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining roli oshadi.
Investitsiya institutlari tarmoqlari: investitsiya vositachilari, investitsiya maslahatchilari, investitsiya kompaniyalari va fondlari yanada rivojlanadi.
Qimmatli qogʻozlar ikkilamchi bozorini faollashtirish uchun bank qimmatli qogʻozlarining oʻziga xos tabiatini hisobga olgan holda yirik tijorat banklari huzurida fond birjasida roʻyxatdan oʻtkazilgan brokerlik idoralari ishtirokida “savdo maydonlari” tashkil etish nazarda tutiladi va u yanada rivojlantiriladi. “Savdo maydonlari”da depozit va jamgʻarma sertifikatlar oldi-sottisi boʻyicha bitishuvlar amalga oshiriladi.
Respublikaning barcha mintaqalarida investitsiya institutlari huzurida fond doʻkonlari tarmogʻi tashkil etiladi.
Oʻzbekiston aholisining keng tabaqalarini davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish jarayoniga jalb etish, qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish va aholining qimmatli qogʻozlarga omonat qoʻyishi uchun tavakkalchiliklarni pasaytirish maqsadida xususiylashtirish investitsiya fondlari (XIFlarning keng tarmogʻi tashkil etiladi.
XIFlarning aksiyalarini joylashtirishga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq banki boʻlimlari va tijorat banklari keng jalb etiladi.
Qimmatli qogʻozlar bozorida tijorat banklarining faoliyati kengayadi, shu jumladan aksiyalarni davlat xususiylashtirilgan korxonalariga birlamchi joylashtirish boʻyicha vositachilar sifatidagi faoliyati kengayadi.
Qimmatli qogʻozlar bozori infratuzilmasini shakllantirish depozitar, kliring va agentlik tarmogʻini, shu jumladan reyestrlar, konsalting va auditorlik firmalari reyestrlarini yuritish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi reklama va axborot agentliklari, professional roʻyxatdan oʻtkazuvchilar tarmogʻini rivojlantirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Maslahat va auditorlik xizmatlari qiymatini pasaytirish maqsadida maslahat va auditorlik xizmatlari bozorida raqobatni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
Tashkiliy masalalarni hal etishda yordam berish koʻrinishida, shuningdek xususiylashtirish investitsiya fondlariga boshlangʻich bosqichda maqsadli kreditlar berish va xususiylashtirilgan korxonalar eng likvidli aksiyalarining 30 foizgachasini nominal qiymati boʻyicha sotishda bozor infratuzilmasi muassasalarini davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash taʼminlanadi.
Qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish sohasidagi tub vazifalardan biri uning axborot oshkoraligi prinsipini amalga oshirish hisoblanadi. Bunga savdo tizimlarida qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazish hajmlari va narxlari toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilish, emitentning xoʻjalik faoliyati va moliyaviy ahvoli toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilish, tijorat siri hisoblangan va tijorat siri hisoblanmagan axborotni bir-biridan aniq farqlash, shuningdek har qanday talab boʻyicha albatta taqdim etish hisobiga erishiladi. Mustaqil reyting agentliklari tashkil etish va emitentlar kompaniyalarini va qimmatli qogʻozlarni reyting baholashni joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻriladi.
Qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan nazorat qilishning samarali tizimini taʼminlash va fond bozori investorlari va professional qatnashchilari manfaatlariga rioya etilishi uchun qimmatli qogʻozlar bozori professional qatnashchilarining jamoat tashkilotlari (investitsiya institutlari uyushmasi va boshqalar) tashkil etiladi.
Amaldagi qonun hujjatlari asosida boshqaruvning davlat organlari, masalan, Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi orqali aholining qimmatli qogʻozlar bozoriga qoʻygan pul resurslarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar kuchaytiriladi.
Xorijiy sheriklarni respublika fond bozoriga keng jalb etish maqsadida fond birjasida, shuningdek xorijiy emitentlarning qimmatli qogʻozlari ham qoʻyiladi. Xorijiy qimmatli qogʻozlarning respublika fond birjasi fond bozorida kotirovka qilinishida Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari va milliy konyunktura hisobga olingan holda ushbu qimmatli qogʻozlarni qoʻyish (listinning) xalqaro standartlarga oʻxshash tizimidan foydalaniladi.
6. Koʻchmas mulk bozorini rivojlantirish
Koʻchmas mulk birlamchi bozorini shakllantirish davom ettirilishi bilan bir vaqtda asosiy eʼtibor ushbu bosqichda ikkilamchi bozorni rivojlantirishga qaratiladi. U sotuv hajmlari koʻpayishiga va uning infratuzilmasi rivojlanishiga koʻmaklashadi.
Asosiy eʼtibor koʻchmas mulkni sotish hajmlari koʻpayishiga va unga boʻlgan huquqlar taʼminlanishiga qaratiladi. Mulkning nodavlat shaklidagi koʻchmas mulk obyektlarini birja savdolari, kim oshdi savdolari va tanlovlarga qoʻyish soni oʻsadi.
Shu munosabat bilan yer uchastkalarini, ishlab chiqarish vositalarini, tugallanmagan qurilishni, transport vositalarini sotish hajmlari oʻsadi. Koʻchmas mulk bozori infratuzilmasini shakllantirish davom ettiriladi, rielter va auditorlik, baholash firmalari tarmogʻi kengayadi. Koʻchmas mulkni baholash boʻyicha mutaxassislar tayyorlash tizimi takomillashtiriladi, agentlar va vositachilar soni koʻpayadi. Koʻchmas mulk kadastrini yaratish, koʻchmas mulkning barcha mavjud obyektlarini hisobga olishni joriy etish va mulkdorlar almashishini hisobga olish ishlari faollashadi.
Koʻchmas mulk obyektlari va mol-mulkini baholashga, koʻchmas mulk bozori qatnashchilari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solishga yagona yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida Davlat mulki qoʻmitasi timsolida davlat bilan bir qatorda jamoa tashkilotlari (baholovchilar uyushmasi, rielterlar va boshqalar) tashkil etiladi hamda standartlar tizimi ishlab chiqiladi.
7. Qulay raqobat muhitini shakllantirish
Raqobat muhitini shakllantirishning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
xoʻjalik majmuilari: savdo, qurilish, sanoat va transportning yirik korxonalarini monopoliyadan chiqarish boʻyicha birinchi navbatdagi tadbirlarni amalga oshirish;
korxonalarni xususiylashtirishda ular faoliyatining raqobatdoshliligini va samaraliligini oshirish maqsadida bozor tuzilmasi hisobini olish;
Oʻzbekiston Respublikasi bozorlarida samarali raqobatlashish uchun zarur tashkiliy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;
tadbirkorlikni rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi bozorlarida tovarlar, xizmatlar va sarmoyalarning erkin yurishi uchun iqtisodiy hamda maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish;
bozorlarga yangi raqobatlashuvchi tuzilmalarning kirib kelishi uchun moliya-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy toʻsiqlarni kamaytirish.
raqobat muhitini shakllantirish jarayoni quyidagi talablarni hisobga olishni:
raqobat bozorini tashkil etish va isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni moʻljallashni;
monopollikni tugatish, xususiylashtirish, tarkibiy qayta qurish va iqtisodni qayta qurish topshiriqlarini hal etishning kompleksliligini;
tarmoq va mintaqaviy oʻziga xosliklarni hisobga olgan holda monopollikni tugatish obyektlariga nisbatan tabaqalashtirilgan holda yondashishni;
monopollikni tugatish muammolarini hal etishning va tarmoq hamda mintaqaviy darajalarda raqobatni rivojlantirishning oʻzaro bogʻliqligini;
Oʻzbekiston iqtisodini xoʻjalikning jahon tizimiga yaqinlashtirish hollari hisobini, vatanimiz tovar ishlab chiqaruvchilarini himoya qilishga oid chora-tadbirlarni qoʻshib olib borishda xalqaro raqobat uchun tovar bozorlarining ochiqligini;
bozor tuzilmasini oʻzgartirish monitoringini va tegishli tuzatishlar kiritishni;
oʻtkaziladigan chora-tadbirlarning oshkoraligini taʼminlashni nazarda tutadi.
Monopol mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik xoʻjalik tuzilmalarini va yirik korxonalarni kichiklashtirish alohida korxonalar va faoliyatning butun sohalarining amaldagi monopolizmini tugatish imkonini beradi, erkin iqtisodiyot va raqobat muhiti tashkil qilish uchun imkoniyat yaratadi. Ishlab chiqarishning samaraliligi uchun, xom ashyo materiallar, sarmoya bozori uchun, oʻz mahsulotini sotish bozori uchun iqtisodiy musobaqa maydonga keladi, ishlab chiqarishni boshqarishni ichdan tashkil etish tizimini takomillashtirishga, texnik qayta jihozlashga undaydigan raqobat kurashini oshiradi, fan va texnikaning yangi yutuqlariga nisbatan beriluvchan boʻlishga majbur qiladi, kam mablagʻ sarflab yuqori sifatli va arzon baholi mahsulot ishlab chiqaradi. Monopoliyaga qarshi qonunchilik usullaridan foydalanish iqtisodiy va ilmiy-texnika taraqqiyotini kuchli ragʻbatlantirish omili boʻlib xizmat qiladi.
Yirik korxonalar tarkibidan yagona texnologik zanjirlarni buzmaydigan alohida obyektlarni ajratish imkoniyatlaridan foydalaniladi, bundan maqsad ularni bir-biriga oʻxshash, ammo bir-biriga qaram boʻlmagan raqobatlashuvchi ishlab chiqarishlarga boʻlishdir. Yirik obyektlarni xususiylashtirish jarayonida mulklarni, keyinchalik alohida sexlarga, uchastkalarga, sotib olish huquqi bilan yoki huquqisiz, lizingga berishga ruxsat etiladi.
Tovar bozorida ustun holatni egallovchi korxonalarni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarishda monopoliyaga qarshi organ aksiyalarni boshqarish huquqini Davlat mulki qoʻmitasi organlariga bergan holda aksiyalarning nazorat paketini davlatda qoldirish yuzasidan takliflar kiritadi.
8. Korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirishga oid chora-tadbirlar
Bu jarayonni amalga oshirish uchun Davlat mulki. qoʻmitasi huzurida Bankrotlik va sanatsiya boʻyicha ixtisoslashtirilgan boshqarma, Korxonalar sanatsiyalari fondi, Bankrotlik va sanatsiya agentligini tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Ular zarar koʻrib ishlovchi korxonalar sanatsiyasini va ularni xoʻjalik sudining qaroriga koʻra quyidagi usullar bilan tugatishni samarali amalga oshirishlari mumkin:
korxonani trast boshqaruviga bergan holda kreditorlar tomonidan tayinlangan kompaniya boshqaruvchisi tomonidan yoxud kreditorlar eʼlon qilgan tanlovda yutib chiqqan kompaniya boshqaruvchisi tomonidan berish;
korxonani yangi mulkdorga kim oshdi savdosida, tanlovda sotish yoʻli bilan yoxud toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish yoʻli bilan tugatish;
korxona aktivlarini sotib yuborish.
Korxonani sunʼiy ravishda bankrotlik holatiga keltirish hisobiga foyda chiqarish imkoniyatiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida korxonaning qoniqarsiz tuzilmasi balansini aniqlash uchun mezonlar tizimi, ataylab qilingan bankrotlik uchun javobgarlikning qonunchilik hujjatlari ishlab chiqiladi.
Pul toʻlay olmaydigan korxonalarni xususiylashtirishga oid ishlarni koʻrib chiqish tartibi, xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlar hisobiga korxonalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va sanatsiya boʻyicha uslubiy tavsiyanomalar, ushbu korxonalarni sogʻlomlashtirish va pul toʻlay olishni tiklashning namunali moliyaviy rejasi, korxonalarning moliyaviy ahvolini baholash va balansning qoniqarsiz tuzilmasini belgilashga oid nizom, qarzdor korxonani ixtiyoriy ravishda tugatish bilan bogʻlik masalalarni hal etish maqsadida kreditorlar majlisining namunali ish tartibi va qarori, xoʻjalik sudining qaroriga koʻra qarzdor korxonalarni sotish tartibi toʻgʻrisida nizom kabi yana bir qator normativ hujjatlar ishlab chiqiladi.
9. Tashki iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalarni jalb etish
Belgilangan maqsadga erishish uchun xorijiy sarmoyani jalb qilishning quyidagi:
“Oʻzbekistonda biznesni qanday amalga oshirish kerak” mavzuyida xalqaro seminarlar va anjumanlar oʻtkazish;
huquqni himoya qilishga oid qonunchilikni, xorijiy investorlar uchun kafolatlar va imtiyozlar berishni takomillashtirish;
mumkin boʻlgan potensial xorijiy investorlardan yaxshilarini jalb etishga qaratilgan muzokaralar olib borish yoʻli bilan xususiy firmalarni jalb etgan holda sarmoyani joylashtirish;
mazkur korxonani texnik jihatdan qayta tashkil eta oladigan va qayta jihozlay oladigan, shuningdek, boshqaruv sohasidagi oʻz tajribasini bera oladigan xorijiy investorlar ishtirokidagi davlat korxonalari negizida aksionerlik jamiyatlari tashkil etish;
xorijiy investorlar uchun qulay boʻlgan aksiyalarni ochiq holda joylashtirish;
ochiq-oydinlik asosida va maxsus investitsiya savdolari orqali, shuningdek, boshqa institutlar va mexanizmlar vositasida tenderlar oʻtkazish;
tarmoqlarni rivojlantirishning ishlab chiqilgan investitsiya dasturlari doirasida qoʻshma korxonalar tashkil etish, chet ellarda vakolatxonalar ochish;
xorijiy investorlarni jalb etgan holda texnik yordam berish dasturlari doirasida pilot loyihalarni amalga oshirish.
Fond bozorida xorijiy investitsiyalar hajmlarini kengaytirish uchun 100 ming AQSH dollaridan ortiq ustav sarmoyasiga, shuningdek, aktivlarning narxiga va sifatli tavsifnomasiga, fond bozorida ushbu korxonalarning aksiyalar bilan savdo qilishining faolligi, keyingi yillardagi texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari va boshqalarga ega boʻlgan xususiylashtirilgan korxonalar boʻyicha maʼlumotlar bazasini yaratish koʻzda tutilmoqda;
xorijiy investorlar ishtirokida moliya-sanoat guruhlari va xolding kompaniyalarini tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratish usullaridan foydalanilsin.
IV. KICHIK BIZNES INFRATUZILMASINI VA XUSUSIY TADBIRKORLIKNI HAMDA DAVLAT TOMONIDAN QOʻLLAB-QUVVATLASH TIZIMINI YANADA RIVOJLANTIRISHGA OID CHORA- TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Jadallashtirilgan bozor infratuzilmasini tashkil etish va boshqarish hamda respublika mintaqalarida uni jahon iqtisodiyoti talablariga moslashtirish maqsadida tovar ishlab chiqaruvchilarning yangidan tashkil etilgan mintaqaviy palatalari bozor oʻzgarishlarini bozor infratuzilmasini rivojlantirishning samarali tizimini shakllantirishni respublika ichki va tashqi iqtisodiy xoʻjalik aloqalarini muvofiqlashtirish va rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni amalga oshiradilar.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik Biznes-fondni qoʻllab-quvvatlash fondi hududiy tarmoqlarining faol faoliyati xususiy tadbirkorlarga va kichik biznesga kreditlar berish, shu jumladan, imtiyozli kreditlar berish asosida investitsiya loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlash, maslahat va axborot xizmatlari koʻrsatish shaklida texnik yordam berish orqali davom ettiriladi.
Oʻz aʼzolarining manfaatlarini himoya qilishga daʼvat etilgan faoliyat turlari boʻyicha xususiy tadbirkorlik va kichik biznes mayda ishlab chiqaruvchilar uyushmalarini sugʻurtalash boʻyicha hududiy agentliklar bundan buyon ham tashkil etilaveradi.
Kredit berish muassasalari, ayniqsa “Tadbirkorbank” tuzilmalarini rivojlantirish, kichik va xususiy tadbirkorlik sohasidagi investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun tijoratchi ixtisoslashtirilgan banklar, shu jumladan, xorijiy sarmoya ishtirokidagi banklar tarmoqlarini kengaytirish davom etadi, savdo uylari, investitsiya kompaniyalari, investitsiya vositachilari, fond doʻkonlari, kliring va agentlik tarmoqlari faoliyati kengayadi. Kichik va xususiy korxonalar bozor konyunkturasini oʻrganuvchi, bozor imkoniyatlaridan axborot xizmati koʻrsatishni tavsiya qiluvchi xususiy firmalarning ishlariga axborot bilan taʼminlashda yordam beriladi. Qishloq xoʻjaligi xom ashyosini va qayta ishlangan mahsulotni sotish, dehqon (fermer) xoʻjaliklarini yuqori navli qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlari, koʻchatlar va texnologiya asbob-uskunalari bilan oʻz vaqtida taʼminlash uchun birja savdosi va ulgurji yarmarkalar tashkil etiladi. Qishloq tadbirkorlariga tiklash-tuzatish, agrokimyo, zooveterinariya xizmati va xizmatlarning boshqa turlarini koʻrsatish uchun agroservis korxonalari tashkil etiladi.
Iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli oʻtkazish, mustahkam axborot asoslarini tashkil etish, tadbirkorlik sektori faoliyatining samaraliligini baholash, sarmoya bozorlarini yanada rivojlantirish, ichki va tashqi investitsiyalarning respublikaga olib kelinishini koʻpaytirish uchun uning barcha mintaqalarida axborot, maslahat berish va auditorlik infratuzilmalarini tashkil etish davom ettiriladi.
Mahalliy oʻziga xosliklarni hisobga olgan holda kichik va xususiy tadbirkorlikni har bir hudud boʻyicha rivojlantirishning yakka tartibdagi dasturlarini ishlab chiqish yoʻli bilan tadbirkorlik tuzilmalarini rivojlantirishda yordam koʻrsatish boʻyicha mahalliy hokimiyat organlarining rolini kuchaytirish vazifasi turibdi. Koʻrsatib oʻtilgan dasturlar oʻzida mahalliy soliqlar va boshqalardan ozod qilish kabi maʼlum imtiyozlarni bergan holda iqtisodiyotning bunday sektorlarini qayerda tashkil etish muhimligini aks ettirishi kerak.
Mahalliy hokimiyat organlari Davlat mulki qoʻmitasining hududiy boshqarmalari, Biznes-fond, Tovar ishlab chiqaruvchilar palatasi bilan birgalikda mintaqaviy dasturlarda lizing korxonalarda texnoparklar tarmoqlarini, biznes-inkubatorlar, ishlab chiqarish-texnologiya markazlari tashkil etishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan taʼminlashda oʻzaro muvofiq yordam koʻrsatishni, kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun ishlab chiqarishni joylashtirish va ixtisoslashtirilgan asbob-uskunalarni va mahsulotlarning boshqa turlarini yetkazib berish chora-tadbirlarini amalga oshirishlarini, ixtisoslashtirilgan ulgurji bozorlar, kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarini sotish yarmarkalari barpo etish va ularning faoliyatlarini yuritishni, shu jumladan, munitsipal mulkda boʻlgan binolar, inshootlar, uskunalar, ishlab chiqarish va xizmat binolarini, ishlab chiqarish balanslarini va mintaqalar boʻyicha moddiy-texnik resurslarini berish yoʻli bilan, nazarda tutishlari zarur.
Viloyatlar hududlarida moddiy-texnika resurslarini mayda ulgurji sotuvchi doʻkonlar tarmoqlarini va mijozlarning marketing, ichki va tumanlararo mintaqalar boʻyicha buyurtmanomalar yigʻish asosida sotishdan keyingi xizmatlarni rivojlantirish davom ettiriladi, eksport-import operatsiyalarida, tashqi iqtisodiy faoliyat, xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalar sohasida dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarining ishtiroki faollashadi, viloyatlar tuzilmalariga katta mustaqillik bergan va masʼuliyat yuklangan holda Tovar-xom ashyo birjalari milliy uyushmasi tashkil etiladi.
V. Xususiylashtirishning normativ- huquqiy asoslarini takomillashtirish
Quyidagi talablarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak boʻlgan normativ-huquqiy bazalarni takomillashtirishga oid ishlar davom ettiriladi:
bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarning xalqaro qonunchilik normalari va asoslariga butun choralar bilan rioya qilish, bu xorijiy investorlarni qulay sharoitlar bilan taʼminlash demakdir;
bozorga bosqichma-bosqich oʻtishni, bozor iqtisodiyoti shakllanish davrining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olish. Shunisi muhimki, ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari respublika aholisining ong darajasini va uning boʻlajak oʻzgarishlarga tayyorlanganligini hisobga olsin;
yangi mulkdorlarning mulkka egalik qilish huquqlarini tasdiqlovchi hujjat berilgan paytdan boshlab ularning huquqlarini himoya qilish boʻyicha ijtimoiy imtiyozlar va davlat xizmatchilari kafolatlari tizimi kuchaytiriladi.
Adliya vazirligi bilan birgalikda tijorat siri, axborotni himoya qilish va erkin axborot, nohalol raqobatning oldini olish masalalarida ham respublika ichida, ham chet ellarda xoʻjalik faoliyati qatnashchilarining oʻzaro munosabatlarini belgilovchi “Nohalol raqobat toʻgʻrisida” qonun ishlab chiqish moʻljallangan.
Mulkdorning ruxsatisiz uning mulk sohasiga bostirib kirishni taqiqlovchi qonunchilik mexanizmi va mulkdorning huquqlarini sud orqali himoya qilish mexanizmi aniq ishlab chiqilgan boʻlishi kerak. Shu bilan birga mulkdan notoʻgʻri foydalanish natijasida jamiyatning boshqa aʼzolariga yetkazilgan zarar uchun mulkdorlarning javobgarligi normalari yaratilgan boʻlishi kerak.
VI. TELEKOMMUNIKATSIYA TIZIMI
Koʻchmas mulk va qimmatli qogʻozlarning Yevropa va jahon bozorlariga chiqishi uchun moʻljallangan zamonaviy kompyuterlashtirilgan tarmoqlarni yaratish, shuningdek, xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida telekommunikatsiya tizimini izchillik bilan joriy etish davom ettiriladi. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston respublika birjasida respublikaning barcha viloyatlarini, yirik shaharlari va tumanlarini elektr va sputnik aloqasi bilan taʼminlaydigan axborot-telekommunikatsiya tizimi shakllanmoqda. Tizim hozirgi vaqtda qimmatli qogʻozlar bozorini axborot bilan taʼminlamoqda.
Ushbu tizim negizida tijorat banklari, investitsiya fondlari va boshqa investitsiya institutlari bilan birga aksiyalar bilan savdo qiluvchi elektron savdolarni, sputnik aloqasi orqali aksiyalarning harakatini, xalqaro birjalarga chiqishini hisobga olish uchun ularning natijalarini Milliy depozitorlarga berishlarni tashkil etishga oid ishlar davom ettiriladi.
VII. REKLAMA-AXBOROT TAʼMINOTI VA NOSHIRLIK FAOLIYATI
Qoʻyilgan maqsad va xususiylashtirishning afzalliklaridan kelib chiqib 1997-1998-yillardagi reklama-axborot va noshirlik faoliyati sohasidagi vazifalar quyidagilardan iborat boʻladi:
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari orqali islohotlarni yoritish va tashviq qilish boʻyicha maqsadli dastur asosida respublikadagi iqtisodiy islohotlarning borishini yoritish, bu respublika matbuoti (“Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka”, “BVV”, “Xususiy mulk”) va Teleradio kompaniyasi bilan birga tadbirlar oʻtkazilishini nazarda tutadi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar haqida axborotlar toʻplash. Mazkur tizim tadbirkorlik faoliyatini va yangi korxonalarning shakllanishini tahlil qilish, shuningdek, kredit kontragentlari, shu jumladan, xorijiy firmalar haqida zarur maʼlumotlar berish imkoniyatini yaratadi;
Bank-kredit sohasi, moliya institutlari, qimmatli qogʻozlar bozori, koʻchmas mulk, aksiyalar kotirovkasi, xorijiy valyuta kursi va boshqalar haqida axborotlar tayyorlash va berish;
Oʻzbekistondagi biznes masalalariga oid maxsus maʼlumotnomalar, darsliklar, kitoblar va risolalar chiqarish;
respublikadagi iqtisodiy oʻzgarishlarning borishini yorituvchi reklama-axborot materiallari (risolalar, bukletlar, plakatlar, kalendarlar) tayyorlash;
xoʻjalik yurituvchi subyektning ijobiy imijini tashkil etish uchun “Pablik rileyshnz” tizimini joriy qilish va undan samarali foydalanish;
bozor iqtisodiyoti masalalarida aholining bilimlar darajasini oshirish, saviyasini kengaytirish maqsadida savol-javob oʻyinlari, ishga aloqador oʻyinlar, boshqotirmalar kabi bilim orttirish dam olish materiallarini eʼlon qilishni tashkil etish.