Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“POPFEN” OʻZBEKISTON-TURKIYA QOʻShMA KORXONASINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Paxta tolasini qayta ishlashni koʻpaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va respublikaning eksport imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasining “Yengilsanoatinvest” aksionerlik kompaniyasi va “Pop notoʻqima materiallar fabrikasi” aksionerlik jamiyati tomonidan Turkiyaning “Tekfen Xolding” kompaniyasi bilan birgalikda Namangan viloyatining Isqovot shaharchasida “Pop notoʻqima materiallar fabrikasi” aksionerlik jamiyatining yangidan qurilgan ishlab chiqarish maydonlari bazasida, Oʻzbekiston va Turkiya tomonlarining ustav fondidagi ulushi tegishlicha 40 va 60 foiz hamda ilovaga muvofiq asosiy parametrlarga ega boʻlgan yopiq turdagi aksionerlik jamiyati shaklidagi taroqlangan kalava ip ishlab chiqaradigan “Popfen” qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
a) kontrakt qiymatining 85 foizini mablagʻ bilan taʼminlash “Germes” jamiyatining sugʻurtasi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati ostida “Cheyz Manxetten AG banki” (Germaniya) tomonidan berilayotgan kreditni qayta moliyalashtirish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining “Popfen” qoʻshma korxonasiga beriladigan krediti hisobiga amalga oshiriladi;
b) “Tekfen Xolding” kompaniyasi:
ustav fondidagi oʻz ulushi hisobidan kontrakt qiymatining 15 foizini pul mablagʻlari bilan oldindan toʻlaydi;
marketingni va ishlab chiqarilgan mahsulotning kamida 80 foizi tashqi bozorda sotilishini taʼminlaydi;
v) “Popfen” qoʻshma korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga asosiy qarzning, kredit uchun foizlarning, vositachilik haqining va xarajatlarning kredit bitimi shartlari bilan belgilangan tartibda toʻlanishini taʼminlaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ikki oy muddatda “Cheyz Manxetten AG banki” bilan yakka tartibdagi kredit bitimi tuzilishini taʼminlasin va “Popfen” qoʻshma korxonasiga belgilangan tartibda qayta moliyalashtirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga ushbu loyiha uchun olinadigan kreditga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolatini imzolash vakolati berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Germes” sugʻurta kompaniyasi (Germaniya) talablariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolati boʻyicha yuridik xulosani belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
6. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi paxta tolasidan foydalanish balanslarini ishlab chiqishda, 1997-yildan boshlab, “Popfen” qoʻshma korxonasining buyurtmanomasiga muvofiq, erkin narxlar boʻyicha haq toʻlangan holda, “Popfen” qoʻshma korxonasining paxta tolasiga boʻlgan ehtiyojini hisobga olsin.
7. “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasi 1997-yilda qoʻshma korxonaning kalava ishlab chiqaradigan quvvatlari ishga tushirilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.3. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 27-sentabr,
337-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 27-sentabrdagi 337-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Popfen” qoʻshma korxonasining asosiy
PARAMETRLARI
| Quvvatlarni ishga tushirish | 1997-yil |
| Ustav sarmoyasi | 13,7 ml.ch DM |
| shu jumladan: | |
| “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasining | 40% 5,48 mln DM |
| “Yengilsanoatinvest” AK va “Pop notoʻqima materiallar fabrikasi” AJ ulushi (binolar va inshootlar koʻrinishida) | |
| “Tekfen Xolding” kompaniyasi ulushi (naqd mablagʻ bilan) | 60% 8,22 mln DM |
| Ulardan oldindan toʻlash avans toʻlovi (15%) | 6,468 mln DM |
| “Cheyz Manxetten AG banki” tomonidan beriladigan kreditlar | 36,652 mln DM |
| Asbob-uskunalar qiymati, shu jumladan, transport, montaj va sugʻurta xarajatlari | 43,12 mln DM |
| Loyiha qiymati | 50,352 mln DM |
| Mahsulot taroqlangan kalava ip | yiliga 4380 tonna |