Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
SUGʻURTALOVCHINING MUVAQQAT MAʼMURIYATI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 22-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2058]
Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 68-modda) muvofiq buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 20-noyabr,
108-son
Moliya vazirining 2009-yil 20-noyabrdagi 108-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati toʻgʻrisidagi
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 68-modda) muvofiq sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining ishlash tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom sugʻurtalovchining arizasiga binoan uning litsenziyasi bekor qilingan hollarga, shuningdek uning muassislarining (ishtirokchilarining) yoki taʼsis hujjatlarida shunday vakolat berilgan sugʻurtalovchining boshqaruv organi qaroriga binoan qayta tashkil etilishi yoxud tugatilishiga taalluqli emas.
2. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining funksiyasi boʻlib sugʻurtalovchining ilgari amal qilgan boshqaruv organlarining vakolatlarini amalga oshirish hisoblanadi.
3. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati sugʻurtalovchi litsenziyasining amal qilishi tugatilgan kundan eʼtiboran besh kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining (bundan buyon matnda Moliya vazirligi deb yuritiladi) buyrugʻi bilan tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Sugʻurtalovchining ilgari amal qilgan boshqaruv organlarining vakolatlari sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati tayinlangan sanadan boshlab toʻxtatib turiladi va sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyatiga oʻtadi. Muvaqqat maʼmuriyat sud qaror chiqargunga qadar boʻlgan davrda oʻz faoliyatini amalga oshiradi.
5. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati aʼzolarining moddiy-texnika taʼminoti va mehnatiga haq toʻlash sugʻurtalovchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati har bir aʼzosining har oylik pul mukofoti miqdori sugʻurtalovchining rahbari uchun mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan oʻrtacha oylik ish haqi miqdoridan kam boʻlmasligi lozim.
II. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining tarkibi
7. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati rahbar va boshqa aʼzolardan iborat.
8. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati aʼzolarining soni uch kishidan oshmasligi lozim. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining shaxsiy tarkibi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida olingan oliy maʼlumotga yoki xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalarida olingan hamda qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy maʼlumotga ekvivalent deb tan olingan oliy maʼlumotga ega boʻlgan va sugʻurta sohasida ikki yildan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlgan (sugʻurta agenti sifatidagi, shuningdek, yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar lavozimlaridagi ish staji hisobga olinmaydi) shaxslar kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining tarkibiga sugʻurtalovchining mulkdorlari (muassislari, aksiyadorlari) va (yoki) xodimlari, boshqa shaxslarning ishlarini va (yoki) mulklarini boshqarishga cheklovlari mavjud boʻlgan shaxslar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
III. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining faoliyatini tashkil etish
11. Sugʻurtalovchining ilgari amal qilgan boshqaruv organlari sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati tayinlangan sanadan boshlab ikki ish kunidan kechiktirmasdan sugʻurtalovchining faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan barcha hujjatlarni hujjatlar roʻyxati boʻyicha, muhr va shtamplarni, moddiy va boshqa boyliklarni topshirishi, sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati esa qabul qilib olishi lozim.
12. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati oʻzining tayinlanganidan keyin sugʻurtalovchining mulkidan sugʻurtalovchining mulkdorlari (muassislari, aksiyadorlari) va xodimlari tomonidan ruxsatsiz foydalanishni oldini olish boʻyicha choralarni koʻrishi lozim.
13. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining qarorlari uning barcha aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati aʼzolarining ovozlari teng boʻlganda, sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati rahbarining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
14. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati xarajat operatsiyalarini amalga oshirishga haqli emas, sugʻurtalovchining boshqaruv xarajatlari (maʼmuriy xarajatlari), sugʻurtalovchiga tushayotgan pullarni hisobga yozish va ilgari tuzilgan sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta hodisalari yuz berganda sugʻurta tovonini (sugʻurta pulini) toʻlash bilan bogʻliq hollar bundan mustasnodir.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati uning zimmasiga yuklatilgan funksiyalarni amalga oshirishda olingan maʼlumotning maxfiyligini taʼminlashi lozim.
16. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati oʻz ishi yakunlari boʻyicha hisobot tuzadi.
IV. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining hisoboti
17. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining hisoboti uch nusxada tuziladi (Moliya vazirligi, sugʻurtalovchini tugatish toʻgʻrisidagi Moliya vazirligining arizasi yoʻllangan sud va sugʻurtalovchi uchun bittadan), sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi, sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati rahbarining imzosi va sugʻurtalovchining muhri bilan tasdiqlanadi. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati hisobotining varaqlari raqamlangan, tikilgan va sugʻurtalovchining muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati sud qaror chiqarganidan keyin besh kun davomida sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining hisobotini tuzishi hamda Moliya vazirligiga va sugʻurtalovchini tugatish toʻgʻrisidagi Moliya vazirligining arizasi yoʻllangan sudga topshirishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining hisobotida sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati tomonidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar aks ettiriladi.
20. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining hisoboti quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
hisobotning nomi, tuzilgan sanasi va joyi;
sugʻurtalovchining rekvizitlari (shu jumladan, amal qilishi tugatilgan sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaning seriyasi, raqami va berilgan sanasi) va sugʻurtalovchi faoliyatining umumiy tavsifi;
sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati tayinlanishining asosi (sugʻurtalovchi litsenziyasining amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorning, Moliya vazirligining sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyatini tayinlash toʻgʻrisidagi buyrugʻining raqami va sanasi) va uning shaxsiy tarkibi;
Keyingi tahrirga qarang.
sugʻurtalovchining mulkidan sugʻurtalovchining mulkdorlari (muassislari, aksiyadorlari) va xodimlari tomonidan ruxsatsiz foydalanishni oldini olish boʻyicha sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati tomonidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisidagi axborot;
sugʻurtalovchining boshqaruv xarajatlari (maʼmuriy xarajatlari), sugʻurtalovchiga tushayotgan pullarni hisobga yozish va ilgari tuzilgan sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta hodisalari yuz berganda sugʻurta tovonini (sugʻurta pulini) toʻlash bilan bogʻliq sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati tomonidan amalga oshirilgan xarajat operatsiyalari toʻgʻrisidagi axborot;
Keyingi tahrirga qarang.
sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati ixtiyoriga koʻra boshqa axborot.
21. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining hisobotiga quyidagi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi:
sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyatiga sugʻurtalovchining ilgari amal qilgan boshqaruv organlari tomonidan topshirilgan hujjatlarning roʻyxati;
sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining qarorlari;
sugʻurtalovchining muvaqqat maʼmuriyati ixtiyoriga koʻra boshqa hujjatlar.
V. Yakuniy qoidalar
22. Sugʻurtalovchi muvaqqat maʼmuriyatining harakatlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
23. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 582-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/2058-1/3353-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 24.07.2023-y., 10/23/2058-2/0516-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son; 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)