Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ANDIJON VA FARGʻONA VILOYATLARI AHOLISIGA TIBBIY XIZMAT KOʻRSATIShNI YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishni yaxshilash, shuningdek Andijon va Quva shaharlari oqsoqollari va masjidlari namozxonlarining murojaatlarini hisobga olib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Andijon va Fargʻona viloyatlari hokimliklarining Andijon shahridagi “Imomi-Osim” masjid-madrasasini ona va bola reabilitatsiyasi markazi hamda Quva shahridagi “Abu Xanifa” masjidini reabilitatsiya boʻlimiga ega boʻlgan “Ona va bola” kasalxonasi sifatida rekonstruksiya qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Andijon va Fargʻona viloyatlari hokimliklari koʻrsatib oʻtilgan obyektlarni rekonstruksiya qilish ishlarining buyurtmachilari etib, “Oʻzdavtibloyiha” instituti bosh loyihalashtiruvchi etib belgilansin.
3. Andijon va Fargʻona viloyatlari hokimliklari:
koʻrsatib oʻtilgan obyektlarni viloyatlarga ajratilgan kapital qoʻyilmalarning umumiy limitlari doirasida mablagʻ bilan taʼminlasinlar;
obyektlar qurilishini 1999-yilda foydalanishga topshirgan holda tender asosida amalga oshirsinlar.
4. 1-bandda koʻrsatib oʻtilgan obyektlarni ishchi chizmalar boʻyicha mablagʻ bilan taʼminlagan va keyinchalik xarajatlarni smeta hujjatlariga kiritgan holda bir vaqtning oʻzida loyihalashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsat berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi obyektlarning belgilangan tartibda tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar bilan butlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi hamda Moliya vazirligi Andijon va Fargʻona viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 1999-yil uchun ushbu viloyatlarning investitsiya dasturini tuzishda koʻrsatib oʻtilgan obyektlarni rekonstruksiya qilishni tugallashga limitlar va budjet mablagʻlarini nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyihalashtirishning borishini va bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat ostiga olsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari H.S. Karamatov va R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 12-noyabr,
473-son