Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2010 YILDA QIShLOQ JOYLARDA YAKKA TARTIBDA UY-JOY QURILIShINING ASOSIY PARAMETRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurilishi koʻlamlarini yanada kengaytirish, tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibda uy-joy qurilishi massivlarini kompleks tarzda qurish orqali qishloq aholisining uy-joy sharoitlari sifatini yaxshilash, qishloqlar hududlarining bosh rejalarini hamda ularni arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻli bilan qishloqlar qiyofasini tubdan yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2010-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha foydalanishga tayyor holda qurish shartlarida, “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankining imtiyozli ipoteka kreditlarini jalb etib, uylarni 2010-yilning III choragida foydalanishga topshirgan holda, yakka tartibda uy-joy qurilishining asosiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
* Ilova berilmaydi.
2010-yilda qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurilishi massivlarida tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalari obyektlari qurishning manzilli roʻyxatlari 2-ilovaga* muvofiq;
* Ilova berilmaydi.
2010-yilda qishloq joylarda ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlari qurilishining asosiy parametrlari va ularning manzilli roʻyxati 3 va 3a-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
* Ilovalar berilmaydi.
2. Quyidagilar:
4-ilovaga* muvofiq yashovchilar soni 10 ming kishidan ortiq boʻlgan qishloq aholi punktlari va shahar posyolkalarining bosh rejalari;
* Ilova berilmaydi.
yashovchilar soni 5 ming kishidan 10 ming kishigacha boʻlgan qishloq aholi punktlari va shahar posyolkalarining bosh rejalari sxemalarini qurilishning birinchi navbatini ajratib koʻrsatib birgalikda ishlab chiqqan holda 5-ilovaga* muvofiq qishloq fuqarolar yigʻinlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalarini 2010-yilda ishlab chiqishning manzilli dasturi tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki hamda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasining 2010-yilda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasining 6-ilovaga* muvofiq qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
* Ilova berilmaydi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
“Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki bilan birgalikda 2010-yilda qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurilishining asosiy parametrlarida nazarda tutilgan har bir uy-joy boʻyicha yakka tartibda uy-joy quruvchilarning dastlabki badallarini yigʻishni ikki hafta muddatda tugallasinlar;
suv taʼminoti tarmoqlari, mavzega kirish va mavze ichidagi avtomobil yoʻllari, shuningdek 2 va 3-ilovalarga muvofiq asosiy parametrlarga binoan qishloq qurilish massivlarida ijtimoiy infratuzilma obyektlari moliyalashtirilishini va qurilishini taʼminlasinlar.
5. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi hamda “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi 2-ilovaga muvofiq qishloq qurilish massivlarida elektr taʼminoti va gaz taʼminoti tarmoqlari qurilishini oʻz mablagʻlari hisobiga taʼminlasinlar.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining 2009-2010-yillarda qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurilishi asosiy parametrlarining bajarilishi yakunlariga koʻra, qishloq aholi punktini eng yaxshi qurish boʻyicha “Eng yaxshi qishloq” tanlovi natijalarini 2010-yilning noyabr oyida chiqarish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda qishloq aholi punktlari qurilishi toʻgʻrisidagi qonunchilik normalariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Nukus, Andijon, Qarshi, Samarqand va Fargʻona shaharlarida “Qishloqqurilishloyiha” MChJ loyihalash-qidiruv institutining mintaqaviy filiallarini tashkil etish chora-tadbirlarini koʻrsinlar, quyidagilarni ularning asosiy vazifalari etib belgilasinlar:
yashovchilar soni 5 ming kishidan kam boʻlgan qishloq fuqarolar yigʻinlari va qishloq aholi punktlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalarini ishlab chiqish;
yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratiladigan yer massivlarini, qishloq uy-joylarining hamda ijtimoiy-madaniy va maishiy obyektlarning tasdiqlangan namunaviy loyihalarini qoʻllagan holda kompleks qurish loyihalarini ishlab chiqish;
hududlarni arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish va joriy qurish loyihalarini amalga oshirishda mualliflik nazoratining sifatli olib borilishini taʼminlash.
9. Belgilab qoʻyilsinki, “Qishloqqurilishloyiha” MChJ loyihalash-qidiruv institutining mintaqaviy filiallari tomonidan ishlab chiqilgan qishloq fuqarolar yigʻinlari hududlarini arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish, qishloq aholi punktlari hududlarini hamda yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratiladigan yer massivlarini kompleks rivojlantirish loyihalari “Qishloqqurilish-loyiha” MChJ loyihalash-qidiruv institutining ilmiy-texnika kengashi tomonidan ekspertizadan oʻtkazilishi va tasdiqlanishi kerak.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda, oʻtkazilgan tanlov savdolari natijalariga va alohida qurilishlar hamda ijtimoiy va bozor infratuzilmasi, tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalari obyektlari qurilishi uchun mablagʻlarning amalda oʻzlashtirilishiga koʻra, tasdiqlangan limitlar doirasida 2010-yilgi qurilishning manzilli roʻyxatlariga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A.Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 12-mart,
44-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 10-11-son, 76-modda)