OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
DETALLARNI GIDROQUMPURKASH VA MAYDALAB PURKASH VA KIMYOVIY ISHLOV BERISH USULLARI BILAN TOZALASHDA MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 30-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2091]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi 267-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Detallarni gidroqumpurkash va maydalab purkash va kimyoviy ishlov berish usullari bilan tozalashda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2010-yil 10-mart,
102-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 10-martdagi 102-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Detallarni gidroqumpurkash va maydalab purkash va kimyoviy ishlov berish usullari bilan tozalashda mehnatni muhofaza qilish
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq detallarni gidroqumpurkash va maydalab purkash va kimyoviy ishlov berish usullari bilan tozalashda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar detallarni gidroqumpurkash va maydalab purkash va kimyoviy ishlov berish usullari bilan tozalash ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarga (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Ushbu Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Detallarni gidroqumpurkash va maydalab purkash va kimyoviy ishlov berish usullari bilan tozalashda xavfsizlik talablari
1-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
5. Detallarni gidroqumpurkash va maydalab purkash hamda kimyoviy ishlov berish usullari bilan tozalashda band boʻlgan xodimlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqishlari, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriq berilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
8. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
9. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnatning ogʻir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
10. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli omillar yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli omillar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
3-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
11. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish belgilangan standartlar va meʼyorlar talablariga mos jamoaviy va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
12. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini meʼyorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda uskunalar yuzasining yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
13. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari xonadagi barcha xodimlarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
14. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda shaxsiy himoya vositalari qoʻllanishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
15. Shaxsiy himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qoʻllashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi lozim.
16. Tashkilotda quyidagilar taʼminlanishi shart:
shaxsiy himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
shaxsiy himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni degazatsiya va dezinfeksiya qilinishi (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
17. Xodim ochiq turdagi kameralarda detallarni tozalashda harorati 20°C va bosimi 0,2-0,3 atm boʻlgan toza havo beruvchi himoya skafandrida boʻlishi lozim.
18. Skafandrda kompressordan havo berishda havoni tozalovchi filtrlar boʻlishi kerak. Kompressor ishlashi va havoni tozalovchi filtrlarning holatini nazorat qilish lozim.
19. Skafandrlar chang oʻtkazmaydigan shkaf yoki qutilarda saqlanishi lozim.
20. Skafandr va siqilgan havo beruvchi shlanglarning sozligi har kuni tekshirilishi va aniqlangan kamchiliklar darhol bartaraf etilishi kerak.
21. Skafandrdagi himoya shishasi shikastlanganda va ular xiralashganda oʻzgartirilishi lozim.
22. Detalga kimyoviy usulda ishlov berish aralashmasini tayyorlash vaqtida himoya koʻzoynagidan foydalanish kerak.
23. Kislota, ishqorlar va ularning aralashmalari kiyimga tekkan zahoti suv bilan yuvib tashlanishi lozim.
24. Maxsus kiyimning sirtiga kislota va ishqor quyilib ketganda uni oʻsha zahoti almashtirish kerak. Maxsus kiyimni yechish ehtiyotkorlik bilan rezina yoki xlorvinil qoʻlqop yordamida iliq suv bilan yuvib tashlangandan soʻng amalga oshiriladi.
25. Kislota, ishqorlar toʻkilgan maxsus kiyim yogʻsizlantiruvchi aralashmada boʻktiriladi, suvda yuviladi va yuvishga beriladi.
26. Aralashmalarni tayyorlovchi xodimlar maxsus kiyimlarini tozaligini kuzatib borishlari va haftada bir marta yuvishga berishlari lozim.
27. Maxsus kiyimni tashkilotdan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.
28. Protivogazni xodimga berishdan oldin, uni tutatish kamerasida sinovdan oʻtkazish lozim. Protivogaz nosoz holatda boʻlganda uning qutisi oʻsha zahotiyoq yangisi bilan almashtirilishi lozim.
29. Protivogazning himoya xususiyatlari doimo tekshirilishi lozim.
30. Protivogazni toza havoli xonada kiyish kerak. Protivogazni ishlatib boʻlgandan soʻng xloramin aralashmasida artish, quritish, sumkaga tartib bilan solish va individual shkafga qoʻyish lozim. Protivogazlar quruq, toza, 18°C — 20°C haroratli joyda saqlanadi.
31. Elektr vannani taʼmirlovchi xodimlar izolyatsiya qoʻlqopi, kalish, koʻzoynak kiyishi va izolyatsiya gilamchasidan foydalanishi lozim.
32. Barcha himoya vositalari belgilangan muddatlarda sinovlardan oʻtkazib borilishi lozim.
33. Himoyalanmagan qoʻl bilan kislota, ishqor, tuz va detalga kimyoviy usulda ishlov berish aralashmalariga tegish taqiqlanadi.
4-§. Kasbiy tanlov
34. Tashkilotlarda tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
35. Xodimlar, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.
36. Bosim ostida ishlovchi uskunalar va xavfi yuqori boʻlgan ishlarda xizmat koʻrsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtgan va tegishli guvohnomaga ega boʻlishi shart.
37. “Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlangan mehnat sharoiti noqulay ishlar roʻyxati”ga (roʻyxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 30-31-son, 355-modda) muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
5-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
38. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
39. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtishini taʼminlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Tibbiy koʻriklar tashkilotning tibbiy muassasalarida, ular mavjud boʻlmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalarida oʻtkazilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
41. Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki tibbiy koʻrik natijalariga koʻra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda ushbu xodim ishga qoʻyilishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
42. Xodim holsizlanib, zaharlanganligiga gumon boʻlganda tashkilotning tibbiy muassasasiga, u mavjud boʻlmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalariga murojaat qilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Detalga kimyoviy usulda ishlov beruvchi xodimlar oʻz-oʻziga va oʻzgalarga yordam koʻrsatish dasturi boʻyicha oʻqitilgan boʻlishi lozim.
44. Detalga kimyoviy usulda ishlov beruvchi ish joylarida koʻrinib turadigan joyda zaharlanganda va kuyganda birinchi yordam koʻrsatish qoʻllanmasi boʻlishi lozim.
45. Kislota, ishqor yoki uning aralashmasi bilan zararlangan joyni toza suv bilan yuvib, zararsizlantiruvchi vosita bilan ishlov berish kerak.
46. Xodim kislota, ishqor yoki uning aralashmasi bilan zararlanganda uni darhol yechintirish, iliq suvda yuvintirish va tibbiyot muassasasiga yetkazish lozim.
47. Koʻzga kislota, ishqor yoki uning aralashmasi tushganda oʻsha zahoti maxsus suv quvuridagi favvorachada yoki rezina naychali butilkada 10 — 15 minut davomida yuvish hamda toza bogʻich qoʻyib bogʻlash va tibbiy muassasaga murojaat etish lozim.
48. Kislota bugʻi bilan zaharlangan xodimni darhol zararlangan atmosferadan toza havoga olib chiqish va erkin nafas olishi uchun xalaqit berayotgan kiyimini yechish, osoyishta dam olishiga imkon berish, nam kislorod bilan uzoq vaqt nafas oldirish kerak.
6-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
49. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sunʼiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga mos boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
50. Portlash va yongʻin xavfi bor sexlarda oʻrnatiladigan elektr jihozlari, elektr asboblari, telefonlar va yoritgichlar, koʻchma yoritgichlar va elektr asboblar ushbu sexlarning ixtisosiga mos kelishi kerak.
51. Gidroqumpurkash va maydalab purkash usullari bilan tozalash kameralari bunkerlari va yertoʻlalaridagi yoritish vositalari chang, suv oʻtkazmaydigan va parchalanishga chidamli boʻlishi lozim.
52. Ochiq joyda joylashgan gidroqumpurkash va maydalab purkash usullari bilan tozalash kameralarida koʻchma yoritish vositalaridan foydalaniladi.
53. Yoritish vositalarida koʻzni qamashtirishdan saqlovchi choralar koʻrilgan boʻlishi kerak.
54. Yoritish vositalari uchun 220 V dan yuqori boʻlmagan kuchlanish qoʻllanishi lozim.
55. Ishlov berilayotgan detallarni nazorat qilish uchun kuchlanishi 12 V dan yuqori boʻlmagan qoʻl yoritgichlaridan foydalanish kerak.
56. Koʻchma yoritish vositalarini ishlatishda rezina shlangli egiluvchan oʻtkazgichdan foydalanilishi lozim.
Gidroqumpurkash va maydalab purkash usullari bilan tozalash kameralari bunkerlari va yertoʻlalarining yoritish vositalari har smena tugaganda tozalanishi zarur. Ushbu yoritish vositalarining izolyatsiya holati va yerga ulanganligi tekshirilishi kerak.
57. Yoritish vositalarini taʼmirlash va uning ichki elementlarini koʻzdan kechirish, kuygan lampa va himoya shishalarini almashtirish ishlari elektr tarmogʻidan oʻchirilgan holda bajarilishi lozim.
58. Yoritish vositalari toza va soz holatda boʻlishi kerak.
59. Yoritish vositalarini nazorat qilish va taʼmirlash ishlari shu ishlarni amalga oshirishga masʼul boʻlgan xodimlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.
60. Elektr yoritish oʻtkazgichlari poldan 2,5 metrdan past boʻlmagan balandlikda boʻlishi kerak.
7-§. Ishlab chiqarish binolariga qoʻyiladigan talablar
61. Detallarni gidroqumpurkash va maydalab purkash hamda kimyoviy ishlov berish usullari bilan tozalashda foydalaniladigan binolar qurilish meʼyorlari va qoidalari, sanitariya va yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
62. Ishlab chiqarish xonalarining devorlari tekis suvalgan va yorqin rangli moy-boʻyoq bilan boʻyalgan boʻlishi lozim.
63. Gidroqumpurkash va maydalab purkash usullari bilan tozalash ishlari amalga oshiriladigan ish joylarining devor va jihozlarini chang soʻrgʻichlar yordamida, pollari nam uslubda tozalanishi kerak.
64. Ishlab chiqarish xonalari polidagi barcha choʻnqir (oʻyiqlar, transheya va boshqa)lar mustahkam toʻsiqlar bilan berkitilgan boʻlishi lozim.
65. Detalga kimyoviy usulda ishlov berish ish joylari bir qavatli binolarda yoki koʻp qavatli binolarning quyi qavatida joylashgan boʻlishi kerak.
66. Detalga kimyoviy usulda ishlov berish xonalarining deraza oynalari artish uchun qulay boʻlishi lozim. Framugalar boʻlgan taqdirda, ular poldan yoki ish maydonlaridan ochilishini taʼminlovchi mexanizmlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
67. Detalga kimyoviy usulda ishlov berish xonalarining devorlari, derazalari, shiplari, quvur oʻtkazgichlari va ichki konstruksiyalari boʻyalgan, bundan tashqari devorlari keramik yoki shisha plitalar bilan 2 metr balandlikkacha qoplangan boʻlishi kerak.
68. Ishlab chiqarish xonalarining poli suv oʻtkazmaydigan, ishqor moddalar taʼsiriga chidamli va suyuqliklar trapga oqib ketishi uchun 0,01% qiyalikka ega boʻlishi kerak. Pol yuzasi tozalash uchun qulay, tekis va sirpanchiq boʻlmasligi lozim.
69. Ishlab chiqarish xonalarini tozalash ishlari smena vaqtida bir marta nam usulda amalga oshirilishi kerak.
70. Polga sachragan va toʻkilgan kislota, ishqorlar va boshqa eritgichlar oʻsha zahoti kanalizatsiyaga suv bilan yuvib tashlanishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
71. Oʻtish joylari va yoʻlaklarni begona jismlar, qoʻshimcha detallar, xom ashyo va tayyor mahsulotlar bilan toʻsib qoʻyish mumkin emas.
72. Elektr vanna va apparatlarning tashqi tomonlari kimyoviy chidamli yorqin rangli boʻyoqlarda boʻyalishi lozim.
73. Detalga kimyoviy usulda ishlov berish xonalaridagi qurilish konstruksiyalari bir yilda ikki marta tekshiruvdan oʻtkazilishi va natijalari maxsus daftarga qayd etilishi kerak.
74. Organik eritgichlar bilan yuvish xonalarining koʻchma narvonlari uchqun chiqarmaydigan materiallar (yogʻoch, rangli metall)dan tayyorlanishi kerak. Narvonning pastki uchi rezina tovoncha, yuqori uchida rangli metaldan ishlangan ilmogʻi boʻlishi lozim.
8-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
75. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talabiga muvofiq boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
76. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 metr balandlikda bajarilishi kerak.
77. Oʻtish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan oʻtish yoʻlaklarining enini kamaytirmasligi kerak.
78. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 21°C, oʻrtacha ogʻir ishda 17°C, ogʻir ishda 16°C dan past boʻlmasligi lozim.
79. Xodimlarning isinishi uchun xonalarda havo harorati 22°C dan kam boʻlmasligi kerak.
80. Isinish xonalarigacha boʻlgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 metrdan, bino tashqarisidagi ish joylaridan esa 150 metrdan koʻp boʻlmasligi lozim.
9-§. Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
81. Suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
82. Ishlab chiqarish oqova suvlari, tashqi kanalizatsiyaga yetib kelguncha zararli moddalardan tozalanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
83. Tozalangandan soʻng suvdagi zararli moddalarning tarkibi ruxsat etilgan konsentratsiyadan oshib ketishi mumkin emas.
84. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar boʻlishi kerak. Suv quvurlari yoʻq boʻlganda baklarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
85. Ish joyidan suv ichish qurilmasigacha boʻlgan masofa 75 metrdan oshmasligi kerak.
86. Ichimlik suvining harorati 8°C dan 20°C gacha boʻlishi kerak.
87. Detalga kimyoviy usulda ishlov berish xonalariga oson va koʻrinadigan joylarga yuz va qoʻlga ishqor va kislota tushganda yuvish uchun suvi ravon oqadigan maxsus joʻmraklar oʻrnatilishi lozim.
88. Ishlatilgan pulpani kameradan toʻgʻridan-toʻgʻri kanalizatsiyaga oqizish mumkin emas. Buning uchun pulpani kameradan nasoslar yordamida chiqariladigan maxsus tindirgichlar boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
89. Kanalizatsiya unga parallel boʻlgan quvurlarni taʼmirlashga xalaqit bermaydigan masofada oʻtkazilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
90. Ishlab chiqarish xonalari va omborxonalarda xoʻjalik-fekal kanalizatsiya quvurlariga lyuklar qoʻyish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
91. Detalga kimyoviy usulda ishlov berish xonasi kislotalar bilan ifloslangan suvni oqizuvchi hamda xoʻjalik-fekal oqovalar uchun tizim bilan taʼminlanishi kerak.
92. Elektr vannalardan zararli chiqindilar bilan oqadigan oqova suvlarining kanalizatsiyasi yopiq turda boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
93. Oqova suvlari kanalizatsiyasining tashqi kollektorlari maxsus shaxtalar orqali shamollatib turilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
94. Kanalizatsiyani koʻrish quduqlari choʻyan yoki beton qopqoqlar bilan yopilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
10-§. Mehnat va dam olishga qoʻyiladigan talablar
95. Tashkilotlarda xodimlarning ish vaqti, dam olish vaqti, shuningdek qisqartirilgan ish vaqti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1997-y., 3-son, 11-modda) bilan tasdiqlangan Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan muddati talablari inobatga olingan holda, tashkilotlarning ichki mehnat qoidalari asosida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
96. Ishlab chiqarish jarayonlari yongʻin va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga va ushbu Qoidalarga muvofiq taʼminlanishi lozim.
97. Ishlab chiqarishda oʻrganilmagan yongʻin va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega boʻlgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarish jarayonida qoʻllash taqiqlanadi.
98. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik toifalari loyiha tashkiloti tomonidan TLTM 24-86 “Texnologik loyihalashtirish tarmoq meʼyorlari”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
99. Ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda yongʻinlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir boʻlishi hamda atrof muhit uning chiqindilari (oqova suvlari, ventilyatsiya chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar taʼminlanishi lozim.
100. Ishlab chiqarish binolari va xonalari dastlabki yongʻinni oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
101. Ventilyatsiya tizimi yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan boʻlishi kerak.
102. Ishlab chiqarish binolari va xonalari uchun hududiy yongʻin xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqilishi va koʻrinadigan joyga osib qoʻyilishi lozim.
103. Xodimlar bilan yongʻin xavfsizligi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi va yongʻinni oldini olish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berilishi kerak.
2-§. Gidroqumpurkash va maydalab purkash usullari bilan tozalashga qoʻyiladigan talablar
104. Uskunalardan otilib chiquvchi mayda parchalarni yigʻish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi shart.
105. Detallarni gidroqumpurkash va maydalab purkash usullari bilan tozalash kameralari xonaga bugʻ va chang chiqarmasligi lozim. Bu kameralar tozalanayotgan detallarni kamera ichida mexanik aylantirish uchun maxsus moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi hamda ular kamera tashqarisidan boshqarilishi lozim. Tozalash jarayonini nazorat qilish uchun mustahkam oynali koʻrish derazalari oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
106. Gidroqumpurkash va maydalab purkash usullari bilan tozalash kameralari eshiklari ochilganda maxsus signal beradigan moslama bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
107. Gidroqumpurkash va maydalab purkash usullari bilan tozalash kameralarining koʻtariluvchi eshiklari hamda uning barcha harakati davomida, shuningdek tros uzilgan vaqtda (ilgich) bir maromda ushlovchi qarshi yuk bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
108. Gidromonitor (brandspoyt) bilan ishlash uchun statsionar maydoncha koʻzda tutilishi kerak. Gidromonitor bilan vaqtinchalik koʻprikchalarda ishlash taqiqlanadi.
109. Detallarni tozalashga joʻnatish va qaytarish, shuningdek tozalash kamerasiga ularni ortish va tushirish ishlari transport va koʻtargich-transport vositalari yordamida bajariladi.
3-§. Detallarni kimyoviy ishlov berish usuli bilan tozalashga qoʻyiladigan talablar
110. Detallarni kimyoviy ishlov berish usulida tozalash uchun ishni xatarsiz olib borishni koʻzda tutuvchi maxsus texnologik reglament ishlab chiqilishi kerak.
111. Detalni kimyoviy ishlov berish usuli bilan tozalashda ishlov berish va yuvish vannalari yonma-yon joylashtirilishi kerak. Bunda yuvish vannalari oʻrtasidagi oraliq polga eritma tushishini bartaraf etish uchun rezina toʻsiq bilan chegaralanishi kerak.
112. Detalga kimyoviy ishlov berish usulida yuvish vannalari kanalizatsiyaga berk quvurlar orqali bevosita ulanishi lozim. Eritgichlarni ochiq tarnovlar va ariqchalar orqali oqizish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
113. Yuvish vannalari joylashgan joydagi pol yogʻochli katak-katak panjaralar bilan qoplanishi kerak.
114. Detalga kimyoviy ishlov beruvchi ish joylariga ishga aloqasi boʻlmagan shaxslarning kirishi taqiqlanadi.
115. Toʻkilgan va ishlatilgan aralashmalar (kislota) zararsizlantirilgandan soʻng kanalizatsiyaga oqizilishi kerak.
116. Yuvish vannalarini kislota va ishqorlar bilan toʻldirish ishlari zich kranli sifonlar yordamida mexanizatsiyalangan usulda bajariladi.
117. Detallarni isitilgan kislotalar bilan ishlov berishda uning harorati 35°C dan va oltingugurt kislotasida 65°C dan oshmasligi lozim.
118. Detalga kimyoviy ishlov berish usulida tozalanadigan detallar quritilgan boʻlishi lozim.
119. Har bir yuvish vannasida undan foydalanish, aralashma tarkibi va harorat rejimi koʻrsatilgan jadval boʻlishi kerak.
120. Yuqori haroratgacha qizdiriladigan aralashmali, agressiv aralashmali, shuningdek yon tomonlama soʻrgʻichlarsiz uzoq texnologik jarayonda boʻladigan yuvish vannalari qopqoqlar bilan jihozlanishi lozim.
121. Kislotalarni, ishqorlarni, tuzlarni eritish va eritmalarni zararsizlantiruvchi baklar, toʻplagichlar, oʻlchagichlar qopqoqlar bilan jihozlanishi lozim.
122. Kislota, ishqor va boshqa agressiv suyuqliklarni quyish nasoslari sigʻim toʻlgan zahoti oʻchishini taʼminlovchi vositalar bilan jihozlanishi lozim.
123. Yuvish vannalarini koʻchirish va oʻrnatish, xonalardan chiqindilarni chiqarish ishlari maxsus mexanizatsiya yordamida bajarilishi lozim.
124. Baraban va boshqa idishlardan tuz va ishqorlarni tushirish mexanik va gidravlik qurilmalar yordamida amalga oshirilishi lozim.
125. Yuvish vannalariga katta miqdordagi xavfli suyuqliklarni berish ishlari nasoslar yoki vakuum-nasoslar bilan, shuningdek kombinatsiyalashgan usulda amalga oshirilishi lozim.
126. Yuvish vannasini isitish, haroratni nazorat qilish, detallarni yuvish vannasiga botirishdan oldin isitish, gidrid natriy generatoriga gaz berish, kaustik erishiga qarab generator holatini toʻgʻrilash ishlari maxsus avtomatlashtirilgan uskunalarda bajarilishi lozim.
127. Detalga kimyoviy ishlov berish usullari bilan tozalashda eritmalar uning tarkibiy qismlari kimyoviy tekshiruvdan oʻtkazilganidan soʻng tayyorlanishi kerak.
128. Aralashma kimyo muhandisi yoki usta boshchiligida, xodimga aralashma tarkibi, tarkibiy qismlari miqdori, solish ketma-ketligi va tayyorlanishini nazorat qilish ishlari haqida berilgan yozma koʻrsatmasi asosida tayyorlanishi lozim.
129. Kislotalarni, ishqorlarni va tuzlarni koʻtarish va joyini oʻzgartirish maxsus aravalar yoki moslamalar yordamida amalga oshirilishi kerak.
130. Kimyoviy modda idishlarining qopqogʻi maxsus moslamalar bilan ochilishi lozim. Qadoqlash, tortish, kimyoviy moddalarni eritish va aralashmani yuvish vannasida aralashtirish ishlari ham maxsus moslamalar yordamida amalga oshirilishi lozim.
131. Aralashmalarni yuvish vannasining chetidan quyish taqiqlanadi.
132. Butilga suyuqlik quyishdan oldin havo chiqaradigan naychali yopiq voronka qoʻyish lozim.
133. Aralashmalarni tayyorlashda yuvish vannasini suv bilan toʻldirish, keyin azot yoki fosfor kislotasini quyish va shundan soʻng oltingugurt kislotasini quyish kerak.
134. Yuqori konsentratsiyali azot kislotasi bilan ish olib boriladigan joylarda quruq buyumlar boʻlmasligi lozim, ular olib qoʻyilishi yoki suv bilan hoʻl qilinishi lozim.
135. Detallar ilish moslamalariga ilinganda, ular yuvish vannasiga tushib ketishining oldini olish kerak.
136. Ilish moslamalari (ilgaklar, savatlar va boshqalar) mustahkam va qulay boʻlishi hamda kislota va ishqorlar taʼsiriga chidamli materiallardan tayyorlanishi kerak.
137. Moslamalarga detallarni mahkamlash ishonchli boʻlishi lozim. Moslamalarga mahkamlangan detallarning ishonchliligi yuvish vannasidan tashqarida silkitib koʻrib tekshiriladi. Yuvish vannasi ustida detallar ilgakka mahkam osilganligini tekshirish uchun ularni silkitib koʻrish taqiqlanadi.
138. Detal yuvish vannasiga tushib ketgan hollarda detal tok va qizdirgich oʻchirilgandan soʻng maxsus moslamalar yordamida olinishi kerak.
139. Yuvish vannasiga detallarni solish va olish ishlari siltanishsiz amalga oshirilishi kerak. Yuvish vannasiga detallar joylashtirilganidan soʻng xodim uning yonidan mumkin qadar uzoq joyga oʻtishi kerak.
IV. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan umumiy talablar
140. Uskunalarning konstruksiyasi “Ishlab chiqarish jihozlari. Xavfsizlikning umumiy talablari” GOST 12.2.003-91 talablariga muvofiq boʻlishi lozim. Ishlab chiqarish jarayonlarida foydalaniladigan uskunalar soz holatda boʻlishi shart.
141. Uskunalarning konstruksiyasida uning tarkibiy qismi boʻlgan bugʻ oʻtkazgichlar va elektr simlarining bexosdan zararlanish xavfi bartaraf etilgan boʻlishi kerak.
142. Uskunalarning konstruksiya qismlari xodimlarning jarohat olishiga sabab boʻladigan oʻtkir boʻgʻinli, hoshiyali, tikanli boʻlmasligi lozim.
143. Uskunalarning barcha harakatlanuvchi qismlari, keltiruvchi, uzatuvchi mexanizmlari uning korpusida joylashgan boʻlishi kerak.
144. Muhofazalash konstruksiyasi qoʻshimcha shovqin, vibratsiya, xavfli vaziyat yuzaga keltirmasligi va xizmat koʻrsatishni qiyinlashtirmasligi lozim.
145. Uskunalarning ish jarayoni kuzatiladigan joylarning panjaralari tez yechiladigan (qopqoq, lyuk, shit, toʻr) yoki tez ochiladigan boʻlishi kerak. Panjaralar, eshiklar, shitlar ochilganida avtomatik ravishda uskunalar ishini toʻxtatish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
146. Boshqaruv tizimi joylashuvi va konstruksiyasi ishlab chiqarish jihozlarining bevosita va bilvosita harakatga kelishining oldini olishi lozim.
147. Uskunalarni kuzatish va holatini tekshirish ishlari tashkilotning texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida olib borilishi kerak.
148. Uskunalarni texnik jihatdan taʼmirlash ishlari ishlab chiqaruvchi tashkilotning foydalanish boʻyicha qoʻllanmasiga asosan bajariladi.
149. Xavfli joylarda muhofazalash qurilmalari va himoya vositalari boʻlmagan jihozlarda ishlash taqiqlanadi.
150. Buzilgan jihoz ustiga unda ishlash mumkin emasligini koʻrsatuvchi ogohlantiruvchi belgi qoʻyilishi lozim. Bundan tashqari qurilmada uni taʼmirlash ishlari tugatilmaguniga qadar ishga tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan choralar koʻrilishi lozim.
2-§. Gidroqumpurkash va maydalab purkash uskunalariga qoʻyiladigan talablar
151. Gidroqumpurkash va maydalab purkash uskunalarini oʻrnatish va ulardan foydalanish ushbu uskunalarga qoʻyilgan texnik reglament talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
152. Uskuna poldan yoki ish maydonidan 2 metr va undan kam balandlikdagi barcha qayishli va zanjirli uzatkichlari toʻliq yopiq yoki teshiklari 10 mm dan keng boʻlmagan toʻrli panjaralar bilan har tomonidan toʻsilishi kerak.
153. Kameralarning detallar kiritilishi va chiqarilishi uchun moʻljallangan darchalari yoʻl-yoʻl parda (diafragma) bilan jihozlanishi lozim.
154. Kameralar blokirovka qurilmalari bilan jihozlanishi kerak.
155. Kameralarning karkasi va toʻshamasi yetarli darajada chidamli boʻlishi lozim. Ularning vibratsiyalanishining oldi olinishi kerak.
156. Detallarni tozalash boʻlimidagi jihozlarni taʼmirlash, moylash va tozalash ishlari barcha harakatlanuvchi mexanizmlari toʻxtatilgandan soʻng bajarilishi lozim. Bunda ularning tasodifan ishlab ketmasligi taʼminlanishi kerak.
3-§. Detallarni kimyoviy ishlov berish usuli bilan tozalashda uskunalarga boʻlgan talablar
157. Yuvish vannasiga xizmat koʻrsatish maydonchalarining eni kamida 1,5 metr boʻlishi lozim.
158. Kislotalar bilan ishlash uchun moʻljallangan barcha uskunalar zangga chidamli boʻlishi kerak.
159. Kislota va kaustikaga moʻljallangan barcha uskunalar ularning diametriga koʻra koʻzdan kechirish va tozalash uchun tushish teshiklari va lyuklar bilan taʼminlanishi lozim.
160. Tuzlar, ishqorlar va kislotalarni eritish va zararsizlantirish idishlari, toʻplagichlari va oʻlchagichlari qopqoq va bino tomidan yuqoriga chiqarilishi lozim boʻlgan naychalar (zararli chiqindilarni soʻrish uchun) bilan taʼminlanishi shart.
161. Uskunalarning koʻrish oynalari 2-3 mm qalinlikdagi metall toʻr bilan himoyalangan boʻlishi lozim.
162. Bosim ostida ishlovchi barcha uskunalarning koʻrsatkichlari monometrlar bilan taʼminlanishi kerak.
163. Yuqorida joylashgan kislota oʻlchagichlar sath oʻlchagichi va quyish qurilmalari bilan taʼminlanishi lozim.
164. Uskunaning nazorat-oʻlchov asboblari xodimning ish joyiga oʻrnatilishi kerak.
165. Har bir uskuna pasport, kommunikatsiyalarga ulanishining bajarilish chizmasi, tuzilishiga kiritilgan oʻzgarishlar haqidagi maʼlumotlar, foydalanishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar, shuningdek xavfsiz foydalanish qoʻllanmasiga ega boʻlishi shart.
166. Yaroqlilik muddatini oʻtab boʻlgan uskunadan foydalanishga uning ishga yaroqliligini bildiruvchi texnik xulosa olingandan soʻng yoʻl qoʻyilishi mumkin.
167. Uskuna (mashina, mexanizm)lar olinganda ularning mehnatni muhofaza qilish qoidalari va meʼyorlariga, mehnat xavfsizligi standartlariga mos kelishi, shuningdek barcha himoya va saqlanish moslama va qurilmalari oʻrnatilganligi hamda sozligi tekshirilishi kerak. Zarur hollarda uskunalarga qoʻshimcha panjaralar, himoya qurilmalari va moslamalarini tayyorlatish va oʻrnatish choralari koʻrilishi mumkin.
V. Taʼmirlash ishlari bajarilishidagi xavfsizlik talablari
168. Tashkilot bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan taʼmirlash rejasiga muvofiq uskunalarning taʼmirlash ishlari tashkil etilishi va bajarilishi lozim.
169. Toksik va portlash xavfi boʻlgan gazlar chiqaradigan xonalarda, taʼmirlash ishlari boshlanishidan oldin va taʼmirlash vaqtida, shuningdek apparat va kommunikatsiyalarni tozalash bilan bogʻliq ishlarda xonadagi barcha turdagi ventilyatsiyalar ishga tushirilishi lozim.
170. Quvur oʻtkazgichlarni taʼmirlashdan oldin energiya tashuvchilarni (bugʻ, havo, suv) oʻchirish va bosimni yoʻqotish lozim. Issiq kondensat, kislota va elektrolitni taʼmirlanayotgan tizimdan quyib olish va yuqini zararsizlantirish lozim.
171. Tez oʻt oluvchi va toksik moddalar boʻlgan sigʻimlar, nasoslar va quvur oʻtkazgichlarni taʼmirlash ishlari ularni ishlab turgan jihozlardan oʻchirilganligi va mahsulotning qoldiqlari olib tashlanganligi, havo muhitini toksik va zararli moddalar borligi tekshirilgandan soʻng amalga oshiriladi.
172. Taʼmirlash ishlari vaqtida portlash xavfi boʻlgan gaz va bugʻlar chiqaruvchi ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
173. Taʼmirlash ishlari boshlanishidan oldin va ularni bajarish davrida xonadagi havo muhitida portlash xavfi boʻlgan gaz va bugʻlar borligini aniqlovchi tahlillar oʻtkazilishi lozim.
174. Yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan miqdordan koʻp toksik va portlash xavfi boʻlgan gaz paydo boʻlganligi aniqlangan zahoti taʼmirlash ishlari darhol toʻxtatilishi va xodimlar xavfsiz maydonga chiqarilishi lozim.
175. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda panjara, armatura, quvur oʻtkazgich, mufta qobigʻi va konstruksiyalarda turish taqiqlanadi. Taʼmirlashdan soʻng uskunalar va ularning qismlari qabul qilish bildirgilari asosida qabul qilib olinadi.
176. Taʼmirlangan uskunalarni himoyalash va saqlash qurilmalarisiz foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.
VI. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
177. Tashkilotlarni (sexlarni) loyihalashtirishda va qurish (montaj qilishda)da mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
178. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
VII. Yakuniy qoida
179. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi, “Toshkent traktor zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
2010-yil 4-mart
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2010-yil 4-mart
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2010-yil 4-mart
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2010-yil 4-mart
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi O. RAMATOV
2010-yil 4-mart
“Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2010-yil 4-mart
“Toshkent traktor zavodi” OAJ bosh direktori v.b. S. SAIDAMINOV
2010-yil 4-mart
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshligʻi I. XOLMATOV
2010-yil 4-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 13-son, 100-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 29.05.2025-y., 10/25/3626/0480-son; 19.05.2026-y., 10/26/3834/0502-son)