Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
FRANSIYANING “AKTINI” FIRMASINING QATTIQ PIShLOQ IShLAB ChIQARUVChI TEXNOLOGIYA LINIYALARINI SOTIB OLISh TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika aholisini yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, shuningdek, sut sanoati korxonalarini rekonstruksiya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasining Fransiyaning “Aktini” firmasining umumiy qiymati 6334,5 ming Fransiya franki boʻlgan qattiq pishloq ishlab chiqaruvchi oltita texnologiya liniyasini sotib olish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Kontraktni mablagʻ bilan taʼminlash quyidagi tartibda:
948.7 ming Fransiya franki summasidagi 15 foizi — “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasi korxonalari mablagʻlari hisobidan;
5375.8 ming Fransiya franki summasidagi 85 foizi — “Kofas” (Fransiya) sugʻurta jamiyati qoplamasi ostida Fransiya bankining qayta moliyalangan mablagʻlari — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining krediti hisobidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan berilgan kreditni qaytarish kredit bitimi shartlariga muvofiq “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasi tomonidan jamlanadigan “Shahrisabzsut”, “Namangansut”, “Fargʻonasut”, “Termizsut”, “Urganchsut” va “Buxorosut” aksiyadorlik jamiyatlarining oʻz mablagʻlari hisobidan ilovaga muvofiq amalga oshiriladi;
ishlab chiqarish binolarini rekonstruksiya qilish va mukammal tuzatish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar uyushma korxonalarining oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ikki oy muddatda “Kofas” sugʻurta jamiyati qoplamasi ostida Fransiya banki bilan kredit bitimi tuzilishini taʼminlasin va kredit “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasiga oʻz vaqtida qayta moliyalanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziriga qattiq pishloq ishlab chiqaruvchi oltita texnologiya liniyasini sotib olishni mablagʻ bilan taʼminlash boʻyicha kredit yuzasidan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga beriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatini imzolash vakolati berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasining buyurtmanomasi boʻyicha mazkur kontraktni amalga oshirishda band boʻlgan xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa turdagi yigʻimlarni undirmasdan koʻp martalik vizalar berilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 15-aprel,
190-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 15-apreldagi 190-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Fransiyaning “Aktini” firmasining qattiq pishloq ishlab chiqaruvchi texnologiya liniyalarini sotib olishni mablagʻ bilan taʼminlash uchun olingan kreditni uzish
JADVALI
| Kontrakt summasi — 6324,5 ming Fransiya franki | | | |||||
| Kredit summasi (85%) — 5375,8 ming Fransiya franki | | | |||||
| Foiz stavkasi *— Pibor +3 foiz | | | |||||
|
(ming Fransiya franki) | |||||||
| | 1997-yil | 1998-yil | 1999-yil | 2000-yil | 2001-yil | 2002 yil | Jami |
| Asosiy qarz | 537,6 | 1075,2 | 1075,2 | 1075,2 | 1075,2 | 537,6 | 5376,0 |
| Foizlar | 83,3 | 282,6 | 216,0 | 150,0 | 83,0 | 16,6 | 831,5 |
| Vositachilik haqi | 53,7 | 0,0 | 0,0 | 0,0 | 0,0 | 0,0 | 53,7 |
| Hammasi: * | 674,6 | 1357,8 | 1291,2 | 1225,2 | 1158,2 | 554,2 | 6261,2 |
* Haqiqiy toʻlov sanasi va foizlar summasi amalda uskunalarning joʻnatilishi va bajarilgan ishlariga qarab aniqlanadi.