Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
DIPLOMATIK PASPORTGA EGA FUQAROLARNING VIZASIZ SAFAR QILIShLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati, bundan buyon “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida diplomatik pasport egalarining safar qilishlari tartiblarini yengillashtirishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Diplomatik pasportga ega boʻlgan har bir Tomon davlatining fuqarolari vizasiz boshqa Tomon davlatining hududiga kirish, chiqish va tranzit oʻtib ketish huquqiga egadirlar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shaxslar boshqa Tomon davlati hududiga kirgan kunlardan boshlab oltmish (60) kundan ortiq boʻlmagan davr ichida vizasiz boʻlishlar mumkin.
3. Agar ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shaxslar boshqa Tomon hududida oltmish (60) kundan ortiq boʻlishni rejalashtirsa, bunday holda joʻnatuvchi Tomonning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi viza olish uchun oldindan yozma murojaat qilishi lozim.
2-modda
1. Har bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududidagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga tayinlangan va amaldagi diplomatik pasportga ega boʻlgan fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga oʻzlarining rasmiy faoliyat yuritishi davrida vizasiz kirish, chiqish va tranzit oʻtib ketish huquqiga egadirlar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida belgilangan qoidalar joʻnatuvchi Tomonning amaldagi diplomatik pasportiga ega boʻlgan diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasalari xodimlariga hamrohlik qiluvchi turmush oʻrtogʻi, ota-onalari va farzandlariga ham tatbiq etiladi.
3-modda
Ushbu Bitim tatbiq qilinadigan shaxslar qabul qiluvchi davlat qonun va qoidalariga rioya qilishlar hamda xorijiy fuqarolarning kirish, chiqish va boʻlish tartiblariga amal qilishlari lozim.
4-modda
1. Har bir Tomon persona non grata deb hisoblaydigan, diplomatik pasport egasini uning davlat hududiga kirishi yoki boʻlishini rad qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Bunday rad qilish kechiktirilmasdan diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga xabar qilinishi lozim.
2. Har bir Tomon ushbu Bitimni, qisman yoki toʻlaligicha jamoat tartibi, xavfsizlik va sogʻliqni saqlash sabablari tufayli vaqtinchalik cheklash yoki uning amalini toʻxtatib qoʻyish huquqini saqlab qoladi. Bunday cheklash yoki toʻxtatib qoʻyishni tatbiq etish yoki bekor qilish toʻgʻrisida boshqa Tomon diplomatik kanallar orqali kechiktirilmasdan xabardor etilishi lozim.
5-modda
1. Tomonlar ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab oʻttiz (30) kun mobaynida diplomatik kanallar orqali oʻzlarining amaldagi diplomatik pasportlari namunalari va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari bilan almashadilar.
2. Tomonlar bir-birlarini oʻzlarining diplomatik pasportlariga oid kiritilgan har qanday oʻzgartirishlar toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali, u kuchga kirishidan oʻttiz (30) kun ilgari maʼlum qiladilar.
6-modda
Tomonlar, oʻzaro kelishuvga muvofiq, ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan va ushbu Bitimning 8-moddasida koʻrsatilgan tartibda kuchga kiradigan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritishlari mumkin.
7-modda
Ushbu Bitim qoidalarini qoʻllash va talqin qilishda yuzaga keladigan har qanday bahs va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
8-modda
1. Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab oʻttiz (30) kundan soʻng kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim nomuayyan muddatga tuzildi va u Tomonlardan birining boshqa tomonni mazkur Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqida yozma ravishdagi xabarnomasini olgan kundan toʻqson (90) kun oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolat olgan quyidagi imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2009-yil 11-may kuni ikki asl nusxada har biri oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2009-y., 2-3-son)