Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Ruhiy kasallikka chalingan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Ruhiy kasallikka chalingan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyotini umumlashtirish natijalarini muhokama etib, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qonunga koʻra, jinoiy javobgarlikka faqat aqli raso, yaʼni jinoyat sodir etish vaqtida oʻz qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va oʻz harakatlarini boshqara olgan shaxs tortiladi. Aqli noraso holatda ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxs javobgarlikka tortilmaydi (JK 18-moddasi).
Keyingi tahrirga qarang.
2. Shaxs ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish vaqtida quyidagi holatlardan birortasi:
surunkali ruhiy kasalligi;
ruhiy holati vaqtinchalik buzilganligi;
aqli zaifligi;
boshqa tarzdagi ruhiy kasalligi sababli oʻz harakatlarining ahamiyatini anglay olmagan yoki harakatlarini boshqara olmagan boʻlsa, u ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan deb topiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Aqli raso holatda jinoyat sodir etgan, biroq keyinchalik oʻz harakatlari ahamiyatini anglash yoki ularni boshqara olish imkoniyatidan mahrum qiladigan ruhiy kasallikka chalingan shaxs jazodan yoki uni oʻtashdan ozod etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Aqli noraso holatda jinoyat sodir etgan yoki keyinchalik oʻz harakatlari ahamiyatini anglash yoki ularni boshqara olish imkoniyatidan mahrum qiladigan ruhiy kasallikka chalingan (bundan buyon matnda — ruhiy kasallik) shaxsga nisbatan sud tomonidan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari (JK 18-moddasi uchinchi qismi, 67-moddasi ikkinchi qismi, 75-moddasi ikkinchi qismi) qoʻllanilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Qonunga koʻra (JK 2-moddasi ikkinchi qismi), tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari boshqa tarzdagi jinoyat-huquqiy taʼsir chorasi sifatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan va ruhiy kasallikka chalingan shaxslarga nisbatan davlat majburlovi koʻrinishi hisoblanadi. Bunday choralar faqat shaxs u tomonidan sodir etilgan qilmishning xususiyati va oʻzining kasallik holatiga koʻra jamiyat uchun xavfli boʻlgan hollardagina qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shaxs jamiyat uchun xavflimi va u tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilishiga muhtojmi, degan masala sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasi inobatga olingan holda hal qilinadi. Bunda sud JPK 187-moddasiga asoslanib, taraflar iltimosnomasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan ish boʻyicha qoʻshimcha (qayta) sud-psixiatriya ekspertizasi yoki kompleks (psixologiya-psixiatriya, seksologoiya-psixiatriya va h.k.) ekspertizasi oʻtkazilishini tayinlashi mumkin.
5. Jinoyat kodeksi 93, 94-moddalariga muvofiq tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari quyidagi turlarda tayinlanishi mumkin:
psixiatr huzurida majburiy ambulatoriya kuzatuvi va davolash-kasallik zoʻrayganligidan dalolat beruvchi alomatlar boʻlmagan ruhiy kasallar, shuningdek ruhiy holati vaqtincha buzilgan shaxslarga nisbatan;
umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida majburiy davolash — ijtimoiy xavfliligi davolash talab etiladigan ruhiy holat bilan bogʻliq ruhiy kasallarga nisbatan, agar davolash umumiy asoslarda oʻtkazilishi mumkin boʻlsa;
umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining maxsus reabilitatsiya boʻlimida majburiy davolash — ijtimoiy xavfliligi koʻproq reabilitatsiya choralari oʻtkazilishini talab etadigan holat bilan bogʻliq ruhiy kasallarga nisbatan, agar ularni ixtiyoriy tartibda oʻtkazish imkoniyati boʻlmasa;
kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasi (boʻlimi)da majburiy davolash — oʻta ijtimoiy xavfli boʻlgan yoki xulqida buzilish aniqlangan ruhiy kasallarga nisbatan, agar zaruriy davolash va reabilitatsiya choralarini umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasida oʻtkazish imkoniyati boʻlmasa;
Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari turini belgilashda har doim shaxsning ruhiy holati (ruhiy buzilish xususiyati) va u tomonidan keyinchalik ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilishi ehtimoli mezon hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, aqli noraso holatda ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari tayinlanganda jinoyat ishi jinoyat belgilari tarkibiga kiruvchi element — subyekt yoʻqligi tufayli tugatiladi (JPK 83-moddasi ikkinchi bandi).
7. Jinoyat sodir etgandan soʻng, biroq hukm chiqarilganga qadar ruhiy kasalga chalingan shaxsga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari tayinlanganda jinoyat ishini yuritish ruhiy holat buzilgan paytdan boshlab, sogʻaygunga qadar toʻxtatiladi (JPK 366, 569-moddalari).
Keyingi tahrirga qarang.
Shaxs tuzalgandan soʻng jinoyat ishini yuritish qayta tiklanadi va shaxs umumiy asoslarda jinoiy javobgarlikka yoki jazoga tortilishi mumkin, basharti jinoiy javobgarlikka tortish muddatlari (JK 64-moddasi) oʻtib ketmagan yoki shaxsni jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilish uchun boshqa asoslar yuzaga kelmagan boʻlsa.
Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini bekor qilish va jinoyat ishini yuritishni qayta tiklash uchun shaxs davolangan psixiatriya muassasasi shifokorlar komissiyasining xulosasi asos boʻladi. Agar shaxsning aqli rasoligi yoki ruhiy holati yuzasidan asosli gumon kelib chiqsa, sud JPK 568-moddasida koʻrsatilgan talablarga rioya etgan holda sud-psixitriya ekspertizasi tayinlashi mumkin.
8. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, jinoyat ishi boʻyicha tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash bilan bogʻliq masalalar JPK 61-bobida belgilangan qoidalarga muvofiq koʻrib chiqiladi.
Alohida ish yurituvga oʻtish toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) jinoyat protsessi bosqichidan kelib chiqib, dastlabki tergov organi, prokuror yoki sud tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchida ruhiy buzilish borligi toʻgʻrisida sud-psixitriya ekspertizasi xulosasi olingandan soʻng qabul qilinadi.
Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash boʻyicha ish yurituv boshlanganligi va sud-psixitriya ekspertizasi tayinlanganligi toʻgʻrisidagi qaror (ajrim), JPK 570-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, oʻziga nisbatan bunday ish yurituv olib borilayotgan shaxsga va uning himoyachisiga eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisida JPK 566 — 573-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sudga yuborilgan ish sudlovga tegishlilikka doir umumiy qoidalarga rioya etilgan holda koʻriladi.
JPK 534-moddasiga muvofiq jazoni oʻtashdan ozod qilinayotgan shaxsga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash masalalariga doir materiallar, shuningdek JPK 578 — 580-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sudga kelib tushgan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini oʻzgartirish yoki bekor qilishga doir materiallar tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllagan sud yoki psixiatriya kasalliklari shifoxonasi joylashgan joydagi sud tomonidan koʻriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Shaxsga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash masalasi qoʻyilgan ishlar boʻyicha sud majlisi JPK 575-moddasida belgilangan tartibda olib boriladi. Sud majlisida prokuror va himoyachining ishtiroki shart. Sud majlisiga jabrlanuvchilar, guvohlar, qonuniy vakillar, shuningdek ekspertlar chaqirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Sud ekspert-psixiatrning fikrini inobatga olgan holda sud majlisiga unga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash masalasi qoʻyilgan shaxsni (u jabrlanuvchi yoki guvohlar tomonidan tanib olinishi uchun, sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasi toʻgʻriligi yuzasidan shubha tugʻilgan holda va h.k.) chaqirishi mumkin. Bunda shuni inobatga olish lozimki, JPK 95-moddasiga koʻra, bunday shaxsning koʻrsatuvlari ish boʻyicha dalil manbai sifatida tan olinishi mumkin emas.
11. Jinoyat-protsessual kodeksi 51 va 571-moddalariga koʻra, aqli noraso holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan, shuningdek jinoyat sodir etilganidan soʻng ruhiy kasallikka chalingan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlash toʻgʻrisida qaror chiqarilgan paytdan boshlab himoyachining ishtiroki majburiy hisoblanadi.
Bunday toifadagi ishlar boʻyicha himoyachi ishtirokining majburiyligi toʻgʻrisidagi protsessual qonun talablariga rioya etmaslik, JPK 487-moddasiga muvofiq, jinoyat-protsessual qonunning jiddiy tarzda buzilishi sifatida baholanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha himoyachining ishtirokidan qatʼi nazar, bu toifa ishlar boʻyicha unga nisbatan bunday masala koʻrilayotgan shaxsning qonuniy vakili ishtirok etishi mumkin. Qonuniy vakil sifatida, jumladan, bolalikka oluvchilar, homiylar, vasiylar, yaqin qarindoshlar, shuningdek vasiylik va homiylik organlari vakillari tan olinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Sud qonuniy vakilga ishdagi materiallar bilan tanishish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, dalillar taqdim etish, iltimosnoma va raddiyalar berish, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, sud ajrimi ustidan shikoyat berish (JPK 581-moddasi) uchun imkoniyat yaratib berishi shart. Zarurat boʻlganda, sud qonuniy vakilni guvoh sifatida soʻroq qilishi mumkin.
13. Jinoyat-protsessual kodeksi 566-moddasiga koʻra, bunday toifa ishlar boʻyicha sudlar shaxs tomonidan jinoyat qonunida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilganligini tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi dalillarni, shuningdek ishni hal etish uchun muhim boʻlgan boshqa holatlarni sinchiklab tekshirishlari shart.
Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari, faqat, ishi koʻrilayotgan shaxs tomonidan muayyan jinoyat belgilari mavjud ijtimoiy xavfli qilmish sodir etilganligi isbotlangan, shuningdek sud-psixiatriya ekspertizasining shaxs oʻzining kasallik holati va u tomonidan sodir etilgan qilmishning xususiyatiga koʻra jamiyat uchun xavfli ekanligi hamda unga nisbatan u yoki bu turdagi tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilishiga muhtojligi toʻgʻrisida JPK 568-moddasi talablariga javob beradigan xulosasi mavjud boʻlgan hollarda qoʻllanilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Ruhiy kasallikka chalingan shaxsning sodir etilgan jinoyatga daxldor emasligi aniqlanganda sud tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatib, ishni jinoyat sodir etgan shaxsni aniqlash uchun dastlabki tergov organiga qaytaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Aqli norasolik, tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash, shifoxona turini belgilash, shuningdek shaxsni sogʻliqni saqlash organlariga umumiy asoslarda davolash yoki ijtimoiy taʼminot psixiatriya muassasasiga yuborish masalasini hal qilish uchun berish toʻgʻrisidagi masalalar boʻyicha uzil-kesil qaror qabul qilish vakolati sudga tegishlidir. Shuning uchun ekspert-psixiatrlar xulosasi sud tomonidan ishda mavjud barcha materiallar majmuidan kelib chiqqan holda, sinchiklab baholanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Agar ayblov xulosasi bilan kelib tushgan ish boʻyicha sud muhokamasi vaqtida ishi koʻrilayotgan shaxsni aqli noraso yoki jinoyat sodir etilganidan soʻng ruhiy kasallikka chalingan deb topish mumkinligi xususida asoslar kelib chiqsa, sud, agar bunga boshqa asoslar boʻlmasa, ishni qoʻshimcha tergov yuritish uchun qaytarmasdan, JPK 61-bobida belgilangan tartibda koʻrib chiqishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Jinoyat qonunida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmish bir necha shaxs tomonidan sodir etilgan hollarda, sud ulardan ayrimlarining aybdorligi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish bilan bir paytda boshqalariga — ushbu qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan yoki jinoyat sodir etilganidan soʻng ruhiy kasallikka chalingan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisida ajrim chiqarishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar qayd etilgan shaxslarga nisbatan ishni birga koʻrib chiqish imkoniyati boʻlmasa, tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi materiallar alohida ish yurituvga ajratilishi lozim.
17. Sudlarga tushuntirilsinki, aqli noraso shaxs harakatiga faqat sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik xususiyatini tasdiqlovchi maʼlumotlar asosida huquqiy baho berilishi mumkin. Bunda koʻrib chiqilayotgan voqeaga bevosita aloqador boʻlmagan holatlar (shaxsning sudlanganlik holati, unga nisbatan muqaddam tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllanganligi va h.k.) inobatga olinmasligi kerak.
18. Agar qonunda muayyan qilmish uchun jinoiy javobgarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan soʻng kelib chiqishi belgilangan boʻlib, biroq uni sodir etishda aqli noraso deb topilgan shaxs muqaddam aynan shunday qilmishi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilmagan boʻlsa, tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilmaydi. Bunday ish jinoyat hodisasi boʻlmaganligi sababli tugatilishi lozim. Qabul qilingan qaror toʻgʻrisida sud sogʻliqni saqlash organlariga Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustdagi “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq shaxsga umumiy asoslarda psixiatriya yordami koʻrsatilishi uchun xabar beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Shaxs aqli noraso holatida ijtimoiy xavfli harakat sodir etganligi yoki jinoyat sodir etilganidan soʻng ruhiy kasallikka chalinganligi isbotlangan deb topilgan holda, ajrimning tavsif qismida qilmishning sud tomonidan aniqlangan holatlari tekshirilgan dalillar asosida bayon etilishi, bunday shaxsning harakatlariga huquqiy baho berilishi va qabul qilingan qaror motivlari koʻrsatilishi lozim. Ajrimning qaror qismida shaxs jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilinganligi va muayyan turdagi tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilganligi yoxud ish tugatilganligi va bunday choralar qoʻllanilmaganligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar yoritilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Qonunga muvofiq, kuzatuv kuchaytirilgan psixiatriya kasalliklari shifoxonasi yoki boʻlinmasida faqat oʻzining ruhiy holati va sodir etgan qilmishiga koʻra jamiyat uchun oʻta xavfli boʻlgan ruhiy kasallar saqlanishini inobatga olib, bunday choralar qoʻllayotganda sudlar ekspertlar kasalning ruhiy holati toʻgʻrisida bergan xulosaga hamda u tomonidan sodir etilgan qilmishning xususiyati (ijtimoiy xavfliligi, sodir etilish usuli, kelib chiqqan oqibatlar ogʻirligi) toʻgʻrisida sudda aniqlangan maʼlumotlarga asoslanishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Aqli noraso holatida ijtimoiy xavfli harakat sodir etgan yoki jinoyat sodir etilganidan soʻng ruhiy kasallikka chalingan shaxs tomonidan moddiy zarar yetkazilgan holda, zararni undirish masalasi fuqarolik sudlov ishlarini yuritish tartibida koʻrib chiqilishi lozim boʻlib, bu haqda ajrimda koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Aqli noraso yoki jinoyat sodir etilganidan soʻng ruhiy kasallikka chalingan deb topilgan shaxslarga doir ishlar boʻyicha ashyoviy dalillar masalasi sudlar tomonidan JPK 211-moddasi talablariga monand hal etilishi lozim.
Sud xarajatlari, jumladan, huquqiy yordam koʻrsatganlik uchun haq bunday shaxslardan JPK 320-moddasiga koʻra undirilmaydi va davlat hisobidan toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxsning yaqin qarindoshlari iltimosnomasiga koʻra bunday choralarni bekor qilish yoki oʻzgartirish masalasi hal qilinayotganda (JPK 580-moddasi) sudlar “yaqin qarindoshlar” tushunchasiga kiritilgan shaxslar doirasi Jinoyat kodeksining sakkizinchi boʻlimida qayd etilganligiga eʼtibor berishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini bekor qilish yoki oʻzgartirish masalasi hal qilinayotganda, sudlar tibbiyot muassasasi maʼmuriyati taqdimnomasi yoki qoʻzgʻatilgan iltimosnoma asoslantirilganligini sinchkovlik bilan tekshirishlari shart. Buning uchun sudlar amalga oshirilgan davolash natijalarini va tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari bekor qilingandan soʻng bu shaxs uchun yaratiladigan shart-sharoitni, shuningdek kelgusida tibbiy kuzatuv va davolashga zarurat bor-yoʻqligini aniqlashlari kerak. Bunday maqsadlarda sud majlisiga tibbiyot muassasalari vakillarini, shaxsning qonuniy vakillari yoki yaqin qarindoshlarini chaqirish zarur.
25. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllash masalasi hal qilinayotgan shaxslarga doir ishlarni koʻrish vaqtida ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar aniqlanishi va ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar koʻrilishi shart.
26. Apellyatsiya, kassatsiya, nazorat instansiya sudi tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilishi toʻgʻriligini tekshira turib, bunga asos boʻlgan taqdirda, birinchi instansiya sudi ajrimini bekor qilishi yoki oʻzgartirishi, shu jumladan, qoʻllanilgan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi turini almashtirishi mumkin.
Agar ishni apellyatsiya, kassatsiya, nazorat instansiya sudida koʻrish paytida ayblov hukmi chiqarilgan shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etganligi yoki jinoyat sodir etilganidan soʻng ruhiy kasallikka chalinganligi aniqlansa, bunday shaxsga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash masalasi tegishli instansiya sudi tomonidan hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyatlar, Toshkent shahar sudlari tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari, bu toifadagi ishlar boʻyicha sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini chuqur tekshirishlari, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Toshkent sh.,
2008-yil 12-dekabr,
23-son