Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA OʻZGARTIRISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH TOʻGʻRISIDA (OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING “ELEKTR ENERGETIKASI TOʻGʻRISIDA” 2009-YIL 30-SENTABRDAGI OʻRQ-225-SON QONUNI)
“Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 17-may,
92-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-maydagi 92-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-fevraldagi 121-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2025-y., 09/25/121/0186-son)
2. Vazirlar Mahkamasining “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 16-noyabrdagi 499-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 11-son, 66-modda):
2-banddagi “Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi” soʻzlari “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-ilovaning 12-bandidagi “Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi” soʻzlari “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
4. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 22-avgustdagi 245-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 8-son, 64-modda) bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarida:
1-bandning birinchi xatboshiga “Fuqarolik kodeksiga” soʻzlaridan keyin “Elektr energetikasi toʻgʻrisida” soʻzlari qoʻshilsin;
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Elektr energiyasiga amaldagi tariflar oʻzgargan taqdirda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi ularning kuchga kirishidan kamida oʻn besh kun oldin qarorni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi”;
ikkinchi xatboshidagi “joriy etilgan” soʻzlari “kuchga kirgan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
125 va 126-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“125. Elektr energiyasi isteʼmolchilari quyidagi huquqlarga ega:
oʻzining elektr qurilmalarini texnik shartlarga muvofiq hududiy elektr tarmoqlariga ulash;
sifat koʻrsatkichlari davlat standartlariga muvofiq boʻlgan elektr energiyasi olish;
elektr energiyasi yetkazib berishning toʻxtatib qoʻyilishi sabablari toʻgʻrisida belgilangan tartibda axborot olish;
hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga ular isteʼmol qiladigan elektr energiyasi hajmlarining oʻzgartirilishi toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish. Bunda elektr energiyasining shartnomadagi hajmini oʻzgartirish boʻyicha taklif moʻljallanayotgan oʻzgartirishdan oldin 10 kundan kechikmay (joriy oy tugagungacha) berilishi kerak;
elektr energiyasi toʻliq hajmda yetkazib berilmasligi yoki sifat koʻrsatkichlari davlat standartlariga muvofiq boʻlmagan elektr energiyasi yetkazib berilishi oqibatida hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki elektr taʼminoti korxonasi tomonidan yetkazilgan zararlarni belgilangan tartibda qoplash;
elektr taʼminoti shartnomalarini tuzish va bajarishda yuzaga kelayotgan nizolarni hal etish uchun sudga yoki boʻysunishi boʻyicha yuqori tashkilotga, mansabdor shaxsga murojaat qilish.
Elektr energiyasi isteʼmolchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
126. Elektr energiyasi isteʼmolchilari quyidagilarga majbur:
elektr taʼminoti shartnomasi shartlarida belgilangan elektr energiyasini isteʼmol qilish rejimiga rioya etish;
elektr taʼminoti shartnomasiga muvofiq, kelgusi hisob-kitob oyi uchun elektr energiyasi va isteʼmol qilinadigan quvvat hajmi uchun oʻz vaqtida haq toʻlash (maishiy isteʼmolchilardan tashqari);
ishlatilayotgan elektr qurilmalari, priborlar va asbob-uskunalarning zarur texnik holatini va Isteʼmolchilarning elektr qurilmalarini ishlatishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinishini taʼminlash, hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga yoki elektr taʼminoti korxonasiga elektr asbob-uskunalarining nosozligi toʻgʻrisida xabar qilish;
elektr energiyasidan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
“Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasining elektr qurilmalarining texnik holati yaxshilanishiga va ishlatishning tashkil etilishiga, shuningdek elektr energiyasidan oqilona foydalanilishiga yoʻnaltirilgan yozma koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajarish;
Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalarining talablari bajarilishini taʼminlash;
hududiy elektr tarmoqlari korxonasi vakilining elektr energiyasini hisobga olish priborlarini koʻrishiga imkon berish.
Elektr energiyasi isteʼmolchilari, shuningdek hududiy elektr tarmoqlari korxonasining talabiga koʻra quyidagilarni hisobga olishi va xabar qilishi shart:
isteʼmol qilinayotgan quvvatning har sutkalik, har oylik sarfi va amaldagi miqdori;
yagona elektr energetika tizimining eng koʻp va eng kam yuklamali davrlarida reaktiv energiya va quvvatning har sutkalik sarfi;
yagona elektr energetika tizimining eng koʻp yuklamasining oʻtish davrida aktiv energiya (quvvat)ning har 30 daqiqadagi sarfi”;
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki uning elektr taʼminoti korxonasi quyidagi hollarda elektr energiyasini isteʼmolchiga yetkazib berishni belgilangan tartibda toʻxtatib qoʻyishi mumkin va uzib qoʻyish oqibatlari uchun javob bermaydi:”;
oltinchi xatboshidagi “elektr qabul qilgichlar” soʻzlari “elektr qurilmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 20-son, 152-modda; 2012-y., 44-son, 507-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2025-y., 09/25/121/0186-son)