Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QURILISh IShLAB ChIQARIShINI TAShKIL ETISh VA BOShQARIShNING ChET EL TAJRIBASINI OʻRGANISh VA ULARNING YANGI USULLARINI HAMDA ILGʻOR QURILISh TEXNOLOGIYALARINI JORIY ETISh IShLARINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 498-sonli “Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimining tubdan takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tashkil etish va boshqarishning ilgʻor xorijiy tajribasini hisobga olgan holda qurilishda investitsiya munosabatlarini yanada takomillashtirish va bozor islohotlarini chuqurlashtirish, qurilish ishlab chiqarishi samaradorligini oshirish hamda qurilish sohasida ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining Qurilish va qurilish materiallari sanoati kompleksi huzurida Qurilish ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarishning chet el tajribasini oʻrganish va ularning yangi usullarini hamda ilgʻor qurilish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha doimiy ishlovchi respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya deb ataladi) ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
a) quyidagi masalalar boʻyicha chet el tajribasini oʻrganishni tashkil etish:
“loyiha-menejment” asosida investitsiya jarayonlarini samarali boshqarish, texnik-iqtisodiy asoslashlar, biznes-rejalar tuzish, xalqaro amaliyotga, shuningdek xalqaro moliyaviy va kredit muassasalari mezonlariga muvofiq loyiha hujjatlarini ishlab chiqish;
investitsiyalar sohasida davlat buyurtmasini va davlat xaridlarini, shartnoma munosabatlarini, pudrat ishlari va qurilish materiallari bozorini, narx belgilash ustidan monitoringni shakllantirish;
yangi texnika va qurilish-montaj ishlarining texnologiyasi, qurilish materiallarining ilgʻor turlari qoʻllanishini iqtisodiy asoslash;
b) qurilish ishlab chiqarishini tashkil etish va boshqarishning ilgʻor usullarini, ilgʻor qurilish texnologiyalarini joriy etish, qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish, shu jumladan lizing boʻyicha qurilish texnikasi, kichik mexanizatsiya vositalari, texnologiya asbob-uskunalari olish masalalarida joylardagi davlat boshqaruvi va hokimiyati organlariga, investitsiya jarayoni qatnashchilari boʻlgan korxonalar va tashkilotlarga koʻmaklashish;
v) qurilish ishlab chiqarishi sohasida chet el tajribasini umumlashtirish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqish, jahon amaliyotining ilgʻor yutuqlarini joriy etish chora-tadbirlari boʻyicha ishlarni tashkil etish;
g) zamonaviy texnikaviy darajadagi tegishli axborot bazasini tashkil etish va axborotning qurilish jarayoni qatnashchilari oʻrtasida keng yoyilishni taʼminlash, chet el injiniring firmalari va qurilish kompaniyalarining tajribasini oʻrganish, mahalliy mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarda oʻqitish va tajriba almashish boʻyicha seminarlar tashkil etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi qurilish ishlab chiqarishini tashkil etish va boshqarishning yangi usullarini hamda ilgʻor qurilish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajriba toʻgʻrisidagi axborotlarni elchixonalar va tegishli vakolatxonalar orqali olishda Komissiyaga har tomonlama yordam bersinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari chet el tajribasini oʻrganish va qurilish ishlab chiqarishini tashkil etish va boshqarishning yangi usullarini joriy etish, ilgʻor qurilish texnologiyalarini oʻzlashtirish boʻyicha hududiy komissiyalar tarkibini ikki hafta muddatda tasdiqlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Komissiyaning ishchi organi etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Komissiya qurilish va loyiha tashkilotlarini, qurilish materiallari korxonalarini zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlash uchun chet el investitsiyalarini imtiyozli shartlarda jalb etish ishlarini xalqaro moliya tashkilotlari va boshqa chet el investorlari bilan doimiy ravishda oʻtkazsin.
7. Belgilansinki, Komissiya oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlar vazirliklar, idoralar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, xoʻjalik yuritish va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiydir.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Isayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. Karimov
Toshkent sh.,
1999-yil 3-sentabr,
412-son