Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
BANK TIZIMINING MOLIYAVIY BARQARORLIGINI YaNADA OShIRISh VA INVESTITSIYaVIY FAOLLIGINI KUChAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyuldagi PF-6021-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan 2020-yil 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Respublika bank tizimining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish, tijorat banklarining kapitallashuv darajasini oʻstirish, ularning investitsiyaviy faoliyatini kuchaytirish hamda ichki manbalar hisobidan iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash boʻyicha strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladigan kreditlar hajmlarini koʻpaytirish, shuningdek aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boʻsh pul mablagʻlarini uzoq muddatli depozitlarga jalb etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston banklar uyushmasi tomonidan tijorat banklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2010 — 2012-yillarda tijorat banklarini yanada kapitallashtirish va investitsiyaviy faolligini kuchaytirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
banklar kapitallashuvi darajasini ularning ustav kapitallarini oʻstirish hisobiga oshirish, aksiyalarni chiqarish va fond bozorlarida joylashtirish orqali jami kapitalning har yili kamida 20 foiz oʻsishini taʼminlash;
bank xizmatlarining yangi turlarini joriy etish, aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boʻsh pul mablagʻlarini uzoq muddatli depozitlarga jalb etish, ularning hajmlarini 2010-yilda 1,6 trln soʻmga oshirish va kelgusida har yili 20 foizdan kam boʻlmagan darajadagi oʻsishini taʼminlash hisobiga tijorat banklarining resurs bazasini mustahkamlash;
ichki manbalar hisobiga iqtisodiyotga uzoq muddatli kredit qoʻyilmalar ulushini yanada oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, zamonaviy texnologiya asosida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarilishini tashkil etishga yoʻnaltirilgan tijorat banklari investitsiyaviy faolligini kuchaytirish, 2010-yilda ushbu maqsadlar uchun 3,2 trln soʻm kredit resurslarini ajratish;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini kreditlash hajmlarini kengaytirish, ularni 2010-yilda kamida 1,4 barobar va mikrokreditlarni — 1,3 barobar oʻstirish.
Chora-tadbirlar Dasturi oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik Markaziy bank, Moliya vazirligi, tijorat banklari va mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan boshqa ijrochi-tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Aksiyadorlik tijorat banklarining aksiyadorlari va Kuzatuvchi kengashlarining 2010-yilda qoʻshimcha mablagʻlarni jalb etish va banklarning jami kapitallarini 2-ilovaga* muvofiq 490 mlrd soʻmga koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qaroriga rozilik berilsin.
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklarining 2011-yil 1-yanvardan boshlab yangitdan tashkil etilayotgan banklar ustav kapitalining eng kam miqdorlarini quyidagicha belgilash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
tijorat banklari uchun — soʻm ekvivalentida 10 mln yevrogacha;
xususiy banklar uchun — soʻm ekvivalentida 5 mln yevrogacha.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda 2010-yilda tijorat va xususiy banklarning ustav kapitallarini mazkur talablarga muvofiq holga keltirish boʻyicha chora-tadbirlar oʻz vaqtida ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda amalga oshirilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tijorat banklari tomonidan, shu jumladan boshqa investorlar ishtirokida bankrot korxonalar negizida tashkil etilgan korxonalarga, yangi investorlarga sotilgunga qadar, ular davlat roʻyxatidan oʻtgan paytdan boshlab uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga quyidagi huquqlar berilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2008-yil 19-noyabrdagi R-4010-son farmoyishining 2-bandi asosida berilgan imtiyozlar boʻyicha mol-mulk soligʻi summasini korxona xarajatlariga kiritmaslik;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmoniga muvofiq, asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini oʻrnatilgan meʼyordan kamroq hisoblash.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi Markaziy bank va tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda tijorat banklari, shu jumladan boshqa investorlar ishtirokida bankrot korxonalar negizida tashkil etilgan korxonalarning asosiy vositalari va nomoddiy aktivlari boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini oʻrnatilgan meʼyordan kamroq hisoblash tartibi toʻgʻrisida vaqtinchalik nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 6-aprel,
PQ-1317-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 14-15-son, 104-modda; 2011-yil, 1-2-son, 3-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)