Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va oʻmon Sultonligi Oliy taʼlim vazirligi oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
Oliy taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Oʻmon Sultonligi oʻrtasida oʻrnatilgan oʻziga xos munosabatlardan kelib chiqqan holda;
Oliy taʼlimni rivojlantirishga xizmat qiladigan sohalarda oʻzaro manfaatdorlik asosida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga va rivojlantirishga intilib;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Oʻmon Sultonligi Oliy taʼlim vazirligi (bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar) quyidagilar boʻyicha kelishib oldilar:
1-modda
Hamkorlik sohalari
Hamkorlik sohalari
Tomonlar quyidagi sohalarda hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Oʻmon Sultonligi oliy taʼlim vazirligi bilan maslahatlashgan holda oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ilmiy xodimlar, oʻqituvchilar, ekspertlar va talabalarning oʻzaro manfaatli hisoblangan dasturlar doirasida almashinuvni ragʻbatlantiradilar. Bunday almashinuv dasturlari ikki davlat oliy taʼlim muassasalarida mashgʻulotlar va/yoki oʻzaro ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalari boʻyicha qoʻshma hisobot tayyorlash, maqola chop etish, oʻquv safarlarini tashkil qilishdan iborat boʻlishi mumkin. Mazkur almashinuv dasturlari davomiyligi va shartlari maslahatlashuvlar yoki rasmiy xatlar orqali belgilanadi;
b) oliy taʼlim sohalarida oʻzaro yordamni qoʻllab-quvvatlash;
v) oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishni davom ettirish uchun grantlar ajratish;
g) oliy taʼlim muassasalarining oʻzaro manfaatli boʻlgan dasturlarini yanada rivojlantirish;
d) oliy taʼlim muassasalari maʼmuriy xodimlari va oʻqituvchilarining malakasini oshirishda yordam berish;
e) bir Tomonning fuqarolariga ikkinchi Tomonning tilini oʻrganish uchun sharoit yaratib berish;
j) fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik qilish;
z) ikkala davlatning ichki qonunlari va tartiblariga muvofiq Tomonlar oʻzaro kelishgan holda ikkala davlatning davlat va xususiy oliy taʼlim muassasalarini akkreditatsiyadan oʻtkazish;
i) oʻquv materiallari, maʼlumotlar, ilmiy izlanishlar va boshqa manbalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda oliy taʼlimga tegishli koʻrgazma va seminarlarni tashkil qilishda koʻmaklashish.
2-modda
Moliyaviy shartlar
Moliyaviy shartlar
1) Mazkur Memorandum doirasida turli sohalarga tegishli amalga oshiriladigan tashriflar xarajatlarini yuboruvchi Tomon oʻz zimmasiga oladi, agar Tomonlar notalar almashinuvi orqali boshqa qarorga kelmasalar.
2) Qabul qiluvchi Tomon tegishli tashrif dasturini delegatsiya kelishidan 1 oy oldin tuzish uchun yuboruvchi Tomon qabul qiluvchi Tomon bilan maslahatlashgan va kelishgan holda delegatlar soni hamda tashrif maqsadi haqida yozma ravishda maʼlumot taqdim etadi.
3-modda
Qoʻshma ishchi guruhi
Qoʻshma ishchi guruhi
Tomonlar mazkur Memorandumni amalga oshirish uchun Qoʻshma ishchi guruh tashkil etadilar. Qoʻshma ishchi guruh Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi vakili tomonidan boshqariladi, Oʻmon Sultonligi Hukumati nomidan Oliy taʼlim vazirligi vakili tomonidan boshqariladi. Qoʻshma ishchi guruh mazkur Memorandumni amalga oshirilishini muhokama qilish maqsadida oʻzaro kelishilgan holda navbat bilan Oʻzbekistonda yoki Oʻmonda yigʻiladi. Yigʻilishning oʻrniga, zarur boʻlgan holda, diplomatik kanallar orqali amalga oshiriladigan maslahatlashuvlar oʻtkazilishi mumkin.
4-modda
Maxfiylik
Maxfiylik
1) Tomonlar ushbu Memorandumni amalga oshirish jarayonida maxfiylikni taʼminlash majburiyatini oladilar.
2) Har ikkala Tomon mazkur Memorandumning amal qilish muddati tugatilishiga qaramasdan oʻzaro kelishilgan muddatga qadar ushbu moddaning 1-bandida keltirilgan majburiyatga rioya qilishga rozilik bildiradilar.
5-modda
Intellektual mulkni himoya qilish huquqi
Intellektual mulkni himoya qilish huquqi
1) Intellektual mulkni himoya qilish huquqi Tomonlarning milliy qonunchiligining qoidalari hamda Tomonlar imzolagan boshqa xalqaro Memorandumlar asosida taʼminlanadi.
2) Har qanday nashr, hujjat va/yoki boshqa manbalarda ikkinchi Tomonning nomlaridan, logotiplaridan va/yoki rasmiy ramzlaridan mazkur Tomonning yozma roziligisiz foydalanish taqiqlanadi.
6-modda
Memorandumning amal qilishini vaqtinchalik toʻxtatish
Memorandumning amal qilishini vaqtinchalik toʻxtatish
Tomonlar, vaqtinchalik, xalqaro huquq normalari va milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, mazkur Memorandumning bajarilishini qisman yoki butunlay toʻxtatish huquqiga ega. Memorandumning amal qilishi Tomonlardan birining diplomatik kanallar orqali yozma ravishda ikkinchi Tomonni xabardor qilgan kundan bir oy oʻtgach vaqtinchalik toʻxtatiladi.
7-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Ushbu Memorandumga Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Har qanday oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar Memorandumning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
8-modda
Bahs-munozarali vaziyatlarni hal qilish
Bahs-munozarali vaziyatlarni hal qilish
Ushbu Memorandumning qoidalarini talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq barcha bahslar Tomonlar oʻrtasida doʻstona munosabatda muzokaralar va maslahatlashuvlar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
9-modda
Memorandumning kuchga kirishi, amal qilish muddati va tugatilishi
Memorandumning kuchga kirishi, amal qilish muddati va tugatilishi
Mazkur Anglashuv Memorandumi imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va boshlanishida 5 yil davomida amal qiladi. Agar Tomonlardan biri boshqa Tomonga uning amal qilish muddatini tugatish haqida olti oy oldin diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabar bermasa, Memorandum keyingi 5 yillik muddatlarga uzaytirib boriladi.
Memorandum tugatilgan holda, barcha amaldagi loyihalarning bajarilishi, Tomonlar oʻzgacha qaror qabul qilmasalar, davom etadi.
Buning tasdigʻi sifatida, quyida imzo chekuvchilar oʻzlarining hukumatlari tomonidan berilgan vakolatga binoan, ushbu Memorandumni imzoladilar.
Masqat shahrida 2009-yil 5-oktabrda ikki asl nusxada har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi. Barcha matnlar bir xil kuchga ega. Matnlarni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2010-y., 4-son)