Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2000-YILGAChA BOʻLGAN DAVRDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING EKSPORT IMKONIYATLARINI RIVOJLANTIRISh DAVLAT DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining eksport imkoniyatlarini rivojlantirish, tovarlar va xizmatlar eksporti hajmini koʻpaytirish, eksport qilinadigan tovarlar va ular sotiladigan bozorlar nomenklaturasini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Manfaatdor vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va korporatsiyalar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining eksport imkoniyatlarini rivojlantirish Davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi deb ataladi) ilovaga muvofiq maʼqullansin.
2. Eksport imkoniyatlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish Respublika kengashi Davlat dasturi amalga oshirilishi monitoringini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi respublika eksportining yillik prognozlarini shakllantirishda Davlat dasturi parametrlariga amal qilsinlar.
4. Vazirlar Mahkamasi komplekslari Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi hamda tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
eksport hajmi oʻsishining prognoz parametrlari bajarilishini taʼminlovchi, tarmoq dasturlariga kiritilgan loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlashning aniq manbalarini belgilovchi 2000-yilgacha eksport imkoniyatlarini rivojlantirish tarmoq dasturlarini;
2005-yilgacha boʻlgan davrda tarmoqlarning eksport imkoniyatlarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va koʻrib chiqish uchun eksport imkoniyatlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish Respublika kengashiga kiritsinlar.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda kichik va oʻrta xususiy tadbirkorlik korxonalari mahsulotlari eksportini kengaytirishga yoʻnaltirilgan eksport imkoniyatlarini rivojlantirish mintaqaviy dasturlarini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va eksport imkoniyatlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish Respublika kengashining maʼqullashi uchun kiritsinlar;
bir hafta muddatda mintaqaviy dasturlarni amalga oshirish va eksport qiluvchilarga koʻmaklashish boʻyicha doimiy ishlovchi mintaqaviy komissiyalar tashkil etsinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va “Oʻzbekinvest” kompaniyasi bilan birgalikda eksportni kreditlash, eksport kreditlarini sugʻurta qilish, davlat kafolatlari berish mexanizmini oʻz ichiga oluvchi eksport imkoniyatlarini rivojlantirishni davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 12-mart,
110-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 12-martdagi 110-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasining eksport imkoniyatlarini rivojlantirish
DAVLAT DASTURI
Dasturning konsepsiyasi va maqsadlari
1-ilova. Iqtisodiyot tarmoqlarining eksport imkoniyatlarini rivojlantirish dasturi
1.1. Neft-gaz kompleksi
1.2. Industriyani rivojlantirish kompleksi
Mashinasozlik sanoati
Kimyo sanoati
Metallurgiya
Sanoatning boshqa tarmoqlari
1.3. Qurilish kompleksi
1.4. Isteʼmol bozori kompleksi
1.5. Agrosanoat kompleksi
1.6. Xizmat koʻrsatish sohasi tarmoqlari
2-ilova. 2000-yilgacha Iqtisodiyot tarmoqlari eksporti oʻsishining prognoz parametrlari
2.1. Neft-gaz kompleksi
2.2. Industriyani rivojlantirish kompleksi
Mashinasozlik sanoati
Kimyo sanoati
Metallurgiya
Sanoatning boshqa tarmoqlari
2.3. Qurilish kompleksi
2.4. Isteʼmol bozori kompleksi
2.5. Agrosanoat kompleksi
2.6. Xizmat koʻrsatish sohasi tarmoqlari
3-ilova. Eksport tarkibi oʻzgarishining tadrijiy oʻsishi
4-ilova. Dasturni amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar jadvali
Dastur konsepsiyasi va maqsadlari
Ushbu eksport imkoniyatlarini rivojlantirish Davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy islohot, tadbirkorlik va xorijiy investitsiyalar boʻyicha Idoralararo kengashning 1997-yil 6-fevraldagi IK-97-112-son qarorini, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 28-fevraldagi 116-son qarorini bajarish yuzasidan ishlab chiqilgan.
Dasturda xalq xoʻjaligi va tashqi iqtisodiy ahvolda Oʻzbekiston uchun koʻzga tashlanayotgan ijobiy oʻzgarishlar bilan birgalikda shu sohadagi mavjud muammolar, shu jumladan, ilgari yuzaga kelgan eksportning xomashyoviy yoʻnalishini bartaraf etish chora-tadbirlari hisobga olingan.
Respublikaning eksport siyosati makroiqtisodiy barqarorlikni qoʻllab-quvvatlashga, ishlab chiqarishni rivojlantirishga, investitsiya faoliyatini jonlantirishga yoʻnaltirilgan. Ayniqsa sanoatning qayta ishlovchi tarmoqlarida va xizmat koʻrsatish sohalarida eksport imkoniyatlarini rivojlantirish, tarkibiy islohotlar va mamlakat iqtisodiyotini texnologik zamonaviylashtirishning muhim qismi boʻlishi kerak.
Mavjud resurslar va ishlab chiqarish imkoniyatlaridan eng koʻp darajada foydalanish va ularni yanada rivojlantirish asosida eksport hajmlari barqaror oʻsishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlash va uning tarkibini takomillashtirish Dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Oldinga qoʻyilgan maqsadlarga erishish eksportning yangi tarmoq va geografik tarkibini aniq maqsadni koʻzlab shakllantirish, eksport qilinadigan mahsulotlarning turlarini kengaytirish va raqobatbardoshligini oshirish zarurligini taqozo etadi.
Eksport imkoniyatlarini rivojlantirish dasturi va 2000-yilgacha iqtisodiyot tarmoqlari eksporti oʻsishining prognoz parametrlari 1 va 2-ilovalarda*, eksport tarkibini oʻzgartirishning tadrijiy oʻsishi va Dasturni amalga oshirishning birinchi navbatdagi chora-tadbirlari jadvali 3 va 4-ilovalarda* keltirilgan.
* 1 — 4-ilovalar rus tilidagi matnida berilgan.
Neft va gaz kompleksi
Oʻzbekistonni energiya bilan taʼminlash strategiyasi barcha asosiy energiya manbalarini qazib olish va ishlab chiqarishni yaqin yigirma yillik davrda respublikani eng iqtisodiy tejamli va ekologik jihatdan toza energiya manbai bilan taʼminlashga qodir boʻlgan gaz sanoatiga ustuvorlik bergan holda oqilona qoʻshib olib borishni nazarda tutadi.
Dasturning amalga oshirilishi “Oʻzbekneftgaz” korporatsiyasiga eksport hajmini 1997-yildagi 453,1 mln AQSh dollaridan 2000-yilda 693,2 mln AQSh dollarigacha koʻpaytirish imkonini beradi.
Dasturda uglevodorod xomashyosi — neft, kondensat eksport qilishni toʻxtatish va ularni qayta ishlash mahsulotlarini eksport qilishni koʻpaytirish nazarda tutilmoqda.
Industriyani rivojlantirish kompleksi
Respublikada mavjud boʻlgan xomashyo resurslaridan eng koʻp darajada foydalanib xorijiy investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilgan holda jahon bozorida raqobatga bardoshli mahsulot ishlab chiqarish uchun baza yaratish mashinasozlik sanoati korxonalarining asosiy vazifasi hisoblanadi.
Dastur mashinasozlik sanoatida eksportning 1997-yildagi 226,9 mln AQSh dollaridan 2000-yilda 1155,9 mln AQSh dollarigacha oʻsishini taʼminlash imkonini beradi.
Tarmoqni rivojlantirish doirasida “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi korxonalarida respublikaga qishloq xoʻjaligi texnikasini chetdan olib kelishni kamaytirish imkonini beruvchi 136 turdagi yangi va modernizatsiya qilingan mashinalar yaratish nazarda tutilgan.
2000-yilda traktorlar, dvigatellar va qishloq xoʻjaligi mashinalarini eksport qilish hajmi 31,82 mln AQSh dollariga yetadi.
“Oʻzmashsanoat” uyushmasi korxonalari mahsulotlarini eksport qilish mashinalar va asbob-uskunalar sotish bozorlarini kengaytirish hisobiga 23 foizga koʻpayadi.
Mamlakatimiz avtomobilsozligini rivojlantirish mashinasozlik tarmogʻida ustuvor yoʻnalish hisoblanadi.
2000-yilda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 160 mingtani (eksport — 651,3 mln AQSh dollari summasiga 75 mingta); yuk avtomobillari — 1 mingtani (eksport — 3,4 mln AQSh dollari summasiga 150 ta), avtobuslar — 2 mingtani (eksport — 5,7 mln AQSh dollari summasiga 200 ta) tashkil etadi.
1998-yil mobaynida MDHning turli mintaqalarida 15 qoʻshma korxonani oʻz ichiga oluvchi “OʻzDEUavto” qoʻshma korxonasi avtomobillarini sotish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha savdo tarmogʻi rivojlantiriladi.
Aviasozlik mahsulotlari va xizmatlarini eksport qilish 1997-yildagi 52,65 mln AQSh dollaridan 2000-yilda 371,1 mln AQSh dollarigacha oʻsadi.
“Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik birlashmasida 2000-yilda “Il-76” va “Il-114” samolyotlarining har xil modifikatsiyalarini ishlab chiqarishni 40 tagacha koʻpaytirish nazarda tutilmoqda, ularning 37 tasi eksport qilinadi.
Elektrotexnika va radioelektronika sanoati mahsulotlarini eksport qilishning umumiy hajmini 2000-yilda 32,7 mln AQSh dollarigacha yetkazish nazarda tutilmoqda.
Mahsulotning alohida muhim turlari boʻyicha xomashyo mustaqilligiga erishish maqsadida kimyo mahsulotlarining importning oʻrnini bosuvchi turlarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirish yoʻli bilan xomashyoni import qilish hajmini sezilarli darajada qisqartirish qisqa muddatli istiqbolda kimyo sanoatining asosiy vazifasi hisoblanadi.
Eksport qilinadigan tovarlar hajmi va assortimentini, ular tarkibida oGʻirligi kam, ilm-fanni koʻplab talab qiladigan mahsulotlar ulushini koʻpaytirish nazarda tutilgan.
Dastur kimyo mahsuloti eksportini 1997-yildagi 50,8 mln AQSh dollaridan 2000-yilda 139,4 mln AQSh dollarigacha koʻpaytirish imkonini beradi.
Tarmoqning eksport imkoniyatlarini oshirish maqsadida mahalliy manbalar hisobiga moddiy-texnika resurslari bilan taʼminlash, texnika bilan qayta jihozlash va ishlab turgan korxonalarni rekonstruksiya qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish nazarda tutilmoqda.
Metallurgiyani rivojlantirish strategiyasi qimmatbaho, rangli, nodir va kamyob metallarni qazib olish va ishlab chiqarishni oqilona birga qoʻshib olib borishga qaratilgan.
Dastur metallurgiyada mahsulot eksportini 1997-yildagi 384,2 mln AQSh dollaridan 2000-yilda 439,8 mln AQSh dollarigacha koʻpaytirishni taʼminlash imkonini beradi.
Qurilish kompleksi
Dastur 2000-yilda binokorlik materiallari eksportini 1997-yilga nisbatan 3,7 baravar (62 mln AQSh dollarigacha) koʻpaytirishni taʼminlash imkonini beradi.
Eksport tarkibida ham oʻzgarishlar yuz beradi, sement ulushi 57 foizgacha kamayadi, boshqa mahsulotlar esa, shu jumladan maxsus qurilish materiallari ulushi 43 foizgacha oshadi. Mahsulotning respublika uchun yangi boʻlgan 31 turi oʻzlashtiriladi, ularning bir qismi eksport qilinadi. 46 obyektda texnologiyani yangilash yoki ularga qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Pudrat ishlari va xizmatlar eksporti yanada rivojlanadi. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining “Oʻzsuvxorijiyqurilish” respublika birlashmasi boʻlinmalari tomonidan 1998-yildan 2000-yilgacha Afgʻoniston, Gvineya va Suriya hududida 2 mln AQSh dollari miqdorida qurilish-montaj va loyiha-qidiruv ishlarini bajarish rejalashtirilmoqda.
Isteʼmol bozori kompleksi
Yengil sanoat korxonalari eksporti 2000-yilda 157,72 mln AQSh dollarini tashkil etadi (oʻsish 1997-yilga nisbatan 2,37 baravar).
“Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasi boʻyicha Dasturning amalga oshirilishi 19 korxonani qayta jihozlash va 9 korxona qurilishini nihoyasiga yetkazish hisobiga paxta tolasini qayta ishlashni 2000-yilda 59,8 ming tonnaga koʻpaytirish imkonini beradi.
Yuqori sifatli poyabzal ishlab chiqarish hajmlari 4,6 mln juftga koʻpayadi, charm buyumlar 73500 tani tashkil etadi. Qoʻshma korxonalar 2000-yilda 3,0 mln AQSh dollari miqdoridagi 1,5 mln juft poyabzalni eksportga yetkazib bera boshlaydilar.
“Oʻzbekmebel” davlat-aksiyadorlik birlashmasi korxonalarida eksport imkoniyatlarini rivojlantirish dasturi 2000-yilda 1,88 mln AQSh dollarlik eksportga moʻljallangan mahsulot ishlab chiqarishni taʼminlash imkonini beradi.
Dasturning amalga oshirilishi 2000-yilda: 30,9 mln AQSh dollarlik 9 ming tonnagacha fermentlangan tamakini, 77,3 mln AQSh dollarlik 9,2 mlrd dona sigaret mahsulotlarini eksport qilish imkonini beradi.
Umuman isteʼmol bozori tovarlari kompleksi boʻyicha jami eksport 2000-yilda 328,45 mln AQSh dollarigacha oʻsadi (1997-yildagiga qaraganda 4 baravar).
Agrosanoat kompleksi
Umuman agrosanoat kompleksi boʻyicha Dasturning amalga oshirilishi mahsulot eksporti hajmini 2000-yilda 1760,0 mln AQSh dollarigacha oshirish imkonini beradi, bu 1997-yildagi darajadan 154,3 mln AQSh dollariga koʻpdir.
“Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi tomonidan Dasturning bajarilishi oʻzbek paxtasining jahon bozoridagi mavqeyini mustahkamlashni va 2000-yilda valyuta tushumini 1997-yildagiga qaraganda 105,4 mln AQSh dollariga koʻpaytirishni taʼminlaydi.
Dasturning amalga oshirilishi “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasining eksport imkoniyatlarini 2000-yilda 69 mln AQSh dollarigacha yetkazish imkonini beradi (1997-yilda eksport salkam 24,37 mln AQSh dollarini tashkil etdi).
Charm xomashyosi, jun va qorakoʻl teri eksporti 1,9 mln AQSh dollarigacha koʻpayadi (1997-yildagi 1,14 mln AQSh dollariga qiyoslaganda).
Xizmatlar koʻrsatish sohasi tarmoqlari
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi. 2000-yilda Oʻzbekiston orqali tranzit yuklari tashish xizmatlarini 115 mln. AQSh dollarigacha koʻpaytirish moʻljallanmoqda, teplovozlar, ularning uzellarini mukammal tuzatish va ehtiyot qismlar tayyorlash xizmatlari 1,2 baravar (6,85 mln AQSh dollarigacha) koʻpayadi.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi. Aviatransport xizmatlari eksporti hajmini 2000-yilda 107,5 mln AQSh dollarigacha yetkazish rejalashtirilmoqda, bu 1997-yildagiga qaraganda 7,5 mln koʻpdir.
“Oʻzavtotrans” korporatsiyasi. Yoʻlovchilar va yuklarni xalqaro avtotashishlarni kengaytirish hisobiga 2000-yilda korporatsiya boʻyicha eksport xizmatlari hajmi 500 ming AQSh dollarini tashkil etadi, bu 1997-yildagiga qaraganda 1,3 baravar koʻpdir.
Aloqa tarmogʻi. Dasturda xalqaro aloqalar boʻyicha xizmatlar eksporti hajmini 7,35 mln AQSh dollariga yetkazish yoki uni 1997-yildagiga qaraganda 1,85 mln. AQSh dollariga oʻstirish, shu jumladan, Transosiyoyevropa tola-optika aloqa liniyasi hisobiga — 1,3 mln dollarga koʻpaytirish va yangi yoʻnalishlar ochish, samarali hisob-kitob taksalarini kelishib olish va 0,88 mln. AQSh dollarlik xizmatlarning yangi turlarini koʻrsatish nazarda tutilmoqda.
Xorijiy telekommunikatsiya asbob-uskunalari va aloqa vositalarini sertifikatsiya qilish hisobiga 1998 — 2000-yillarda 1,85 mln AQSh dollari miqdorida valyuta tushumi kutilmoqda.
Turizm. Hisob-kitoblarga koʻra 2000-yilda turistlar oqimi hajmi 1 mln kishiga, shu jumladan, xorijiy turistlar 650 ming kishiga yetadi. Umuman xorijiy turistlarga xizmatlar koʻrsatish hajmi 1 mlrd AQSh dollariga yetadi. Shu jumladan “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi turistik korxonalari tomonidan 1998 — 2000-yillar davrida 75 mln AQSh dollarlik valyuta tushumi taʼminlanadi.
Xorijiy sarmoyani faol jalb etishni va iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurishni hisobga olgan holda Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi eksport hajmini 2000-yilda 1997-yildagiga nisbatan 1,65 baravar koʻpaytirish imkonini beradi. Eksportning salkam 2,36 mlrd dollarga oʻsishi taʼminlanadi, hajmi esa 6 mlrd dollarga yetadi.
Eksportning eng koʻp oʻsishiga mashinasozlikda (5,1 baravar) va xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish kompleksida (4 baravar) erishiladi.
Eksport tarkibi jiddiy ravishda oʻzgaradi — paxta ulushi 43,3 foizdan 28,0 foizgacha kamayadi, mashina va asbob-uskunalar ulushi 9,8 foizdan 23 foizgacha koʻpayadi, toʻqimachilik mahsulotlari ulushi 1,2 baravar, oziq-ovqat tovarlari ulushi 1,33 baravar koʻpayadi.
Dastur parametrlari resurslar va iqtisodiy imkoniyatlarni baholashni hamda uni amalga oshirish shart-sharoitlarini, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, bozor munosabatlari shakllanishini rivojlantirish, huquqiy va qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini hisobga olgan holda belgilangan.
Dastur asosan ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifatini oshirish va texnik darajasini jahon bozorlarida raqobatlashadigan darajaga yetkazishning salmoqli zaxiralari mavjud boʻlgan qayta ishlash sanoatining eksport imkoniyatlarini isloh qilishga, shuningdek mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash hisobiga eksportga moʻljallangan tayyor mahsulot ishlab chiqarish koʻlamlarini kengaytirishga qaratilgan.
2000-yilgacha boʻlgan davrda eksport hajmlarini yanada koʻpaytirishga asos solinadi, eksport infratuzilmasi tashkil etiladi. Eksportga moʻljallangan ishlab chiqarish yangi tarmoqlarning rivojlanishiga turtki beradi.
Davlat eksportga moʻljallangan ishlab chiqarishlarning rivojlanishi va tashqi bozorlarga mamlakatimiz mahsulotlari kirishini jadallashtirishga taʼsir koʻrsatishni ancha kuchaytiradi. Anʼanaviy mashina-texnika eksportining ilmiy-ishlab chiqarish bazasini mutlaqo yangi tashkiliy-iqtisodiy asosda tiklash boshlanadi. Tovar tarkibi koʻproq texnologik yoʻnalishga ega boʻladi.
Eksport imkoniyatlarini rivojlantirishning tadrijiy oʻsishi koʻrsatkichlari umuman mamlakat tovar oborotiga nisbatan eksportning muayyan oldinda borishini, yalpi ichki mahsulot oʻsishi surʼatlariga nisbatan eksportning ildam rivojlanishini taʼminlovchi moddiy bazani yaratishi kerak.
Respublika iqtisodiyoti tadrijiy oʻsishi, iqtisodiy islohotlar chuqurlashishi davomida Oʻzbekistonning ishonchli hamkor sifatidagi obroʻ-eʼtibori oshadi, bu bevosita xorijiy investitsiyalar oqimi kengayishiga koʻmaklashadi, mamlakat eksport imkoniyatlarini rivojlantirish omili boʻlib xizmat qiladi.