Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
YUQORI BUDJETDAN QUYI BUDJETLARGA OʻTKAZIB BERILADIGAN DAROMADLARNI REJALASHTIRISH, AJRATISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 12-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2102]
Oʻzbekiston Respublikasining “Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 6-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi PQ–1245-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 560-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladilar:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Yuqori budjetdan quyi budjetlarga oʻtkazib beriladigan daromadlarni rejalashtirish, ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 6-aprel,
27-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 6-aprel,
2010-17-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2010-yil 6-apreldagi 27, 2010-17-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yuqori budjetdan quyi budjetlarga oʻtkazib beriladigan daromadlarni rejalashtirish, ajratish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom “Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, 1-2-son, 6-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi PQ–1245-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 560-modda) muvofiq yuqori budjetdan quyi budjetlarga mazkur hududlarda shakllangan oʻtkazib beriladigan daromadlarni rejalashtirish, ajratish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Tegishli hududlarda shakllangan daromadlar summasini Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan tegishli budjetlarga oʻtkazib berilishi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan quyi budjetlarga esa, tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi va viloyatlar hamda Toshkent shahar moliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan mazkur hududlarda shakllangan daromadlar summasi beriladigan hududlar roʻyxati navbatdagi moliya yili uchun asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini tasdiqlash jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan tegishli budjetlarga berilayotgan tushumlarni tushirayotgan korxonalar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan mazkur tuman (shahar)larda shakllangan daromadlar summasi beriladigan tuman (shahar)lar roʻyxati navbatdagi yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetini tasdiqlash jarayonida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyati vakillik organlari tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻtkazib beriladigan daromadlar summasi tegishli tuman (shahar)larda shakllangan, meʼyoriy ajratmalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga ajratma qilinadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Koʻrsatilgan mablagʻlar tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan ajratiladi. Bunda, oʻtkazib beriladigan daromadlar mazkur budjetlarda nazarda tutilgan barcha xarajatlarni qoplash uchun yetishmayotgan daromadlar hajmidan oshib ketishi mumkin emas.
5. Agarda ushbu tuman (shahar)larda shakllanayotgan budjetga soliq va boshqa majburiy toʻlovlar summalarini yetishmasligi sababli tuman (shahar)lar budjetlari daromadlarining barcha yetishmayotgan qismini oʻtkazib beriladigan daromad koʻrinishida oʻtkazib berishning imkoniyati boʻlmasa, yetishmayotgan qismi rejali dotatsiyalar koʻrinishida ajratiladi.
6. Agarda, tegishli budjetlarga tushgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari ortigʻi bilan bajarilganda, rejadagi va haqiqatdagi tushumlar oʻrtasidagi farq tegishli budjetlar daromadi boʻlib hisoblanadi va taqsimlanmaydi hamda quyi budjetlarga berilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan tegishli budjetlarga oʻtkazib beriladigan daromadlarni ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan respublika budjetining (23402000200100001005) asosiy hisobvaragʻidan amalga oshiriladi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan quyi budjetlarga esa, tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi va viloyatlar (Toshkent shahar) moliya boshqarmalari tomonidan (23432, 23430 va 23426) hududiy gʻaznachilik hisobvaraqlaridan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Oʻtkazib beriladigan daromadlarni rejalashtirish va ularni respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahar budjetiga ajratilishi
8. Barcha tushumlardan kelib chiqqan holda har yilgi natijalar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining shahar budjetlariga, shuningdek, tuman (shahar)lar budjetlariga oʻtkazib beriladigan daromadlarning tasdiqlangan rejasi kelib tushmagan soliqlar va boshqa majburiy toʻlov summalariga qayta koʻrib chiqiladi.
Bunda, turli darajadagi budjetlar oʻrtasida vujudga kelgan oʻzaro munosabatlar belgilangan tartibda oʻzaro hisob-kitoblar bilan tartibga solinadi.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti daromadlari va xarajatlarining oylar* (choraklar) boʻyicha taqsimlanishini tuzishda oʻtkazib beriladigan daromadlarning summasi budjetga kelib tushishi koʻzda tutilgan, ushbu hududlarda shakllangan, ammo Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga kelib tushayotgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalarini hisobga olgan holda nazarda tutiladi.
* Oylar kesimidagi daromadlar va xarajatlar yoyilmasini taqdim etish meʼyori, tegishli budjetning daromadlari va xarajatlari gʻaznachilik ijrosi bilan toʻliq qamrab olinganidan soʻng kuchga kiritiladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har oy tasdiqlangan jadvalga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining shahar budjeti daromadlarining oylik (choraklik) rejasida koʻzda tutilgan mablagʻlarni tegishli hududiy gʻaznachilik hisobvaraqlariga oʻtkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi oʻtkazib beriladigan daromadlarni oʻtkazish bilan bir vaqtda har oy Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining shahar budjetlariga oʻtkazib beriladigan, respublika budjetiga haqiqatda kelib tushgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning tushumlari summalarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan taqdim qilinadigan maʼlumotlar asosida tahlil qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Agarda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga oʻtkazib beriladigan, respublika budjetiga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha tushumlar mavjud boʻlmaganda yoki yetishmaganda, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hisobot oyidan keyingi ikkinchi oyida budjetga kelib tushmagan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasi miqdorida budjet ssudasini rasmiylashtiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda, agar butun yil boʻyicha oʻtkazib beriladigan daromadlar rejasi bajarilishi yoki ortigʻi bilan bajarilishi taʼminlanganda, quyi budjetlarga oʻtkazib beriladigan daromadlar summasi oldin olingan budjet ssudalari summasiga koʻpayadi va yil oxirida yuqori budjet bilan oʻzaro hisob-kitoblar asosida qaytariladi.
13. Budjet ssudalarini berish va olingan budjet ssudalarini qaytarish Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, mahalliy budjetlarga budjet ssudalarini berish va olingan budjet ssudalarini qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga (roʻyxat raqami 1052, 2001-yil 19-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2001-y., 14-son) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Oʻtkazib beriladigan daromadlarni rejalashtirish va ularni Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar (shaharlar) budjetlariga oʻtkazish
14. Tuman (shahar) budjetlari daromadlari va xarajatlarining oylar (choraklar) boʻyicha taqsimlanishini tuzishda oʻtkazib beriladigan daromadlarning summasi Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga ajratma qilinadigan, ammo ushbu tuman (shahar)larda shakllanadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summalarini hisobga olgan holda koʻzda tutiladi.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻyicha Gʻaznachilik boshqarmalari har oyda moliya boshqarmalari tomonidan taqdim qilinadigan tasdiqlangan jadvalga asosan tegishli tumanlar (shaharlar) budjetlarining oylik (choraklik) daromadlari rejasida koʻzda tutilgan mablagʻlarni tegishli hududiy gʻaznachilik hisobvaraqlariga oʻtkazadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalari oʻtkazib beriladigan daromadlarni oʻtkazish bilan bir vaqtda har oy, Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga ajratma qilingan va tegishli tumanlar (shaharlar) hududida shakllangan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning haqiqiy tushumlari summalarini tegishli hududlar davlat soliq boshqarmalarining maʼlumotlari asosida tahlil qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Agarda, tumanlar (shaharlar) budjetlariga oʻtkazib beriladigan, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha tushumlar mavjud boʻlmaganda yoki yetishmaganda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalari hisobot oyidan keyingi ikkinchi oyda budjetga kelib tushmagan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasi miqdorida budjet ssudasini rasmiylashtiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda, agar butun yil boʻyicha oʻtkazib beriladigan daromadlar rejasi bajarilishi yoki ortigʻi bilan bajarilishi taʼminlanganda, oʻtkazib beriladigan daromadlar summasi oldin olingan budjet ssudalari summasiga koʻpayadi va yil oxirida yuqori budjet bilan oʻzaro hisob-kitoblar asosida qaytariladi.
18. Budjet ssudalarini berish va olingan budjet ssudalarini qaytarish Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, mahalliy budjetlarga budjet ssudalarini berish va olingan budjet ssudalarini qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 1052, 2001-yil 19-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2001-y., 14-son) muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining oʻtkazib beriladigan daromadlari ijrosi boʻyicha hisobot
19. Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti hisobidan ajratilgan oʻtkazib beriladigan daromadlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlar tasnifining tegishli boʻlim va paragraflari boʻyicha aks ettiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va tuman (shahar)lar budjetlariga kelib tushgan oʻtkazib beriladigan daromadlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadlari tasnifining tegishli boʻlim va paragraflari boʻyicha aks ettiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 18-19-son, 143-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son; 14.11.2025-y., 10/25/2102-1/1050-son)