Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZ-SAMSUNG ELEKTRONIKS” OʻZBEKISTON — KOREYA QOʻSHMA KORXONASINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Ichki bozorni sifatli maishiy elektron apparatlar bilan toʻldirish va uni eksportga ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining “Algoritm” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati negizida maishiy elektron apparatlar ishlab chiqaruvchi, 1 va 2-ilovalarga* muvofiq dastlabki ustav jamgʻarmasi tuzilmasiga va mahsulot ishlab chiqarish dasturiga ega boʻlgan “Oʻz-Samsung Elektroniks” Oʻzbekiston — Koreya qoʻshma korxonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* Ilovalar rus tilidagi matnida berilgan
2. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishiga muvofiq:
eksport hajmi 1999-yildagi 21 foizdan 2002-yilda 51 foizgacha yetkazilishi, keyinchalik eksport qilinadigan mahsulotlar ulushi koʻpaytirilishi;
mahsulotlarning uzellari va detallarini tayyorlashni mahalliylashtirish darajasi 1999-yildagi 27 foizdan 2002-yilda 50 foizgacha yetkazilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi “Oʻz-Samsung Elektroniks” qoʻshma korxonasi bilan birgalikda qoʻshma korxonaning mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, shu jumladan, eksportga ham sotish boʻyicha biznes-reja har yili ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi “Oʻz-Samsung Elektroniks” qoʻshma korxonasida maishiy elektron apparatlar ishlab chiqarish loyihasini Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritsin.
4. Qoʻshma korxona ishlab chiqarish faoliyati boshlangan paytdan boshlab 5 yil muddatga respublikaga olib kelinayotgan materiallar, buyumlar va asbob-uskunalar uchun boj va qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi “Algoritm” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishga jalb qilinayotgan qoʻshma korxona chet ellik xodimlarining ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishlari uchun zarur boʻlgan ruxsatnomalarning oʻz vaqtida berilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi “Algoritm” ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati buyurtmanomalari boʻyicha, qoʻshma korxonaning xizmatchilari va mutaxassislarini vizalarni rasmiylashtirganlik va roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun yigʻimlar toʻlashdan ozod qilgan holda, viza masalalarining hal qilinishini taʼminlasinlar.
7. Qoʻshma korxona masalalari boʻyicha ishlash uchun kelayotgan chet ellik mutaxassislarga yashashlari va respublika hududida transportning barcha turlarida yurishlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar boʻyicha haq toʻlash huquqi berilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 22-may,
224-son